Sovet davri majburiy ko‘chirish siyosatida Markaziy Osiyoga ajratilgan o‘rin
Reja:
Xalqlarning majburiy ko’chirish siyosatida Markaziy Osiyo respublikalariga ajratilgan o’rin.
Markaziy Osiyoga surgan qilingan xalqlarning respublikalar ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy hayotida tutgan o’rni.
Mafkuraviy hayotda boshqariladigan stalinizmlashtirishning boshlanishi.
Tinchlik sharoitida birgalikda mavjud bo’lish siyosati.
XX asrning 50-60-yillarida ijtimoiy kayfiyatlar.
Jamiyat hayotida sovet tartibotining XX asrning 30-yillariga kelib mustahkamlanishi hamda shaxsga sig‘inishning kuchayib borishi natijasida sovet davlatida ma’muriy-buyruqbozlik tizimi tugal tarzda shakllandi.
Mustabid sovet tuzumining shakllanishiga avvalo, xalq ustidan olib borilgan ommaviy zo‘ravonlikni kuchaytirish evaziga erishildi. Totalitar
tartibot insonparvarlik va demokratik tamoyillarni poymol etdi, xalqlarning milliy manfaatlarini himoya qiluvchi mustaqil fikrga ega bo‘lgan har bir shaxsni ta’qib etib, ommaviy qatag‘onlar uyushtirib, millionlab insonlarni qirib tashlash siyosatini olib bordi.__ Stalincha qatag‘onlik siyosati kelajak avlod tarbiyachilari bo‘lgan maorif sohasi vakillarini ham chetda qoldirmadi, aksincha ular fojeali taqdirga duchor qilinib, qatag‘onlik to‘lqiniga giriftor etildi.
Mazkur soha mutaxassislarining fikricha, 1933 yildan boshlangan o‘qituvchilar o‘rtasidagi qatag‘onlar ham turli uydirmalar ostida olib borilgan bo‘lib, ular o‘zbek xalqini «ilg‘or rus madaniyati»dan ajratib qo‘yishga urinish, yoshlarni millatchilik og‘usi bilan zaharlashda ayblanganlar. Bir tomondan, rus tilining o‘zbek sinflarida o‘qitilishiga to‘sqinlik qilish va shu yo‘l bilan rus adabiyotini birinchi manbalar orqali
o‘rganishga imkon bermaslik, ikkinchi tomondan, rus klassiklari asarlarining o‘zbek tiliga tarjima qilinishini paysalga solishdek ayblar
qo‘yilgan. 1936-1940 yillar mobaynida respublika bo‘yicha 5758 nafar davlat va jamoat arbobi, olim, yozuvchi, jurnalist va o‘qituvchilar yuqorida
keltirilgan ayblovlar ostida qamoqqa olinib, ulardan 4811 nafari otib
tashlangan.
Qaror topgan stalinizm davridagi qatag‘onlik siyosati nafaqat shaxslar, sinflar yoki ijtimoiy guruhlarga qarshi, balki butun-butun xalqlarga qarshi ham yo‘naltirilgan, natijada ular uzoq muddatli surgun
azoblariga, muhtojlik va kulfatlarga giriftor qilingan.
1930-1950 yillarda amalga oshirilgan xalqlarni ommaviy ravishda majburan ko‘chirish qatag‘onlik siyosatining tarkibiy qismiga aylangan. 1930-50 yillarda koreyslar, polyaklar, nemislar, kurdlar, mesxetiya turklari, hamshallar, chechenlar, ingushlar, balqarlar, qorachoylar, Qrim tatarlari, bolgarlar, qalmiqlar, greklar, pontiya greklari hamda o‘sha vaqtda SSSRda yashab turgan ko‘plab chet el fuqarolari O‘zbekistonga ko‘chirilgan.
O‘zbekiston ham Sibir, Qozog‘iston va boshqa O‘rta Osiyo respublikalari qatorida zo‘rlik bilan etnik ozchilikni joylashtirish hududiga aylantirilgan.
Mazkur xalqlarning bir guruhi jumladan, chegararayonlarida yashagan koreyslar, polyaklar, kurdlar, mesxetiya turklari, hamshallar va boshqalar «chegara xavfsizligini ta’minlash» maqsadida, ikkinchi guruhi esa, ya’ni Shimoliy Kavkaz, Qrim xalqlari va boshqalar hukumat dushmani sifatida ayblanib ko‘chirilgan. Arxiv ma’lumotlarida «1937 yilning 10 noyabrigacha O‘zbekiston SSRda Uzoq Sharq o‘lkasidan ko‘chirilgan 16307 koreys oilasi – 74500 kishi joylashtirilganligi» qayd etilgan. Uzoq Sharq o‘lkasidan koreys aholisining ko‘chirilishiga SSSR bilan Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi asosiy sabab bo‘lgan. Chunki, bu davrda Koreya yarimorolining bir qismi Yaponiya tomonidan bosib olingan bo‘lib, bu yerdagi koreys aholisi bilan Uzoq Sharq o‘lkasidagi koreyslarning etnik kelib chiqishi bir edi. Shu sababdan mustabid sovet davlati 1937 yil 21 avgustda qabul qilgan “Uzoq Sharq o‘lkasi chegara rayonlaridan koreys aholisini ko‘chirish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 170 ming koreyslar O‘rta Osiyo va Qozog‘iston hududiga majburan ko‘chirib olib kelingan edi.
1930-50 yillarda hokimiyat tomonidan zo‘rlab ko‘chirilgan xalqlar joylashtirilgan hududlarda og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat vujudga kelgan edi. Faqat O‘zbekiston misolida olinadigan bo‘lsa, respublika ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ko‘p miqdordagi maxsus ko‘chirilganlarni qabul qilishga tayyor bo‘lmasa-da, o‘zbek xalqi majburan ko‘chirilgan
xalqlarga nisbatan markaziy hukumatning “munosabatidan” qat’iy nazar ularga o‘zining milliy mehmondo‘stligini, bag‘rikengligini ko‘rsatdi.
Ularni uy-joy, ish bilan imkon darajada ta’minladi, ularga maishiy xizmat, madaniy o‘choqlar yaratdi, bolalarining o‘qishi, ta’lim olishi uchun
maktablar qurib berdi.
Niqoblangan shaklda olib borilgan totalitarizm siyosati yuzadan qaraganda qandaydir alohida millat va elatlarni kamsitishga hamda xalqlarni majburiy ravishda aralashtirib yuborishga qaratilmagan. Biroq, bu siyosatning negizida o‘z ifodasini topgan jamiyatni yangilash, birinchi navbatda, sovet davlatining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida olib borilgan sanoatlashtirish siyosati, aholining sharqiy rayonlarga kuchli migratsiyasi so‘zsiz ravishda xalqlarning aralashuv jarayonlariga, millatlararo farqlarni tugatishga va umumiy «sotsialistik madaniyat»ning vujudga kelishiga imkoniyat tug‘dirar edi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirishda mahalliy xususiyatlarni, milliy rayonlardagi aholining an’analarini hisobga olmaslik, kolxozlashtirishda asosan zo‘ravonlik usullarining ishlatilishi ham milliy muhitga ta’sir etgan.
Milliy munosabatlardagi 1930-yillarning oxirlarida yuz bergan salbiy o‘zgarishlar ichki va tashqi siyosiy vaziyatdagi umumiy o‘zgarishlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq edi. Shu munosabat bilan kommunistlarning g‘oyaviy qarashlari ham birmuncha o‘zgardi. Chunki, sotsializm qurishni asosiy
maqsad qilib qo‘yilishining o‘zi sovetlar tizimining iqtisodiy, madaniy qoloqligini namoyon qilar edi. Shuningdek, sotsializmga nisbatan kapitalistik davlatlarning adovatli munosabati natijasida jadallik bilan olib borilgan sanoatdagi industrlashtirish va qishloq xo‘jaligidagi kollektivlashtirish siyosati davlat boshqaruv tizimini mustahkamlash va kuchaytirishning, mehnat samaradorligini oshirishning asosiy omili deb hisoblandi. Bunda mamlakat iqtisodiy va madaniy imkoniyatlarining quvvatsizligi kuchlarning bir joyga to‘planishi va mustahkamlanishi,
qat’iy tartib va tashkilotchilik hisobiga qoplanishi nazarda tutildi. Eng muhim vazifalardan biri «sotsializmning qurilishiga» qarshi bo‘lgan yoki qarshi bo‘lishi mumkin bo‘lgan yot unsurlardan jamiyatni tozalash deb hisoblandi.
30-yillardagi murakkab ichki va tashqi vaziyatda totalitar tartibotga asoslangan tuzum vakillari jamiyatni haddan tashqari mustahkamlash maqsadida o‘z hokimiyatining hamma oshkora va pinhona dushmanlarini «sinfiy kurashning yanada kuchayishi» haqidagi qoida asosida yo‘q qilishga kirishdi. Milliy rayonlarga bo‘lgan munosabatda «sinfiy kurashning kuchayishi» haqidagi qoida milliy «og‘machilikka» qarshi kurash bilan uyg‘un tarzda olib borildi. Doimiy tozalashlar va ommaviy kompaniyalar dushmanlarni qidirib topish maqsadida o‘tkazilib, qonunchilikning qo‘pol
ravishda buzilishiga, keng hamda ilg‘or fikrli aksariyat partiya hamda davlat
xodimlarining ta’qib qilinishiga olib keldi. Siyosatga mutlaqo aloqasi
bo‘lmagan talaygina halol-pok odamlar ham jazo organlari tegirmoniga tashlandi.
30-yillarning o‘rtalarida qatag‘onlar charxpalagi jamiyatda zo‘r berib ishlayotgan bir vaqtda natsistlar huruji bilan Yevropada siyosiy vaziyatning o‘zgarishi va xalqaro munosabatlarning keskinlashishi mamlakat ichkarisidagi vaziyatga ham ta’sir etdi. Mamlakatga real ravishda tahdid solib turuvchi G‘arbdan kelayotgan xavf, SSSRning boshqa chegara rayonlaridagi harbiy harakatlarning boshlanishi, jumladan, Yaponiya va SSSR o‘rtasidagi harbiy siyosiy ziddiyatning kelib chiqishi hamma sohada, shuningdek, milliy munosabatlarda ham qat’iy choralarning kuchaytirilishiga olib keldi. Buning ustiga nafaqat ayrim shaxslarga, balki bir qator xalqlarga ham shubha bilan qaraldi.
1930-yillarning ikkinchi yarmida, xususan, 1935-1937 yillarda sobiq ittifoqning chegara rayonlarini «shubhali unsurlardan tozalash» o‘tkazilib, bu rayonlarda yashovchi sobiq SSSR bilan «dushmanlik» munosabatida bo‘lgan davlatlarga tegishli millatlar - polyaklar, finlar,
koreyslar va boshqalar mamlakat ichkarisiga ko‘chirildi. Shu tariqa, davlat
uchun muhim bo‘lgan hayotiy masalalardan biri – davlatning cheka o‘lkalarini urushga tayyorlash masalasi o‘ziga xos tarzda hal etildi.
Umuman olganda, urushdan oldingi davrda mamlakatdagi ommaviy ko‘chirishlarning asosiy sabablaridan biri hukumatning davlatni mustahkamlash, jamiyatni jipslashtirish, oldindan ochiq hamda yashirin tarzdagi dushmanlardan qutilishga bo‘lgan intilishi bilan bog‘liq edi.
Shuning uchun ham II jahon urushining boshlanishi bilan SSSRning g‘arbiy rayonlaridan birinchilar qatorida nemislarning ko‘chirilishi tasodifiy hol emasdi. SSSR Oliy Sovetining 1941 yil 28 avgustdagi «Volgabo‘yi rayonlarida istiqomat qiluvchi nemislarni ko‘chirish to‘g‘risida»gi farmonida mazkur xalqlar orasida «o‘n minglab diversantlar va josuslar bor bo‘lib, Germaniyaning ishorasi bilan Volgabo‘yi rayonlarida qo‘poruvchilik ishlarini olib borishi mumkinligi» to‘g‘risida qayd etilgan edi. 1941 yilning sentyabr-oktyabr oylarida mamlakatning boshqa rayonlaridagi nemislar ham deportatsiya qilindi. Shunday qilib, aytish lozimki, mamlakatdagi nemis aholisini ko‘chirish sovet nemislarining okkupant va diversantlar bilan hamkorligining oldini olish choralari sifatida amalga oshirildi. Bu shafqatsiz chora ayni vaqtda fashistlar Germaniyasi bilan urush kayfiyatida bo‘lgan barcha davlatlarda keng qo‘llanildi.
1943-1947 yillar milliy respublikalarda «millatchilikka» qarshi kurashning ikkinchi davri hisoblanadi. Mazkur yillarda asosan fashistlar bosqinidan ozod qilingan mintaqalarda natsistlar bilan hamkorlik qilganlarni fosh etish bayrog‘i ostida «millatchi» unsurlarga qarshi kurashni kuchaytirish partiya tashkilotlari oldiga asosiy vazifa qilib qo‘yildi. Bu VKP(b) MKning ana shunday mazmundagi 2 ta qaror va 2 ta murojaatida o‘z ifodasini topgan edi.__ Uchinchi davr 1947 va undan keyingi yillarni o‘z ichiga olib, bu davrda feodal-patriarxal o‘tmishni ideallashtirish, tarixni yoritishda «millatchilik» og‘ishlariga yo‘l qo‘ymaslik, mahalliychilik elementlariga, milliy mahdudlikka qarshi kurashish, «reaksion» an’analar va urf- odatlarni ulug‘lashga yo‘l qo‘ymaslik, bunday hodisalarni baholashda sinfiy yondashuvni ta’minlash zarurligi uqtirib kelindi.
Bunday da’vat masalan, KPSS MKning 1963 yil 9 apreldagi «Toshkent
shahar partiya komitetining rahbar kadrlar bilan olib borayotgan g‘oyaviy- tarbiyaviy ishlari haqida»gi va 1972 yil 8 avgustdagi «Toshkent shahar partiya komitetida rahbar kadrlarning markscha-lenincha o‘quvlar va iqtisodiy ta’limi haqida»gi qarorlarida ham o‘z ifodasini topdi. Xususan, ularda mahalliychilik, milliy kalondimog‘lik va mahdudlik, reaksion an’analar va marosimlarni maqtashdek «millatchilik» ko‘rinishlariga qarshi ayovsiz kurashish, ayrim shaxslar va xodisalarni baholashda sinfiylik pozitsiyasidan chekinayotgan ziyolilarga prinsipial
baho berish zarurligi uqtiriladi. Mazkur davrda «millatchilik» ko‘rinishlarining oldini olishga qaratilgan ko‘rsatmalar KPSS MKning 17
ta qarori hamda rezolyusiyasida o‘z ifodasini topgan.
Natijada, I.Mo‘minov «Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli», M.Shayxzoda «Jaloliddin», Oybek «Alisher Navoiy» asarlarida o‘tmishni hamda o‘tmishdagi tarixiy shaxslarni ideallashtirishda ayblandilar. 1926-1982 yillar davomida KPSS MQ tomonidan qabul qilingan va «millatchilikka» qarshi kurash aks ettirilgan jami 32 ta hujjatlarning 14 tasi umumittifoq miqyosida, 18 tasi konkret milliy respublikalar, shundan 14 tasi bevosita slavyan bo‘lmagan respublikalardagi ahvolga bag‘ishlanib qabul qilinganini ta’kidlash joizdir.
Shuningdek, milliy masalaga yondashuvda ikki yoqlamalik xususiyatini
sezish mumkin: birinchi yondashuv mustamlakachilik bosimidan ozod bo‘lishga
harakat qilayotgan Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi xalqlariga qaratilgan
bo‘lsa, ikkinchisi esa, ittifoq ichidagi tizimdan qutilishga harakat qilgan
xalqlarga nisbatan qaratilgan edi.
O‘rganilayotgan davrda milliylikning har qanday ko‘rinishiga qarshi
kurash, etnik o‘ziga xosliklarni inkor etish, ularni qoloq deb bilishga asoslangan kamsitish siyosati yashirin va oshkora tarzda, turli shakllarda va
izchil ravishda davom ettirildi. Ma’lumki, «Milliy til – millatning boyligi, ayni vaqtda shu millatning farzandlarini yaratib, voyaga yetkazuvchi qudratli kuch va uchinchidan esa, millatning dahosi bilan boyitiladigan asosiy muloqot vositasidir. Uch ko‘rinishda ham milliy til millatning har bir vakili, har bir farzandi uchun bebaho narsadir». Sovet davrida esa milliy tillarga nisbatan doimiy ravishda kuchli zug‘um o‘tkazib kelindi.
Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng bir muncha vaqt davomida milliy hayotda, xususan, milliy tillar rivojida sodir bo‘lgan o‘zgarishlarni inkor etib bo‘lmaydi. Xususan, 1913 yilda Rossiyada istiqomat qilib turgan yuzdan ortiq millat va elatlardan faqatgina 19 tasining tilida bosma kitob chop etilgan bo‘lsa, 1933-1934 yillarga kelib, 112 ta tilda bosma nashrlar chiqa boshladi. 48 millat va elat o‘z yozuvini tuzdi1. Jumladan, urushgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonda 22 tilda ta’lim olib borish yo‘lga qo‘yilgan.
«Sotsializmning maqsadi insoniyatning mayda davlatlarga bo‘linishini va millatlarning har qanday ayrimligini yo‘q qilishgina emas, millatlarni bir-biriga yaqinlashtirishgina emas, balki ularni qo‘shish hamdir», - degan nazariyaga asoslangan va unga tezda erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan partiyaning bunday siyosati bir qarashda tushunarsizdek ko‘rinadi. Ammo, vaziyat tahlili quyidagi xulosalarni chiqarish imkonini berdi:
- Birinchidan, XX asrning birinchi choragida ro‘y bergan milliy uyg‘onish jarayoni bilan hisoblashmaslikning iloji yo‘q edi.
- Ikkinchidan, bunday yondashishni kommunistik partiya rahbarligidagi sovet hukumati siyosati va amaliyotini og‘ir ichki siyosiy vaziyatda turli ijtimoiy qatlamlar, millat va elatlarga yanada jozibador qilib ko‘rsatish, «Mahalliy xalqlarning ishonchini qozonish, qozonganda ham uch va to‘rt kara qozonish... nihoyatda muhim»3, - degan ko‘rsatmani bajarish uchun tanlangan taktik yo‘l deb baholash mumkin.
- Uchinchidan, xalqaro maydonda bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan davlat to‘ntarishini qabul qilmaslik va unga qarshi milliy- ozodlik harakatlariga yordam berish avj olgan bir paytda bu yo‘l tuzumning mustahkam oyoqqa turib olishi uchun xizmat qiladigan asosiy omillardan biri edi. Tabiiy ravishda tuzum mustahkam oyoqqa turib olganidan so‘ng asl maqsadga erishish yo‘lida aniq qadamlar qo‘yila boshlandiki, bu ayniqsa,
milliy tillarning taqdirida yaqqol o‘z ifodasini topdi.
1930-yillarda ilgari surilgan millatlarning qorishib, aralashib, yagona millatni tashkil etishi haqidagi nazariya, kelgusida butun milliy siyosatning dasturiga aylantirildi. Agar avvallari respublikalardagi milliy tillar rus tili bilan bir xil huquqlarga ega bo‘lgan bo‘lsa, endilikda esa birinchi o‘ringa rus tilini targ‘ib qilish va o‘rganish masalasi qo‘yilgan edi. 1938 yilda SSSR XKS va RKP(b)MQ tomonidan qabul qilingan milliy respublikalarda rus tilini majburiy ravishda o‘rganish haqidagi qaror buning uchun zarur sharoitlarni yaratib berdi. Rus tilini o‘rganish uchun asosan milliy tillar hisobiga dars soatlari ajratildi. Milliy tillar esa, milliy o‘zlikni anglashning asosiy
mezonlaridan biri sifatida ikkinchi o‘ringa siqib chiqarildi.
O‘zbek tilining rivojlanishiga alifboning o‘zgartirilishi ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi (1929 yili arab alifbosi-lotin alifbosiga, 1940 yili esa- kirill alifbosiga o‘zgartirilishi). Xalqning tarixan rivojlangan jamoa sifatida o‘zligini anglashi tilni bilishdan boshlanadi va til yordamida shakllanadi. Millatlar o‘z tilini bilmasdan va mukammallashtirmasdan turib taraqqiyotga erisha olmaydi.
1930-yillarda maxsus chekistlar otryadi din bilan kurashish bahonasida Qur’on bilan birgalikda ko‘plab qadimgi qo‘lyozmalarni, olimlarning ishlari va mumtoz adabiyot namunalarini yo‘q qildilar.
Xalqlarning milliy alifbosidagi islohotlar, rus bo‘lmagan xalqlar orasida rus tilini tarqatish chora-tadbirlari, ko‘pincha bu millat vakillari tomonidan tilni ruslashtirish siyosati sifatida qabul qilinar edi. Bunday siyosat baynalmilallashtirishga qarshi kishilar hamda xalqlar o‘rtasidagi
o‘zaro hurmat tuyg‘usiga putur yetkazar edi.
Milliy respublikalarning, shu jumladan, O‘zbekistonning ham rahbarlari mamlakat yuqori siyosiy rahbariyatida unchalik ahamiyatli rol o‘ynamasdilar, uning rejalarini ishlab chiqishda qatnashmasdilar. Boshqa
respublikalarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham partiya MQ, viloyat, tuman
partiya qo‘mitalari ikkinchi kotibi lavozimini odatda rus bo‘lgan kishilar egallar edilar. Respublikadagi davlat mansablarining muayyan doirasi albatta bevosita Moskvadan tayinlanadigan kishilar bilan to‘ldirilardi.
Rus tili haqiqatda davlat tili vazifasini bajarar edi. Respublika gazetalari, jurnallarining anchagina qismi rus tilida nashr etilar, ish yuritish shu tilda olib borilar, radio va televidenie vaqtining ko‘proq
qismini ham rus tilidagi eshittirishlar egallardi.
Televidenie, radio, matbuot orqali rus tilini o‘rganish haqida targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilgan. O‘zbek tilida nashr etiladigan
bolalar va o‘smirlar jurnallarida («Lenin uchquni», «Yosh leninchi», «G‘uncha», «Gulxan») «Rus tilini o‘rganing» mavzusidagi davriy bo‘lim kiritilgan2. Bunday tadbirlar 1960-yillarda ham davom ettirilgan. Rus
tili festivallarini, haftalik rus tili kunini, rus tilini o‘qitish masalalariga hamda uning har bir xalq va umuman sovet xalqi tarixida tutgan roliga bag‘ishlangan konferensiyalarni o‘tkazish tashabbusi bilan
chiqqan har bir shaxs rag‘batlantirilar edi.
O‘zbekistonning o‘quv muassasalarida rus tili yuqori mavqeni egallagan edi. Yevropalashgan o‘zbeklar farzandlarini rus maktabida ta’lim olishiga intilishar edi, chunki rus maktablarida o‘quv saviyasining darajasi ancha yuqori hisoblanar edi. Ular SSSR mavjudligi sharoitida «faqatgina rus tilini bilish orqali dunyo bilan aloqa qilishlari, dunyo adabiyoti va
hokazolar bilan tanishishlari mumkinligini» tushunishardi.
Rus bo‘lmagan xalqlar orasida rus tilini tezroq tarqatish maqsadida, rahbariyat tomonidan haftada bir kunni rus tili kuni deb belgilash lozim topilgan. Tashkilotchilarning g‘oyasi bo‘yicha partiya a’zolari, O‘zbekiston
kompartiyasi birinchi kotibidan tortib, to 1-sinf o‘quvchisigacha – rus tilida so‘zlashishi kerak edi.
Shunday qilib, rus tiliga sig‘inish shakllantirila boshlandi. Bu esa,
o‘zining salbiy oqibatlarini keltirib chiqardi. Respublikada rus tili yagona davlat tili sifatida yuritila boshlandi. Ma’muriy-buyruqbozlik bosimi ostida rus tilini qaror toptirish hamda bir vaqtning o‘zida milliy tillarni mensimaslik natijasida, ilgari rus tiliga bo‘lgan qiziqish
keyinchalik milliy til ahamiyatining pasayishiga nisbatan befarqlik
kelib chiqishiga olib keldi.
Bunday jarayon tabiiyki, uzoq davom eta olmasdi. Milliy siyosatdan norozilik «lingvistik revolyusiya» davrida o‘zini yaqqol namoyon qildi. Jumladan, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish masalasida 1988-1989 yillar davomida turli idora, tahririyat, nashriyot, rahbar muassasalarga 800
mingdan ortiq xat, iltimos, murojaat va qarorlar kelib tushganki, bunday
faollik ilgari kuzatilmagan1. «O‘zbekiston SSRning Tillar to‘g‘risidagi
Qonuni» loyihasi matbuotda e’lon qilingach, faqatgina O‘zbekiston Oliy
Kengashi Prezidiumining o‘ziga muhokama davomida 14 mingdan ortiq xat
kelgan2. Shunday bo‘lishiga qaramay, mazkur tuzumning tazyiqi hatto 1989
yilda qabul qilingan «O‘zbekiston SSRning Davlat tili haqida»gi Qonunda
ham o‘z ta’sirini saqlab qoldi. Buni quyidagilardan ham ko‘rish mumkin:
-Birinchidan, yetmish yildan ortiqroq vaqt davomida rus tiliga
nisbatan «millatlararo muloqot tili» degan ibora qo‘llanib kelindi.
Huquqiy xarakterga ega hujjatlarda ham «rus tili» va «millatlararo
muomala tili» sinonimlar sifatida ishlatilgan. Ana shunday amaliyot
ta’sirida Qonun mohiyat e’tibori bilan o‘zbek va rus tillari o‘rtasidagi
munosabatni aniqlash, ularning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, qo‘llanish doirasi
va mavqeini belgilashga qaratilgan edi. Buni 30 modda 61 banddan iborat
Qonunning 24 bandida bevosita rus tili «boshqa tillar» maqomida rus
tilining ham qo‘llanilishi masalasiga to‘xtalinganida ko‘rish mumkin.
-Ikkinchidan, rus tiliga millatlararo muomala tili maqomi berilishi
bilan uni qo‘llanish doirasi davlat tilinikidan ham kengaytirib
yuborilgan edi. Bunday o‘rinsizlik masalaga boshqa tomondan qaraganda ham
yaqqol ko‘rinadi. Buning uchun eng avvalo, muomala (muloqot) tushunchasiga
oydinlik kiritish zarur. «Muloqot u qanday ta’riflanmasin, baribir
aloqaning o‘ziga xos shaklidir. Uning o‘ziga xosligi shundaki, u
sub’ektlararo aloqa, shaxslararo jarayon, insonning boshqa odamlar bilan
o‘zaro munosabatlarda mavjud bo‘lish usulidir»1. Demak, kishilarning qaysi tilda gaplashishini qonun bilan belgilab qo‘yish o‘rinsizdir.
Buni inobatga olgan holda «Davlat tili haqida» O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi qonunining 3-moddasida «Fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga egadirlar», -deb belgilab qo‘yilgan.
Dinga bo‘lgan munosabat ham sovet davridagi milliy siyosatning uzviy
qismlaridan biri bo‘lgan. Ma’naviyatning ana shunday mustahkam asosiga zarba bermay turib, millatlarni qorishtirib yuborishdek maqsadga erishib
bo‘lmasligi aniq edi. Bolsheviklar o‘z dasturlarida «Din xalq uchun afyundir», «dinga qarshi kurashni abstrakt-ideologik targ‘ibot bilangina cheklab bo‘lmaydi, uni dinning sotsial ildizlarini yo‘q qilishga qaratilgan sinfiy harakatning konkret tajribasi bilan bog‘lash kerak»kabi nazariyalarni ilgari surishgan edi. Milliy respublikalarga nisbatan zug‘um, millatlarning o‘ziga xosligini nazarga ilmaslik, ularni doimiy qo‘rquv va hadik ostida saqlashga intilish keyingi davrlarda ham yangi shakllarda davom ettirildi. 25 mingdan ortiq turli bo‘g‘in rahbarlari javobgarlikka tortilgan va «o‘zbeklar ishi» nomini olgan kampaniya ham
buning isboti bo‘la oladi.
Faqat yaqin o‘tmish bilan solishtirish orqaligina mustaqillikning millatlar taqdiri va ular o‘rtasidagi munosabatlarda aks etishining mohiyatini to‘liq anglab yetib bo‘lmaydi. Bugungi kunda kechayotgan jarayonlarning mohiyatini anglash uchun ham, ularni hozirgi vaqtda boshqa mamlakatlarda, xususan, sovet davlati tarkibiga kirgan ayrim respublikalardagi voqelik bilan solishtirish maqsadga muvofiqdir. Sovet davrida mavjud bo‘lgan milliy siyosat modellarining tahlili, bir tomondan, muayyan vaqtda yuzaga kelgan nizoli vaziyatlarni bartaraf qilishning oqilona yo‘lini topa olmaslik natijasida namoyon bo‘lgan va ziddiyatlarning yangidan avj olishiga sharoit yaratgan, ikkinchi tomondan, ko‘pchilikni tashkil etadigan boshqa millat vakillariga nisbatan har xil huquqiy aktlarning qabul qilinishi, turli sun’iy qiyinchiliklarning keltirib chiqarilishi orqali siquv ostiga olishga asoslangan amaliyotni kuzatish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |