Humoyun va akbar



Download 1,25 Mb.
bet17/36
Sana22.04.2022
Hajmi1,25 Mb.
#572068
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   36
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com

SEKRI, BIANA
QO‘ZG‘OLON

O‘n besh-yigirma yilda bir bo‘ladigan qurg‘oqchilik Dehli va Agra atroflaridagi yozgi ekinlarni qovjiratib qo‘ygan. Saraton kirgan bo‘lsa ham, har yili shu paytda yog‘adigan yomg‘irlar hamon boshlangan emas. Tar sahrosidan esgan olovli garmsellar hammayoqni jizg‘inak qilib kuydiradi. Yerlar suvsizlikdan va issiqdan tars-tars yorilib ketgan. Bozorlarda pulga non topib bo‘lmaydi. Ocharchilik va qahatchilik boshlangan.


Nizomning o‘rmon chetidagi kulbasi Sekri ko‘liga yaqin. Lekin bu yil ko‘lda ham suv oz. Ko‘l sathi pasayib, suv Nizomlar turgan joydan uzoqlashib ketdi. Uning bittagina sigiri, ikki bigh* yeri bor. O‘smir o‘g‘illari sigirga o‘rmondan o‘t o‘rib kelishadi. Lekin yerga pol qilib ekilgan sholi suvsizlikdan boshoq tortmay qurib qoldi. Faqat o‘ntacha xurmo va banan daraxtlarini Nizom xotini va bolalari bilan ko‘ldan chelaklab suv tashib sug‘orib, shularning mevasi bilan jon saqlashmoqda. Ko‘pdan beri non yuzini ko‘rishgan emas. Uyda bir xaltagina guruch qolgan, onda-sonda suyuq osh pishirib yeyishadi. U ham tugasa, ocharchilik balosi ularni ham o‘z iskanjasiga olishi aniq.
Qani endi Nizom orzu qilgan xalqparvar davlat bo‘lsa-yu, shunday og‘ir, tabiiy ofatlar paytida el-yurtning mushkulini oson qilsa! Sherxonning o‘lganiga o‘n yildan oshdi, uning avlodlari hamon mamlakatni parchalab, o‘zaro urushlarda xalqni abgor qilmoqda. Sherxondan keyin podsho bo‘lgan uning o‘g‘li Islomshoh intihosiz talon-torojlari bilan o‘zining afg‘on yurtdosharini ham jonidan to‘ydirdi. Afg‘on­larning niyozi qabilasidan chiqqan zabardast yigit Abdulla Niyoziy Agraning yaqinidagi Biana shahrida xalq qo‘zg‘oloniga bosh bo‘ldi. Qo‘zg‘olonchilar Islomshohning poraxo‘r amaldorlarini shahardan quvib yubordilar. Abdulla Niyoziyning olti yuzdan ortiq qurollangan yigitlari orasida afg‘onlar, hindlar, boshqa xalq vakillari ham bor. Hindi-yu muslim deb din-u millat ayirish yo‘q. Isyonchilarning biri kosib, biri dehqon, biri o‘tinchi, lekin hammalari adolatga tashna. Qadimgi rivoyatlar bo‘yicha, ular xalq orasidan tug‘ma bir adolatparvar Mahdiy* chiqishiga ishonadilar. Yoshi endi qirqlarga borgan, istarasi issiq, o‘zi dovyurak, nutqi ta’sirli Abdulla Niyoziy ularga ana shu Mahdiyning elchisi bo‘lib ko‘rinadi.
Abdulla Niyoziy Nizomning ko‘p yillik qadrdoni. Sherxon davrida Nizom o‘zining ismini yashirib, Salim degan ikkinchi nom bilan tanilgandan beri ular yaqindan tanish. Nizomning boshiga tushgan ko‘rgiliklar tufayli soch-soqoli erta oqaran. Kasallikdan tuzalgan bo‘lsa ham, uzun oq soqoli borligi va hassaga suyanib yurgani uchun yoshlar uni — «Salim ota» deb atashadi. Abdulla Niyoziy undan Kabir she’rlarini va bhaqti ta’limotini o‘rgangan. Shuning uchun Niyoziy Salim otani Bianaga olib borib, isyon­chilarga «Mening ustozim!» deb tanitdi.
Islomshohday shafqatsiz tojdordan tap tortmay Biana hokimini quvib yuborgan bu jasur odamlar Salim otaga afsonalarda ulug‘lanadigan qahramonlarday ko‘rindi. Halol mehnati bilan kun ko‘radigan xalq qachondir bir vaqt zolim hukmdorlarni yo‘qo­tishiga orzumand bo‘lgan Salim ota Bianada shu orzusi ushalayotganidan ruhi ko‘tarilib yurdi.
Qo‘zg‘olonchilar safi kengayib, uch ming kishiga yetganda ular Biana shahri chetidan alohida bir joyni qarorgoh qilib, kattakon jamoa bo‘lib yashay boshladilar. Ko‘pchilik odatdagi mehnatini qilib, topganining bir qismini oilasiga beradi, qolganini jamoaning umumiy dasturxoniga qo‘yadi. Qurolli yi­gitlar Bianada iloji boricha yaxshi muomala bilan tartib o‘rnatishga intiladi, faqat muomalaga ko‘nmaydigan ashaddiy buzuqilarni hibsga soladi yoki shahardan badarg‘a qiladi. Ular hatto bo­zor­dagi narx-navoni ham tergab, nafsi katta savdogarlarni insof bilan narx qo‘yishga majbur qildilar.
bianada yangicha tartib o‘rnatayotgan Abdulla Niyoziy boshliq xalq harakatining ovozasi g‘arbdagi Gujaratgacha, sharqdagi Bixargacha borib yetdi. «Biana mahdiylari xalqni Islomshoh zulmidan qut­qarmoqchi emish, dunyoda adolat o‘rnatar emish!» degan gaplar el-yurt orasida tobora keng tarqala boshladi.
Sherxon avlodlarining o‘zaro urushlari va shafqatsizliklari ba’zi bir shayxlarning ham joniga tekkan edi. Abdulla Niyoziy va Salim otalar Bianada zolim amaldorlarni yo‘qotib, adolatli ish olib borayotganlari a’loyi degan keksa shayxning isyonchilar tomoniga o‘tishiga sabab bo‘ldi. Shayx a’loyi o‘z ixtiyoridagi vaqf yerlarning daromadini mahdiylar harakatiga in’om qildi. Uning xonaqosi endi isyonchilar adolat haqida targ‘ibot yurgizadigan joyga aylandi.
Shayx a’loyining muridlari orasida Islomshoh quvg‘in qilgan amirlar va boshqa badavlat odamlar ham bor edi. Endi agar Islomshohga qarshi turgan shu kuchlar hammasi xalq harakatining girdobiga tortilsa podsho hokimiyati xavf ostida qolishi aniq. Kobuldagi Humoyunning ishlari o‘nglanib, qo‘shini yil sayin zo‘rayib borayotgani Islomshohning xavo­tirini oshirib yurgan edi. Shuning ustiga ichkaridan ham o‘t chiqsa — tamom! Islomshoh bu xatarning oldini olish uchun Bianaga o‘z vazirini yuborib, shayx a’loyini saroyga taklif qildi:
— Taqsirimiz kelib, yangi e’tiqodlarini bizga bayon qilsinlar, ma’qul bo‘lsa biz ham mahdiylarga qo‘shilaylik!
Podshoning bu gaplari tagida kinoya borligini sezgan Salim ota a’loyiga shivirladi:
— Bormang, saroyni men bilurmen, vazirning gapidan riyoning hidi kelib turibdir!
Shayx a’loyi Islomshoh yuborgan vazirga qarab:
— Agar onhazrat bizning e’tiqodimizga qiziqsalar, balki o‘zlari Bianaga tashrif buyururlar? — deb so‘radi.
Vazirning yuzi birdan tundlashdi, qovog‘i uyulib:
— Taqsir, onhazrat yolg‘iz tashrif buyurmagaylar,— dedi. — Podsho bu yerga kelsalar, yuz ming qo‘shinlari bilan kelgaylar. Siz ularga bas kelgaymisiz?!
Bu tahdidli so‘zlar shayxning kayfini uchirib yubordi. U qon to‘kilishini va yuz ming qo‘shin Bia­nani oyoqosti qilishini ko‘z oldiga keltirib:
— Balodan hazar! — dedi. — Mayli, men o‘zim saroyga bora qolay.
Oltmish besh yoshli nuroniy mo‘ysafid mahdiylar odati bo‘yicha piyoda yo‘lga tushdi. Kiyimlari oddiy bo‘zdan, oyog‘ida dehqonlar kiyadigan arzon shippak. Lekin o‘zi mag‘rur. Podsho va a’yonlar qarshisida g‘oz turib:
— Assalomu alaykum! — dedi. — Olampanoh, mendan ta’zim-u tavoze kutmang. Biz, mahdiylar, bir osmon ostidagi barcha odamlarni, shoh-u dar­vish­ligidan qat’iy nazar, barobar deb bilurmiz. Biz insonni boyligi-yu martabasiga qarab emas, halol mehnati-yu chin odamiyligiga qarab qadrlagaymiz. Eshitishimga qaraganda, sizning mingdan ortiq filingiz, o‘ttiz ming otingiz, yuz ming qo‘yingiz bor ekan. Rostmi?
— Rost bo‘lsa-chi? — istehzo bilan so‘radi Islomshoh.
— Agar rost bo‘lsa, siz o‘zingiz kabi minglab odamlarning haqqiga jabr qilgan bo‘lursiz!
Taxtning o‘ng tomonida o‘ltirgan shayxulislom Abdulla Ansoriy:
— Bu ne gustohlik?! — deb A’loyiga o‘shqirdi. — Podsholar el-ulusdan soliq olishlari, davlat manfaatlari uchun mol yig‘ishlari shar’iydir!
Abdulla Ansoriy ellik yoshlardagi yuzlari tarang, qorasoqol, sergo‘sht odam edi. A’loyi unga yuzlandi:
— Taqsir, shu davlatning fuqarolari bo‘lgan ming-ming dehqonlar, kosiblar tabiiy ofat tufayli ochdan o‘lmoqda! Bunday paytda o‘ttiz ming harbiy ot yeydigan arpalarni el-yurtga ulashilsa savob bo‘lmasmidi? Yuz ming qo‘ydan bir qismini ochlarga ehson qi­lish shar’iy emasmi?
Islomshohning xasisligini biladigan bek-u boyonlarning ba’zisi, «podshomiz o‘lsa ham bunday qilmagay!» deb bir-birlari bilan ma’noli ko‘z urishtirib oldilar, Anbdulla Ansoriy esa:
— Astag‘furullo! — deb shayx A’loyining so‘zini kesdi: — a’lo hazrat masjidlarga katta ionalar qilmoqdalar, ming-ming bigh yerlarni vaqfga bermoqdalar! Saxovat bundan ortiq bo‘lgaymi?
— Ammo bu saxovat faqat siz kabi peshvolarning boyligini orttirmoqda, xolos! — deb A’loyi endi shayxulislomning o‘zini fosh qila boshladi: — Taqsir, muqaddas kitoblarda barcha xayr-u ehsonlar muhtoj­larga berilsin deyilgan, vaqflardan tushadigan daromad ham miskin bechoralarning haqqidir. Lekin hozir barcha xayr-u ehsonlar, barcha ionalar masjid vaqflari orqali sizning ixtiyoringizga o‘tmoqda. Axir bu uchiga chiqqan adolatsizlik emasmi?
— Bas! — deb Islomshoh A’loyining so‘zini kesdi va uni olib chiqib ketishni buyurdi.
O‘sha kun oqshom Abdulla Ansoriy boshliq ulamo­lar to‘planib, kufr yo‘liga o‘tgan shayx A’loyini toshbo‘ron qilib o‘ldirish haqida fatvo chiqardilar.
Ammo Islomshoh A’loyini o‘ldirtirsa, qo‘zg‘olon yanada avj olib ketishi mumkinligini, bu shayxning va’zlari hatto saroydagi ayrim bek-u a’yonlarga ham ta’sir qilganini bilardi. Shuning uchun:
— Bu mahmadona cholni mening qalamravimdan chiqarib yuboringlar, janubdagi Dakanga ketsin! — deb buyruq berdi.
Maxsus odamlar A’loyini soyabon aravaga solib, janubga olib ketayotganlarida Narbada degan joyda yana uning tarafdorlari topildi. Narbadalik amir Bixarxonning akasini Islomshoh nohaq o‘ldirtirgan. Shundan beri ular xundor dushmanga aylangan. Endi A’loyi Islomshohga qarshi aytgan o‘tkir va’zlar ta’sirida Bixarxon ham mingga yaqin bek-u amiri bilan mahdiylar ta’limotiga xayrixohlik bildirdi va A’loyiga qo‘l berib, murid bo‘ldi.
Bu xabar Islomshohga yetib borgandan keyin «Shayx A’loyini kechirdik, Dakanga surgun qilish haqidagi farmon bekor bo‘ldi, poytaxtga qaytsin!» deb odam yubordi.
O‘sha yili ocharchilik tufayli o‘lat tarqagan edi. Uzoq yo‘llarda shayx A’loyiga o‘lat yuqqan ekan. Birdan isitmasi ko‘tarilib, bo‘ynida danakday shish paydo bo‘ldi. Agar bu shish badanida ko‘paysa o‘lishi muqarrar edi. Narbadalik mohir hind jarrohi A’loyining bo‘ynidagi shishni kesib olib tashladi. Ixlos­mandlari unga eng yaxshi dor-u darmonlar topib berdilar. Shayx A’loyi bir haftada tuzalishga yuz tutdi. Hali uncha darmonga kirmasidan Islomshoh yuborgan odamlar uni yana soyabon aravaga solib, o‘sha paytda poytaxt bo‘lgan Laxo‘rga olib keldilar.
A’loyining gaplari odamlarga juda kuchli ta’sir qilishini amalda ko‘rgan Islomshoh:
— Men sizni o‘zimga diniy peshvo qilib olmoq­chimen! — dedi. — Mahdiylardan endi voz keching! Qulog‘imga bir og‘iz «kechdim» desaniz bas.
— Yo‘q, a’lohazrat, men qariganimda imonimdan voz kecholmagaymen! Undan ko‘ra siz xalqqa jabr-zulm qilishdan voz keching!
Islomshohning birdan g‘azabi kelib, ko‘zlari kosasidan o‘ynoqlab chiqdi:
— Mirg‘azab! Darra keltiring! Uring bu sassiq cholni!
Mirg‘azab A’loyining bo‘z to‘nini yechib, yelkasini yalang‘ochladi. Yaqindagina o‘latdan zo‘rg‘a tuzalgan keksa odamning tanasi ozg‘in, qovurg‘alari bo‘rtib turar edi. Og‘ir darra podshoning ko‘zi oldida zarb bilan to‘rt marta urilgach, A’loyi hushidan ketib yiqildi va jon berdi.
Uning o‘limini xalqdan sir tutishdi. «A’loyi noma’lum tomonga qochib ketibdi!» — degan ovoza tarqatishdi. Islomshoh fursatdan foydalanib, Abdulla Niyoziyni ham bir yoqli qilmoqchi bo‘ldi-yu, Bianaga katta qo‘shin yubordi. Uch ming isyonchi shahar chetidagi ko‘kalamzor bir joyda istiqomat qilar, atrofida devor yoki istehkom ham yo‘q. Podshoning o‘ttiz ming qo‘shini qarorgohni to‘rt tarafdan o‘rab oldi. Abdulla Niyoziy podsho saroyiga yaxshilikcha bormasa, bu qo‘shin qarorgohga bostirib kirishi va Niyoziyni zo‘rlab olib ketishi kerak edi. Agar isyonchilar qurol ishlatsa, qo‘shin ularni qirib tashlashi mumkin edi. Abdulla Niyoziy begunoh odamlarning qoniga zomin bo‘lmaslik uchun podsho qo‘shini bilan saroyga boradigan bo‘ldi. Salim ota va boshqa yaqinlari u bilan quchoqlashib xayrlashdilar.
— Ko‘risholmasak rozi bo‘linglar! — deganda Abdulla Niyoziyning ko‘zlariga yosh qalqib chiqdi.
Podsho askarlariga yo‘lda pistirmadan turib hujum qilishni va Niyoziyni qutqarib olib ketishni istagan botir yigitlar bor edi. Lekin oxir-oqibatda ular ham Islomshohning beadad qo‘shini dastidan halok bo‘lishi muqarrar edi. Behuda qurbonlar berishni yomon ko‘radigan Salim ota tavakkalchi yigitlarni bu qaltis niyatlaridan zo‘rg‘a qaytardi.
Abdulla Niyoziyni Islomshohning taxti oldiga olib keldilar. Taxt ustida zarbof kiyimlarga o‘ranib savlat to‘kib o‘ltirgan Islomshoh qirq yoshdan endi oshgan bo‘lsa ham, yuzi sarg‘ayib shishinqiragan, ko‘zining oqi ham sarg‘ish ko‘rinadigan kasalmand odam edi. U Abdulla Niyoziyning baquvvat gavdasi va sog‘lom yuziga g‘ashi kelib tikildi-da:
— Suyangan tog‘ing shayx A’loyi edi — quladi! — dedi. — Sen biz bilan vatandosh afg‘on ekansen, saroyga olay, mahdiylaring bilan aloqani uz!
— Hazrat podsho! Siz A’loyining faqat tanasini mahv qildingiz. Ammo uning ruhi tirik! Bu ruh xalqdan kuch olib, zolimlarning jazosini bergusidir!
— Jazo?! Sen menga jazo bermoqchimisen?!
— Men emas, hayot jazo bergay! — deb Abdulla Niyoziy Islomshohning ichki kasalliklardan salqigan yuziga va shishgan qovoqlariga ma’noli ko‘z tashladi.— Otangiz Sherxonga qasos qanday qaytganini unutmang! Begunoh o‘ldirilgan mo‘ysafidning uvoli sizni ham urmay qo‘ymagay!
— E, uvoli hozir seni urgay! Mirg‘azab, darra uring bu katta dahan ahmoqqa! O‘lgunicha kaltaklang!..
Abdulla Niyoziyni hushidan ketguncha kaltaklashib, kechasi o‘rmon chetidagi yo‘l bo‘yiga keltirib tashlashdi. Saroydagilar uni «o‘ldi» deb o‘ylashgan edi. Lekin qirq yoshli baquvvat Niyoziy hali tirik, goh hud, goh behud bo‘lib yotgan edi. Isyonchilar uni shu ahvolda topib olib, Salim otaning oldiga ko‘tarib keldilar. Bunday og‘ir jarohatni qanday tuzatishni o‘z achchiq tajribasi orqali yaxshi biladigan Salim ota hind tabiblari yordamida Abdulla Niyo­ziyni o‘lim changalidan qutqarib oldi. Ammo kaltak zarbidan badani hilvirab, ichki a’zolari ham lat yegan Abdulla Niyoziy uzoq vaqt to‘shakdan turolmay yotdi.
Bianadagi xalq harakati jasur boshliqlaridan ayrilgach, isyonchilar jamoasi tarqab ketdi. Lekin ikki yil davomida bu jamoa qilgan adolatli ishlar va odam­larning dilida uyg‘otgan isyonkor tuyg‘ular go‘yo bir tutantiriq bo‘ldi-yu, butun mamlakatda Islomshohga qarshi qaratilgan nafrat olovini yondirdi. Bu nafrat kutilmagan joylardan Islomshoh dargohiga ham yo‘l topib kirar, saroydagi iste’dodli shoirlar va fozil kishilar ko‘zidan podshoga atalgan qarg‘ish yog‘ilib turganday bo‘lardi. Bu hammasi tashqi alg‘ov-dalg‘ovlar azobiga qo‘shilib. Islomshoh uzoq umr ko‘ra olmadi. U qirq beshga bormay vafot etdi.
Shundan keyin Sherxon avlodlarining xonadoni to‘rt tomonidan o‘t ketgan uyning ahvoliga tushdi. Islomshohdan so‘ng taxtga chiqqan uning o‘ng ikki yashar o‘g‘li Feruzni o‘zining tug‘ishgan amakisi Muborizxon zaharlab o‘ldirdi. Bu qotil amaki o‘ziga Odilshoh deb nom qo‘yib Agrada taxtga o‘tirgandan so‘ng, boshqa qarindoshlar birvarakay isyon ko‘tardilar. Sherxonning qiz nevarasiga uylangan Ahmadxon sur Laxo‘rda o‘zini mustaqil podsho e’lon qilib, Iskandarshoh nomi bilan taxtga chiqdi. Chunor qal’asidagi ikkinchi kuyov — Ibrohim sur Agraga hujum qilib, uni Odilshohdan tortib oldi. Biroq Iskandarshoh ham Agraga da’vogar edi. U Laxo‘r­dan Agraga qo‘shin tortib keldi. Ikki kuyov poytaxt Agrani talashib, qonli janglar qilayotgan paytda Humoyun o‘ttiz ming askar bilan Kobuldan chiqib Hind daryosidan o‘tdi-yu, bir hafta ichida Laxo‘rni jangsiz egalladi.
Salim ota ko‘pdan beri Humoyunning yo‘liga ko‘z tutib yurar edi. Shuni biladigan Abdulla Niyoziy Panjobdan yaqinda qaytgan shayx Muborak degan kishini Salim otaning kulbasiga boshlab keldi.
Ajdodlari arab bo‘lgan shayx Muborak ham Bianadagi xalq harakatiga ishtirok etgan, keyin quvg‘inga uchrab, Bxira tomonlarga ketib qolgan edi. U Salim otadan suyunchi so‘ragisi kelib:
— Taqsir, Humoyun siz ta’rif qilganingizdek sohibdil odamga o‘xshaydir, — dedi. — Bxiradan to Laxo‘rgacha men uning amalga oshirgan tadbirlarini zimdan kuzatib keldim. Hindistonda ocharchilik boshlanganidan xabardor ekan, ko‘p joylarda ochlar­ga osh-non ulashishni buyurdi. Lekin bu bilan ish bitmasligi aniq edi. Qandahor-u Peshovar tomonlarda don arzon ekan. Humoyun kemalarda, karvonlarda don tashitib kelib, bozorlarni jonlantirib yubordi. Tujjorlarning o‘zlari foyda ketidan quvib, shimoldan Panjobga tinmay don tashib kelmoqda!
— Koshki Agralarda ham shunday qilinsa! — deb, qilt etib yutindi Abdulla Niyoziy. U bemorlikdan tuzalgandan keyin Sekriga ko‘chib kelgan, tog‘ etagida kichkina bir kulbada nochorgina hayot kechirar edi. Shayx Muborak keltirgan xushxabar Salim otani quvontirib yubordi. U maslakdosh do‘stlari oldiga dasturxon yozib, banan va xurmo qo‘ydirdi.
— Ne qilayki, non yo‘q, — dedi va xotiniga shirguruch pishirishni buyurdi. — Bugun borini yeb turaylik. Ertaga yana nasib qilgani bo‘lgay. Shoyad-ki, bug‘doy ortgan karvonlarni Humoyun biz tomonlarga ham boshlab kelsa!
Tojdorlarni xush ko‘rmaydigan Abdulla Niyoziy:
— Karvonlar tashib kelgan bug‘doy falon pul tursa kerak, — dedi. — Siz-u bizda oltin-kumush yo‘q. Humoyunga umid bog‘lab yana aldanib qolmang. Salim ota.
— Rost, miyon* Abdulla, — dedi Salim ota Humoyunga yaqin yurib boshdan kechirgan falokatlarini eslab ketdi: — Shohlar bilan bizning oramizda chuqur jarlar bor. Men bu jarga bir marta qulab, o‘lishimga sal qoldi.
Shayx Muborak bosh chayqab:
— Har qalay, Humoyun Islomshohday zolim emas, — dedi va qo‘ynidan qatlangan bir yozuv chiqardi: — Mana, Humoyunning afvi umumiy e’lon qilib chiqargan farmoni.
Farmon oddiy odamlar ham tushunadigan qilib yozilgan edi. Salim ota uni shayx Muborakning qo‘lidan olib ovoz chiqarib o‘qidi:
«Xaloyiq! Kimki ilgari Sherxon va uning avlodlari ta’sirida bizga qarshi ish qilgan bo‘lsa-yu, endi bu xato yo‘ldan qaytib, biz bilan hamkorlikka yuz tutsa, hammasiga afvi umumiy bergaymiz, barcha gunohlaridan kechgaymiz, har biriga munosib inoyatlar qilgaymiz. Barcha bek-u navkarlarga tayin etildikim, biz o‘z qadrdon elimiz bo‘lmish Hin­distonga qaytdik, bosqinchilik va talonchilikka mutlaqo yo‘l qo‘yilmasin. Bu farmoni oliyga rioya qilmay, hind dehqonlarining sigirini o‘g‘irlab so‘y­moqchi bo‘lgan Ahmad­xon ismli navkar o‘n ming kishilik qo‘shin oldida qu­tur­gan filning oyog‘i tagiga tashlab o‘ldirildi. Insho­ollo, bu jazo boshqalar uchun ibrat bo‘lg‘usidir, fuqaroning mol-u jonini omon saqlashga yordam bergusidir. Bizning ezgu niyatimiz — o‘zaro urushlarda, jabr-u zulm ichida abgor bo‘lgan bu muazzam mamlakatni yana qaytadan yakdil-u yaktan, obod-u qudratli qilmoqdir. Ilo­him, shu ulug‘ maqsadlarga yetaylik!»
Bu gaplar ta’sirida Salim otaning dilida yana iliq tuyg‘ular uyg‘ondi. Humoyun mavlono Xondamir bilan hamkor bo‘lib yangi qonunlar chiqargani, tabiatdagi uyg‘unlik va muvozanatni jamiyatga ham tatbiq etishga intilgan xayolidan bir-bir o‘tdi.
— Humoyun sizga qadrdon bo‘lgan ekan! — dedi shayx Muborak unga. — Endi u Dehliga qaytayotgan paytda, siz unga peshvoz chiqsangiz... Humoyun quvg‘inda yurganda biz uning dushmanlari bo‘lgan Sherxon avlodlari bilan qanday olishganlarimizni so‘zlab bersangiz... Axir Abdulla Niyoziy bosh bo‘lgan xalq harakati Islomshoh hukmronligini ichdan yemirmaganda, Humoyun Panjobni jangsiz ololmagan bo‘lardi!
— Ha, uning Hindistonga qaytishiga biz qanday ko‘mak berganimizni Humoyun bilmog‘i kerak, — dedi Salim ota. — Lekin... uning dargohida ko‘rgan dahshatlarim xotirimdan nari ketgan emas... «Saroyga ikkinchi qadam bosmagaymen!» — deb ahd qilganmen.
Islomshoh saroyida yegan kaltaklari Abdulla Niyoziyning ham esiga tushdi-yu:
— Bormaganingiz ma’qul, — dedi.
Ammo shayx Muborak boshqa narsadan xavotir bo‘lmoqda edi. Humoyun afvi umumiy e’lon qilinganidan foydalangan ba’zi makkor odamlar endi al-damchilik yo‘li bilan Islomshoh davridagi yuksak martabalarini saqlab qolishga intilmoqda edilar.
— Islomshoh saroyida shayxulislom bo‘lgan Abdulla Ansoriy yodingizda bormi? — deb so‘radi shayx Muborak Niyoziydan.
— A’loyini o‘ldirishga fatvo bergan ilonmi?
— Ha, o‘sha Ansoriy ham go‘yo keyin Islomshohdan aynigan emish. Shayxulislomlik lavo­zimidan foydalanib, Islomshohning ichki sirlarini bilar ekan-u xufiyalar orqali Kobuldagi Humoyunga yetkazib turar ekan. Islomshoh o‘lib, ichki nizo avjiga chiqqanda shayx Ansoriy Humoyunga: «Endi kelsangiz Hindiston sizniki bo‘lgay», deb bir juft etik yuboribdir. Bu etikning ramziy ma’nosi ham podshoga xushomaddan iborat ekan, ya’ni: «Ota yurtin-giz Turon — bosh bo‘lsa, siz hozir turgan Kobul, — bel, biz esa sizga oyoq bo‘lib, shu etikdek xizmat qi­lishga shaymiz!» degani ekan.
— Ob-ba, xushomadning boloxonadorligini qarang! — dedi Niyoziy nafrat bilan.
— Podsholar xushomadni yaxshi ko‘rishini bilursiz, — deb so‘zida davom etdi shayx Muborak. — Panjob jangsiz olinganda Abdulla Ansoriy Laxo‘rdan bir kun yo‘l yurib, Humoyunga peshvoz chiqibdir. Podsho u bilan otdan tushib ko‘rishibdir. «Taqsir, etik yuborib qilgan karomatingiz rost keldi!» deb tashakkur aytibdir. Oradan uch kun o‘tmay Laxo‘r ulamolari Abdulla Ansoriyni Humoyun saroyiga shayxulislom tayin etib fatvo e’lon qildilar. Podsholar o‘zgarsalar ham, shayxulislom yana o‘sha Ansoriy!
— Ikki podsho orasida ayg‘oqchilik qilib yurgan odamga shunday martaba berilsa-ya! — g‘ashi kelib dedi Salim ota.
— Podsholarga ayg‘oqchilar, albatta, kerak, bunisi ko‘pdan ma’lum, — so‘zida davom etdi shayx Muborak. — Ammo bu Ansoriy zulm tig‘ini Islom-shohga qanday qayrab berib turganini Humoyun hali bilmasa kerak. Shundan foydalanib, makkor Ansoriy biz kabi tarafdolarini ham Humoyunga yomon ko‘rsatishi, oraga nifoq solishi mumkin. Axir hamon adolat izlab yurgan mahdiylar harakati xalq orasida hali to‘xtagan emas! Salim ota Humoyunga hech bo‘lmasa bir maktub yozib, Bianadagi xalq harakati qanday bo‘lganini, Ansoriy o‘shanda nelar qilganini haqqoniy so‘zlar bilan bayon qilishlari kerak emasmi?
— Agar men bu maktubni yozsam, uni kim Humoyunga yetkazib bergay? Shohning qabuliga kirish oson emas.
— Yozing, men eltib berishga urinib ko‘ray, — dedi shayx Muborak.
Mehmonlar shirguruchni yeb tarqaganlaridan so‘ng, Salim ota yolg‘iz qolib qo‘liga qalam oldi. Shunda Hamida bonu va undan olgan maktubini es-ladi. Humoyunning Akbar degan o‘g‘li kattagina o‘smir bo‘lib qolganini eshitgan edi, shu yodiga tushib, maktubni muborakboddan boshladi. Keyin Humoyun quvg‘inda yurgan yillarda yuz bergan voqealarni qisqacha bayon qildi. Shayx Ansoriy haqidagi gaplarni ham barcha dalillari bilan qog‘ozga tushirgach, maktubni shunday tugatdi:
«Hazratim, ko‘rishmaganimizga o‘ng olti yil bo‘ldi. Bu orada siz ko‘p dovonlardan oshib, avvalgidan yuz chandon tajribaliroq va donoroq bo‘lib qaytmoqdasiz, degan ishonch bilan yo‘lingizga ko‘z tikmoqdamiz. Xalq adolatli rahbarga benihoya tashna. Mahdiylar harakati ham ana shu tashnalikdan kelib chiqqan edi. Agar shu tashnalikni qondirsangiz, el-ulus sizni barcha balolardan asraydigan balogardon bo‘lg‘usidir!»
Ertasi kuni yo‘l tayyorligini ko‘rib kelgan shayx Muborak bu maktubni to‘nining astariga tikib, Panjobga yo‘l oldi. Ammo u Laxo‘rga yetib borma-sidan, Humoyun Dehliga tomon qo‘shin tortib kela­yotgani ma’lum bo‘ldi. Sherxon avlodlaridan Iskan­darshoh Agra yaqinida o‘z raqibi ibrohim surni yenggan, uning bir qism askarlarini o‘ziga qo‘shib olib, lashkarini ellik mingga yetkazgan edi. Endi Iskan­darshoh bu katta qo‘shin bilan Sirhind yaqinida Humoyunning yo‘lini to‘sib chiqdi.
Shayx Muborak bir-biriga qarab yumalayotgan tog‘day zo‘r toshlarning orasida qolib, yanchilib ketmaslik uchun o‘zini chetga olib, Kalonurga ketdi va janglar tugashini kutdi. Oradan bir oycha vaqt o‘t­gach, Iskandarshoh Panjobning Maxchivara degan joyida Humoyunning lashkarboshisi Bayram­xondan yengilib, Himolay tog‘lari tomonga qochgani ma’lum bo‘ldi. Bundan behad suyungan shayx Muborak Humoyunning huzuriga yo‘l oldi.
Ammo Jamna bo‘yab Dehli tomonga ketib bora­yotgan Humoyunning hozir muqim turadigan joyi yo‘q, qarorgohlarining o‘rni o‘zgarib turadi. Qalandar kiyimida yurgan shayx Muborak, nihoyat, uning o‘rmon chetida ov qilish uchun ikki-uch kun to‘xtaganidan foydalandi-da mavkab joylashgan qarorgohga yaqinlashdi. Qo‘riqchilar boshlig‘iga:
— Hazrat oliylariga xalqning nomidan yozilgan bir maktub topshirmoqchimen, — deb arz qildi.
Davlat boshlig‘iga arz-u dod qilib keluvchilar juda ko‘p bo‘lganligi uchun, ularni avval sinchiklab tekshirishar va o‘ntadan bittasini podshoning huzuriga kirgizishar edi. Shayx Muborakni ham qo‘rchibegi savolga tutib, taftish qilayotgan paytida katta oq sallali Abdulla Ansoniy ikkita ulamo bilan ularning yonidan o‘ta boshladi. Shayx Muborak sallasi kattalarga yuzini ko‘rsatmaslikka tirishib, orqa o‘girib turdi. Lekin qo‘rchibegi ulamolardan birini chaqirib:
— Taqsir, beri keling, bu odam ham shayxlardan ekan, — dedi. — Qandaydir mahdiylar nomidan podshoga maktub olib kelganmish. Ko‘rib bering-chi, hazratimning e’tiborlariga arziydigan gapmikin?
Ansoriyning ishorasi bilan yoshroq bir imom qo‘rchibegining oldiga keldi, xayriyatki, Abdulla Ansoriy orqa o‘girib turgan shayx Muborakni ta-nimadi. Yosh imon yaqin kelib shayx Muborakning yuziga tikildi-yu:
— Qani, hazratimning nomlariga yozilgan maktubni bir ko‘raylik-chi! — dedi.
Shayx Muborakning ichi qo‘rquvdan muzlab ketdi. Maktubda Ansoriyga qarshi yozilgan so‘zlarni mana bu imom o‘qisa shayx Muborakni tinch qo‘y­maydi. Din peshvolarining o‘z qurolli odam­lari— muhtasiblari bor. Ansoriy «dahriy» deb fatvo bersa bas, muhtasiblar shayx Muborakni hibsga olishga ham, o‘ldirishga ham qodir. Shayx Muborak maktubni olib bermoqchi bo‘lib, qo‘yniga qo‘l soldi. Lekin bo‘sh chiqdi... Qo‘lidagi qalandar xaltasini titkiladi, hatto uni qo‘rchibegiga ochib ko‘rsatdi. Belidagi fo‘tasini yechib, eski to‘nining barlarini silkitdi. Maktub yo‘q! U astar ostiga tikilgan joyida «qilt» etmay turgani shayx Muborakning joniga ora kirdi:
— Maktubni kecha yotgan joyimda unutib qol­diribmen! Meni ma’zur tuting! Ijozat bo‘lsa, hozir borib olib kelay!
Qo‘rchibegining jahli chiqdi:
— E, bor, jo‘na! Sensiz ham podshoning qabuliga kirmoqchi bo‘lganlar behisob!
Shayx Muborak bir balodan qutulganiga shukur qilib, Humoyunning qarorgohiga ikkinchi marta qadam bosmadi. Salim otaning maktubini esa o‘ziga qaytarib olib kelib berdi. Bo‘lgan voqeani hikoya qilgach:
— Podsholar bilan bizning oramizda o‘tish mushkul bo‘lgan baland g‘ovlar borligi rost ekan! — dedi. — Endi sizga omad bersin-u o‘zingiz Humo­yun­ni biror joyda xoli uchratib, haqiqatni unga ay­ting.
Bunday omad qachon kelishini Salim ota ham bilmas edi.

______________


* I k k i b i g h — yarim gektardan ko‘proq.
* M a h d i y — aslida «tug‘ma» degan ma’noni bildiradi. Ruhoniylar bu so‘zga ilohiy tus berib, «g‘oyibdan keladigan odil peshvo Mahdiy», deyishgan.
* M i yo n — «domla», «mavlono» deganga o‘xshash so‘z. Fozil kishiga nisbatan aytiladi.


Download 1,25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   13   14   15   16   17   18   19   20   ...   36




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish