77-rasm. Turli baliqlar tangachalarida yillik halqalarining ko`rinishi: 1- qizilko`z baliqiniki,
2-treskaniki.
Hozirgi vaqtda sanoat ahamiyatiga ega bo`lgan baliqlar sun`iy usulda ham urchitiladi. Sun`iy usulda urchitish usuli bundan 100 yil ilgari V.P.Vrasskiy tomonidan taklif qilingan va bu usulni «quruq» usul deb ham atalgan. Bunday usul qo`llanilganda baliqlar tuxumining urug’lanishi 98-99% ga teng bo`ladi.
Ekologik guruhlari va sistematik holatidan qat`iy nazar, baliqlarning hayoti bir-biri bilan almashinib turadigan biologik sharoitning yil fasllariga qarab o`zgarib turishiga bog’liq. Biologik yoki hayot tsikli oziqlanish, qishlash va ko`payish davrlariga bo`linadi.
Ko`pchilik baliqlarning yillik hayot tsiklining eng muhimi «migratsiya» (yashash joylaridan ko`chish) hisoblanadi.
Baliqlarning migratsiyasi. Baliqlar migratsiyasi sohasi bo`yicha N.I.Knepovich, V.K.Soldatov, P.Yu.Shmidt, N.A.Smirnov, G.V.Nikolskiy, G.E.Shulman, I.I.Kuznetsov va boshqa yirik zoolog olimlar tadqiqot ishlarini olib borganlar. Migratsiya deb hayvonlarning bir joydan ikkinchi joyga ko`chishiga aytiladi. Baliqlarning migratsiyasi - passiv va aktiv bo`ladi. Passiv migratsiyada baliq-
lar suv oqimidan foydalanadi. Bu usul bilan kam harakatchan pelagik baliqlar hamda ko`pchilik baliqlar lichinkalari (seld, ilon baliq, losos) migratsiya qiladi. Aktiv migratsiyada esa baliqlar tanlab olgan yo`nalishiga qarab harakat qiladi. Ba`zan kuchli oqim va hatto sharsharalarga qarshi suzadi (losos).
Ko`pchilik baliqlar dengiz va okeanlardan daryoga o`tadi. Ular tuxum qo`ygach yana orqaga, ya`ni doimiy yashaydigan joyiga - dengiz va okeanlarga qaytib keladi (osyotrlar, lososlar, nalim, seldlar, treskalar).
Yevropa va Shimoliy Afrika daryolarida yashaydigan ilonbaliqlar esa tuxum qo`yish uchun daryolardan dengizlarga o`tadi. Ular Afrika daryolaridan Atlantika okeaniga o`tadi. Ilonbaliqlar shu maqsadda 7000-8000 km yo`lni suzib o`tib, Shimoliy Amerika yaqinidagi Sargasso dengiziga kelib 1000 m chuqurlikka uvildiriqlarini tashlaydi va o`zlari halok bo`ladi. Otalangan tuxumlardan chiqqan chavoqlari okean va dengizlar osha 2 yil suzib, ota-onasi yashagan daryolarga qaytadi va 20 yilga yaqin o`sib, jinsiy voyaga yetadi.
Aktiv migritsiya 3 xil bo`ladi, ya`ni urchish, ovqatlanish va qishlash migratsiyalari.
1. Urchish migratsiyasi. Urchish yoki nerest migratsiyasi, ayniqsa, o`tkinchi baliqlarda xilma-xil va murakkab bo`ladi. Urchish migratsiyasi dengizdan daryoga kirish - anadrom migratsiyasi va aksincha, daryodan dengizga kirish - kattadrom migratsiyasiga bo`linadi. Masalan: keta va o`rkach baliqlar Tinch okeandan Uzoq Sharq daryolariga kirib, necha ming kilometr yuqoriga ko`tariladi. Ular daryoga kirgandan so`ng oziqlanmaydi, gavdasidagi oqsil va yog’ hisobiga yashaydi. Jinsiy mahsulotlarini tashlab bo`lgandan keyin kuchsizlanib, holdan toyadi va muskullari bo`shashib halok bo`ladi. Lososlar umrida faqat bir marta urchiydi. Osyotrlarni Kaspiy dengizidan Volga, Kama daryolariga borishi ham urchish migratsiyasiga misol bo`ladi.
2. Oziqlanish migratsiyasi. Ko`pgina baliqlar, masalan: sardina, shprot, kefal, seldlar oziq qidirib gala-gala bo`lib, uzoq masofalarga suzib boradi, ya`ni Shimoliy Muz okeani dengizlarida sayr qilishadi. Treskalar ovqat qidirib Barents dengizlariga kirib boradi. Treskalar ikra tashlab bo`lgandan keyin ozib ketadi va Norvegiyaning g’arbiy qirg’oqlaridan Murman qirg’oqlari bo`ylab sharqqa tomon harakat qiladi, so`ngra yana urchish joyiga qaytadi. Kaspiy va Orol dengizlarida yashovchi osyotrlar, zog’ora baliqlar daryolarga borib tuxum qo`yib, yana dengizga – oziqlanish joylariga qaytishi ham oziqlanish migratsiyasiga kiradi.
3. Qishlash migratsiyasi. Ko`pgina chala (yarim) o`tkinchi baliqlar odatda daryolar quyiladigan chuchuk suvli joylardan uzoqqa ketmaydi, ya`ni daryo suvi bilan yuqoriga ko`tarilmaydi, balki daryolarning quyiladigan joylariga kelib qishlaydi. Bunday baliqlarga zog’ora baliq, oqcha baliq, vobla, sla (sudak), ship, laqqa va Kaspiy dengizdagi ayrim o`tkinchi baliqlar (Volga, Ural, Kura va boshqa katta daryolar deltalariga kirib, kech kuzda suv tagidagi chuqur joylarda to`planib qishlaydi) kiradi.
Tinch okean kambalalari qishlash uchun 110-250 m chuqurlikka tushib, butunlay harakatlanmay qishlaydi, oziqlanmaydi.
Gorizontal migratsiyadan tashqari tik migratsiya ham mavjud. Bunda baliqlar suvning yuza qatlamlaridan chuqur qatlamlariga va aksincha harakat qiladi. Urchish uchun bo`ladigan tik migratsiyaga boyko`l golomyankasi misol bo`la oladi. Bu baliq 350 m chuqurlikda yashaydi, urchish uchun esa suvning yuza qatlamiga ko`tariladi. Natijada bosim o`zgarib baliqlarning qorni yorilib, ichidan lichinkalari suvga chiqadi, o`zlari esa halok bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |