Og’ir nutq nuqsoniga ega bo’lgan bolalar tafakkuri
Tafakkur inson aqliy faoliyatining yuksak shakli bo’lib, insonga atrof borliqni bilish quroli sifatida xizmat qiladi. Tafakkur inson amaliy faoliyati vujudga kelishining asosiy shartidir. Tafakkur nutq bilan chambarchas bog’liq. Nutq bo’lmasa, til vositalari bo’lmasa, inson fikr qilolmaydi. Tafakkur bo’lmasa, nutq, tilning ham bo’lishi mumkin emas. Bular o'zaro bog’liq kategoriyalardir. Tafakkur bu bilish jarayonidir. Bosh miyaning bilish jarayonlarini ta’minlaydigan markazlarining shikastlanishi tafakkur jarayonlariga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bu esa, o'z navbatida, nutqqa ta’sir ko’rsatmay qolmaydi.
Nutq buzilishlarini o’rganishda va tuzatishda logopediya va logopsixologiya fanlari nutq va fikrning o’zaro bog’liqligi konsepsiyasiga, bolaning rivojlanishidagi umumiy va maxsus qonuniyatlarning o’zaro munosabatlari to’g’risidagi nazariy qoidalarga, nutq va faoliyatning hamkorlikda rivojlanishi haqidagi, ichki hamda tashqi omillarning o’zara ta’siri haqidagi, ruhiy rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchlari haqidagi nazariyalarga tayanadi.
XX asrning boshlaridayoq bosh miyada «alohida nutq markazlari» mavjud va nutq funksiyasi mana shu markazlarda lokallashgan degan nuqtayi nazar keng tarqalgan edi. Rus olimi I.P. Pavlov bu qarashga yangi yo’nalish berdi. U bosh miya qobig’ining nutq funksiyalari lokalizatsiyasi murakkab bo’lib qolmay, balki o’zgaruvchan xususiyatga ega ekanligini ham isbotlab berdi va uni «(dinamik lokaIizatsiya» deb atadi.
I.P. Pavlov ta’limotiga muvofiq nutq bosh miyaning murakkab psixofiziologik funksiyasini, uning ikkinchi signal sistemasini o’zida namoyon etadi. Bu esa signallarning signali sanaladi. Birinchi va ikkinchi signal tizimlari bir-biri bilan uzviy bog’langandir. Ikkinchi signal tizimi birinchi tizim asosida shakllanadi. Ammo keyinchalik 2-signal tizimining 1-signal tizimini tartibga soluvchi ta’siri namoyon bo’ladi. So’z alohida xususiyatning signali, umumlashtirish, mavhumlashtirish qurolidir. 1- va 2-signal tizimlari orasidagi o’zaro murakkab aloqalarni hisobga olish nutq buzilishini tuzatish, buzilgan nutq va nutqsiz funksiyalarning o’rnini bosish ustida samarali logopedik ish olib borish uchun imkoniyat yaratadi.
Hozirgi vaqtda P.K.Anoxin, A.N. Leontev, A.R. Luriya va boshqa rus olimlarining olib borgan tadqiqotlariga ko’ra, har qanday psixik funksiyalarning asosi alohida markazlarda bo’lmay, balki markaziy asab sistemasining turli joylarida joylashgan murakkab funksiyalar tizimi hisoblanadi.
Nutq rivojlanishi jarayonida bilish faoliyatining oliy shakllari, tafakkur qobiliyatlari shakllanadi. So’zning ahamiyati o’z-o’zidan umumlashtiruvchi hisoblanadi va shu munosabat bilan o’zida nafaqat nutq birligini, balki tafakkur birligini ham namoyon qiladi. Ular aynan o’xshash emas va ma’lum darajada bir-biriga bog’liq bo’lmagan holda paydo bo’ladi. Lekin bolaning ruhiy rivojlanishi jarayonida murakkab, sifat jihatdan yangi birlik, nutqiy tafakkur, nutqiy fikrlash faoliyati paydo bo’ladi. Nutqiy muomala qobiliyatini o’zlashtirish o’ziga xos insoniy ijtimoiy aloqalar uchun zamin hozirlaydi. U tufayli bolaning atrof-muhit haqidagi tasavvurlari shakllanadi va oydinlashadi, uni aks ettirish shakllari takomillashadi.
Shuning uchun nutq buzilishiga ega bo’lgan shaxslarning tafakkur xususiyatlari muammosi logopsixologiya va neyropsixologiya fanlarining muhim muammolaridan biridir. Nutq va tafakkurning chambarchas o’zaro bog’liqligini tushunish uchun bolalar psixik funksiyalarining rivojlanishi va buzilishining ichki qonuniyatlarini e’tiborga olish kerak.
Rus olimlari (L.S. Vigotskiy, S.L. Rubinshteyn, AN. Leontev va b.) tomonidan tafakkurning psixik strukturasi masalasi har tomonlama ishlab chiqilgan. Umum qabul qilingan tasnifga ko’ra bilish faoliyatining uchta asosiy shakli mavjud: ko’rgazmali-amaliy, ko’rgazmali-obrazli va verbal-mantiqiy (nutqiy) tafakkur.
Tafakkur sensor alaliya va afaziyaning barcha turlarida miyaning organik buzilishlari natijasida tafakkur qo’pol buzilgan bo’ladi. Boshqa nutq nuqsonlarida esa (rinolaliya, dizartriya, duduqlanish) tafakkur buzilishi logopsixologiyada chuqur o’rganilmagan va taxminimizga ko’ra bu nuqsonlarda tafakkurning qo’pol buzilishlari kuzatilmaydi, lekin o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’ladi.
Afaziyaning turli shakllarida bemorlarning nutq-tafakkur faoliyatida umuman olganda buzilishlar kuzatilmaydi, balki bu faoliyatning ayrim bo’yinlari buzilgan bo’ladi. Boshqacha qilib aytganda, miya katta yarim sharlaridagi turli bo’limlarning shikastlanishi so’zlar ma’nolarini farqlashda muammolar keltirib chiqaradi. Bunda so’zlarning analitik-sintetik tahlili buzilgan bo’ladi. Sensor alalik va sensor afazik bolada tovushlarning sintetik-analitik tahlili buzilgani sababli u o’zgalarning nutqini tushunmaydi. U ko’p bo’g’inli so’zlarni idrok eta olmaydi, fonetik jihatdan yaqin so’zlarning ma’nolarini farqlamaydi (masalan, sim-shim, uka-ukki).
Y.A Kovshikov, Y.A Elkin motor alalik bolalarning tafakkurini tadqiq qilar ekanlar, bir nechta tushunchalarni ajratib ko’rsatdilar: bilim - borliqni bilishda o’tgan zamon tajribasi natijalarida shakllangan va fikrlash operatsiyalari uchun manba bo’lib xizmat qiladigan obrazlar, tasavvurlar, tushunchalar majmuyi; psixik faoliyatning o’z-o’zini tashkil qilishi - bilish faoliyatini va uni boshqarishni faollashtirishga qaratilgan yaxlitlik bo’lib, tafakkur jarayonining kechishi va muammoli vaziyatlarni hal qilib berishi uchun kerakli sharoit yaratib beradi; shaxsiy tafakkur - muammoli vaziyatlarni hal qilishga yo’naltirilgan jarayon.
Og’ir nutq nuqsoniga ega bo’lgan (dizartriya, rinolaliya, alaliya, afaziya va h.k.) ega bolalarda bilish jarayonining kamchiliklari tafakkur jarayoni va natijalariga va o’z-o’zini boshqarishning buzilishiga ko’proq ta’sir qiladi. Ularda atrofdagilar to’g’risida yetarli hajmda ma’lumotlar bo’lmaydi, borliqdagi predmetlarning xususiyatlari va funksiyalari haqida noto’g’ri tasavvurlar, hodisalarning sabab-oqibat aloqalarini o’rnatishda qiyinchiliklar tug’iladi. O’z-o’zini boshqarishning buzilishiga hissiyot-iroda doirasidagi kamchiliklar sabab bo’ladi. Bolalar, odatda, o’zlariga taklif qilingan muammoli vaziyatga uzoq vaqt kirisholmaydilar, yoki, aksincha, vazifani bajarishga juda tez kirishib ketadilar, lekin bunda vazifaning hamma jihatlarini hisobga olmasliklari tufayli, uni to’g’ri baholay olmaydilar va to’liq bajarishga qiynaladilar. Ayrim bolalar esa vazifani bajarishga tez kirishadilar, lekin unga qiziqishlari xuddi shunday tez yo’qoladi, hatto vazifa to’g’ri bajarilayotgan bo’lsa ham, ishni tugatmasdan uni bajarishdan bosh tortadilar. Bunda nutqi rivojlanmagan bolalar fikrlash operatsiyalarini to’g’ri bajara oladilar, lekin ularda psixik jarayonlarning (xotira, diqqat, tasavvur, tafakkur) rivojlanishi o’ziga xos xususiyatlarga ega bo'lgani sababli fikrlash operatsiyalari to’liq amalga oshmay qoladi.
Og’ir nutq nuqsoniga ega bo’lgan bolalarda aniq obrazli fikrlashning kamchiliklari faqat ikkilamchi emas, balki birlamchi xarakterga ega bo’lishi mumkin. Bu holat bosh miya po’stlog’i tepa qismining jarohatlanganligi bilan bog’liq. Og’ir nutq nuqsoniga ega bolalarda ko’pchilik hollarda nutqning rivojlanmaganligi aniq-obrazli fikrlashning shakllanmaganligi bilan bog’liq bo’ladi. Og’ir nutq nuqsoniga ega bo’lgan ko’pchilik bolalar uchun fikrlashning sustligi xos bo’ladi. Muammoli bolalar tafakkur rivojlanishi orqada qolish bilan tasniflanadi. A.R. Luriya, L.S. Svetkova, I.T. Vlasenko o’z tadqiqotlarida so’z-mantiq tafakkur buzilishi mexanizmlari muammolarini yoritib berdilar. So’z-mantiq tafakkur nutq vositasida amalga oshiriladi. A.N. Leontev ta’kidlashicha, so’z ma’nolarida predmet dunyosi, xossalari, aloqalari, munosabatlari o’zining moddiy ifodasini topgan. L.S. Vigotskiy bu bog’liqlikni tafakkur va nutq birligi deb atagan. Tushuncha tafakkur jarayonida vujudga keladi.
Tafakkur qanchalik to’liq rivojlangan bo’lsa, so’z ma’nosi shunchalik to’liq bo’ladi, ya’ni taffakkur jarayonlari, so’z ma’nosi ortida turib, shaxsiy fikrlash darajasida kechadigan analiz va sintez bilan bog’langan. Nutq bilan tafakkurning birligini l.P. Pavlovning ikkinchi signal sisternasi to’g’risidagi ta’limoti ham isbotlab beradi, ikkinchi signal sisternasi birinchi signal sisternasi bilan bir-biriga ta’sir qilgan holda nutqning ham, tafakkurning ham nerv-fiziologik negizini tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |