2-BOB. SOG‘LOM OVQATLANISH ASOSLARI VA ME’YORIY
HUJJATLAR
Soglom ovqatlanish tamoyillari
Jismonan va ruhan baquvvat hamda faol yashash uchun har bir kishi sog‘lom
turmush tarziga amal qilishi muhim ahamiyatga ega. Uning asosiy qismini sog‘lom
ovqatlanish tashkil etib, u salomatlikni asosi uzoq umr ko‘rish va mehnat
qobiliyatini oshiruvchi bosh omildir. Sog‘lom ovqatlanish deganda insonning hayot
faoliyati, me’yoriy o‘sishi va rivojlanishini ta’minlaydigan, uning salomatligini
mustahkamlaydigan hamda kasalliklarni oldini olishda yordam beradigan
ovqatlanish tushuniladi.
Salomatlikni saqlab turish uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari
tarkibidagi asosiy oziq moddalarga oqsil, yog‘, uglevod, vitamin va mineral
moddalar kiradi. Mutaxassislarning tavsiyalariga muvofiq, kunlik ratsionning
quvvat qiymati 10-15% oqsillar, 30-35% yog‘lar, 50% uglevodlar tomonidan
ta’minlanishi kerak va ular sog‘lom ovqatlanish talabiga mos muvozanatlashgan
holda bo‘lishi lozim.
Uglevodlar – organizmning quvvat sarfini qoplaydigan asosiy manba
hisoblanadi. Ular asosan o‘simlik mahsulotlarida; non, yormalar, kartoshka, qand,
sabzavotlar, mevalarda ko‘p bo‘ladi. Yormalar, toza dondan va bug‘doy kepagi bor
undan tayyorlangan non, kartoshka va guruch ovqatlanishda muhim ahamiyatga ega
bo‘lib, ular balanslashtirilgan ovqatlanishda muhim o‘rinni egallaydi. Yormalar
tarkibida katta miqdorda turli xil oziq tolalar mavjud, kartoshka yuqori sifatli oqsili
bilan xarakterlanadi. Guruch va terisi bilan qaynatilgan kartoshkada juda ko‘p kaliy
bo‘lib, u ortiqcha suyuqlikni organizmdan chiqib ketishiga yordam beradi. Yangi
kartoshka ko‘p hollarda po‘sti bilan qaynatiladi. Mutaxassislarning tavsiyalariga
ko‘ra, umumiy kaloriyaning taxminan yarmi non, yorma, kartoshka, guruch
hisobidan qoplanishi kerak, bu esa yurak-tomir, me’da-ichak, o‘sma kasalliklarining
rivojlanish va moddalar almashinuvining buzilish (qandli diabet) xavfini
kamaytirishga yordam beradi.
Uglevodlar hujayra, to‘qima, hazm shiralari va qon quyultiruvchi omillar
tarkibiga kiradi.
Oqsillar organizmda hujayralar yaratilishi va immun tizimining shakllanishi
uchun kerak bo‘lgan asosiy xomashyo hisoblanadi. Sarflangan quvvatni tiklash
uchun yog‘ va uglevod etarli bo‘lmasa, oqsillar belgilangan vazifalari bo‘yicha
ishlatilmay, quvvat tanqisligini to‘ldirish uchun sarflanadi. Ovqat bilan oqsilni ko‘p
miqdorda qabul qilish ham organizmga foyda keltirmaydi, sababi ular oldindan
zahira holida yig‘ilish xususiyatiga ega emas.
29
Mahalliy sharoitda etishtirilgan mosh, no‘xat, loviya kabi dukkaklilar alohida
e’tiborga loyiqdirlar - ular to‘laqonli oqsilning boy manbai bo‘lib hisoblanadilar.
Yog‘lar organizmning barcha hujayralari tarkibiga kiradi. Ular yog‘
to‘qimalarida yig‘iladi va ovqatlanish etarli bo‘lmaganda sarflanadigan
«organizmning zahiradagi quvvati ashyosi» bo‘lib hisoblanadi.
Ratsionning 30-35% quvvati yog‘ hisobiga ta’minlanadi. Yog‘ miqdorining
yarmi sariyog‘, margarin, o‘simlik yog‘i, hayvon yog‘i, tovuq yog‘i kabi ko‘zga
ko‘rinadigan yog‘larga, qolgan yarmi esa ko‘pgina oziq-ovqat mahsulotlari (go‘sht,
sut, qandolat mahsulotlari) tarkibida yashirin mavjud bo‘lgan yog‘larga to‘g‘ri
keladi. Ayniqsa, yog‘ miqdori kolbasa va sosiskalarda, kesilganda ko‘rinmasada,
juda yuqori bo‘ladi. Bu guruhdagi ko‘pgina mahsulotlarda taxminan 50%gacha
hayvon yog‘i bo‘ladi. Yog‘larni, ayniqsa hayvon yog‘larini ko‘p miqdorda iste’mol
qilish salomatlik uchun zararli hisoblanadi.
Vitaminlar va mikroelementlar – modda almashinuvi jarayonini organizmda
boshqaruvchi asosiy omillardir. Hozirgi kunda inson hayoti uchun zarur bo‘lgan 13
ta vitamin mavjudligi aniqlangan. Bular, RR, S, A, D, E, K, va B guruhidagi
vitaminlar, foliy, pantoten kislotasi, biotindir. Har bir vitamin ko‘p qirrali vazifalarni
bajaradi va ulardan birortasining etishmasligi og‘ir kasallikka olib kelishi mumkin.
Vitamin tanqisligi biron-bir chegaralangan odamlar toifasida emas, balki aholining
deyarli barcha yoshdagi, kasbdagi va millatdagi guruhlarida uchraydi. Shunday
qilib, vitaminlarning etarlicha qabul qilinmasligi ommaviy xarakterga ega bo‘lib, u
inson salomatligiga umr bo‘yi doimiy salbiy ta’sir ko‘rsatib keladigan omil
hisoblanadi. Muntazam ravishda turli xil meva va sabzavotlarni iste’mol qilish
vitaminlar tanqisligini kamaytirishi mumkin, chunki har bir meva va sabzavotning
ovqatlanishdagi ahamiyati turlicha. Masalan, yashil va to‘q sariq rangli sabzavotlar
– qovoq, sholg‘om, ismaloq, petrushka, ukrop, kashnich, ko‘k piyoz, pomidor, shirin
bulg‘ori, sabzi kabilar turli xil vitaminlar, jumladan A, V guruhi, S, D, PP kabilarga
boy.
Deyarli barcha meva va sabzavotlarda S vitamini bo‘ladi, unga ayniqsa,
petrushka, ukrop, ko‘k piyoz, shirin bulg‘ori, gul karam va karam tarkibida ko‘p
miqdorda bo‘ladi. Kartoshka, piyoz, yangi uzilgan karam, sholg‘omni har kuni
iste’mol qilish ratsiondagi S vitamin miqdorini kerakli darajada muntazam ushlab
turadi. O‘zining sog‘lig‘i haqida qayg‘uruvchi har bir inson, hech bir ovqatlanish
yangi sabzavot va mevasiz bo‘lmasligi kerak, degan qoidani o‘ziga dasturulamal
qilib olishi kerak. Agar texnologik ishlovlardan qaynatish qo‘llanadigan bo‘lsa,
mahsulot asta-sekin qaynatilishi va qaynatish uzoq davom etmasligi kerak.
Sabzavotli salatlarni ozgina o‘simlik yog‘i qo‘shib, bevosita ovqatlanishdan oldin
tayyorlash maqsadga muvofiqdir. Yog‘ to‘g‘ralgan sabzavotlar yuzasida parda hosil
30
qilib, kislorod ta’sirini chegaralaydi. Kislorod vitaminlarni parchalash hususiyatiga
ega.
Mineral moddalar – ovqatlanishning tarkibiy qismi bo‘lib, ular inson hayot
faoliyati uchun o‘ta muhimdir. Salomatlikni saqlash va qo‘llab-quvvatlab turish
uchun insonga turli xil mineral moddalar zarur. Har bir mineral moddaning
organizm uchun o‘ziga xos ahamiyati bor, shuning uchun mineral moddalar ovqat
bilan har kuni etarli miqdorda iste’mol qilinishi kerak. Mineral moddalar suyak
to‘qimasi va tishning asosini tashkil etadi, ular me’yordagi kislota-ishqor muhitini
saqlab turishga yordam beradi, oqsil, yog‘ va uglevod almashinuvlarida ishtirok
etadi, yurak-tomir, nerv, me’da-ichak, qon yaratish va quyulish tizimi faoliyatida
ishtirok etadi, endokrin bez faoliyati va hazm shiralari faolligini qo‘llab-quvvatlaydi.
Me’yorda faoliyat olib borishi uchun organizmga 16 turdagi mineral moddalar zarur.
Organizmga kaltsiy, magniy, natriy, kaliy va fosfor kabi makroelementlar ko‘proq
miqdorlarda, temir va tsink kabi elementlar kamroq miqdorlarda, yod, selen,
molibden kabi mikroelementlar esa, o‘ta kichik miqdorlarda talab etiladi, biroq
ularning salomatlikni saqlashdagi ahamiyati juda yuqoridir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ta’rifiga muvofiq bir yoki bir necha zarur
oziq moddalarning nisbiy yoki mutloq etishmovchiligi, yoxud ortiqchaligi natijasida
yuzaga keladigan ovqatlanishdagi
buzilishlar noto‘g‘ri ovqalanish
deb yuritiladi. Jahon sog‘liqni
saqlash
tashkiloti
sog‘lom
ovqatlanish tamoyillarini ishlab
chiqdi va ular quyidagilarni o‘z
ichiga oladi:
• Kuniga har xil oziq-ovqat
mahsulotlarini iste’mol qiling.
• Kuniga bir necha mahal
har xil sabzavot va mevalar,
yaxshisi yangi uzilgan mahalliy
meva va sabzavotlardan (har kuni
kamida 400 g) iste’mol qiling.
• Non va yirik tortilgan un
mahsulotlari,
yormalar
va
kartoshka har kuni iste’mol
qilinishi kerak.
• Ovqat
bilan
iste’mol
qilinayotgan
yog‘
miqdorini
31
nazorat kiling. Ovqat tayyorlashda hayvon yog‘larining o‘rniga ko‘proq o‘simlik
yog‘larini ishlating.
• Yog‘li go‘sht va go‘sht mahsulotlarini yog‘siz go‘sht hamda dukkakli
o‘simliklar, baliq, tovuq mahsulotlari bilan almashtiring.
• Yog‘ miqdori kam bo‘lgan sut va tarkibida yog‘ va tuz miqdori kam bo‘lgan
qatiq, suzma, tvorog va pishloq kabi sut mahsulotlarini iste’mol qiling.
• Tarkibida qand miqdori kam bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini tanlang va
shirinlik hamda shirin ichimliklar iste’molini chegaralash orqali qand miqdorini
kamaytiring.
• Tuzni kamroq iste’mol qiling. Tuzning umumiy miqdori kuniga bir choy
qoshiq - 5 grammdan oshmasligi lozim. Faqat yodlangan osh tuzni iste’mol qilish
maqsadga muvofiqdir.
• Choy o‘rniga tabiiy sharbatlar yoki qaynatilgan suv iching yoki choyni asosiy
ovqatlanishlar oralig‘idagi tanaffuslarda iste’mol qiling.
• Ovqat tayyorlash jarayonida uning xavfsizligini ta’minlash va tayorlash
texnologiyasiga rioya qiling. Tez tayyorlanuvchi taomlarni kam iste’mol qiling.
• Hayotining dastlabki 6 oyi davomida bolani faqat ko‘krak suti bilan boqing.
Bolani 2 yoshgacha emizishga harakat qiling va qo‘shimcha ovqatlantirishga asta-
sekinlik bilan ko‘krak sutidan ajratmasdan o‘rgating.
