Assimilyatsiya va dissimilyatsiya jarayonlari.
Moddalar almashinuvi bir-biriga chambarchas bog`liq bo`lgan ikki jarayon, ya`ni assimilyatsiya va dissimilyatsiya orqali o`tadi. Bular anabolizm va katabolizm deb ham ataladi.
Ovqat moddalari tarkibiy qismlarining hujayralarga o`tishi assimilyatsiya deb ataladi. Bu jarayon natijasida hujayralarning tarkibiy qismlari yangilanadi, ular ko`paydi. Organizm qancha yosh bo`lsa, unda assimilyatsiya jarayoni shuncha faol o`tadi. Bu esa yosh organizmning o`sishi va rivojlanishini ta`minlaydi.
Ovqat moddalarining ma`lum qismi yuqorida aytilganidek, assimilyatsiya jarayoni natijasida hujayralarning eskirgan qismlari yangilanishi, yangi hujayralar hosil bo`lishi hamda zahira holda to`qimalarda saqlanadigan energiya beruvchi moddalar (glikogen, ATF, KF) sintez qilinishi uchun sarflanadi.
Hujayralar eskirgan tarkibiy qismining parchalanishi (yemirilishi) dissimilyatsiya yoki katabolizm deb ataladi. Buning natijasida energiya hosil bo`ladi va bu energiya assimilyatsiya jarayoni uchun sarflanadi. Dissimilyatsiya jarayoni natijasida hosil bo`lgan qoldiq moddalar ayirish a`zolari orqali tashqi muhitga chiqariladi (karbonat angidrid, suv, azot qoldiqlari va boshqalar).
Shunday qilib, odam organizmida assimilyatsiya va dissimilyatsiya jarayonlari bir-biriga bog`liq holda davom etadi. Sog`lom bo`lgan odamlarda bu ikkala jarayon bir-biriga teng muvozanatda bo`ladi. Yosh organizmda assimilyatsiya jarayoni ustunroq bo`lib, buning natijasida o`sish va rivojlanish ta`minlanadi. Keksa odamlar organizmida esa dissimilyatsiya jarayoni ustun bo`ladi. Shuning uchun ham keksalarning terisi salqi bo`lib, yuzlarida ajin paydo bo`ladi, tana muskullari bo`shashib, ularning hajmi kichrayadi va qomi osilib qoladi. Og`ir kasalliklar vaqtida dissimilyatsiya kuchayadi. Shuning uchun ham hatto yosh odamning ham rangi so`liydi, terisi quriydi, yuzida ajin paydo bo`ladi, muskullari bo`shashadi, tana massasi kamayadi (ozadi).
Odam tanasidagi har xil hujayra va to`qimalar tarkibiy qismlarining yangilanish muddati turlicha bo`ladi. Masalan, jigar to`qimasi va qon zardobining oqsillari 20 kun davomida butunlay yangilanadi, tana muskullarining oqsillari 180 kunda yangilanadi. Umuman odam tanasidagi hamma to`qimalar tarkibidagi oqsillarning yarmi har 80 kun davomida butunlay yangilanib turadi. Shuni alohida ta`kidlash lozimki, qaysi bir to`qima va a`zo qanchalik faol ish bajarsa, harakat qilsa, uning tarkibiy qismlari yangilanishi shunchalik tez sur`atlarda bo`ladi. Binobarin, jismoniy mehnat, jismoniy mashg`ulotlar va sport mashqlari odam tanasidagi to`qimalar tarkibini tez yangilanish, organizmning yosh sog`lom va tetik saqlanishga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |