11
6. ”QIYNOQLAR QIROLI”
O’zbekistonda mahbuslar qaynoq suvga solib qaynatilmoqda. (Xabarlar oqimidan).
Avropa safari paytida, 1982 yilda Olmoniyaning Veymar shahrida Buxenvald kontslageriga
borgandik. Hitler bu yerda qariyb oltmish ming odamni saqlagan ekan. O’sha kunlardan ikki
“nuqta” yodimda qolgan.
Birinchisi, Hitler kontslagerlarda B-52 gazini qo’llanib, odamlarni o’ldirganini aytishgandi. O’sha
paytda O’zbekistonda ayni gaz g’o’zaning bargini tushirishi uchun
defoliant sifatida osmondan
sepilardi. Bu paytda kasalaxonalar sariq kasalidan aziyat chekanlar bilan to’lib ketardi.
Men deputat bo’lib saylangan Jomboy tumanida onalarning 52 foyizi bu kasallikka uchragandi.
Masalani Moskvaga qadar olib chiqqandik. Markaziy televidenieda mening ham ishtirokimda
maxsus ko’rsatuv berilgandi. SSSR xalq deputatlarining dastagi bilangina bu gazni qishloq
xo’jaligida qo’llanish ta’qiqlangandi.
Lekin “mustaqilik sharofati” – ta’qiq o’z kuchini yo’qotgan va keyinchalik yana qo’llanila
boshlabdi.
Yodimda qolgan ikkinchi “nuqta” shuki, Buxenvald 1958 yilda muzey holiga keltirilganda bir
keksa odam kelib, 20 yil davomida har kungi sayyohlarga “Hitler qiynoqlar qiroli, u mening
o’g’limni ham qiynab o’ldirgan” der ekan.
Unga muzeydan maosh tayinlasalar olmas, ammo har kuni mehmonlarga Hitler haqida gapirishni
ham kanda qilmas ekan.
Shu odam Buxenvaldning temir darvozasi yonida o’lib qolgan ekan.
Mazkur voqeani o’ylar ekanman, Hitler-insofsiz, Karimov
esa Hitlerdan ham insofsiz, degan fikr
xayolimdan o’tadi. Chunki Hitler o’sh odamning o’g’lini qiynab o’ldirib, o’ziga tegmagan ekan.
Karimov esa, nafaqat bolasini,
balki otasini ham, onasini ham qiynoqqa solmoqda.
“He, buncha Karimov, Karimov deysiz, unda nima ayb? Uning shaxsan o’zi mana bunday qilib
qiynaysan, deb o’rgatmaydi-ku?” deguvchi ham topiladi. Podsholar “mana bunday qilasan” deb
aytmaydilar. Ishora qiladilar. Ammo Karimov aytadi.
Esingizdami, u televidenie orqali “Ota-onalar qayoqqa qaramoqda,
bundan keyin bolasi jinoyat
qilgan ota-onadan ham so’raymiz” dedi. Shundan keyin bir aybni kimningdir elkasiga ilish kerak
bo’lsa, uning ko’z oldida otasini qiynash yoki onasini zo’rlash uchun kameraga olib kirish odat
bo’ldi. Agar endi ham bog’lanish
topa olamasaniz, u holda holimizga voy!
Iroqda Abi G’reyib (aslida balki G’aroyib bo’lsa kerak-JM) qamoqxonasida amerikalik bir ayol
askar erkak mahbuslarning ustidan “kulgani”, ularni qiynagani butun dunyoning diqqatidan
tushmadi. Ayol askarni qamashdi. Lekin bugunga qadar hamma demokratik davlatlarda shu
haqda
12
eslanadi. Musulmon davlatlarining matbuoti esa har kuni bu haqda yozadilar, rahbarlari bu haqda
tinmay gapiradilar, mullalari ma’ruzani shunday boshlaydilar…
Lekin O’zbekistonda erkak mirshablar ayol mahbuslarni iskanjaga solishlari,
izzat-nafslarini,
nomuslarini toptashlari dalillar bilan o’rtaga qo’yilsa ham birovning ishi yo’q. Hatto uncha-
bunchaga ovozini chiqarmaydigan BMTning vakili borib, bu mamlakat surunkali qiynoqlar o’lkasi
ekan, deb qaytsa ham birov pinagini buzmaydi.
Yaqinda (3 Sentyabr, 2006) AQShning “Vashington post” (The Washington post) gazetasida
Buyuk Britaniyaning O’zbekistondagi sobiq elchisi Kreg Murrey(Craig Murray)ning kattagina
maqolasi chiqdi. U O’zbekstonda mahbuslarni qanday qiynashlari haqida yozgandi.
Shunda
O’zbekiston bilan yaqindan qiziqadigan amerikalik bir keksa odam׃
-Bu saylov oldi o’yini,-dedi,- hozir butun musulmon matbuoti Iroq masalasida bizni “urmoqda”.
Biznikilar kun tartibini o’zgartirish uchun bu maqolani chiqarishgan. Endi butun musulmon
dunyosi odamlarni tiriklayin qaynatayotgan Karimovga hujum boshlaydi.
Men kuldim va׃
-Adashasiz…-dedim.
-Ha, o’qiganman,-dedi u.-O’zbekistonda qiynoqning inson bolasi xayoliga keltira olmaydigan
turlari bor ekan. Karimovning muxoliflariga u maqtalgan she’rlarni yodlatisharkan. Dindorlarga
esa Karimovning kitobiga sajda qilishni buyurarmishlar. Ularni sharmanda qilish
uchun uyatli deb
bilingan kasalliklarni yuqtirisharkan. Lekin yoshim saksonga etib, tirik odamni qaynoq suvda
qaynatishlari haqida eshitmaganman. Bu dahshat-ku! Insoniyat bunga qanday chidashi mumkin?
-Insoniyat chiday olmasligi mumkin, ammo “musulmon davlatlari” deb ataladigan mamlakatlar
chidaydilar, chunki ularning o’zida ham ayni hol. Har birida bittadan Karimov o’tiribdi,-dedim.
-Menimcha Karimov ularning qiroli bo’lsa kerak!-dedi chol kinoya bilan.
Bu kinoya ortida “Karimov qiynoqlar qirolidir!” degan gap bor edi.