14-BOB. QANDLI DIABET VA MODDA ALMASHINUVI BUZLISHI
BILAN KECHUVCHI KASALLIKLARDA SHIFOBAHSH OVQATLANISH
Qandli diabetning klinik ko‘rinishlari asoratlari va dietoterapiyasi
Qandli diabet – bu moddalar almashinuvining buzilishi natijasida kelib
chiquvchi kasallikdir. Hozirgi vaqtda bu eng muhim tibbiy-ijtimoiy muammolardan
biridir. Jahon statistikasiga ko‘ra, dunyo aholisining 2-3 %i qandli diabetdan aziyat
chekadi. Qandli diabet kasalligida me’da osti bezi tomonidan insulin gormoninig
kam ishlab chiqarilishi, qonda esa qand miqdorining surunkali yuqori darajada
bo‘lishi natijasida, organizm tomonidan qandning etarli darajada o‘zlashtirilmasligi
kuzatiladi. Qandli diabet bilan bog‘liq bo‘lgan barcha asoratlar ana shu sababli kelib
chiqadi. Agar qandli diabetga chalingan bemor, o‘z holatini boshqarishni yaxshi
o‘rganib olsa va qonidagi qand miqdorini doimo meyorda ushlab tursa, diabet
kasallikdan o‘ziga xos hayot tarziga aylanadi va ko‘plab asoratlarning oldini olish
mumkin bo‘ladi.
“Diabaino” yunonchadan tarjima qilganda “o‘tib ketaman” demakdir.
Kasallikning nomlanishi: qandli diabet “qandni yo‘qotuvchi” degan ma’noni
anglatadi. Kasallikning asosiy simptomi – qandning siydik bilan chiqib ketishidir.
Qandli diabetning simptomlari eramizdan 1,5 ming yil avval Qadimgi Misrda
“Papirus Ebers” tibbiy traktatida ta’riflab berilgan.
Qandli diabet rivojlanishining mumkin bo‘lgan sabablari haqida bir qancha
gipotezalar mavjud. Kasallikning mohiyati qonda qand (glyukoza) miqdorini
boshqaruvchi insulin gormonining me’da osti bezi tomonidan etarli miqdorda
sekretsiya qilinmasligidandir. Insulinning ta’sirida qondagi ortiqcha glyukoza
glikogenga aylanadi va jigarda depolanadi. Agar insulinning miqdori kam bo‘lsa,
tashqaridan organizmga tushayotgan ortiqcha glyukoza qayta ishlanmaydi, uning
qondagi miqdori ortadi, shuningdek, uning siydik bilan ajralishi boshlanadi. Bu
holatda organizmdagi hujayralarda quvvat etishmovchiligi yuzaga keladi. Sababi,
butun organizmdagi hujayralar uchun glyukoza asosiy energiya manbai bo‘lib
hisoblanadi, lekin u hujayraga faqat insulin yordamida o‘zlashadi.
Sog‘lom odamda qonga doimiy ravishda kerakli bo‘lgan insulin miqdori ajralib
turadi. Organizmga ortiqcha qand miqdori tushganda, me’da osti bezi insulin
gormoni ishlab chiqarilishini oshiradi, qand kam qabul qilinganda esa, kamaytiradi.
Shu sababli ham, qandli diabetga chalinmagan odamlarda qondagi glyukoza miqdori
ma’lum doirada ushlab turiladi va och qoringa taxminan 3,3 – 6,0 mmol/l ni tashkil
etadi, ovqatlanishdan so‘ng esa 7,8 mmol/l gacha etishi mumkin.
Bundan tashqari, kasallikning keyingi kechishi nazoratga olinmasa, qonda va
siydikda atseton tanachalari paydo bo‘ladi. Keyinchalik keton tanachalari (atseton)
ketoatsidozga sabab bo‘ladi. Bu holatni entsefalopatiya ya’ni, hushni yo‘qotish
(koma) va hatto o‘limga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Qandli diabetning klassifikatsiyasi.
Qandli diabetning ikkita asosiy tipi farqlanadi:
birinchi tip (insulinga bog‘liq) qandli diabet;
ikkinchi tip (insulinga bog‘liq bo‘lmagan) qandli diabet.
214
Birinchi tip qandli diabetda bemor doimiy ravishda insulin qabul qilishi kerak.
Diabetning bu turi asosan 40 yoshgacha bo‘lgan odamlarda, erta yoshda – bolalarda,
o‘smirlarda, yoshlarda rivojlanadi. Birinchi tip qandli diabet rivojlanishining asosiy
sababi insulin sinteziga javobgar bo‘lgan hujayralarning nobud bo‘lishidir. Bu
hujayralar beta hujayralar bo‘lib ularning nobud bo‘lishi natijasida, insulin ishlab
chiqarilishi pasayadi, yoki umuman to‘xtaydi. Hujayralar nobud bo‘lishiga turli
omillar – autoimmun jarayonlar, virusli infektsiyalar va b. sabab bo‘lishi mumkin.
Ikkinchi tip qandli diabet birinchisiga nisbatan to‘rt barobar ko‘proq qayd
qilinadi (80 – 85 % holatlarda). U asosan ortiqcha vaznli va yoshi katta (40 yoshdan
oshgan) odamlarda uchraydi. Ortiqcha vaznning har 20 %i ikkinchi tip qandli
diabetga chalinish xavfini oshirishi haqida ma’lumotlar bor. Shuni ham aytib o‘tish
kerakki, ortiqcha vaznning eng og‘ir shakliga ega bo‘lgan bemorlarning hammasi
ham diabetga chalinavermaydi.
Odatda, ikkinchi tip qandli diabet ancha engil kechadi. Bunda, kasallikning
boshida beta hujayralar insulinni odatiy va hatto undan ham ko‘p miqdorda ishlab
chiqaradi, lekin uning faolligi keskin tushib ketadi. Buning sababi, insulinga
sezgirligi past bo‘lgan yog‘ to‘qimasi miqdorining ko‘pligidir. Keyinchalik insulin
ishlab chiqarilishi ham kamayadi. Ikkinchi tip diabetda vazn tashlash va me’yorli
jismoniy yuklamalar qondagi qand miqdorini me’yorga keltirish imkonini beradi.
Qandli diabetning kelib chiqish sabablari.
Zamonaviy izlanishlar qandli diabet rivojlanishiga olib keluvchi bir qancha
moyillik omillarini aniqlash imkonini berdi.
Moyillikning asosiy omillaridan biri – bu nasliylikdir. Agar odamning yaqin
qarindoshlari (ota, ona, aka-uka, opa-singil) da qandli diabet kasalligi bo‘lsa, shu
insonning o‘zida ham diabetga chalinish xavfi yuqori bo‘ladi. Qandli diabetning
birinchi tipi ona liniyasi bo‘yicha 3-7 %, ota liniyasi bo‘yicha esa, 10 % ehtimollik
bilan nasldan-naslga o‘tishi haqida ma’lumotlar bor. Agar kasallik otada ham, onada
ham bo‘lsa, farzandning kasallikka chalinish ehtimoli 70 % gacha etadi.
Moyillik faktorlari ichida ortiqcha vazn (semirish) ham katta ahamiyatga ega.
Shu sababli hayot davomida ortiqcha vazn xavfini bilgan holda, odam o‘z vaznini
nazoratda ushlashi kerak. Shuningdek, alimentar, toksik moddalar va asab zo‘riqish
ham xavfli omillarga kiradi.
Ba’zi kasalliklar (pankreatit, me’da osti bezi saratoni, boshqa ichki sekretsiya
bezlari kasalliklari) ta’siri natijasida, me’da osti bezi zararlanib, beta hujayralar
nobud bo‘ladi va bu holatda qorin bo‘shlig‘i organlarining jarohatini ham ta’siri
bo‘lishi mumkin.
Insulin ishlab chiqaruvchi hujayralarning nobud bo‘lishiga, qandli diabetning
rivojlanishiga ba’zi virusli infektsiyalar, masalan, qizamiq, epidemik gepatit, gripp
va boshqalar ham sabab bo‘lishi mumkin. Bu infektsiyalar kasallikni ishga
tushiruvchi mexanizm vazifasini bajaradi. Sog‘lom odamda bu kasalliklar diabetga
sabab bo‘lmaydi, lekin boshqa omillar, asosan, nasliy faktor va ortiqcha vazn
bo‘lganda bu kasalliklar diabetga sabab bo‘la oladi.
215
Moyillik omillaridan yana biri surunkali stress holatidir. Bu holatda ham stress
o‘z holicha emas, balki nasliy omil yoki ortiqcha vazn bilan birgalikda diabetga
sabab bo‘ladi.
Odamning yoshi ulg‘aygan sari, unda qandli diabet rivojlanish xavfi ortib
boradi. Ba’zi izlanishlar natijasida ma’lum bo‘lishicha, odamning yoshi har 10
yoshga oshganda diabetga chalinish xavfi ikki barobar oshar ekan. Lekin, boshqa
tomondan, nasliy faktor yosh o‘tgani sari o‘z ahamiyatini yo‘qotib boradi.
Olimlarning hulosa qilishicha, ota-onadan bittasi diabet bilan kasallangan bo‘lsa,
farzandda kasallikka chalinish xavfi 40 yoshdan 55 yoshgacha 30 % ni, 60 yoshdan
keyin esa 10 % ni tashkil etar ekan.
Diagnostika.
Och qoringa qonda glyukoza kontsentratsiyasining ortishi va siydikda
glyukozaning paydo bo‘lishi asosiy diagnostik belgilar bo‘lib, ularning asosida
tashxis qo‘yish mumkin.
Klinik
namoyon bo‘lishi,
glyukozaning qondagi
va siydikdagi
kontsentratsiyasiga ko‘ra qandli diabet kasalligida uchta bosqich farqlanadi.
Yongil formadagi diabetda glyukozaning qondagi kontsentratsiyasi 9,99 – 11,1
mmol/l dan oshmaydi, shu bilan birga qandning siydik bilan ajraladigan miqdori
sutkasiga 15 – 20 g dan oshmaydi. Kasallikning barcha belgilari keskin namoyon
bo‘lmaydi.
O‘rta og‘irlikdagi qandli diabetda och qoringa qondagi glyukoza
konsentratsiyasi 11,1 – 22,2 mmol/l oralig‘ida bo‘lib, kundalik ratsiondagi qandning
10 % dan ortiq bo‘lmagan qismi siydik bilan chiqib ketadi. Bu bosqich uchun
moddalar almashinuvining buzilishi, me’da – ichak traktidagi patologik o‘zgarishlar
xarakterlidir.
Og‘ir formadagi qandli diabetda qondagi glyukoza konsentratsiyasi 22,2 – 33
mmol/l gacha etishi mumkin. Siydik bilan ajraladigan qand miqdori sutkalik
ratsiondagi qandning 10 % idan sezilarli darajada yuqori bo‘ladi. Qandli diabetning
og‘ir shakli uchun asab tizimi, ko‘z tubi, yurak, buyraklar va boshqa a’zolarda
asoratlarning kelib chiqishi xarakterlidir.
Qandli diabetning kechki asoratlari.
Qandli diabetning kechki asoratlariga turli a’zo va tizimlarni zararlanishi
kiradi. Dastlab, asosan mayda qon tomirlari – kapillyarlar va nerv oxirlari
zararlanadi, ularni devorlari elastiklik xususiyatini yo‘qotadilar. Ular mo‘rt va nozik,
oson jarohatlanadigan bo‘lib qoladi. Bunda qon aylanishi buzilib, mahalliy mayda
qon quyilishlari sodir bo‘ladi. Bunday mikrojarohatlar bo‘lgan joylarda biriktiruvchi
to‘qima o‘sib ketadi. Mazkur biriktiruvchi to‘qima hisobiga qon tomir devorlari
qalinlashib, ulardagi oziq moddalarni o‘tkazish xususiyati kamayadi. Qon tomirlar
va nervlar barcha organlarda borligini hisobga olsak, qandli diabetda butun
organizm aziyat chekadi. Odatda, birinchi navbatda ko‘z, buyraklar va oyoqlarning
qon tomir va nervlari zararlanadi.
Angioretinopatiya – ko‘z qon tomirlarining diabetik zararlanishi. Uzoq vaqt
davomida qondagi qand miqdorining baland bo‘lishi ko‘z to‘r pardasida qon
aylanishining buzilishi va qon quyilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Natijada
216
bemorning ko‘rishi yomonlashadi, ba’zan ko‘rlik rivojlanadi. Angioretinopatiyada
ko‘z tubida qon quyilishlari, yangi hosil bo‘lgan qon tomirlar va boshqa o‘zgarishlar
ko‘rinadi.
Oyoq qon tomirlarining diabetik zararlanishi ham qandli diabetning tez-tez
uchrab turuvchi asoratlaridan biri hisoblanadi.
Qandli diabet uzoq vaqt davom etganda diabetik tovon deb ataluvchi holat
yuzaga kelishi mumkin. Bunda bemorni tovonda yaralar hosil bo‘lishi, oyoq
tirnoqlarining qalinlshuvi va shaklining o‘zgarishi, tirnoq va terining zamburug‘lar
bilan zararlanishi, tovon sezgirligining pasayishi, “chumolilar” sezgisi va boshqa
o‘zgarishlar, tovon shaklining o‘zgarishi bezovta qiladi.
Qandli diabetda, odatda, tashqi taassurotlarga sezgirligi pasayadi. Shu sababli,
terining kichik kesilishi va shu kabi boshqa mikrojarohatlar e’tiborsiz qoladi. Qandli
diabetga chalingan bemorlarning terisi yupqa, quruq va oson jarohatlanadigan
bo‘ladi. Kelgusida bu mikrojarohatlarga infektsiya tushishi natijasida uzoq vaqt
tuzalmaydigan yaralar, ba’zida gangrena rivojlanishi mumkin. Bu ba’zi katta yoshli
bemorlarda tovon yoki oyoqning amputatsiya qilinishiga sabab bo‘ladi.
Diabetik nefropatiya – qandli diabet tufayli buyrak qon tomirlarining
zararlanishi bo‘lib, o‘ta jiddiy asorat hisoblanadi. Diabetik nefropatiyaning beshta
bosqichi farqlanadi. Siydikda mikroalbumin (kichik massali oqsil) tekshiruvini
o‘tkazish orqali dastlabki uchta bosqichni aniqlash mumkin. Agar umumiy siydik
analizida oqsil paydo bo‘lsa, bu kasallikning to‘rtinchi, qaytmas bosqichga
o‘tganligidan dalolat beradi. Keyinchalik surunkali buyrak etishmovchiligi
rivojlanadi. Buyrakning ajratuvchi funktsiyasining keskin kamayishi, shishlarning
paydo bo‘lishi, arterial qon bosimining ortishi, qonda kreatinin va mochevina
miqdorining ortishi ushbu kasallikning asosiy belgilari hisoblanadi. Qondagi
glyukoza miqdorini maksimal tarzda meyorga yaqin ushlab turish orqali diabetik
nefropatiyaning oldini olishga, yoki paydo bo‘lgan asoratni keyingi rivojlanishini
to‘xtatishga erishish mumkin.
Ateroskleroz va qandli diabet ikkita o‘zaro bog‘liq kasallik hisoblanadi. Qandli
diabetda ateroskleroz juda tez rivojlanadi. Shu sababli, qandli diabet bilan og‘rigan
bemorlarda miokard infarkti boshqalarga nisbatan ko‘proq va ertaroq ro‘y beradi.
Qandli diabetda nerv oxirlari zararlanganligi sababli, miokard infarkti deyarli har
doim kuchli og‘riqsiz kechishini aytib o‘tish kerak. Shundan kelib chiqib, yurak
sohasida nohush sezgilar paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qilish va EKG
dan o‘tish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, doimiy ravishda arterial bosimni nazorat
qilib turish kerak.
Qandli diabet kasalligida parhez ovqatlanish.
Qandli diabetni davolashda, asosan diabetning ikkinchi tipida parhez
ovqatlanish muhim ahamiyatga ega. Kasallikning engil (va hatto o‘rtacha) klinik
shaklida parhez ovqatlanish qabul qilinadigan dori preparatlarining dozasini
pasaytirishga yordam beradi.
Pevzner tomonidan tavsiya qilingan № 8 va № 9 dietalar bir biriga o‘xshashdir.
Bunda, dieta № 8 organizmda yog‘ to‘planishi oldini olishga yoki uni yo‘qotishga
qaratiladi, dieta № 9 esa – modda almashinuvining barcha turlarini, avvalo uglevod
217
almashinuvini meyorga keltirishni maqsad qiladi. Qolgan barcha dietalar yuqorida
ko‘rsatilgan dietalarning modifikatsiyalari bo‘lib, bemorning yoshi, jinsi, mehnat
faoliyati xarakterini hisobga olgan holda faqat dietolog yoki endokrinologlar
tomonidan belgilanishi mumkin.
Barcha dietalarda umumiy tamoyillar qo‘llaniladi:
Bo‘lib-bo‘lib ovqatlanish, bu sutka davomida qondagi qand miqdorini
maksimal darajada stabil ushlab turish imkonini beradi;
Me’da osti bezini asrash (unga bo‘lgan yuklamani kamaytirish), ya’ni uglevod
va yog‘lar qabul qilinishini kamaytirish;
Shakar va unda tayyorlangan mahsulotlarni cheklash;
Yoshga mos fiziologik ehtiyojlarni qoniqtirish (birinchi navbatda oqsillar,
vitaminlar, mineral moddalar va ovqat quvvatini);
Diabetik jarayon fazasi va kasallikning rivojlanish bosqichidan kelib chiqib,
korrektsiya qilish;
Qandli diabetning asoratlari va yo‘ldosh kasalliklardan kelib chiqib, ovqatga
tegishli kulinar ishlov berish.
Ovqatlanish tartibi.
Qandli diabet bilan og‘rigan bemorning ovqatlanish tartibi 5-6 ta ovqat
qabulidan iborat bo‘lishi kerak. Ovqat qabullari sonini oshirishdan quyidagi
maqsadlar ko‘zlanadi: birinchidan, har bir ovqat qabulidagi ovqat miqdori
kamayishi hisobiga ovqat giperglikemiyasi darajasi ham pasayadi; ikkinchidan, tez-
tez ovqatlanish (har 2-3 soatda) gipoglikemik holat paydo bo‘lishining oldini oladi.
Asosiy ovqat qabullari quvvati bo‘yicha quyidagicha taqsimlanadi: nonushta – 30%,
tushlik – 40%, kunduzgi – 10% va kechki ovqat – 20%.
Dastlabki nonushtani insulin qabul qilingandan so‘ng 20-30 daqiqa o‘tib qabul
qilish tavsiya qilinadi. Ikkinchi nonushta – birinchi nonushtadan 2-3 soat o‘tib, bu
gipoglikemiyaning oldini oladi. Agar ovqatni aniq belgilangan vaqtda qabul qilishga
imkon bo‘lmasa, bemorni 15-20 daqiqa kechroq ovqatlantirgandan ko‘ra, 15-20
daqiqa ertaroq ovqatlantirgan yaxshi. Davolovchi vrach tomonidan individual
ovqatlanish tartibi tavsiya qilinishi mumkin.
Qandli diabetda iste’mol qilish mumkin:
go‘sht, qush, baliq (qaynatilgan, dimlangan yoki qaynatilgandan so‘ng
qovurilgan holda), xolodets, mol go‘shti, sardelkalar, tovuqli kolbasa;
sut (qatiq mahsulotlaridan – yog‘siz kefir, prostokvasha), smetana ovqatga
qo‘shgan holda;
tuxum (kuniga 1-2 dona, qovurilgan holatdan boshqa istalgan holatda);
yog‘lar (saryog‘, o‘simlik yog‘lari).
Mumkin emas:
G‘oz, o‘rdak go‘shtlari, dudlangan go‘shtlar, tuzlangan baliq;
Qaymoq, ryajenka, shirin, ayron.
Donli mahsulotlar (grechka, guruch va perlovkadan tayyorlangan bo‘tqalar,
guruch 10 soat davomida, har 2-3 soatda suvi almashtirilib bo‘ktirilgan bo‘lishi
kerak);
218
Sabzavotlar (marinovka qilingan va tuzlangan sabzavotlardan tashqari
istalgan sabzavotlar; lavlagi faqat qaynatilga holda, kartoshka esa kraxmali chiqib
ketishi uchun suvga solib qo‘yilib (guruch kabi)).
Mumkin emas:
Mannaya yormasi, makaron, lapsha;
Marinovka qilingan, tuzlangan karam.
Dieta № 9 ning taxminiy menyusi.
Nonushta: grechkali bo‘tqa (grechka – 40 g, yog‘ – 10 g), go‘shtli (yoki baliqli)
pashtet (go‘sht – 60 g, yog‘ – 5 g), sutli choy (sut – 50 g).
Soat 11 da: 1 stakan kefir.
Tushlik: sabzavotli sho‘rva (o‘simlik yog‘i – 5 g, kartofel ho‘llangan – 50 g,
karam – 100 g, sabzi – 25 g, smetana – 5 g, tomat – 20 g), qaynatilgan go‘sht – 100
g, ho‘llangan kartoshka – 150 g, yog‘ – 5 g, olma – 200 g.
Soat 17 da: achitqili ichimlik.
Kechki ovqat: sabzi va tvorogli pishiriq (sabzi – 75 g, tvorog – 50 g, suxari – 5
g, tuxum – 1 dona). Qaynatilgan baliq – 100 g, karam – 150 g, o‘simlik yog‘i – 10
g, ksilitli choy.
Uxlashdan avval: 1 stakan kefir.
Kuniga non – 250 g (asosan qora non).
Qandli diabetda tavsiya qilinadi:
Borsh, shi, okroshka, qizil lavlagili sho‘rva, yog‘siz, quyuq bo‘lmagan
bulyonlar;
Achchiq-shirin navli mevalar, kompotlar, ksilitli konfet, pechene va vaflilar,
shirinliklarni cheklangan miqdordagi yong‘oqlar bilan alishtirish mumkin.
Mumkin emas:
Sutli, donli va lapshali sho‘rvalar;
Uzum, mayiz, xurmo, shakar, asal, konfetlar, anjir, banan, qovun va
boshqalar.
Shirin meva sharbatlari, shirin kvas, kakao, kofe.
Sabzavotlar.
Sabzavotlarning uglevodlari hom holatda qaynatilganga nisbatan sekinroq
so‘riladi, shuning uchun, sabzavotlarni homligicha iste’mol qilish tavsiya etiladi va
bunda vitaminlar ham saqlanib qoladi.
Sabzi ko‘p miqdorda karotin tutadi, u organizmda vitamin A ga aylanadi va
diabet bilan og‘rigan bemorlarda ko‘rishni yaxshilaydi, shuningdek sabzida ko‘p
miqdorda kaliy va vitamin V12 bo‘ladi.
Baqlajon xolesterin miqdorini pasaytirish xususiyatiga ega, ko‘plab vitaminlar
(V guruh, S, RR) va kaliy tutgani uchun, yurak muskuli ishini yaxshilaydi.
Bodring mineral tuzlarga boy. Siydik kislotasini eritib, chiqarib yuboradi,
yurak, jigar, buyraklar faoliyatini meyorga keltiradi, ortiqcha vaznni kamaytirishga
hizmat qiladi.
Shuni aytib o‘tish kerakki, kartoshka va lavlagidan boshqa sabzavotlarning
sutkalik ratsiondagi miqdorini amalda hisoblash shart emas, chunki ulardagi uglevod
miqdori juda kam.
219
Shakar almashtirgichlari.
Ovqat ratsionidan shakarni chiqarib tashlash yoki miqdorini keskin kamaytirish
ehtiyoji qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarda noqulayliklar keltirib chiqaradi.
Shirinliklarning cheklanishi asosan, bolalar va o‘smirlar uchun qiyinchilik
tug‘diradi. Shuning uchun, o‘simliklardan olinadigan yoki kimyoviy yo‘l bilan
yaratilgan shakar almashtirgichlari keng qo‘llaniladi. Shakar almashtirgichlari
sifatida bemorlar sorbit, ksilit, fruktoza, saxarin va aspartamdan foydalanishlari
mumkin.
Sorbit – o‘simlik xomashyosidan olinuvchi, shirin ta’mli, suvda yaxshi eruvchi
kukundir. Mevalarda kam miqdorda saqlanadi, eng ko‘p chetan mevasida bo‘ladi.
Organizmning almashinuv jarayonlarida qatnashadi, 1 g sorbit 4 kkal energiya hosil
qiladi.
Iste’mol qilinadigan sorbit miqdori kuniga 30 gr dan oshsa, ichni yumshatadi
va qorinda noxush sezgilarni keltirib chiqaradi. Sorbitni yuqori haroratda kulinar
ishlov beriladigan taomlarga qo‘shish mumkin.
Ksilit – makkajo‘xori popuklaridan va paxta sheluxasidan olinadigan, suvda
yaxshi eriydigan shirin kristall modda. Ksilitning o‘zlashtirilishi uchun insulin kerak
emas. Ksilitning sutkalik iste’moli 30 g dan oshmasligi kerak, aks holda ichak
faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Organizm tomonidan o‘zlashtirilgan 1
g ksilit 4 kkal energiya hosil qiladi. Ovqatga termik ishlov berishda ishlatilishi
mumkin.
Fruktoza – mevalar va shakar tarkibiga kiruvchi shirin modda bo‘lib, shakar
tarkibiga kiruvchi glyukozadan o‘zlashtirilishi insulin ishtirokisiz kechishi bilan farq
qiladi. Fruktoza shakardan ikki barobar shirinroqdir. Uning ham sutkalik iste’moli
30 g dan oshmasligi kerak. Fruktozaning energetik qiymati – 3,8 kkal/g va taomlari
issiq tayyorlash uchun ham yaraydi.
Aspartam (“slastilin”) – ikkita aminokislotadan (asparagin va fenilalanin)
iborat moddadir. U shakardan 200 barobar shirin, energetik qiymatga va nojo‘ya
ta’sirga ega emas. Qaynatilganda o‘z xossaalrini yo‘qotadi.
Saxarin – shakardan 500 barobar shirin bo‘lgan, suvda yaxshi eruvchi kristallik
kukun. Energetik qiymatga ega emas. Qaynatib bo‘lmaydi chunki, harorat ta’sirida
yoqimsiz ta’mga ega bo‘ladi. Sutkalik iste’mol qilinadigan miqdori 1- 1,5
tabletkadan oshmasligi kerak. Bolalar, homilador ayollar, jigar va buyrak
hastaliklari bo‘lgan insonlarga tavsiya etilmaydi.
Bir-birining o‘rnini bosuvchi mahsulotlar
Non va don mahsulotlari. Teng qiymatli: 40 g bug‘doy noni, 50 g qora non,
40 g bulochka mahsulotlari, 100 g oqsil-bug‘doy non, 140 g oqsil kepakli non, 30 g
suxari (2 dona), 20 g no‘xat (loviya).
Hayvon oqsillarini saqlovchi mahsulotlar, teng qiymatli: 30 g qaynatilgan mol
go‘shti, 50 g buzoq go‘shti, 65 g cho‘chqa go‘shti, 48 g tovuq go‘shti, 46 g kurka
go‘shti, 46 g quyon go‘shti, 77 g qaynatilgan kolbasa, 85 g sosiska, 54 gbaliq, 35 g
golland pishlog‘i, 53 g yog‘siz tvorog, 1,5 ta tuxum.
Yog‘lar, teng qiymatli: 5 g saryog‘, 4 g o‘simlik yog‘i, 10 % yog‘ tutuvchi 40
g qaymoq, 16 g smetana, 6 g mayonez.
220
Sut mahsulotlari. Teng qiymatli: 200 g kefir, 200 g sut, 200 g prostokvasha.
Sabzavotlar. Teng qiymatli: 50 g kartoshka, 90 g lavlagi, 140 g sabzi, 170 g
sholg‘om, 75 g yashil no‘xat.
Mevalar. Teng qiymatli: 100 g olma, 110 g o‘rik, 100 g olcha, 105 g nok, 115
g olxo‘ri, 90 g gilos, 135 g apelsin, 140 g qulupnay, 115 g krijovnik, 125 g malina,
130 g smorodina.
Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar ratsionidagi limon va klyukva miqdori
istalgancha bo‘lishi mumkin.
Vitaminlar.
Dieta belgilaganda vitaminlarga bo‘lgan sutkalik ehtiyojni hisobga olish kerak.
Fiziologik dieta etarli miqdordagi vitaminlarni tutadi, lekin, qandli diabet kasalligida
ularga bo‘lgan ehtiyoj ortishini hisobga olgan holda diabetik dietada ularning
miqdorini oshirish kerak. Na’matak, qorag‘at, qora smorodina, qora va qizil chetan,
limon mevalaridan tayyorlangan ichimlik, qaynatma va damlamalarni ichish kerak.
Qandli diabet profilaktikasi va davosi uchun quyidagi meva va o‘simliklardan
tayyorlangan choy tavsiya etiladi: qulupnay, qariqiz, suli, qoqio‘t, bargizub,
mingyaproq, loviya, sachratqi, qorag‘at, na’matak.
Quyidagi tarkibli choy qo‘llanilganda ijobiy ta’sir kuzatiladi: qorag‘at barglari
– 4 qism, loviya – 4 qism, qulupnay barglari – 3 qism, mingyaproq o‘ti – 1 qism,
qariqiz ildizi – 3 qism, oddiy qoqio‘t ildizi – 2 qism, suli ro‘vagi – 4 qism, na’matak
mevasi – 4 qism.
Dietaga qoqio‘t, gazanda, sachratqi barglaridan tayyorlangan salatlarni
qo‘shish tavsiya etiladi. Bu o‘simliklar tokoferol, askorbin kislotasi, fosfor, temir,
kaltsiy, alyuminiy, marganets birikmalariga, organik moddalar (insulin, magniy,
inozit, flavoksantin, mum va b.) ga boy.
Organizmning ishqoriy zaxirasini oshiruvchi o‘simlik mahsulotlari (kartoshka,
piyoz, lavlagi, loviya, dukkaklilar, qorag‘at) ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Organizmning ishqoriy radikallar bilan to‘yinishi to‘qimalarda glyukoza
ishlatilishining yaxshilanishiga va glikemiya darajasining pasayishiga sabab bo‘ladi.
Quvvat darajasi oz bo‘lgan ozuqaviy kunlar
Bemorda insulinga bog‘liq bo‘lmagan qandli diabet va ortiqcha vazn bo‘lsa,
haftasiga ikki – uch marta oz kuvvatli oziqlanish (600-800 kkal) tavsiya qilinadi. Bu
kunlarda qand miqdorini tushuruvchi tabletkalarni bekor qilish lozim. Ushbu kunlar
bemorning ozishi va me’da osti bezining maksimal past yuklama bilan ishlashi
uchun o‘tkaziladi.
Tvorog – kefir kuni: tvorog – 200 g, kefir – 400 g. quvvati – 690 kkal.
Go‘sht kuni: qaynatilgan mol go‘shti – 400 g, hom va qaynatilgan oq karam –
400 g (yoki sabzi, bodring, pomidor, gulkaramdan iborat salat). Quvvati – 675 kkal.
Olma kuni: 1,5 kg olma. Quvvati – 690 kkal.
Suli kuni: suvda qaynatilgan 250 g suli yormasi. Quvvati – 860 kkal.
Meva – tuxum kuni: kuniga 5 marta bittadan tuxum, 10 g olma va bir stakan
na’matak damlamasi (shakarsiz). Quvvati – 650 kkal. Jigar funktsiyasi meyorda
bo‘lsagina qo‘llaniladi.
Kefir kuni: 1,5 litr kefir. Quvvati – 800 kkal.
221
Qandli diabet asoratlari yuzaga kelganda dietoterapiya.
Diabetda ketoatsidotik dekompensatsiyaning rivojlanishi ovqat umumiy
quvvatini kamaytirishni va dietada yog‘ni keskin cheklashni taqozo etadi. Bu davrda
saryog‘, pishloq, smetana kabilar ratsiondan to‘liq olib tashlanadi, ularni uglevod
saqlovchi mahsulotlar bilan almashtirish kerak. Ketoatsidoz vaqtida bemorni etarli
miqdordagi to‘laqonli uglevodlar (shakar, shirin mevalar, non, bulochka, kartoshka)
bilan ta’minlash kerak.
Og‘ir pre- yoki postkomatoz holatda faqatgina sabzavotli va mevali sharbatlar,
uglevodlar, kaltsiy tuzlarini tutuvchi, ishqoriy reaktsiyaga ega bo‘lgan pyure va
kisellar belgilanadi. Ishqoriy mineral suvlarni (borjom tipidagi) iste’mol qilish
tavsiya etiladi. Asta-sekin (postkomatoz holatning ikkinchi kunidan boshlab) non
iste’mol qilish ruxsat etiladi, uchinchi kundan – go‘sht mumkin bo‘ladi, yog‘
faqatgina ketoz yo‘qolgandan so‘ng kiritilada. Gipoglikemik holatlarni davolashda
uning og‘irlik darajasi va rivojlanish vaqtini hisobga olgan holda uglevodli
mahsulotlar qabul qilinishining ma’lum tartibiga rioya qilish kerak. Agar engil
gipoglikemik holat navbatdagi ovqat qabulidan 15-20 daqiqa oldin sodir bo‘lsa,
qo‘shimcha uglevodlarni kiritmaslik kerak: bemorni darhol ovqatlantirish kerak
(ovqat qabul qilinishini non yoki bulkadan boshlash kerak, chunki bu
mahsulotlardagi uglevodlar bo‘tqalar, kartoshka va boshqa mahsulotlardagi
uglevodlarga nisbatan tezroq so‘riladi). Agar gipoglikemiya ovqat qabullari orasida
rivojlansa, bemorga qo‘shimcha uglevodlarni kiritish lozim.
Agar gipoglikemiya haqida oldindan xabar beruvchi holatlar (ochlik hissi,
holsizlik, isitma, terlash) mavjud bo‘lsa, bir – ikki bo‘lak (25–50 g) non yoki bulka
bilan chegaralanish mumkin. Agar gipoglikemiya yaqqolroq namoyon bo‘lsa (bosh
og‘rig‘i, bosh aylanishi, rangparlik, paresteziya, mushak qaltirashi), bemorga illiq
shirin choy (1 stakan choyga 2-3 choy qoshiqda shakar) berish kerak. Agar bemor
hushdan ketishga yaqin bo‘lsa, birdaniga 100 %li shakarli sirop (2-3 choy qoshiq)
qo‘llaniladi. Agar, gipoglikemik shok yoki koma rivojlansa, faqatgina vena ichiga
konsentrlangan (20 – 40 %li) glyukoza eritmasini kiritish effekt beradi. Non yoki
bulka qabul qilgach, gipoglikemiya belgilari 10 – 15 daqiqada yo‘qolishi kerak,
shirin choydan so‘ng ahvol 5 – 7 daqiqada yaxshilanadi, shakarli sirop bemor
ahvolini bir necha daqiqada yaxshilaydi, vena ichiga glyukoza yuborilsa, bemor
hushiga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |