Innovatsiya o‘zi nima?
Innovatsiya - ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologik ishlarning natijasida jamiyat ehtiyojlari va yoki boshqa ijobiy ta'sir uchun yaratilgan yangi yoki takomillashtirilgan mahsulot (tovar, ish, xizmat va boshqalar), ishlab chiqarish jarayoni, yangi marketing usuli, yangi ish o‘rinlari yoki tashqi aloqalar hisoblanadi.
Bunda - davlat va jamiyat hayotidagi mavjud barcha sohalarni tubdan isloh etish, yangilashga qaratilgan faoliyatni olib borib, natijada ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, bu jarayonga yoshlar ishtirokini keng jalb etgan holda, yangidan-yangi ijodiy izlanishlar, turli ishlanmalar ishlab chiqish faoliyatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash asosiy vazifa xisoblanadi.
Mamlakatimizda innovatsion faoliyatning huquqiy asoslarini yaratish maqsadida ishlab chiqilib, Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida muhokamaga qo‘yilgan O‘zbekiston Respublikasining “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi har tomonlama, atroflicha o‘rganilib, keng jamoatchilik takliflari asosida takomillashtirilib, bugungi kunda mazkur soha faoliyatini tartibga soluvchi qonun normasi ishlab chiqildi.
Prezidentimiz tomonidan imzolangan O‘zbekiston Respublikasining “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi O‘RQ-630 sonli qonuni innovatsion faoliyat olib borishning to‘la-to‘kis, zamon talablariga mos ravishda huquqiy asoslari yaratildi.
Ushbu qonun hujjatini yaratish va qabul qilish zaruriyati mamlakatda innovatsion faoliyatni davlat tomonidan tartibga solish prinsiplari va qo‘llab-quvvatlash shakllariniyaratgan holda, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, innovatsiyalarni amaliyotga keng joriy etish, faoliyatga oid qoidalar tizimini hamda innovatsion faoliyatga ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni yaratish bilan bir vaqtda istiqbolli ilmiy tadqiqotlar taqdimoti, uni amaliyotga joriy etish va sanoatda o‘zlashtirishni rag‘batlantirish mexanizmini takomillashtirishdan iborat.
Yangi qabul qilingan qonunda yurtimizda birinchi bor innovatsion faoliyatini tartibga solinishini hamda uning faoliyat prinsiplari qat'iy belgilanganligini kuzatishimiz mumkin.
Qonunda innovatsion faoliyatining asosiy pirinsiplari sifatida innovatsion faoliyatning erkinligi, innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashdan teng foydalanilishini ta'minlash, innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning oshkoraligi va aniq yo‘naltirilganligi, raqobatni rivojlantirishga ko‘maklashish, axborotni erkin almashish, innovatsion faoliyat natijasida yaratilgan intellektual mulk ob'ektlarini huquqiy muhofaza qilish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, atrof-muhitga zarar etkazmaslik belgilanganligi bu faoliyat turini bugungi kunda mamlakatimiz uchun nechog‘liq muhim ekanligini ko‘rishimiz mumkin.
Quyida Innovatsion faoliyat turlari va ularning mazmuni to‘g‘risida to‘xtalamiz.
Qonunda Innovatsion faoliyat turlari sifatida mahsulotga oid innovatsiyalar, jarayonga oid innovatsiyalar, marketingga oid innovatsiyalar, tashkiliy innovatsiyalar keltirilgan.
Aytishimiz mumkinki, bu turdagi innovatsion faoliyat turlari ko‘pchilikka yangilik sifatida ma'lum bo‘layotganligini inobatga olsak, bularning mazmuni va ahamiyati to‘g‘risida keng jamoatchilikka atroflicha tushunchalar berish lozim bo‘ladi.
Jumladan, mahsulotga oid innovatsiyalar — texnik va texnologik jihatdan yangi yoki takomillashtirilgan mahsulotni (ishlarni va xizmatlarni) ishlab chiqishga hamda joriy etishga qaratilgan innovatsiyalar, jarayonga oid innovatsiyalar — texnik va texnologik jihatdan yangi yoki takomillashtirilgan ishlab chiqarish yoxud ta'lim usullarini ishlab chiqish va joriy etishga, shuningdek texnologiyalar transferini amalga oshirishga qaratilgan innovatsiyalar, marketingga oid innovatsiyalar — mahsulotlarning dizayni va qadoqlaridagi o‘zgarishlarni qamrab oluvchi yangi yoki takomillashtirilgan usullarni joriy etishga, mahsulotni (ishlar yoki xizmatlarni) sotish va taqdim etishning yangi usullaridan foydalanishga, yangi narxlash strategiyalarini shakllantirishga qaratilgan innovatsiyalar, tashkiliy innovatsiyalar — biznesni tashkil etish va yuritish, ish o‘rinlarini tashkil etish va tashqi aloqalarni yo‘lga qo‘yishning yangi yoki takomillashtirilgan usullarini joriy etishga qaratilgan innovatsiyalardir.
Bugungi kunda jahon taraqqiyoti informatsion-innovatsion davrida kechmoqda. Bu jarayonning harakatlantiruvchi kuchi - bu ilmiy yutuqlar, yangi texnologiyalarni jadal o‘zlashtirish va samarali boshqarishga asoslanadigan o‘zgarishlardir. Natijada iqtisodiy faoliyat sub'ektlari o‘rtasida innovatsiyalarni ayirboshlash va amalga oshirish bilan bog‘liq munosabatlar tobora ko‘proq namoyon bo‘lmoqda.
Ilmiy-texnik taraqqiyotning asosi bo‘lib tashkilotning har xil sohalarida qo‘llaniladigan va innovatsiyalarni yaratilishiga sabab bo‘ladigan ixtirolar va kashfiyotlar xizmat qiladi. Amaliy qo‘llanilishidan so‘ng ixtirolar innovatsiyalarga aylandi. Ular jamiyat hayoti va faoliyatining barcha sohalarining faol bo‘g‘ini hisoblanmoqda. Zamonaviy makonni bunday o‘zgarishlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
“Innovatsiya” atamasi lotincha “novatio” so‘zidan olingan bo‘lib, “yangilanish” (yoki “o‘zgarish”), “in” qo‘shimchasi esa lotinchadan “yo‘nalishida” deb tarjima qilinadi, agar buni yaxlit “Innovatio” ko‘rinishida tarjima qilsak - “o‘zgarishlar yo‘nalishida” deb izohlanadi. Innovation tushunchasi birinchi bo‘lib
XIX-asrning ilmiy tadqiqotlarida paydo bo‘ldi.
Innovatsiyaga har qanday turdagi yangilik sifatida emas, balki mavjud tizimning samaradorligini jiddiy ravishda oshiradigan omil sifatida qarashimiz lozim.
Keng tarqalgan yanglish fikrlashlarga qaramasdan innovatsiyalar kashfiyotlardan farq qiladi Innovatsiyalarning ilmiy kashfiyotlar va ixtirolardan farqi Ilm-fan - bu ma'lum mablag‘larni bilimlar va g‘oyalarga aylantirish.
Pedagogik nuqtai nazardan esa, zamonaviy ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan innovatsion jarayonlar, avvalo, inson faoliyatining barcha sohalarida raqamli texnologiyalaridan faol foydalanish bilan bog‘liq va birinchi navbatda ta'limning sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgandir. SHu munosabat bilan talabalarning kasbiy innovatsion faoliyati tubdan boshqacha ma'no kasb etadi.
Innovatsion faoliyatning mohiyati va mazmuni shundan iboratki, talabalar uchun ta'lim sohasidagi har qanday yangilik o‘qituvchi tomonidan amalga oshirilgandagini yuzaga chiqadi. Ya'ni, ta'lim jarayonida talabalarni ob'ektdan sub'ektga aylantirish, birinchi navbatda, o‘qituvchining kasbiy kompetentligiga bog‘liqdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatimiz zamonaviy yuksalishga erishish maqsadida innovatsion rivojlanish bosqichiga kirganligini e'tirof etilgan. “Innovatsiya - bu kelajak degani. Biz buyuk kelajagimizni barpo etishni... aynan innovatsion g‘oyalar asosida boshlashimiz kerak. Innovatsion rivojlanish va raqamli iqtisodiyot yo‘liga o‘tishimiz bejiz emas. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g‘oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi.”
“Innovatsiya” tushunchasi o‘zining yangi hayotini “innovatsion kombinatsiyalar”ni tahlil qilish, iqtisodiy tizimlarning rivojlanishidagi o‘zgarishlar natijasida XX-asrning boshida Avstriyalik iqtisodchi Y.Shumpeterning ilmiy ishlarida boshlagan. Shumpeter 1900-yillarda iqtisodda ushbu terminni ilmiy qo‘llashga kiritgan dastlabki olimlardan hisoblanadi. O‘zining “ijodiy halokat” nazariyasi asosida innovatsion jarayonlarni o‘rganib chiqdi va tadbirkorlarning faoliyatini yangi mahsulot va xizmatlarni yaratishda mavjud narsalardan foydalanishni boshqa zamonaviy usullar sifatida ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Ingliz professori V.R. Spenser “Innovatsiya - bu aniq vaziyatda mutlaqo yangi narsa, biz buni anglaganimizda foydalanishimiz mumkin” deb ta'rif beradi. Rossiyalik olimlar A.Kulagin “Innovatsiya - bu innovatsion, ishlab chiqarish, institutsional moliyaviy, ilmiy-texnik va boshqa sohalardagi yangilikdir” deb ta'rif beradilar. D.Forining “innovatsion imkoniyatlar - bu muntazam ravishda kombinatsiyalashgan bilimlarni kashf qilish, ulardan foydalanish demakdir. Bunda kombinatsiyalashgan jarayonlarda asosiy e'tibor beriladigan jihat - bu bilimdir” deb ta'kidlaydi. I.Balabanov “Innovatsiya-kapitalni yangi texnika yoki texnologiyaga, ishlab chiqarishni tashkil qilish, mehnat, xizmat ko‘rsatish va boshqaruvning yangi shakllariga, jumladan, yangicha nazorat va hisob shakllari, rejalashtirish va tahlil usullariga kiritishdan olingan, moddiy tus olgan natijadir”deb ta'riflagan.
J.Yo‘ldoshev “innovatsiya (ingliz tilidan olingan “Innovation” yangilik kiritish) - tizim ichki tuzilishni o‘zgartirish amaliyot va nazariyaning asosiy qismi”, innovatsion faoliyat esa, “yangi ijtimoiy talablar bilan a'nanaviy me'yorlarnning mos kelmasligi. Amaliyotning yangilanayotgan me'yorlarni mavjud me'yorlar bilan to‘qnashuvi natijasida vujudga kelgan majmuali muommalarni yechishiga qaratilgan faoliyat” deb ta'kidlaydi. Tadqiqotchi E.G‘affarov “Innovatsiya - bu ixtironing amaliy ahamiyatini ajratib ko‘rsatish va uni muvaffaqiyatini ta'minlovchi yangilikdir” deb ta'rif bergan.
Innovatson faoliyat bu avvalo faoliyatdir. Ilm-fan va texnika yutuqlarini keng qo‘llagan holda iqtisodiyot tarmoqlariga, ijtimoiy va boshqa sohalarga zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tezkor joriy etish O‘zbekiston Respublikasi jadal rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi. Bu borada, O‘zbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida” Qonuni (29.10.2019 y. N O‘RQ-576) qabul qilingan bo‘lib, u ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir. Qonun bevosita ilmiy sohada tadqiqot olib borayotgan sub'ktlarga innovatsion faoliyat asosida ilm-fanni rivojlantirishga yo‘naltirilganligi bilan ahamiyatlidir. Uning “Ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” nomli 19-bobida “Ilm-fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligi hamda samaradorligiga erishish, mehnat unumdorligini oshirish, yangi tarmoqlarni yaratish, aholi turmush darajasi, ilm-fan va ta'lim tizimlarini sifat jihatidan yuksaltirib borish bilan bog‘liq muammolarning ilmiy echimini ta'minlash maqsadida ishlab chiqiladi” deb e'tirof etiladi. Bu esa, o‘z navbatida innovatsion faoliyatni amalga oshirishga imkon beradi.
Yuqoridagilar asosida quyidagilarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir:
- jamiyatda “innovatsiya” va “innovatsion faoliyat” tushunchalarini mazmun va mohiyatini anglashi uchun zarur bo‘lgan bilim. Ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirish ko‘lamini kengaytirish;
- yangi qabul qilingan “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun va mohiyatini ommaga etkazish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish;
- Yangi O‘zbekiston qurishning asosini bilimlarga asoslangan innovatsion iqtisodiyot tashkil etilishini nazarda tutgan holda, barcha sohalarni rivojlantirishda innovatsion faoliyatga urg‘u berish;
- innovatsion infratuzilmaning sub'ektlari innovatsion texnologik park, texnologiyalar transferi markazi, innovatsion klaster, venchur tashkiloti, innovatsiya markazi kabilar o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni jadal rivojlanishini ta'minlash;
- innovatsion klasterlar faoliyatlarini tizimli tashkil etish kabilarni amalga oshirish natijasida Respublikada innovatsion faoliyat yanada rivojlanadi va uning oqibatida innovatsion faoliyatning sifati va samaradorligi ta'minlanadi. YAngi innovatsiyalar paydo bo‘ladi, insonlar yangilikka intiladilar.
Ta'lim-tarbiya bilan bog‘liq barcha sa'y-harakatlar bilim beruvchi, tarbiyalovchi, ziyo tarqatuvchi, boshqa mutasaddi shaxslar, qisqasi, ustoz va murabbiylar bilan bilim oluvchi, tarbiyalanuvchi, umuman olganda, o‘quvchi va talabalar misolidagi shogirdlarlarning birgalikdagi aqliy va jismoniy mehnati, hamkorlikdagi yoki mustaqil mehnati, faolligi va ijodiy fikrlashidan iborat bo‘lgan ko‘pqirrali va murakkab jarayonlardir. Dars va darsdan tashqari ishlarning samaradorligini oshirish masalalari ta'limtarbiya jarayonini ilmiy asosda yo‘lga qo‘yish va yangi pedagogik texnologiyalarni amalda qo‘llash bilan uzviy ravishda bog‘liq. Ta'lim muassasalarida innovatsion faoliyatni tashkil etish, ta'lim-tarbiya jarayonlariga yangilik kiritish va yangicha yondashuvlarni joriy etishdan asosiy maqsad o‘qituvchilar va o‘quvchilar jamoasi hamkorligi izchilligini ta'minlash hamda uni aniq reja asosida va maqsadga yo‘naltirilgan holda yo‘lga qo‘yishdan iboratdir. Bu ishda pedagogik-psixologik va tashkiliy masalalarning omixta yechimi talab etiladi. Shuni qayd etish lozimki, pedagogik innovatsiyalar ishtirokchilari innovatsiyalarning yuzaga kelishi, namoyon bo‘lishi va ularni boshqarish jarayoni qonuniyatlari haqida metodologik, psixologik, pedagogik, texnologik bilimlarni puxta egallashlari lozim. Aks holda, pedagogik innovatsiyalar samarali natija bermaydi.
Fikrimizcha, ta'lim tizimiga joriy etilajak innovatsion jarayonlarning samaradorligi hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablarini bajarish mas'uliyati pedagogik innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish shart-sharoitlariga, ta'limning an'anaviy va zamonaviy usullarini maqsadga muvofiq ravishda, oqilona va uzviy qo‘llashga bog‘liq. Ayrim hollarda samarali bo‘lgan an'anaviy usullardan voz kechish holatlari sodir bo‘lmoqda. Bu innovatsiyalarni tajribada sinalgan va ijobiy natija berib kelayotgan o‘qitish metodikasiga qarshi qo‘yishdek sezilmoqda. SHuning uchun ham an'anaviy ta'lim tizimidagi ijobiy tajribalar innovatsiyalarga uyg‘unlashtirilsa ma'qul bo‘lar edi.
O‘qitish jarayonini tashkil etishning asosiy shakli darsdir. Hozirgi paytda darsning xilma-xil noan'anaviy shakllari joriy etilmoqda. Bunday darslar o‘quvchining ijodiy qobiliyatini o‘stirish, aqliy salohiyatini kuchaytirish, ilmiy dunyoqarashini kengaytirish va har bir yangilikni tez va to‘la qabul qila olish ko‘nikma va malakalarining shakllanishiga xizmat qiladi.
Dars jarayonida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash o‘quvchilarda ilmiy izlanishga qiziqishni uyg‘otadi, ijodkorlik va bunyodkorlik qobiliyatini rivojlantiradi. Natijada egallangan bilim, ko‘nikma va malakalar amaliy faoliyatda tatbiq etiladi, o‘zlashtirish sifati oshadi. Buning uchun o‘qituvchi mahoratli bo‘lishi va mavzularning mazmuniga qarab darsni to‘g‘ri rejalashtirishi, mashg‘ulot davomida barcha o‘quvchilarni faol va ongli ishlashlariga erishmog‘i lozim. Zero, o‘qituvchi-ta'lim islohotining bosh ijrochisidir. Bunda har bir o‘qituvchini qisqa vaqt ichida juda katta miqdordagi axborot to‘plamini o‘zlashtirish, qayta ishlash va amalda qo‘llay olishga o‘rgatish muhim ahamiyatga ega. Uni hal qilishda o‘qituvchiga o‘qitishning an'anaviy usullari bilan birga zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan kompyuterlardan foydalanish yordam beradi.
Uzluksiz ta'lim tizimida bilim oluvchi va tarbiyalanuvchilarni innovatsion texnologiyalar asosida o‘qitish bilan cheklanib qolmasdan, kelajakda amaliy faoliyatlarida o‘zlari innovatsion texnologiyalarni muvaffaqiyatli qo‘llashlariga o‘rgatishni uzviylik va uzluksizlikni ta'minlashning asosiy vazifalaridan biri, deb hisoblaymiz. Fanlar integratsiyasi evaziga sivilizatsiyaning eng noyob yutuqlari qo‘lga kiritilmoqda. Insonning tashqi dunyoni va o‘zligini anglashi, odam va jamiyat munosabatlarining yangi qonuniyatlarini bilib olishi sodir bo‘lmoqda. Ana shunday dialektik jarayonda ishlab chiqarishdek inson aql-zakovati bilan yo‘lga qo‘yilgan iqtisodiy hodisa etakchi pozitsiyaga ko‘tarilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining uzluksiz ta'lim tizimida islohotlar shiddatli davom etib turgan hozirgi davrda ta'lim va tarbiya jarayonini shaklan va mazmunan takomillashtirish zarurati kun tartibidagi asosiy va bosh masala bo‘lmog‘i hamda o‘qituvchi va o‘quvchi hamkorligi yanada kuchaytirilmog‘i lozimdir. Umuman, ta'lim va tarbiyada inson omili juda muhim komponent bo‘lib, mafkura poligonlarida bo‘shliq bo‘lmasligini ta'minlaydigan qudratli kuch sifatida maydonga chiqishi zarur. Yoshlarning umuminsoniy va milliy qadriyatlar negizidagi dunyoqarashi ilmiy va dunyoviy bilimlar bilan omixtalashtirilganda ko‘zlangan maqsadga erishiladi.
NAZORAT SAVOLLARI
Innovatsion ta'lideb nimaga aytiladi?
Innovatsion fikrlash va innovatsion salohiyat tushunchalariga izoh bering.
Innovatsion ta'lim konsepsiyasi haqida aytib bering
MAVZU: O'QITUVCHINING INNOVATSION FAOLIYATGA
TAYYORLIGINI TASHXIS ETISH METODIKASI
Innovasion faoliyat diagnostikasi.
Yangiliklar kiritish jarayonini tashxis etish metodlari.
Innovasion faoliyatni tashxis etish bosqichlari.
O‘qituvchilarning innovasion faoliyatga tayyorligini pedagogik baholash va o‘z-o‘zini baholash kartasi.
Yaqin o‘tmishda “Innovatsion ta'lim”, “Innovatsion faoliyat” va “Innovatsion jarayonlar” terminlari respublikamizning pedagogic adabiyotlarida juda kam kuzatilar edi. Innovatsion ta'lim so‘zining zamirida yangilikni tashkil qilish, yangilikni o‘zlashtirish, yangilikdan foydalanish, yangilikni namoyon etish kabi kompleks faoliyat yotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |