110
39. MUTTAHAMLIK
Odil Yoqubov 80 yillik yubileyida unvon olmadi. (Xabarlar oqimidan).
1992 yilda yozilgan “Lambada” sarlavhali maqolamda yangi qabul qilingan Konstituttsiya
munosabati bilan Toshkentdagi “Navro’z” restoranida o’sha yili 8 dekabr oqshomida berilgan
ziyofatda o’zbek ziyolilarining demokratlarga qarshi qatag’onlar boshlatgan Karimovga
xushomadlari haqida yozgandim.
Unda quyidagi
satrlar bor׃
…Said Ahmad esa hali so’zlarida davom etmoqda edilar.
-Muhtaram prezidentimiz Islom aka Karimov mustaqilligimizni e’lon qilgan pahlovon
xalqimizning Alpomish o’g’li, umidlarimizning yorqin sho”lasidirlar. Mana, yana u kishining
dadil va jasoratli odimlari bilan yurtimizning yangi Bosh qonuni qabul qilindi…
Said Ahmad bisotidan terib – terib hamdu sano yog’dirgani prezidentni shod qildi. Ammo Odil
Yoqubov yanada jozibali, yanada obrazli nutq irod etdi:
-O’zbekiston yarador, majruh bir ot, to’g’rirog’i toychoq edi. Rus mustamlakasi paytida ezilgan
bu toychoqning ko’zlari yosh, dardi og’ir edi. Islom Abdug’anievich uning yoshlarini avaylab,
yollarini tarab, silliqlab, yarasiga malham bosib parvarishladilar. Bu toychoq tezda kuch to’plab,
parvozga shaylangan ot holiga keldi. Bugun Islom aka sohibi davlat sifatida uni egarladilar. Dul-
dul yuksak parvozlarga shaylandi. U o’z chavandoziga, chavandozi esa unga yarashib turibdi…
Balki vaqt kechib adibimiz “O’shanda men obrazli qilib, Karimov xalqning elkasiga minib oldi”
degan gapni aytgandim deyishlari mumkin va hech kim e’tiroz qilmaydi. Chunki “lambada” har
qanday kishining sog’lom fikrlarini toptab, or-nomus ko’chasidan uzoqlashtiradi. (“ERK”
gazetasining 1994 yil, 16 May, 5(104) sonidan).
Keyin 1993 yilda Odil Yoqubov Karimov haqida “Parvoz” degan turkum yozdi va u bilan chet
ellarga qilgan sayohatlari, uchqichdagi muloqotlari paytida uning buyukligini kashf qilganini
aytdi.
Ma’lumki, Odil Yoqubov Sovet davrida Pop birlashmasining bosh direktori Ahmadjon Odilov
haqida kitob yozgandi. Ahmadjon Odilov qamalib ketganda, bu kitob uchun uni ancha olib borib-
olib kelishganini bilaman. A. Odilov qamoqdan chiqqach, “Amir Temur partiyasi”ni tuzdi.
Tashkiliy majlisda Odil Yoqubov ham qatnashgandi. Shu bilan u Karimovning qora ro’yxatiga
tushdi. Karimov bir-necha yillik qadrdonlikni bir zumda suvga oqizgandi.
Dunyoning ishlarini qarang, Odil aka 80 yoshga kirganda yubileyini o’sha “Navro’z” restoranida
o’tkazibdi. Har holda bir paytlar xuddi ana shu joyda Said Ahmad bilan birga Karimovni
ulug’laganlari yodiga tushgan bo’lsa kerak?! Agar u adashib, Ahmadjon Odilovning mashvaratiga
bormaganda, 80 yoshli yubileyida balki “O’zbekiston qahramoni” bo’larmidi? Yo’q, bo’lolmasdi.
Nega?
111
Chunki u ham KPSS Markaziy Komitetining ikkinchi kotibi Egor Ligachev 1989 yilda “Islom
Karimovning akasi qamalgan” deya nomzodini ortga qaytarganda, “Akalar uchun ukalar javob
bermaydi” deya Mixail Gorbachevning yo’lini to’sgan va Karimovga ko’k chiroq yoqdirgan bir
necha SSSR xalq deputatlaridan biridir. Karimov o’ziga taxt olib berishda qatnashganlarning
boshiga itning kunini soldi. Ularning orasida kaltak emay, saksondan sakragani Odil akadir.
O’zbekistonning birinchi Bosh vaziri va vitse prezidenti bo’lgan Shukrullo Mirsaidov gapirib
bergandi׃
-Islomning nomzodi qaytgach, u Qashqadaryoda ichkilikka berilib, dachadan chiqmay qoldi. Biz
ko’p yillik yaqin do’st edik. U oilamizning bir farzandi kabi edi. To’y bo’lsa xizmatkor, o’limda
bel bog’lar edi. Shuning uchun uning ahvolidan men tashvishga tushdim. Solijon aka (Asli
andijonlik, o’sha kunlari Surxondaryo viloyatida birinchi kotib bo’lgan Solijon Mamarasulov-JM)
bilan bitta mahallada yashardik. Karimovning nomzodini qaytarib, unikini olishganini eshitdim.
U Moskvaga borishidan oldin hovlisiga kelganda, tashqaridagi so’rida o’tirib, uzoq gaplashdik. U
ham Karimovni qo’llaydigan bo’ldi. Keyin Moskvaga borib, SSSR xalq deputatlari Ahmadjon
Muxtorov, Odil Yoqubov va yana 2-3 kishi bilan gaplashdim. Ular Gorbachevni ko’ndirdilar.
Gorbachev “Toshkentda plenum o’tkazinglar, agar O’zbekiston Kompartiyasining Markaziy
Komiteti a’zolari Karimovni qo’llashsa, biz ham qo’llaymiz” debdi. Plenumni tayyorladik. So’zga
chiquvchilardan tortib, qarsak uruvchilargacha…
Karimov avvaliga Mirsaidovni Bosh vazirlik, vitse-prezidentlikka tavsiya qildi. Ammo oxirida uni
ishdan olib, ko’cha-kuylarda kaltaklatib, badarg’a qilib, boshiga solmagan kuni qolmadi.
Ahmadjon Muxtorovni ham quvg’in qildi. U ishsiz qolib, sarson sargardonchilikda miyasiga qon
quyilib olamdan o’tdi.
Mamarasulov Surxondaryodan Toshkent viloyat partiya komitetiga birinchi kotib etib keltirildi va
Karimovning qahriga uchrab, ijroqo’mga tushirildi, keyin sahnadan chetlatildi.
Karimovni yoqlab, O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining plenumida so’zga
chiqqanlar ham qatag’on qilindilar.
Nega? Bu savolga Karimovning bir kuni sessiya tanaffusida Mirsaidov bilan tortishib qolganida
aytgan gaplari javob bo’lishi mumkin. Karimov baqirib׃
-Menga muttahamsan, degandek bunaqa tikilib qaramang. Men kimdandir muttaham emasman va
muttaham bo’lib yashashni istamayman…
Demak, u muttahamlik nima ekanligini his qilgan va bilgan. Bu yaxshi, o’z kamchiligini his qilish,
ko’ra olish bu juda ijobiy holat. Kishi kimdan qarzdor ekanligini bilishi va uni ko’rganda qarzi
yodiga tushishi o’sha odamning odamgarchiligi o’lmaganini ko’rsatadi.
Karimov esa muttahamlikdan qutilishning yangi yo’lini kashf qildi. U kimlarnidir ko’rganda,
o’zini muttaham deb bilmaslik uchun ularni ko’zdan yoki umuman hayotdan yiroqlashtirdi.
112
Bugunga qadar kim Karimovga yaxshilik qilsa, o’sha odam juda tez sahnadan g’oyib bo’lganini
ko’rib kelmoqdamiz.
“Amerika ovozi”da ishlaganimda bir xat olgandim. Unda jumladan shunday deyilardi׃
“O’g’lim Zokirjon hurmatli Islom Abdug’anievichning eng yaqin telexraniteli edi. Bir marta u
kishiga hujum bo’lganda vujudi bilan qo’rib qolgan. Shundan keyin ”Sen meni o’g’limsan” degan
ekanlar. Birdan nima bo’ldiyu, o’g’limni boshqa ishga o’tkazishdi. Keyin qamab yuborishdi.
Tinmay Karimov otamizning nomlariga xat yozaman. Lekin xatlarimni u kishiga
etkazishmayotganga o’xshaydilar. Iltimos, shuni radiodan aytsangiz, balki Karimov otamiz
eshitib, o’g’lim, o’zlari o’g’lim deganlari – bolamni qamaganlarni jazolab, uni ozod qilib
yuborarlar”.
Biz juda kamtar, xokisor xalqmiz, boshimizga nima kelsa, xuddi maqollarimizda aytilgani kabi
o’zimizdan ko’ramiz, hatto tepib-tepib dor ostiga olib borishsa ham, hukm bergan hukmdor emas,
dor ostiga olib kelgan oyog’im aybdor deymiz! Balki shuning uchun ham shoir ”Bu-xalq emas,
ilhom parisi” deb yozgandir?!
Do'stlaringiz bilan baham: |