Baliqlardagi jinsiy dimorfizm. Baliqlarning ko`pchiligi ayrim jinsli, lekin suyakdor baliqlardan dengiz olabug’asi va sigalar germafrodit hisoblanadi. Baliqlarda tashqi tomondan jinsiy farqlari unchalik sezilmaydi. Lekin ayrim turlarida tashqi ko`rinishidan erkak va urg’ochilarini ajratish mumkin. Masalan: ko`pchilik akulalarning erkaklarida kopulyativ organi bor. Suyakli baliqlarning urg’ochilari odatda erkaklariga nisbatan yirik bo`ladi. Ayrim baliqlarda jinsiy dimorfizm kuchli seziladi. Masalan: chuqur suv baliqlaridan – qarmoqchi baliqlarning erkagi nihoyatda kichkina bo`lib, urg’ochisining tanasiga yopishib, urg’ochisi tana shirasi hisobiga parazitlik qilib yashaydi. Qarmoqchi baliqlarning erkagi parazit bo`lgani uchun ularning tishi bo`lmaydi. Shuning uchun ham erkak qarmoqchi baliqlar mustaqil oziqlana olmaydi (71-rasm).
71-rasm. Qarmoqchi baliq (Edriolichnus sclimidi): I – urg’ochisi bilan uning jabra qopqog’iga yopishib olgan mitti erkagi, II – bir necha marta katta qilib ko`rsatilgan erkagi.
Ayrim tur baliqlarda urchish davrida ba`zi o`zgarishlar kuzatiladi. Masalan: lososlarning erkaklari urchish davrida ochroq rangga kiradi, jag’lari ham o`zgarib, ilmoqdek qayriladi, tishlari kattalashadi, yelkalarida o`rkach hosil bo`ladi (72-rasm).
Baliqlarning jinsiy balog’atga yetish davri ham turlicha bo`ladi. Masalan: gambuziya, xamsa, buqa baliq, kilkalar va tezsuzar baliqlar 1 yoshda, cho`rtan baliqlar 2-4 yoshda, gorbusha – o`rkach baliq 2 yoshda, ko`pchilik karpsimon baliqlar 2-4 yoshda, ilon baliqlar 2-9 yoshda, beluga 14-23 yoshda, orol mo`ylovdori va baqra baliqlar 8-15 yoshda, sevryuga 8-22 yoshda voyaga yetadi.
Baliqlar ikki xil usulda ko`payadi. 1). Tuxum qo`yish yo`li bilan; 2). Tirik tug’ish yo`li bilan.
Gigant akulalar, dengiz olabug’asi, gambuziya, qilichdum baliqlar, asosan tirik tug’adi.
72-rasm. Losossimonlarga kiradigan gorbushada (Oncorhynchus gorbuscha) urchish oldidan yuzaga kelgan o`zgarishlar. Yuqorida erkagining odatdagi ko`rinishi, pastda uning urchish davrida o`zgargan holati.
Suyakli baliqlarning deyarli hammasi ayrim jinsli va urug’lanishi tashqi bo`ladi. Bu baliqlar boshqa umurtqali hayvonlarga nisbatan nihoyatda serpusht bo`ladi. Uvildiriqlarining, ya`ni tuxumlarining miqdori turli baliqlarda turlicha sonda bo`ladi. Masalan: syomga, ya`ni losos 6-20 mingta ikra tashlaydi, keta balig’i 2-5 mingta, o`rkachli baliq 1-2 mingta, cho`rtan 100 mingdan 1 mln tagacha, lesh 90 mingtadan 350 mingtagacha, sevryuga 400 mingta, osyotrlar 400 mingtadan 2 mln 500 mingtagacha, beluga 300 mingdan 8 mln tagacha, sudak 300-900 mingta, zog’ora baliq 400 mingdan 1,5 mln tagacha, treska 2,5-10 mln tagacha va oy baliqlar 300 mln tagacha tuxum qo`yadi. Shulardan 1% yashab qoladi. Uch tikanli baliqlar esa atigi 20-100 tagacha tuxum qo`yadi.
Baliqlar yilning turli fasllarida urchiydi. Masalan: kuzda va qishda, asosan lososlar, sigalar urchiydi. Bahor faslida olabug’alar, cho`rtan baliqlar, yozda esa karpsimonlar urchiydi.
Suyakli baliqlar metamorfoz orqali rivojlanadi. Tuxumdan 3-8 kunda chavoqlari chiqadi. Dastlab tuxumdan chiqqan baliq chavoqlari tuxumning sariqdon xaltasida qolgan zahira sariqlik qoldiqlari hisobiga oziqlanadi, keyinchalik esa faol oziqlanishga o`tadi.
Akulalar va ba`zi suyakli baliqlardan - tishli karplarning erkaklarida qorin suzgich qanotining bir qismi o`zgarib kopulyativ organga aylangan. Kopulyativ organlar yordamida baliqlar yetilgan urug’larini urg’ochisining kloakasiga yuboradi. Baliqlarning urchishi va ko`payishi ustida G.V.Nikolskiyning (1944, 1961) xizmatlari katta. Ko`pchilik baliqlar (yelets va boshqa baliqlar) ko`p yillar davomida har yili bir martadan, boshqa tur baliqlar esa (zog’ora baliq, oq kumush, tobon baliq va bosh.) yiliga bir necha marta uvildiriq tashlaydi. Suyakli baliqlarning ikralari yumshoq bo`lib, yaxshi himoyalanmagan va ko`pchiligi urug’lanmay halok bo`ladi. Urug’langan tuxumlarning voyaga yetgan baliqqa aylanishi nihoyatda past. Masalan: sevryugada 0,01%, keta balig’ida-0,13-0,58%, lososda-0,125%, oqcha baliqda-0,006-0,022% ni tashkil etadi.
Baliqlar boshqa ko`pgina umurtqalilardan aniq ko`payish mavsumiga ega emasligi bilan ham farq qiladi. Baliqlar nerest vaqtiga qarab 3 guruhga bo`linadi:
1. Bahor va erta yozda ko`payuvchi baliqlar. Bularga osyotrlar, zog’ora baliqlar, laqqa baliqlar, seldlar, cho`rtan baliqlar va olabug’a baliqlar kiradi.
2. Kuzda va qishda ko`payuvchi baliqlar. Bularga losos, gulmoy (forel), treska va boshqa baliqlar kiradi.
3. Tropik dengizlarda yashovchi baliqlar yil davomida ko`payadi. Nalim faqat uvildirig’ini qishda tashlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |