Nutqida kamchiligi bo'lgan bolalar tasavvuri
Inson ongida ilgari eshitish. ko’rish, sezish orqali idrok qilingan obye’ktlar to’g’risidagina emas, balki idrok qilinmagan obyektlar (narsalar, voqealar, shaxslar. joylar va sh.k.) to’g’risida ham tasavvurlar bor. Xayol (tasavvur) boshqa psixikjarayonlarning faoliyatini boyitadi.
Tasavvur qilishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: borliqni tasavvurlarda ko’rish va turli hayotiy muammolarni yechishda ulardan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi; hissiy munosabatlarni boshqaradi; bilish jarayonlari va inson holatini ixtiyoriy boshqaradi; insonni ichki jihatdan shakllantiradi; faoliyatni rejalashtiradi va dasturlashtiradi.
Hozirgi kunda korreksion-logopedik ishni bolalarda bilish jarayonlarining rivojlanishidagi kamchiliklarni hisobga olgan holda tashkil etish zarurligi maxsus pedagogika fanining dolzarb masalalaridan bo’lib qolmoqda. Bu esa nutq kamchiliklariga ega bo’lgan bolalarda turli psixik jarayonlarning o’ziga xos xususiyatlarini maqsadga yo’naltirilgan holda chuqur o’rganish masalasining muhimligini belgilab beradi. Hozirgacha bunday bolalarda idrok, xotira, tafakkur bilan bir qatorda tasavvurning rivojlanishiga tegishli ancha-muncha ilmiy va eksperimental material to’plandi.
Me’yorda rivojlangan bolalar tasavvurini o’rganishga bag’ishlangan tadqiqotlarda tasavvur va nutq o’rtasida yaqin aloqa borligi ta’kidlanadi. «Tasavvurning rivojlanishi ustida olib borilgan kuzatishlar, - deb yozgan edi L.S. Vigotskiy, - bu funksiyaning nutq rivojlanishiga bog’liqligini ko’rsatdi. Nutq rivojlanishidagi kamchiliklar tasavvur rivojlanishiga ham to’sqinlik qiladi».
Og’ir nutq nuqsoniga ega bo’lgan maktabgacha yoshdagi bolalarda tasavvur xususiyatlari bir qator metodikalar asosida olib borilgan eksperimental kuzatuvlar natijasida tekshirildi va tadqiq etildi. Tadqiqotlarda bolalarning ijodiy tasavvurini o’rganishda ko’proq «Berilgan geometrik shakl bo’yicha rasm yaratish», Rorshax testi, «Boshi bor rasmni tugallash» metodlari qo’llanadi. Bunda eksperiment individual va guruhiy shaklda olib borilishi mumkin. Eksperimentning borishida bolalarning berilgan vazifani bajargan vaqti, ular faoliyatining sifat jihatdan tahlili o’tkazildi.
Nazorat va eksperimental guruhlar birinchi metodika bo’yicha tekshirilganda shu narsa ayon bo’ldiki, bajarilgan rasmlarning soni bo’yicha Og’ir nutq nuqsoniga ega bo’lgan bolalar guruhi bilan me’yordagi bolalar guruhi o’rtasida uncha sezilarli tafovut kuzatilmadi. Biroq me’yordagi bolalar rasmlarida yaratilgan obrazlar soni eksperimental guruh bolalarinikidan o’rta hisobda beshtaga ko’proq ekani ma’lum bo’ldi. Nutqi me’yorda rivojlangan bolalar figuralarni fazoda joylashtirishda ham nutq kamchiliklariga ega bo’lgan bolalarga qaraganda ancha erkin ish tutishi ma’lum bo’ldi.
Shunday qilib, og’ir nutq nuqsoniga ega bo’lgan bolalar chizgan rasmlar obrazlarning qashshoqligi, fazoviy tasavvurlarning noaniqligi bilan ajralib turadi.
Ma’lumki, o’yin - bolalarning tabiiy holati. Og’ir nutq nuqsoniga ega bo’lgan bolalar turmush mavzusiga oid o’yinlarni ko’proq yaxshi ko’radilar, chunki ular uncha keng tasavvurni talab etmaydi va har kuni kuzatiladigan tanish sahnalardan iborat bo’ladi. Biroq ko’p holda ularning o’yinlari o’zining bir xilligi, mazmuni deyarli boyitilmasligi bilan xarakterlanadi. O’ylab qo’yilgan fikr mustahkam bo’lmaydi va o’yin ayrim hollarda tugallanmay to’xtatib qo’yiladi. Nutqiy nuqsonga ko’ra o’zaro muloqot imkoniyatlari cheklangan bo’ladi. Xulosa qilib aytganda, nutqi to’liq rivojlanmagan bolalarda o’yin faoliyati me’yorda nutq rivojlanishiga ega tengdoshlariga nisbatan ancha sust bo’ladi, o’yin yangi detallar bilan boyitilmaydi.
Og’ir nutq nuqsoniga ega bo’lgan bolalar uchun ijodiy topshiriqlarni bajarish qiyinchilik tug’diradi: masalan, pedagog hikoyasini qayta gapirib berish, shaxsiy tajribadan olingan hodisalarni gapirib berish. Ular so’zning ko’chma ma’nosini metaforalarni yaxshi tushunmaydi. Bu muammolarni bartaraf etish uchun rivojlantiruvchi ta’lim dasturini ishlab chiqish va mashg’ulotlarda bolalar bilan tasavvurni takomillashtirish va bola ijodiy qobiliyatlarini faollashtirishga qaratilgan maxsus topshiriq va mashqlardan muntazam foydalanish kerak.
Bu ishni bir qancha yo’nalishlarda tashkil qilish mumkin. Nutqiy rivojlanishda orqada qolayotgan bolaga xayolidagi fikrni o’yinda yaratish va tatbiq qilish qiyin. Shuning uchun ishning birinchi bosqichida pedagog bolalar o’yinining faol ishtirokchisi bo’lishi kerak. Katta odamning o’yinga qiziqqanligi, o’zini tabiiy tutishi, samimiyligi muhimdir.
Bola ijodi yorqin hissiy kechinmalar bilan organik ravishda bog’liq. Biroq Og’ir nutq nuqsoniga ega bo’lgan bolalar, masalan, g’amgin yoki quvnoq ertak, she’r, nafis kuyning mazmunini to’liq idrok etmaydilar, shuning uchun undan yetarli darajada hissiy ta’sirlanmaydilar. Ularning nutqi uncha ifodali emasligi, harakatlari erkin emasligi bilan ajralib turadi, bolalar o’ziga yetarli darajada ishonmasligi ko’rinib turadi. Mana shu xususiyatlarni e’tiborga olib, tuzatish ishida artterapiya, teatrlashtirishdan foydalanish, ko’proq musiqa va logoritmikaga murojaat qilish kerak.
Shunday qilib, nutqi to’liq rivojlanmagan maktabgacha yoshdagi bolalar o’zlarining sog’lom tengdoshlaridan tasavvur darajasining yetishmasligi bilan farqlanadilar; nutqi to’lig’ rivojlanmagan bolalar uchun birmuncha faoliyatsizlik, harakatlarda sustkashlik, xayolot olamining torligi, obrazlarni fazoda joylashtirish malakasining yetishmasligi kabi belgilar xos. Shularni e’tiborga olib, bolalar ijodiy qobiliyatlari shakllanishiga ko’ra ishning birinchi yo’nalishi - tasavvurni rivojlantirish va mazmunli-ro’li o’yinlar vositasida hissiyot olamini boyitishdan iborat.
Ishning ikkinchi yo’nalishi maxsus topshiriqlardan foydalanishni ko’zda tutadi, ularni bajarish jarayonida tayyor tasavvurlarni qayta hosil qilish va shu asosda yangilarini yaratish qobiliyati rivojlantiriladi.
Uchinchi yo’nalish bolaning faol nutqini rivojlantirishdan iborat. Bolalarda ijod qilish, yangilik yaratishga intilish, fikrlash va tasavvur qilish kabi yuqori psixik jarayonlari ilk bolalikdan rivojlana boshlaydi. Aynan ularning rivojlanishiga 5-12 yoshgacha bo’lgan bolalarni tarbiyalashda katta e’tibor berish zarur. Bu davrni olimlar senzitiv, ya’ni tasavvurni fikrlash va tasavvur qilishni rivojlantirish uchun eng ma’qul davr deb hisoblaydilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |