Kislota, asos va tuzlarning dissotsilanishi. Qutbli erituvchilarda H+ ioni bilan kislota qoldig’i ioniga dissotsilanuvchi birikmalar kislotalar deb ataladi. Misol tariqasida nitrat kislota bilan xlorat kislotaning dissotsilanishini ko’rib chiqamiz:
HNO3 = H+ + NO3–
HClO4 = H+ + ClO4–
Eritmada H+ kationlarining bo’lishi eritmalarning kislota xususiyatiga sabab bo’ladi. musbat zaryadlangan H+ ionda (protonda) elektron qavat bo’lmaydi, shuning uchun u suvli muhitda koordinatsion bog’ hisobiga suv molekulasi bilan oson birikadi.
Suvdagi eritmalarda vodorod ionlari H+ emas, balki gidroksoniy ioni H3O+ bo’ladi. Shuning uchun suvli eritmalardagi vodorod ionlari to’g’risida gapirilganda, hamma vaqt gidroksoniy ionlari nazarda tutiladi. Kislota molekulasi dissotsilanganda bir vaqtning o’zida proton ham suv molekulalari bilan o’zaro ta’sirlashadi. Masalan,
HCl + H2O = H3O+ + Cl–
Biroq, kislotalarning dissotsilanishi tenglamalarida soddalashtirish maqsadida H3O+ o’rniga H+ yoziladi. Asoslar eritmalarda metall ionlari bilan gidroksid ionlari OH– ga dissotsilanadi. Masalan,
NaOH = Na+ + OH–
Ba(OH)2 = Ba2+ + OH–
OH– ionlarining bo’lishi asoslar eritmalari uchun xos xususiyatlarni keltirib chiqaradi. Tipik kislota va tipik asoslardan tashqari, ham kislota, ham asos xususiyatlariga ega bo’lgan gidroksidlar ham ma’lum. Bunday gidroksidlar amfoter gidroksidlar deyiladi. Ular neytral muhitda ikki yo’nalishda dissotsilanadi, ham H+ ionlari, ham OH– ionlari ajralib chiqadi. Ishqoriy muhitda amfoter gidroksidning dissotsilanish muvozanati H+ ionlari, kislotali muhitda esa OH– ionlari hosil bo’lish tomonga siljiydi. Demak, amfoter gidroksid kuchli asoslar ta’sirida kislota, kuchli kislotalar ta’sirida esa asos xossalarini namoyon qiladi. Amfoter gidroksidlar jumlasiga Zn(OH)2, Al(OH)3, Cr(OH)3 va ba’zi boshqalar kiradi. Amfoter gidroksidlarning dissotsilanish xususiyatini rux gidroksidning dissotsilanishi misolida tushunib olish mumkin.
2H+ + ZnO22– ↔ Zn(OH)2 ↔ Zn2+ + 2OH–
ishqoriy muhitda kislotali muhitda
Tuzlar eritmalarida metall ionlari bilan kislota qoldig’i ionlariga dissotsilanadi. Masalan:
KCl = K+ + Cl– CuSO4 = Cu+ + SO42–
FeCl3 = Fe3+ + 3Cl– Al2(SO4)3 = 2Al3+ + 2SO42–
Turli kislota va asoslar bir xil konsentratsiyada turlicha dissotsilanadi. Suvdagi eritmalarida ionlarga to’liq dissotsilanadigan elektrolitlar kuchli elektrolitlar deyiladi. Ular jumlasiga xlorat, xlorid va ba’zi boshqa kislotalar, o’yuvchi natriy, KOH, Ca(OH)2, Ba(OH)2, kabi asoslar hamda deyarli barcha tuzlar kiradi. Eritmalarda qisman dissotsilanib, juda oz sonli ionlar hosil qiluvchi elektrolitlar kuchsiz elektrolitlar deyiladi. kuchsiz elektrolitlarga ko’pchilik kislotalar (masalan, sirka kislota, sianid kislota, borat kislota, H2CO3, H2S,), NH4OH qiyin eruvchan asoslar kiradi. Kuchli elektrolitlarning eritmalari elektr tokini yaxshi o’tkazadi, kuchsiz elektrolitlarning eritmalari esa yomon o’tkazadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |