Akatsiya- burchoqdoshlar oilasiga mansub daraxt va buta. Akatsiyaning 500 dan ortiq turi bor. Ko‘proq Avstraliya (250 dan ortiqroq turi), qisman Afrika va Arabiston yarim orolida tarqalgan. Akatsiya mayda patsimon bargli, to‘pgullari erta bahorda ochiladigan bo‘lgani uchun xushmanzara o‘simlik sifatida o‘stiriladi. Akatsiyaning po`stlog‘idan oshlovchi moddalar olinadi,mevasi va yog‘ochidan yelim olinadi. Yog‘ochidan mebel ishlab chiqarishda foydalaniladi. Oq akatsiyaning bo`yi 20—30 m. Bargi uzun bandli, uzunligi 10—25 sm, patsimon bo`ladi, har bir bargida 5—12 juftgacha yaproqchalari bor. Gullari oq, hidli, shirali, to`pguli shingilsimon bo`ladi. Dukkagi tuksiz, uzunligi 5—7 sm. Akatsiya aprel oyining oxiri — mayning boshida gullaydi, oktabrda meva tugadi. O`rta Osiyoda manzarali (asalli) daraxt sifatida park va xiyobonlarga ekiladi, qurg`oqchilikka va sho`rga chidamli bo`lgani bois tog` yonbag`irlarini va adirlarni o`rmonlashtirish uchun ko`paytiriladi. Yog`ochi pishiq bo`lganligi uchun duradgorlikda ishlatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |