13. ChELPANOV GEORGIY NIKOLAEVICh (1862-1936)
Rus fiziologi va psixologi. 1862 yil 16 aprelda Yekaterinoslavsk guberniyasiga qarashli Mariupole shahrida dunyoga keldi. Moskva universiteti qoshida, ya’ni Rossiyada birinchi bo‘lib eksperimental psixologiya institutini tashkil qildi (1912yil). Psixologiya fanini ommalashtirgan va psixologiya bo‘yicha qator darsliklar muallifi. O‘z ishlarida umumiy psixologiya har qanday falsafadan ozod bo‘lishi kerak deb uqtirgan («Miya va ruh») 1900 yil. U fazo va vaqtni idrok qilish masalasi bilan jiddiy shug‘ullangan. Shu bilan birga eksperimental psixologiya taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan. (Eksperimental psixologiyaga kirish) 1915 yil. Ko‘plab ilmiy ishlarini psixofizik parallelizm konsepsiyasidan kelib chiqib olib borgan.
14. UOTSON DJON BRODES (1878-1958)
Amerika psixologi, bexeviorizm asoschisi. 1878 yil 9 yanvarda tug‘ildi. Psixologiya fanini bevosita his qilinadigan sub’ektiv hodisalar haqidagi fan deb qarovchilarga qarshi chiqib, psixik hodisalarni o‘rganishga yangicha yondoshishni targ‘ib qildi. O‘z nuqtai nazarini 1913 yil yozilgan axborotnomada aks ettirdi. Introspektiv psixologiyaga qarama-qarshi tabiiy fanlardagi kabi ob’ektiv metodlarga tayanishi, psixologiyaning predmeti sifatida odamning tug‘ilganidan o‘limigacha bo‘lgan hulqini ko‘rishni taklif qildi. Uotsonning fikricha, psixologik tadqiqotlarning asosiy vazifasi hulqni oldindan aytib berish va uni nazorat qilishdan iborat. Uotsonning qarashlari stimul-reaktiv psixologiyada rivojlantirdi. Yaxlit konsepsiya bo‘lib shakllanmagan bu yo‘nalishda yuqoridagi nazariyalar keng targ‘ib qilindi. Bular qatoriga B.F.Skinnerning operant mustahkamlanish nazariyasi, A.Banduraning ijtimoyi o‘rgatish tamoyili va h.k.kiradi.
15. ARISTOTEL (ER.AV.384-322)
Antik davr grek faylasufi, psixologiya fanining to‘laqonli asoschisi. U o‘zining «Ruh haqida» asarida antik tafakkur yutuqlarini birlashtirib, yaxlit psixologik tizimini yaratgan. Uning fikriga ko‘ra, ruhni tanadan ajratib bo‘lmaydi, chunki tana ruhning shakl-shamoyili, ruhning mavjudlik shaklidir. Shu bilan birga Aristotel o‘z ta’limotida uch xil ruhni ajratdi; o‘simlik ruhi, hayvonot ruhi, ongli, ya’ni insoniyat ruhi. Insoniyat ruhi ilohiy manbaga ega. Ruhni turlarga ajratish psixik funksiyalarning taraqqiy etish darajasi bilan belgilanadi. Quyi funksiyalar («oziqlanish») o‘simliklarga, oliy funksiyalar insonga xos. Shu bilan birga Aristotel sezgi organlarini besh turga bo‘ldi. Narsalarning seziladigan xossalarini biluvchi organlardan tashqari u «Umumiy sezgi» ya’ni ko‘p ob’ektlar uchun umumiy bo‘lgan xossalarni sezuvchi umumiy sezishni ajratdi. O‘z asarlarida (Etika, Ritorika, Litofizika, «Hayvonot tarixi») ko‘plab fizik hodisalarga ta’rif berdi. Bundan tashqari insonning qoniqqan yoki qoniqmagan holda o‘z ichki faolligini qayta tadbiq qilishga intilishining insonning hulqi mexanizmiga asos bo‘lishini tushuntiradi. Shuningdek, Aristotel odam xotirasi va tafakkuri haqidagi g‘oyalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |