O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI BUXORO DAVLAT UNIVERSITETI
L.YA.OLIMOV
PSIXOLOGIYA TARIXI O‘quv qo‘llanma
Buxoro-2022
KIRISH Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida” PF-4947-son Farmonida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish bugungi kunning dolzarb masaslasi hisoblanadi1.
“Ta`lim tog‘risidagi” Qonunda e’tirof etilgan yangicha modeldagi shaxsni kamol toptirish, yosh avlod ongining ta’lim olish davridagi rivojlanish tendentsiyalaridan tortib, toki yangicha o‘qitish texnologiyalarini yoshlar tomonidan o‘zlashtirishi va undagi intellektual qobiliyatlarga nechog‘lik ta’sir ko‘rsatayotganligini o‘rganish, ma’naviy barkamollik tamoyillarini ta’lim muassasalarida joriy etish ham shaxs psixologiyasini teran bilgan holda o‘qitishning eng ilg‘or va zamonaviy shakllarini amaliyotga tadbiq etishni taqozo etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 07.06.2019 yildagi “Psixologiya sohasida kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va jamiyatda huquqbuzarliklarning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 472-sonli qarori2da ko‘rsatilgan vazifalarni bajarishda yuksak darajadagi psixolog mutaxassislarni tayyorlash psixologlarga katta mas’uliyat yuklaydi.
Yigirma birinchi asrda inson omilining o‘rganilishi va tadqiq qilinishi bilan bog‘liq psixologik talablar bir muncha takomillashib bormoqda. Chunki, inson tom ma’noda ijtimoiy mavjudot bo‘lganligi bois, uning shakllanishi va shaxs sifatida taraqqiyoti eng avvalo unga ta’sir etuvchi ob’ektiv va sub’ektiv olamning olamning o‘ziga xos imkoniyatlari bilan belgilanadi. Shu imkoniyatlar tizimini o‘rganish va tadqiq qilish bugunli psixologlar oldida turgan eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Shu ma’noda fan dasturi asosida yaratilgan mazkur o‘quv qo‘llanma oliy o‘quv yurtlarining 60310900-Psixologiya (sport) balakavriat ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalardagi psixologik bilim va malakalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘quv qo‘llanma asosan modulli tizim talablari asosida yaratilgan bo‘lib, Psixologiya tarixini to‘liq va batafsil ochib beruvchi tushunchalar, ko‘nikmalar hamda ilmiy mushohadalarni o‘z ichiga oladi. Binobarin, mazkur fanni to‘liq o‘zlashtirgan har bir talaba Psixologiya tarixiga oid fundamental bilimlarga ega bo‘ladi. Tabiiyki, ushbu bilimlar esa talabalarning boshqa mutaxassislik fanlarini puxta o‘zlashtirishlari uchun o‘ziga xos zamin yaratadi.