9-§. BUYUK BRITANIYA 50-90- YILLARDA
1945-yil iyulda britaniyalik saylovchilar U. Cherchill boshchiligidagi konservatorlarni rad etib, leyboristlar partiyasi uchun ovoz berishdi. Bosh vazir U. Cherchill o’rnini Klement Ettli egalladi.
Klement Ettli (1888-1967) - Buyuk Britaniya bosh vaziri (1945-1951). U "sohlq urush" tashabbuskorlaridan biri bo’lgan. Leyboristlar hukumati iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda tub islohotlar olib bordi va "farovonlik jamiyati"ni barpo etish uchun shart-sharoitlar yaratdi: ko’mir sanoati, energetika, transport, fuqarolik aviatsiyasi, ingliz banki va po’lat quyish sanoati natsionalizatsiya qilindi. Hukumat mln.lab inglizlarni arzon kvartiralar bilan ta’minlash uchun uy-joy dasturini qabul qildi. Ijtimoiy ta’minot dasturi yangi hukumatning eng ommabop tashabbusi bo’ldi: u ishsizlarga yordam ko’rsatishni oshirish, keksalik bo’yicha nafaqa to’lash, bepul maktab tushliklari va qisman bepul tibbiy xizmatni ko’zda tutdi. Biroq dastur yetarli moddiy asosga ega emas edi, shu bois 1948-yildan uni amalga oshirish to’xtatib qo’yildi. Angliyaning 2- jahon urushidan keyingi iqtisodiy ahvoli izdan chiqqan edi. Bundan tashqari, harbiy xarajatlar uning moliyaviy ahvolini og’irlashtirdi. AQSH ingliz iqtisodiyotiga katta zarba berdi, bu bilan Angliyani Yevropa qit’asidagi o’z izmidan chiqmaydigan satellit davlatga aylantirish va bir yo’la Uzoq Sharqdagi mustamlakalaridan siqib chiqarishni mo’ljalladi. 1945-yil avgustda AQSH mutlaqo kutilmaganda lend-liz bo’yicha mahsulotlar yetkazib berishni to’xtatishini ma’lum qildi. Endilikda Angliya AQSH yetkazib beradigan barcha tovarlar uchun naqd pul bilan hisoblashishi lozim edi, bunday pul mamlakatda topilmadi. Mamlakatning moliyaviy ishlari fojeaviy ahvolga keldi. AQSH sobiq ittifoqchisini saqlab qolish uchun unga 1945-yili yirik zayom berdi. Buning evaziga Angliya Britan imperiyasi bozorining bojxona ta’riflarini kamaytirishi lozim edi. Amerika korporatsiyalari o’zi uchun ingliz mustamlakalari va dominionlarida katta bozorga ega bo’ldi. Bu, ingliz mustamlaka imperiyasining tugashini tezlashtirdi. Angliya "Trumen doktrinasi"ni amalga oshirish munosabati bilan Bolqonda va Sharqiy O’rtayer dengizida o’z mavqeini yo’qotdi. U o’sha yili Hindistonga ozodlik berishga majbur bo’ldi. Bularning hammasi iqtisodiyot inqirozga yuz tutgan paytda yuz berdi. Mamlakat eksportdan yetarli mablag’ ololmagani uchun import tovarlari uchun to’lay olmay qoldi. Bir paytlar eng barqaror hisoblangan ingliz valyutasi endilikda amerika dollariga tenglashishga majbur bo’ldi. 1949-yilda funt sterlingning qadrsizlanganligi e’lon qilindi. ilgari 4 dollar bo’lgan uning kursi 2,80 dollarga tushib ketdi.
"Marshall rejasi"ni amalga oshirish Angliyaga yangi zayom olish imkonini berdi. Leyboristlar hukumati buni hayotga tatbiq etishga kirishdi. Angliya AQSH bilan "alohida munosabatlar"ga tayanib, Yevropa va Amerika o’rtasida xuddi bir vositachidek bo’lib qoldi.
"Marshall rejasi" bo’yicha 1948-1950-yillarda Angliya mahsulotlar va zayomlar hamda 3 milliard dollarga yaqin yordam oldi. Biroq bu uning iqtisodiy ahvolini yaxshilamadi. Bundan tashqari, mazkur reja Angliyani AQSHga tobeligini kuchaytirdi, amerika kapitalini mustamlaka mulklariga kirib kelishini yengillashtirdi, amerika konsernlari bilan raqobatdosh bo’lgan ingliz iqtisodiyoti tarmoqlariga zarar yetkazdi. "Marshall rejasi" surunkali davom etayotgan chuqur moliyaviy inqirozga olib keldi. Bu rejadan bir yil o’tgach, 1949-yildayoq Angliya moliyaviy bankrotlik, ya’ni sinish xavfi ostida qoldi.
1951-yili konservatorlar partiyasi hokimiyatga keldi va 1964-yilga qadar uni ushlab turdi. Bu paytda U.Cherchill (1951-1955), A. Iden (1955-1957) va G. Makmillan (1957-1964) bosh vazir lavozimida ishladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |