34-§. Saljuq va Usmonli turklar davlatlari Tayanch tushunchalar: Saljuqlar davlati. Anadolu saljuqlar davlati. Usmonli turklar davlati. Amir Temurning Yevropa oldidagi xizmati. Vizantiyaning qulashi. Saljuqlar davlati. Davlatning nomi saljuq turklarining yetakchisi Saljuq ibn Do`kak nomidan olingan. U harbiy sarkardaedi. Saljuq turklari Orol dengizining shimoli-sharqiy qirg`oqlari, Sirdaryoning o`rta va quyi oqimi hududlarida yashaganlar. Ular 992- yilda islom dinini qabul qilishgan.
Saljuqlar 1038- yilda Xurosonda o`z davlatini tuzdilar. Bu davlatning asoschisi Saljuqning nabirasi To`g`rulbek edi (1038 - 1063).
Saljuqlar davlati keyinchalik jahonning eng yirik imperiyalaridan biriga aylangan.
To`g`rulbekning avlodlari Alp Arslon va Malikshohlar davrida (1063 - 1092) saljuqlar Yaqin Sharq va Kichik Osiyoda mustahkam o`rnashib oldilar.
1071-yilda Vizantiyaning 200 minglik qo`shini tor-mor etilgan. Bu g`alaba saljuqlarga butun Kichik Osiyo, Suriya, Falastin va Kavkazortini bo`ysundirish imkonini bergan. Biroq birinchi salib yurishi oqibatida Saljuqlar davlatining parchalanish jarayoni boshlan-gan. Chunonchi, Kermon, Suriya va Anadolu kabi mustaqil sulton-liklarga bo`linib ketgan.
Tez orada tarix sahnasida yana bir qudratli davlat - Xorazmshohlar davlati paydo bo`ldi. Bu davlat saljuqlarning Xuroson, Suriya va Kermon sultonliklariga barham berdi.
Yodda tuting Faqat Kichik Osiyodagi Anadolu saljuqlar sultonligi 1308- yilgacha yashadi. Saljuqlarning Kichik Osiyoga kelishi turli turkiy qabilalar orasida islom dinining keng yoyilishini ta'minladi.
Turk qabilalarining o`troqlashishi va mahalliy aholi bilan aralashishi natijasida yana bir etnik birlik - turk xalqi shakllana boshladi.
Mo`g`ullar hujumi Anadolu sultonligini zaiflashtirdi. Oxir-oqibatda XIV asr boshlariga kelib bu sultonlik parchalanib ketdi.
Usmonli turklar davlatining tashkil topishi.Anadolu saljuqlar sultonligi parchalangach, uning hududida ko`plab beyliklar (bekliklar - hokimliklar) vujudga keldi. Ulardan biri - Vizantiya bilan chegara hududda joylashgan Usmon (1282-1326) rahbarlik qilgan Usmon beyligi edi. Usmon I Vizantiyaning zaiflashib qolganligidan foydalanib, o`z beyligi hududini tobora kengaytirdi.
Bosib olingan Bursa shahri poytaxt etib belgilandi. Tez orada Anadoludagi boshqa turk beyliklari ham Usmon I tomonidan bo`ysundirildi. Shu tariqa Usmonli turklar davlati tashkil topdi. U Turkiya deb ham ataladi. Usmon I qo`l ostiga bir-lashtirgan barcha turkiy xalqlar endi Usmonli turklar deb atala boshlandi.