Tana vaznini tavsiya qilingan me’yorda ushlab turish uchun o‘zingizga
kundalik o‘rtacha jismoniy yuklama berish lozim. Jahon cog‘liqni saqlash
tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha kasallanish va o‘limga olib
keluvchi 10 ta asosiy kasalliklardan 6 tasi: semizlik, kamqonlik, diabet va
shuningdek yurak-tomir, jigar, buyrak kasalliklarining yuzaga kelishi va rivojlanishi
to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovqatlanish hususiyati va uslubiga bog‘liqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jahon Sog‘liqni saqlash
tashkilotining ratsional ovqatlanish piramidasini mahalliy mahsulotlar asosida
bo‘lgan shaklini tavsiya etadi.
Dunyodagi etakchi ilmiy markazlarda olib borilgan kuzatuvlar hayvon
yog‘idan va yuqori sifatli un mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar hamda
shirinliklarni me’yoridan ortiq tanovul qilish, ovqatlanish tartibi va ritmiga amal
qilmaslik semizlik, yurak qon-tomir va boshqa qator a’zolar kasalliklariga olib
kelishini tasdiqlamoqda. Chunki ular qonda xolesterin (yog‘simon zarrachalar)
miqdorini oshishi, qon bosimini ko‘tarilishi, miokard infarkti, bosh miyaga qon
quyilishi yoki ishemik insult (bosh miya va bo‘yin tomirlarida yog‘ pilakchalar
o‘tirib qolishi oqibatida unda qon aylanishining o‘tkir buzilishi), qandli diabetga
moyillik tug‘ilishining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. Shu o‘rinda aholi
orasida tana vazni og‘ir, ya’ni semiz kishilarning tobora ko‘payib borayotganligi
tashvishli bir holdir. Bu nafaqat bizning respublikamizda balki butun dunyo aholisi
32
orasida ham kuzatilmoqda. Turli manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, er
kurrasining 25 foiz, 40 yoshdan keyin esa 50 - 60 foiz aholisida ushbu jarayon
kuzatiladi. Semizlik so‘nggi yillarda tobora ko‘proq o‘smirlar orasida ham
uchramoqda. Amerika Qo‘shma Shtatlarida 35 foiz, Evropada esa 20 foizdan ortiq
yoshlar oshiqcha tana vazniga ega. Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, agar tegishli chora-
tadbirlar ko‘rilmasa 2025 yilga borib semizlikka uchraganlar soni ikki barobarga
ko‘payishi mumkin.
Binobarin, ovqatlanish inson salomatligiga ta’sir etuvchi etakchi omillardan
biri ekan, butun dunyoda sog‘liqqa ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi taomnomalar yaratish
borasida muntazam izlanishlar olib borilgan va bu jarayon hozir ham davom
etmoqda. Ularning umumqabul qilinganlaridan biri Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi
Garvard jamoat sog‘lig‘ini saqlash maktabi tomonidan taklif etilgan sog‘lom
ovqatlanish piramidasi hisoblanadi. Unda ratsional ovqatlanish chizma holida
tasvirlangan va ushbu piramida 2005 yilda Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti
tomonidan sog‘lom ovqatlanish asosi sifatida butun dunyo aholisi orasida qo‘llashga
tavsiya etilgan.
Piramidaning asosini jismoniy harakat, vaznni me’yorida saqlash va suyuqlikni
me’yorida iste’mol qilish tashkil etsa, keyingi pog‘onasini boshoqlilar, dukkaklilar,
kartoshka, yorma, guruch va shunga o‘xshash mahsulotlar, undan keyingi
bosqichlarni esa ho‘l mevalar, sabzavotlar, go‘sht, baliq, tovuq, pishloq, sut
mahsulotlari, sariyog‘, tuxum kabilar tashkil etib, so‘nggi bosqich, ya’ni piramida
cho‘qqisi qandolat mahsulotlari, shakar, tuz va yog‘lar bilan yakunlanadi.
Ovqatlanish piramidasidagi non, yorma, guruch, bug‘doy, kartoshka va boshoqlilar,
murakkab uglevodlar bo‘lib, kaltsiy, temir va B guruh vitaminlar manbai
hisoblanadi. Kun davomida non mahsulotlari 250-300 g, kartoshka 150-200 g
(pishirilgan holda), meva-sabzavotlar 400-500 g miqdorda tanovul qilish foydalidir.
Meva va sabzavot sharbatlarini ovqatlanish orasida qabul qilish lozim.
Piramida tarkibidagi sut va sut mahsulotlari kaltsiy, oqsil, vitamin A va B guruhi,
hamda aminokislotalarga boy. Kun davomida yog‘i kam bo‘lgan 200 ml sut, yogurt,
biokefir ichish, tvorog va pishloq 60-80 g, shuningdek soyali mahsulotlar qabul
qilish maqsadga muvofiq.
Piramidaning hayvon va parranda go‘shti, baliq, tuxum, dukkaklilar,
yong‘oqlar qismida oqsillar, V guruh vitaminlari, temir, ruh, fosfor va boshqa
foydali moddalar mavjud. Hayvon, parranda yoki baliq go‘shtini 100 g miqdorda
iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilinganda ularni quvvati inson tanasining
vazni, yoshiga, jismoniy harakat miqdori va kasbiy xususiyatlariga mos bo‘lishi
lozim.
33
Ma’lumki, qarish tabiiy jarayon va biologik qonuniyat hisoblanadi va uni
natijasida inson tanasida bir qator fiziologik va biokimyoviy jarayonlar sustlashadi.
Tashqi omillarga nisbatan chidamlilik kuchsizlanadi va barcha a’zolar faoliyati
zaiflashadi. Keksalikda ularga xos bo‘lgan kasalliklar (ateroskleroz, yurak-ishemik
kasalliklari, hafaqon kasalligi, suyak bo‘g‘inlarida tuz yig‘ilish holati, asab
kasalliklari va boshqalar) yuzaga keladi. Shuning uchun kasalliklarni oldini olish va
keksalarda sog‘lom umrni uzaytirishni asoslaridan biri oqilona ovqatlanishdir.
Keksalarning sog‘lom ovqatlanishida ularning tartibi, ovqat tarkiblari o‘ziga xosdir.
Ularning hayvon yog‘lari, yog‘li go‘shtlar va ulardan tayyorlangan mahsulotlar,
hamda shirinliklardan tayyorlangan mahsulotlarni keskin chegaralashlari lozim.
Taom asosan o‘simlik yog‘ida tayyorlanishi lozim. Turli xil yormalardan
tayyorlangan bo‘tqalar, yog‘i kam pishloqlar, kefir, qatiq, tvorog va boshqa sutli
mahsulotlar ularga tavsiya etiladi. Chunki ular tarkibida suyakni mustahkam
qiluvchi kaltsiy moddalari va ateroskleroz, yurak qon-tomir, bosh miya kasalliklarini
oldini oluvchi yog‘ni parchalovchi moddalar mavjud.
Yoshi ulug‘ kishilarga istalgan miqdorda mevalar va sabzavotlar tanovvul
qilish tavsiya etiladi.
Tibbiy nuqtai nazardan kunda 4 marotaba va har kuni bir vaqtda ovqatlanish
maqsadga muvofiq. Bunday tartibga amal qilish ozuqalarning yaxshi hazm bo‘lishi
uchun imkoniyat yaratadi. Taom qabul qilish miqdori va sonining ko‘payishi ovqat
hazm qilish markazi qo‘zg‘aluvchanligini kamaytiradi va ishtahani susaytiradi.
Kunda 4 marotaba ovqatlanganda taxminan 25% (600 - 700 kkal) birinchi
nonushtaga, 15 % (300 - 400 kkal) ikkinchi nonushtaga, 35 % (900 - 1000 kkal)
tushlikka, 25 % (600 - 700 kkal) kechki ovqatga to‘g‘ri kelishi lozim. Yoshi 50 dan
oshgan kishilar iste’mol qiladigan oziq - ovqatlarning kaloriyasi 2500 - 2600 dan
oshmasligi va yog‘ hamda shakar miqdori keskin chegaralanishi kerak. Shu o‘rinda
kechki ovqat uyqudan kamida 2-3 soat oldin iste’mol qilinishi kerakligini alohida
ta’kidlamoqchimiz. Go‘sht va baliqdan tayyorlangan taomlar (shu jumladan, yog‘li)
asosan ertalab va kunduzi iste’mol qilinishi lozim. Kechki ovqat tarkibida osh tuzi
keskin chegaralanishi, ko‘proq sutli taomlar bo‘lishi maqsadga muvofiq. Chunki
ular uyqu vaqtida organizmning fiziologik faolligini o‘zgartirmaydi. Ulardan farqli
o‘laroq tuzli, go‘shtli va baliqli ovqatlar yurak qon - tomir va nafas tizimiga salbiy
ta’sir ko‘rsatib, qon bosimini, yurak urish va nafas sonini pasayishi emas, aksincha
ko‘payishiga olib keladi. Iste’mol qilinadigan oziq - ovqatlarning tolalarga (qora,
quritilgan va bir kun oldin pishirilgan non va boshqalar), vitaminlarga, kaliy va
magniy tuzlariga boy bo‘lishi hamda taomlarni o‘simlik yog‘ida tayyorlanishi qon
tomirlarda skleroz rivojlanishiga to‘sqinlik qilishini esdan chiqarmaslik kerak.
Kunlik taomnomada sabzavot va mevalardan tayyorlangan salatlar, vinegretlar,
karam, pomidor, bodring, qovoq, kabachka, kashnich etarli darajada bo‘lishi;
34
dukkaklilar ya’ni no‘xot, loviya, mosh shuningdek, turli qo‘ziqorinlar chegaralangan
miqdorda ishlatilishi lozim; pishloq va tvorogning ham yog‘sizlantirilgan sutda
tayyorlanganlaridan foydalanish maqsadga muvofiq. Ichish uchun achchiq
bo‘lmagan choy, meva sharbatlari, o‘tli damlamalar tavsiya etiladi. Bir so‘z bilan
aytganda, ovqat ratsioni turli - tuman bo‘lishi va ular inson organizmiga ijobiy ta’sir
ko‘rsatishi, qarilik va kasallikka olib keluvchi jarayonlarni to‘xtatishi yoki
sekinlashtirishi kerak.
Xaqiqatdan ham, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi
ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligi va uzoq umr ko‘rishi 10 foiz hollarda
tibbiyotga, 20 foiz hollarda uning nasliga, 20 foiz hollarda tashqi ta’sirlarga
(ekologik, iqtisodiy va boshqalar), 50 foiz hollarda esa, uning hayot tarzi va
odatlariga, shu jumladan ovqatlanish tartibiga bog‘liq.
Mamlakatimiz
mustaqilligining
dastlabki
kunlaridan
boshlab,
xalq
xo‘jaligining turli sohalarida, jumladan aholi salomatligini mustahkamlash borasida
ham Resiublikamiz Prezidenti tomonidan chiqarilgan farmon va qarorlarga asosan
tub islohotlar amalga oshirilmoqda.
Qator farmon va qarorlar sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish hamda
aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va uning negizlaridan birini tashkil etuvchi
ratsional ovqatlanishni keng targ‘ib qilishga qaratilgan.
Ona tabiatimiz yil o‘n ikki oy mevalar, sabzavotlar va turli ko‘katlardan
iste’mol uchun foydalanish imkoniyatini bergan. Biz ushbu imkoniyatlardan unumli
foydalansak, sharqning buyuk allomalaridan biri Abu Ali ibn Sino o‘zinig “Tib
Qonunlari” asarida keltirilgan «Kimki o‘z sog‘lig‘ini saqlamoqchi va
mustahkamlamoqchi bo‘lsa, ovqatlanish tartibiga, iste’mol qilinayotgan ovqatning
sifatiga, miqdoriga, ovqatni iste’mol qilish vaqti va uning hazm bo‘lish jarayoniga
asosiy e’tiborni qaratmog‘i lozim» so‘zlariga amal qilgan bo‘lamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |