Ikkinchi qism: AKBAR
P A N I P A T, D E H L I
TO‘FONDA QOLGAN YOSHLIK
Dehlidan uch yuz mil uzoqda — Panjobning shimoli sharqidagi Kalanurda yurgan Akbar otasining o‘limi haqidagi xabarni oradan bir hafta o‘tgandan so‘ng eshitdi. Musibatli voqeaning tafsilotlarini chopar Nazirqul so‘zlab berganda o‘sha zinapoyaning kulrang toshlari uning boshiga ham urilganday vujudi karaxt bo‘lib qoldi, bir qancha vaqt hatto ko‘ziga yosh kelmadi.
Bayramxon darhol bek-u a’yonlarni to‘plab, Akbarni otasining o‘rniga taxtga chiqarish harakatiga tushdi. Taxt ham shitob bilan yog‘ochdan yasaldi va naridan beri bezatildi. Valiahd Akbar shu yog‘och taxt ustiga chiqib o‘ltirayotganda otasining kutubxona shiyponi ustida dil yorib aytgan gaplari birdan esiga tushdi, «baland poyalarga ko‘tarilganingda mening bu so‘zlarimni eslab qo‘ygin», degan vasiyati qulog‘i tagida qayta jaranglaganday bo‘ldi-yu, ko‘zlariga birdan yosh quyulib keldi.
a’yonlar Akbarga quyuq ta’zim qilib, toj-u taxt bilan muborakbod etayoganda uning ko‘zlaridan yosh oqayotgani ba’zilarni hayratga soldi, ba’zi beklar «hali bu bola-ku!» degandek kishi bilmas lab burib qo‘yishdi.
Uning ahvolini tushunib turgan Bayramxon kechasi Akbar bilan yakkama-yakka gaplashdi:
— Amirzodam, mardona turadigan eng tahlikali kunlar boshlanmoqda. Ilgari hazratimdan hayiqib Dehliga yaqin kelolmay yurgan Odilshoh bilan Hemu hozir ellik ming qo‘shin bilan Dehli ustiga bostirib bormoqda emish.
— Dehli hokimi... Turdibek bundan xabardormikin?
— Men hozir chopar Nazirquliga buyurdim. Yo‘l hozirligini ko‘rsin-u sahar palla Dehliga jo‘nasin. Mana, sizning nomingizdan Turdibekka yuboriladigan farmoyish. Puran qal’ada zahira yetarli, darvozalarni bekitsin, Dehlini zinhor Odilshoh bilan Hemuga topshirmasin.
— Biz bu yerdan yordamga yetib borgumizdir! — dedi Akbar. — Axir hazrat otamning Dehlidagi qabrlari yog‘iylar oyog‘i ostida qolmasligi kerak!
— Yaxshi so‘z aytdingiz. Bu so‘zlarni farmoyishga ham yozdirgaymiz. Mana bu joyiga muhr bosing.
Akbarning muhri bosilgan farmoyishni sahar palla yo‘lga chiqqan chopar Dehliga olib jo‘nadi. Uning ketidan Bayramxon ham Kalanurda bor qo‘shinni yig‘ib, janubga yurish boshladi.
Chopar bir haftada o‘tadigan yo‘lni katta qo‘shin o‘n besh kunda bosib o‘tishi mumkin.
Panipatga yetganlarida qarshilaridan bir necha ming kishilik qo‘shin chiqib keldi. Bayramxon chig‘dovullarni* yuborib — bu Dehlidan kelayotgan Turdibekning lashkari ekanini aniqladi-yu, hang-mang bo‘lib yonidagi Akbarga qaradi:
— Nahotki poytaxtni yog‘iyga topshirib kelgan bo‘lsa?!
Ular otlarini yeldirib Turdibekka peshvoz chiqdilar.
Rang-quti o‘chgan Turdibek Akbarga yaqin kelib otdan tushdi, jilovni rikobdoriga berib, yosh podshoning qarshisida yukundi, so‘ng uning uzangisini o‘pib yig‘lab yubordi:
— Amirzodam, Xudo sizga quvvat bersin! Hazratimdan ayrilib qoldik! — Turdibek faqat bu musibatdangina emas, Dehlini dushmanga topshirib kelayotganidan ham kuyunib, yelkalari silkinib ho‘ngrab gapirdi: — Suyangan tog‘imiz endi yo‘q! Dehli ham ilikdan ketdi!
Otasini eslab ko‘zi yoshlangan Akbar so‘nggi gapdan ozorlanib so‘radi:
— Faramoyish yetib bormadimi?
— Sizning oliy farmoyishingiz yetib borganda biz shaharni tashlab chiqmoqda edik. bek-u a’yonlar mashvarat qilib shunday qarorga keldikki, Odilshoh bilan Hemuning ellik ming qo‘shiniga biz yolg‘iz bas kelolmagaymiz. Undan ko‘ra tezroq sizning huzuringizga kelib, asosiy kuchlar bilan birlashmoqqa qaror qildik.
— Noto‘g‘ri qaror qilibsiz, janob Turdibek! — dedi Bayramxon birdan qizishib. — Siz amirzodam yuborgan farmoyish bo‘yicha Dehli qal’asini ichdan bekitmog‘ingiz kerak edi! Biz borguncha poytaxt ilikdan chiqmasligi lozim edi! Dehlini qayta olguncha hazratim qancha sarson-u sargardonliklarni boshdan kechirgan edilar! Siz yosh podshoning buyrug‘ini bajarmaganingiz uchun...
«Jazo olmog‘ingiz kerak!» degan so‘zlarga yo‘l bermaslik uchun Turdibek Bayramxonning gapini shart kesdi:
— Janobi xoni xonon, men o‘ttiz yildan berli shu oliy xonadonga sodiq xizmat qilib kelmoqdamen. Sekridagi jangda jasorat ko‘rsatganim uchun Bobur hazratlari menga mana bu murassa xanjarni in’om etganlar! — Turdibek belgidagi sopiga va qiniga qimmatbaho toshlar bilan zeb berilgan xanjarni ko‘rsatdi-yu, Bayramxonga so‘z navbati bermay, ovozini ko‘tarib davom etdi: — Men Humoyun hazratlari bilan Ganga bo‘ylarida, Tar sahrosida, Qazvinda birga yurib, necha o‘limlardan qolganmen, necha marta hazratimning inoyatlariga sazovor bo‘lganmen. — Turdibek Akbarga yuzlandi. — Amirzodam, otangizning boshlariga eng og‘ir kunlar tushganda, boshqalar yuz o‘girib tashlab ketganda men hamisha yonlarida bo‘lganmen!
— Buni men bilurmen! — dedi Akbar va achinib so‘radi: — Ammo nechun otamning qabrlarini yog‘iylar oyog‘i ostiga tashlab keldingiz?
— Vaziyat bizni shunga majbur qildi! Boshqa iloj yo‘q edi, amirzodam! Lekin Dehli yonidagi Tug‘loqobodda Hemu bilan dadil jang qildik. Biz besh ming kishi edik. Hemuning ellik ming qo‘shiniga, mingta jangovar filiga bas kelolmadik, ikki ming kishi talafot bo‘ldi, qolgan uch ming odamni omon saqlab, huzuringizga olib keldim.
Bayramxonning qahri kelib xitob qildi:
— Siz Dehli qal’asidan chiqmasligingiz lozim edi! Tug‘loqoboddagi jang ham sizning xatoyingiz! Ikki ming kishining qoni ham sizning bo‘yningizga tushadir!
Akbar yoshi otasidan katta ikki mo‘tabar bekning bu janjalini qanday bosishini bilmas edi.
— Amirzodam, adolat qiling! — deb Turdibek yana Akbarga yuzlandi. — Men yog‘iyni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib kelmoqdamen. Bayramxon janoblari hali uning qanday bir dahshat ekanini ko‘rmay turib meni ayblamoqdalar! Axir bu Hemu degan baloyi azimga Ibrohim sur qirq ming qo‘shin bilan bas kelolmay yengildi-ku! Amirzodam, biz sizni ham bu ulkan xatardan ehtiyot qilmog‘imiz kerak. Yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rmasdan turib Hemuni yengib bo‘lmag‘ay! Iloji bo‘lsa, Panjob-u Kobuldan, Qandahor-u G‘aznidan yangi askariy kuchlar yig‘ib kelmoq lozim!
— Qo‘rqqanga qo‘sha ko‘ringay! — deb Bayramxon uning so‘zini kesdi. — Siz bu vahima gaplar bilan qo‘shinning kayfiyatini ham buzmoqchimisiz, janob Turdibek? Sizning gapingizga kirsak, yana Hindistonni boy berib, Qandahor-u Kobulga qaytib ketgaymizmi?
— Yo‘q! — dedi Akbar va ikki bekning tortishuvini o‘zi hal qilolmasligini sezib, Bayramxondan iltimos qildi: — Xonbobo, durustroq bir joydan qarorgohga o‘rin tanlaylik. To‘xtab, kechqurun beklarni mashvaratga chorlaylik.
Turdibek otiga qayta minib, Akbarning orqarog‘ida bora boshladi. Otaliq huquqi bo‘yicha Bayramxon yosh podshohning o‘ng tomonida yurardi. Turdibek Humoyunning yaqin maslahatchisi bo‘lgani uchun qarorgohga o‘rin tanlashda Akbarga ham maslahat berishga intilib, Jamna bo‘yidagi ko‘kalam adirlarni ko‘rsatdi:
— Suv yaqin, atrofi ochiq, bag‘ri keng joy, — dedi.
Akbar Bayramxonga savol nazari bilan qaradi. Didi ham, fe’li ham Turdibeknikidan boshqacha bo‘lgan Bayramxon:
— Panipat yaqinida Bobur hazratlari bundan o‘ttiz yil oldin qarorgoh qilgan joy bor, — dedi. — Hozir biz uchun ham eng qulay makon o‘sha joy bo‘lg‘ay...
Ikki bek yana bahslashmasligi uchun Akbar darhol Bayramxonning gapiga qo‘shildi:
— Hazrat bobom tanlagan joy biz uchun ham tabarrukdir.
Bir tomoni daryo, ikkinchi tomoni qo‘shin o‘tolmaydigan o‘rmon bo‘lgan bu past-baland ko‘kalamzor adirlar qarorgoh uchun chindan ham qulay edi. Chodir va o‘tovlar o‘rnatilguncha Akbar bilan Bayramxon qarorgoh atroflarini aylanib ko‘rdilar. Ibrohim Lodining yuz ming qo‘shini o‘shanda Dehli tomondan qanday tahdid solib chiqib kelganini Bayramxon Akbarga aytib berdi. Harbiy fillarga qarshi qazilgan va usti shox-shabba bilan bekitib qo‘yilgan katta-katta chuqurlar bor edi. O‘ttiz yilda ularning anchasi tuproqqa to‘lib, sayozlashib qolgan, ichlari va atroflarida o‘t-o‘lanlar o‘sib yotar edi.
— Zarur bo‘lsa bu chuqurlarni qaytadan qazitmoq mumkin, — dedi Bayramxon. — Amirzodam, endi Dehliga borishdan ko‘ra yog‘iyni mana shunday o‘zimizga qulay bir joyda poylaganimiz ma’qul.
O‘rmon ichidan qushlarning sayrashi va maymunlarning qiy-chuv qilganlari eshitilib turardi. Chap tomondagi Jamnada qayiqlar va kemalar osoyishta suzib ketyapti. Olam shunday osuda ko‘rinar, tabiat ulug‘vor bir vazminlik bilan atrofni o‘rab turar, ammo Bayramxon bilan Akbarning dillari bezovta. Humoyunning o‘limi bilan boshlangan xavf-xatarlar tobora ko‘payib boryapti. Himolay tog‘larining etaklaridagi Manketda payt poylab, kuch yig‘ib yotgan eski yovlari Iskandarshoh yana Laxo‘rni qaytib olish harakatiga tushdi.
Janubdan Odilshoh va Hemuday zo‘r yov bostirib kelsa, bular ikki qudratli dushman orasidan qanday chiqib ketisharkin?
— Shuning ustiga Turdibek bugungidek beboshlik qilaversa, har narsada menga qarshi so‘zlab, birinchilikni talashsa, qo‘shinda ichki parokandalik boshlangay, amirzodam! — dedi Bayramxon Akbar bilan o‘rmon chetida yakkama-yakka turganda. — Men bu odamning badfe’lligini azaldan bilurmen. Mudom o‘tmishdagi xizmatlarini pesh qilur. Xizmati, sadoqati yo‘q emas. Ammo fe’li yomon, mumsik odam. Umarqutda otangiz Turdibekdan ikki lak oltin qarz so‘ragan ekanlar. Shunda Turdibek sudxo‘rga o‘xshab yuzga yuz yigirma rupiy qaytarish sharti bilan qarz bergan. Otangiz uning shu ikki lak oltinini to‘rt yildan so‘ng Qandahorda uch lak qilib qaytarganlarini ko‘rganmen. Otangiz rahmatli halol bo‘lgilari kelib, yumshoqlik qilar edilar. Turdibek unga sayin o‘zini katta olib, kalondimog‘likka o‘rgangan edi. Ammo hozir vaziyat tahlikali, yumshoqlik qilsak, ichki parokandalik avjlangay, tashqi dushmanlar oldida zaiflashib halok bo‘lgaymiz. Shuning uchun sizdan ham qat’iyat lozim.
— Xonbobo, otam o‘rnida endi siz qoldingiz. Hozir mening sizdan boshqa rahnamom yo‘q... Turdibek bilan biron... murosa yo‘lini topaylik.
— Murosa?! — ranjib so‘radi Bayramxon. — Amirzodam, unga jazo bermoq lozim!
Soqoli oppoq Turdibekka jazo berish Akbarga behad mushkul tuyuldi. Turdibekning jiyani Mohim Akbarni emizgan enagalaridan biri. Turdibekning boshqa nufuzli qarindoshlari ko‘p, unga jazo berilsa hammasi arazlab ketishi mumkin.
— Ammo ular: «Kobulga qaytmog‘imiz kerak, hazratimning o‘limi tufayli Hindistonni boy berdik» deyayotgan emishlar. Lekin amirzodam, sizning kindik qoningiz hind tuprog‘iga to‘kilgan. Endi bu tuproqqa otangiz qo‘yildi. Shu ikki sababdan Hindiston siz uchun muqaddas vatandir. Bu vatanni tashlab ketmoqchi bo‘lganlarga qat’iy zarba berilmog‘i lozim. Bu ishni men qilay. Siz daryo bo‘ylarini sayr qiling. Balki ovda ko‘nglingiz taskin topar?
Akbarning o‘zi ham yoshi ulug‘ beklarning bugungidaqa bahs-u janjallariga aralashishni istamas edi. Shuning uchun ko‘kaldoshlari va qo‘riqchi yigitlari bilan otlanib o‘rmonga sayr qilgani ketdi.
Kechki payt sayrdan qarorgohga qaytsa, Turdibek qarindoshlari bilan turadigan chodirlar orasidan yig‘i-sig‘i tovushlari eshitilyapti.
Akbar o‘sha chodirlarga shitob bilan yaqinlashganda Mohim enaga yoshli ko‘zlar bilan uning qarshisiga chopib chiqdi.
— Amirzodam, men sizga oq sut bergan edim! Nahotki tag‘oyimni siz o‘limga buyurgan bo‘lsangiz?!
Akbar «o‘lim» so‘zidan cho‘chib tushdi:
— Turdibekni? Men buyurgan emasmen! Ne bo‘ldi?
— Zolim Bayramxon... chodirda... Turdibek tag‘oyimni o‘ldirib qo‘ydi!
Akbarning ishongisi kelmay:
— Yo‘g‘-e! — dedi. — Hibs qilgandir?
U otining boshini qo‘yib, o‘z xirgohi tomon shoshildi. Akbar tezroq xonboboga uchrab, falokatning oldini olgisi kelar edi. U xirgoh oldida ranglari oqargan Bayramxonni ko‘rdi-yu:
— Xonbobo, Turdibek tirikmi? — deb so‘radi.
Yuz bergan baxtsizlikdan o‘zi ham iztirob chekayotgan Bayramxon past tovush bilan:
— Amirzodam, ichkariga kiraylik, — dedi va Akbarga yo‘l berib, uning ketidan xirgohga kirdi: — Ishoning, men uni sizdan bemaslahat o‘limga hukm etgan emasmen. Dehlini yog‘iyga tashlab kelgani uchun hibs qildirmoqchi bo‘ldim. Chodirga chaqirib: «Qurolni topshiring!» desam: «Hali sen rofiziy keksayganimda meni xor qilmoqchimisan?!» deb so‘kindi-yu, belidagi xanjarini sug‘urib menga tashlandi. Jamol degan yigitim yonimda turgan edi. Turdibekni qo‘lidan tutib qolmoqchi bo‘ldi, lekin Turdibek uni itarib tashladi. Mening biqinimga tig‘ sanchmoqchi bo‘lganda qo‘riqchi yigitim uning ko‘kragiga xanjar urdi...
— O‘ldimi?.. Nahotki!.. Axir... Xonbobo!.. Otamning o‘limi bizga ozmidi?
— O‘zi hujum qilmasa hech kim uni o‘ldirmas edi!..
— Enagamning tog‘asi... urug‘-aymog‘i ko‘p! Hammasi endi yovlashgay. Tashqarida yog‘iy, ichkarida bu!..
O‘spirin Akbarning shuncha narsalarga aqli yetayotganidan xiyol taajjublangan Bayramxon:
— Rost, — dedi, — bo‘sh kelsak, ichki urush boshlanmog‘i mumkin. Yo siz men tomonda mardona turib, bor kuchlarni bir irodaga bo‘ysundirgaysiz. Yo enaga-yu boshqalarning ko‘ngliga qarab, hammani o‘z holiga qo‘yib bergaysiz, istagan odam otalig‘ingizni yana «rofiziy» deb so‘kkay, ichki intizom yo‘qolgay, keyin tashqi dushman ham bizni osongina yenggay. Shu ikki yo‘ldan birini tanlamog‘ingiz kerak!
Bayramxonning qat’iyat bilan yongan ko‘zlari Akbarning yodiga bultur Sirhinddagi shiddatli jang paytlarini eslatdi.
Iskandarshohning o‘ng qanotidagi otliqlarini orqaga qaytarish va chekinayotgan fillariga toptatish zarur bo‘ldi. Bosh sarkarda Bayramxon bu mushkul ishni xossa tobinda* turgan amir Muzaffar Loxaniga va uning qo‘l ostidagi ikki ming afg‘on yigitiga topshirdi. Amir Muzaffar yovning o‘ng qanotidagi kuchlari ikki barobar ko‘p ekanini ko‘rdi. Ularni orqaga qaytarishiga ko‘zi yetmadi. Ortdan chekinib kelayotgan fillar toptab tashlashidan qo‘rqdi va Bayramxonning buyrug‘ini bajarishdan bosh tortdi. Bahslashib o‘ltiradigan payt emas edi. Agar yovning o‘ng qanotiga vaqtida zarba berilmasa Iskandarshoh g‘olib kelishi mumkin edi. Bunday paytda bosh sarkardaning buyrug‘ini bajarishdan bosh tortish xiyonat hisoblanardi. Bayramxon amir Muzaffarga shuni aytib, buyruqni yana bir takrorladi, ammo o‘jar afg‘on amiri Muzaffarxon buyruqni bajarib bo‘lmasligini aytdi. Bayramxon yonidagi turkman yigitlariga buyurib, Muzaffarning qo‘lini bog‘latdirdi, so‘ng saf-saf turgan yigitlarining ko‘zi oldida buyruqni bajarishdan bosh tortgani, shu bilan dushmanga yordam bergani uchun boshini shart kestirdi.
Afg‘on amirlari orasida Muzaffarni yomon ko‘radigan, u bilan doim munozara qiladigan boshqa bir dovyurak bek bor edi. Bayramxon darhol o‘shani ikki ming otliqqa sarkarda etib tayinladi-yu, topshiriqni zudlik bilan bajarishga farmon berdi.
Bayramxon bilan hazillashib bo‘lmasligini, uning buyrug‘idan bo‘yin tovlash nima bilan tugashini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan afg‘on yigitlari yovning o‘ng qanotiga jon-jahdlari bilan hamla qildilar. Bu hamla Bayramxon kutganday yaxshi natija berdi, yovning piyodalari o‘z otliqlari va fillari orasiga tushib qolib, oyoqosti bo‘ldi. Iskandarshohning harbiy fillari chekinish paytida o‘z piyodalarining anchasini toptab tashladi. Oxirida bu fillardan to‘rt yuztasi o‘lja olindi. Jang tugagandan keyin Muzaffar Lohanining o‘g‘illari va qarindoshlari Bayramxonning ustidan Humoyunga shikoyat qildilar. Humoyun Bayramxonning qiziqqonligidan xafa bo‘ldi, «hibs qilish mumkin edi-ku!»deb koyindi. Lekin bo‘lar ish bo‘lgan, Bayramxon katta zafar keltirgan edi. Humoyun uni kechirdi, Muzaffar Loxanining yaqinlari esa arazlashib, Gujarat tomonga ketib qolishdi. Ular o‘zlarini Bayramxonning xundor dushmanlari deb e’lon qilganlarini Akbar eshitgan edi. Endi buning ustiga Turdibekning yaqinlari Bayramxon bilan yovlashsa...
— Xonbobo, siz meni qanotingiz ostida olib yuribsiz. Men buni unutmaymen. Maslahat bering, ne qilay?
Bayramxon xirgoh to‘rida mo‘tabar joyda turgan «Boburnoma»ni ko‘rsatdi:
— Ulug‘ bobongizning kitobidan madad so‘rang. Otalari o‘lganda bobongiz ham yosh — hali o‘n ikkiga to‘lmagan ekanlar. Ustozlari andijonlik Xo‘ja Abdullaning oqilona o‘gitlari bilan yog‘iylar halqasidan omon chiqqan ekanlar.
Akbar kechasi allamahalgacha «Boburnomani» varaqladi...
Uzoq Sirdaryo bo‘yida, Akbar hali ko‘rmagan Andijon-u Axsida yosh Boburning Samarqand-u Toshkent tomondan bostirib kelgan dushman qo‘shinlari orasida qolgani qaysi bir jihatlari bilan Akbarning hozirgi ahvolini eslata boshladi. Bobosi ham o‘z yoshiga nomunosib murakkab ziddiyatlarga duch kelgan, lekin ularning orasidan yo‘l topib o‘tib, mana shu Panipatda o‘z qo‘shinidan sakkiz barobar ko‘p yovlarni yengib chiqqan ekan.
Akbar Bayramxonni bobosinnig ustozi Xo‘ja Abdulla o‘rnida ko‘rdi...
Ertasi kuni Turdibek o‘rmon ichidagi baland bir yalanglikka dafn etilganda Akbar marhumning qarindoshlari yonida turib, uning tobutini ko‘tarishdi, keyin Mohim enagasining chodiriga kirib, undan ko‘ngil so‘rab chiqdi. Turdibek oladigan kattagina ulufa endi uning oilasiga nafaqa tarzida umrbod berib turilishi ko‘pchilik oldida e’lon qilindi.
Akbarning bu ishlari Turdibekning ba’zi qarindoshlarini sal yumshatgan bo‘lsa, ba’zilari, aksincha, battar havo boylab, Bayramxonni qotillikda ayblay boshlashdi. Pirmuhammad degan bek mashvaratda yana Bayramxonni ayblamoqchi bo‘lganda, Akbar uning so‘zini kesdi:
— Janobi Pirmuhammad, biz Turdibekning avvalgi xizmatlarini tan olurmiz! Ammo Turdibek Dehlini boy bergani ustiga yana otalig‘imizni haqorat qilibdir, tig‘ yalang‘ochlabdir. Oqibatda, o‘zi halok bo‘lmishdir. Musibat chekdik, dafn etdik. Endi bas! Xonbobo biz uchun hazrat otamizdek aziz-u mo‘tabardirlar.
Akbar o‘z yoshiga yarashmaydigan bu jiddiy so‘zlarni kechasi bilan xayolida o‘ylab pishitib kelgan edi. Hayot uni yoshiga nomunosib murakkab ishkalliklarga duch keltirgani sari Bayramxondan boshqa suyanadigan tog‘i qolmaganini sezardi.
— Janob beklar, kimki otalig‘imizning sha’niga yomon so‘z aytsa, bizga qarshi chiqqan kabi jazolanur. Yog‘iy yaqin. Shu vaziyatda kimki xonboboning buyrug‘ini bajarmasa, bizning buyrug‘imizdan bosh tortgan hisoblanur. Sarkashlik — yog‘iyga yordam berur, bizga xiyonat bo‘lur. Xoin esa ayovsiz yosoqqa* yetkazilur.
Akbarning bu gaplari asosida maxsus qadag‘a* chiqarildi va qarorgohdagi o‘ng besh ming bek-u navkarlarning hammasiga o‘qib eshittirildi.
Shundan keyin Bayramxondan norozi bo‘lib yurganlar ham alamlarini ichlariga yutib, uning irodasiga bo‘ysunishga majbur bo‘ldilar.
Bu orada Odilshoh va Hemu Akbarning qo‘shinidan uch barobar katta lashkar bilan Dehli tomondan yaqinlashib kelib qoldi. Hemu fil jangiga juda mohir edi, uning mingdan ortiq harbiy fillari jangga kirganda yer larzaga kelardi.
Umrida ko‘rgan eng xatarli janggi endi bo‘lishini sezgan Akbar tong otmasdan uyg‘onib ketdi. Tahorat olib namoz o‘qidi, joynamoz ustida o‘ltirib Alloh-u taolodan najot so‘radi. So‘ng sandiqni sekin ochib, uning tubida ipak matoga avaylab o‘ralganicha turgan sehrli qilichni oldi. Sohibqiron Amir Temurning bu qilichini otasi Dehlida unga in’om qilganda aytgan so‘zlari qulog‘iga qayta eshitilib ketganday bo‘ldi. Akbar qilichni qinidan asta sug‘urib, olmos harflar bilan bitilgan «Rosti-rusti» degan yozuvini ixlos bilan o‘par ekan, ota-bobolari ruhiga doim sodiq ekanini, ular qurib ketgan ulug‘ davlatni saqlab qolish uchun jonini ham ayamasligini dil-dilidan his qildi.
G‘o‘s nog‘oralar tahdid solib gumburlay boshladi. Burg‘u deb ataladigan ovozi o‘tkir karnayning tahlikali chinqirig‘i ostida o‘ng besh ming qo‘shin, to‘rt yuz harbiy fil keng maydonda saflandi.
Oq ot mingan, zerhli kiyim kiygan Akbar beliga Sohibqiron bobosining qilichini taqib chiqdi. Bayramxon uzoqdan ko‘zga tashlanadigan chavkar otda. Akbar bilan ikkovi saflarni ko‘zdan kechirdilar. So‘ng barcha saflar yaxshi ko‘rinadigan balandlikda otlarini to‘xtatdilar.
— Qadrdon bek-u navkarlar! — deb Bayramxon baland, jarangdor tovush bilan saflarga murojaat qildi, she’r o‘qiganda bo‘ladigan bir jo‘shqinlik bilan so‘zlarni dona-dona talaffuz qilib so‘zlay boshladi: — Biz siz bilan ko‘p janglarni ko‘rganmiz. Bultur Sirhind yaqinida o‘zimizdan to‘rt barobar katta qo‘shinini yengib chiqqanmiz. Odilshoh bilan Hemuni yengilmas botirlar deb vahima qiluvchilar bor. Ammo men ularning ikkovini ham yaxshi bilurmen. Odilshohning asli oti Muborizxon. Men uni Sherxon dargohida asir bo‘lib yurganimda ko‘rganmen. Yuzi, qiliqlari menga chiyabo‘rini eslatardi. Keyingi qilgan ishlari uning chiyabo‘ridan ham battarroq ekanini ko‘rsatdi. Taxt Islomshohning o‘smir o‘g‘li Feruzshohniki edi. Lekin uning noinsof amakisi Muborizxon bu norasida yigitni bo‘g‘ib o‘ldirib, uning o‘rniga taxtga chiqdi. Yana uyalmasdan «Odilshoh» degan yangi nom oldi. Og‘zi qon bo‘ri beozor ohuning terisini yopinib, Odilshohga aylanganiga qarang!
Saflarda kulgu tovushlari eshitildi. Jangchilarning ruhi ko‘tarilayotganidan ilhomlangan Bayramxonning ovozi yanada kuchli jarangladi:
— Men Hemuni ham ko‘rganmen. Bu puldor odam ocharchilik paytida bozorlarda bor donlarni sotib olib omborga bosadi, pulga bug‘doy topilmay qoladi, qahatchilik boshlanadi. Ana shunda Hemu omborlaridagi donlarini o‘ng barobar ortiqcha narxda sotib, behisob boylik orttiradi. Bu boyliklar uni Odilshohday qotil bilan hamtovoq qiladi. Ming-ming odamlarni ochdan o‘ldirib qotillik bilan davron surayotgan bu ikkovi xudoning g‘azabiga munosib emasmi? Qani, sizlar, rajput jangchilari aytinglar-chi? — deb Bayramxon filbon La’l Chandga yuzlandi.
— Siz haqsiz, Janobi Xoni xonon! — dedi fil ustida o‘ltirgan La’l Chand. — Hemu menga yurtdosh bo‘lsa ham, bugun men unga qarshi jangga chiqmoqchimen. Uning Odilshohday nomard odamga xizmat qilishi bejiz emas. Bu noinsof savdogar tufayli boshlangan qahatchilikda ming-ming odamlar ochdan o‘lmoqda. Ana shu begunoh o‘lganlarning qarg‘ishi urgay Hemuni! Jannatmakon Humoyun podshoh hayotligida Panjob-u Dehlining aholisiga shimoldan don tashitib, yuz minglab odamlarni ochlik changalidan qutqargan edilar. Agar g‘alaba Akbarshohga nasib etsa, otalarining shu xayrli ishlarini davom ettirgaylar deb umid qilurmiz!
— Omin, shu umidingiz ro‘yobga chiqsin! — dedi Akbar.
Barcha saflardan:
— Omin Allohu akbar!
— ...Allohu akbar! — degan tovushlar ketma-ket gulduros solib yangradi.
Bayramxon bir vaqtlar Bobur Panipatda yaxshi tadbiq etgan to‘lg‘ama usulini ishlatmoqchi edi. Faqat Hemu Ibrohim Lodining o‘shandagi achchiq tajribasidan saboq olsa, yo‘lni boshqa yoqdan solib, yon tomonlardan o‘tishi mumkinligi uni xavotirlantirdi.
Yo‘q, umrining ko‘p qismi don savdosi bilan o‘tgan Hemu o‘tmishda bo‘lgan jang saboqlaridan mutlaqo bexabar ekan. U ham Ibrohim Lodiga o‘xshab qo‘shinini to‘g‘ridan boshlab keldi. O‘zi hammaga ko‘rinadigan tepalikda ulkan qora fil ustida o‘ltirib jangni boshqara boshladi. U Akbar va Bayramxon turgan tepalikni allaqachon mo‘ljalga olgan, eng zo‘r harbiy fillarini to‘lqin-to‘lqin qilib, ana shu tepalikka tomon jo‘nata boshladi. Akbarning nazarida, yov fillari yer tagidan qaynab chiqayotganga o‘xshar, qanchasi zambarak o‘qiga uchib, chuqur xandoqlarga qulab yiqilsa, undan ham ko‘prog‘i orqadan balo-qazoday bostirib kelardi.
Bayramxon bilan Akbarning endigi umidi to‘lg‘amaga ajratilgan chavandozlardan va La’l Chand boshliq bo‘lgan o‘z filbonlaridan edi. Akbar himoyasida turgan uch yuz zambarak va to‘rt yuz harbiy fil Hemu qo‘shinlarining shiddatli hujumini ancha vaqt to‘xtatib turdi. Shu fursatdan foydalangan uch ming chavandoz Aliqulixon O‘zbek boshchiligida Hemu qo‘shinining ikki qanotini aylanib o‘tdi. Bu qo‘shin safida Qilichxon Andijoniy, Chig‘atoyxon Toshkandiy, Iskandarxon Qipchoq, Abdullaxon Barlos kabi eng botir amir va navkarlar Hemu turgan tepalikni qo‘riqlayotgan askarlar safini orqa tomondan yorib o‘tdilar. Ularning orasida ellikta mergan bor edi. Shular Hemu turgan joyga yaqin borib, uning ustiga o‘q yog‘dirdilar. Bu o‘qlar Hemuni og‘ir yarador qildi. Uni behush ahvolda asir oldilar.
Buni narigi tepalikda turib ko‘rgan Odilshoh jon holatda qochishga tushdi. Sarkardalaridan ayrilgan qo‘shin to‘zg‘ib ketdi.
Bayramxon otini Akbarning otiga baqamti keltirib:
— G‘alaba muborak, amirzodam! — dedi-da, Shahzodani bag‘riga bosdi.
O‘sha kuni Aliqulixonga mo‘tabar xoni zamon unvoni berildi. Bayramxon esa barcha vazir-u umarolardan balandroq turadigan vakili saltanat martabasiga ko‘tarildi.
___________
* Ch i g‘ d o v u l — razvedkachi.
* X o s s a t o b i n — maxsus rezerv.
* Yo s o q — o‘lim jazosi.
* Q a d a g‘ a — murojaatnoma.
* * *
Hind vodiylaridan yil bo‘yi bahor yashilligi ketmagani kabi yil bo‘yi daraxtlar tagidan za’faron yaproqlar ham arimaydi. Barglar tabiat qonuni bo‘yicha yangilanib boradi, eskilari esa oy sayin sarg‘ayib asta-sekin to‘kilib turadi.
Qora kiygan azador Hamida begim Akbarning qo‘liga suyanib Humoyunning qabri tomon majolsiz yurib boradi. Hamal kirib, gulmohur daraxtlari yana barcha yaproqlarini birvarakay to‘kkan-u bargsiz shoxlari g‘uj-g‘uj qizil gullar bilan bezangan. Ammo boshi egik Hamida begimning ko‘zlari yuqoridagi gullarga emas, daraxt tagini bosgan xazonlarga tushadi. Dunyodagi eng suyukli kishisidan ayrilgani, o‘ttiz ikki yoshida beva qolgani uning butun vujudini sarg‘aygan xazonga aylantirib qo‘yganday tuyuladi. Qabr atrofidagi ko‘kalamzor maydon ham uning ko‘ziga qayg‘udan xazon bo‘lib qovjirab turganday ko‘rinadi. Bu qabrga tosh qo‘yishga ulgurganlari yo‘q. Faqat Humoyun o‘zi yoqtiradigan Xusrav Dehlaviy va Nizomiddin avliyo mozori yaqinidagi bag‘ri keng bir tekislikning atrofini o‘rab, ariq qazdirishgan, ko‘chatlar ektirishgan va bo‘lajak maqbara uchun joy hozirlashgan, xolos.
Bu judolik onasiga nechog‘li og‘ir tushishini Akbar bilardi. U Kobuldan kelayotgan onasini kutib olish uchun otda o‘n kun yo‘l yurib, Hind daryosining bo‘yigacha bordi. Kobul daryosi Hindga kelib quyiladigan Txatga atroflarida Hamida begimning daryodan o‘tishiga yordamlashadi. Poytaxt yana Agraga ko‘chgan bo‘lsa ham, Hamida begim Akbar bilan Dehlining Puran qal’asiga kelib tushdi.
Bayramxon Agradagi saroyda, Humoyunning devoniomi va xonayi xosida ish olib bormoqda. Agradagi Zarafshon va Hasht Bihisht bog‘lariga o‘xshash oromgohlar Dehlida hali yo‘q. Buning ustiga, Hamida begim Dehlining Puran qal’asida turganda ko‘zi nuqul kutubxona binosiga va uning ichidagi tosh zinalarga tushar, bu hammasi uning dil yaralarini tirnab yangilar edi. Shuning uchun Akbar onasini Agraga olib ketmoqchi bo‘ldi:
— Endi siz bu bexosiyat Puran qal’ada turmang, onajon.
Akbar taxtga chiqqandan beri Hamida begim uni «siz»lab gapirardi:
— Yo‘q, o‘g‘lim, otangizning qoni to‘kilgan tosh zinalar ham men uchun muqaddas, men bu yerdan hech qayoqqa ketmagaymen.
— Agra uzoq emas-ku, tez-tez kelib qabrlarini ziyorat qilib turgaymiz.
Hamida begim yig‘lab bosh chayqadi:
— Tirikliklarida birga yashagani qo‘ymadilar, nuqul bizni ayirdilar. Endi men otangizning qabrlaridan ayrilmagaymen. Mening abadiy makonim ham u kishining yonlarida bo‘lg‘ay. Bu dunyoda otangizni endi qayta ko‘rolmagaymen. Koshki men ham tezroq jon bersam-u narigi dunyoga borib, otangizni yana ko‘rsam!
Bu gaplardan Akbarning ham ko‘ngli buzilib, ko‘zlariga yosh keldi. Onasining musibatini yengillatadigan biron chora topmasa, undan ham ayrilib qolishi mumkinligini sezdi.
Intihosiz xotiralar ichidan Hamida bonu Akbarga otasining ma’naviy olamini ko‘rsatadigan eng yorqinlarini saralab hikoya qilib berardi. Tar sahrosi, Qandahor, Qazvin...
— Xudo rahmati Dehlida yetti oshiyonlik bino qurdirmoqchi edilar... Nasib qilmagan ekan...
— Onajon, o‘sha binoni biz qurdirsak-chi? Otamning xotiralariga munosib ulkan maqbara... yetti oshiyonlik binoday baland bo‘lsa.
Bu fikr Hamida bonuning musibat to‘la qalbiga taskin berishini Akbar sezdi. Uning kitoblari saqlanadigan sandig‘i ichida Samarqanddagi Amir Temur, Hirotdagi Gavharshod begim, G‘aznadagi Mahmud G‘aznaviy, Mashhaddagi Imom Rizo va boshqa eng mashhur maqbaralar tasviri to‘plangan muraqqas* bor edi. Akbar kitobdorga buyurib, shu muraqqasni toptirdi-yu, onasi bilan birga uni varaqlab ko‘rdi. Qo‘liga qog‘oz, qalam oldi. Musavvirlik va me’morlikdan xabari bor, Xo‘ja Abdusamaddan olgan saboqlari yodida. U Dehlidagi Mirzo Humoyun maqbarasini qanday tasavvur etishini onasiga chizib ko‘rsatdi. Bulutlar bilan bo‘ylashadigan muhtasham gumbaz. Yetti qavat uy balandligidagi peshtoqlar... Akbar chizgan rasm hali juda xom bo‘lsa ham, Hamida bonu uning jo‘shqin niyatini chiziqlar yordamida ko‘z oldiga keltira boshladi:
— Bino buncha ulkan bo‘lsa, atrofidagi bog‘i ham o‘ziga yarasha katta bo‘lgani durust. Ichkari, tashqi hovlilari, suv jildirab oqadigan ariqlari, qator turgan daraxtlari...
— Hammasi bo‘lg‘ay, onajon! Ertagayoq Dehlining eng mashhur me’mori mirzo Mirakni huzuringizga taklif etgaymiz.
Akbar onasini g‘am-g‘ussadan alahsitadigan shunday katta ish topilganidan mamnun edi. Ertasi kuni ona-bola o‘ltirgan qabulxonaga mirzo Mirak ta’zim qilib kirdi. Alg‘ov-dalg‘ov zamonlarda qurilishlar taqqa to‘xtagani uchun qo‘lyozmalar ko‘chirib, hattotlik qilib kun ko‘radigan mirzo Mirak ko‘p o‘ltirib ishlashdan yelkalari bukchayib qolgan qirq besh yoshlardagi kishi edi.
— Hazrat begim, amirzodam, tangrim meni shunday kunga yetkazgani uchun shukronalar ayturmen! Bu yaxshi niyatlaringiz meni tole mujdasidek shod qildi!
Me’mor Akbar chizgan xomaki suratga ko‘z tashlar ekan:
— Tasanno, amirzodam! — dedi. — Faqat ijozat bo‘lsa bitta mulohazamni aytsam...
— Marhamat, mavlono.
— Bu rasmda siz maqbara devorini to‘g‘ri yer yuzasidan ko‘taribsiz. Samarqand-u Hirotda shunday qilish mumkin. Chunki u yoqlarda yer osti suvlari uncha yaqin emas. Amir Temur dahmasi ham yer ostiga qurilgan. Ammo Dehlida yomg‘irlar ko‘p bo‘lgay, yer osti suvlari yuqori ko‘tarilib, dahmaga kirmasin uchun, uni balandroq joyga o‘rnatmoq darkor. O‘shanda maqbara sahni yerdan besh-olti gaz baland turgay.
— Demak, maqbara bundan ham yuksakroq ko‘tarilgay, shundoqmi? — so‘radi begim.
— Ayni shunday.
— Qancha baland bo‘lsa shuncha yaxshi, — dedi Akbar. — Dehlining eng ulug‘ obidasi shu bo‘lmog‘i kerak!
— Ammo xarajati ham shunga yarasha behad ulkan bo‘lg‘ay, amirzodam, — dedi me’mor. Butun davlat ishlari, shu jumladan, xazinaning ixtiyori ham Bayramxonda ekanini u yaxshi bilardi: — Otaliq janoblarining bu rejadan xabarlari bormi?
Akbar yalt etib onasiga qaradi, Bayramxon hamma ishda o‘ta talabchan bo‘lgani kabi, sarf-u xarajatlarni ham qattiq tergab turar, hatto, Akbar va Hamida bonuning kundalik sarflari uchun ketadigan mablag‘ ham xonboboning imzosi bo‘lmasa berilmas edi. Akbar Panipatda hammani, hatto, o‘zini ham otalig‘ining irodasiga bo‘ysundirgandan beri hanuz o‘sha yakka hokimlik davom etmoqda edi. Jome masjidlarida har juma kuni Akbarning nomi xutbaga qo‘shib o‘qilsa ham, aslida, oliy hukmron Bayramxon edi.
— Janob me’mor, siz avval maqbaraning tarhini chizing, — dedi Akbar. — Uni qurish uchun taxminan qancha mablag‘, qancha korgar-u hunarpesha kerakligini bizga yozib bering.
— Bosh ustiga, amirzodam! Ammo hisob-kitob ishlari uchun maxsus odam yollamasam, o‘zim uddalay olmasmen. Xomaki tarhini chizish uchun ham ko‘p vaqt ketgay.
Akbar me’morning ozg‘in yuzi va eskirgan kiyimlariga qarab, uning o‘zi ham yordamga muhtoj ekanini sezdi. Ichkari xonaga kirib, o‘zining shaxsiy xarajatlari uchun xazinadan olgan bir hamyon oltinni olib chiqdi-da, me’morga choshna* tarzida berdi.
____________
* M u r a q q a s — albom.
* Ch o sh n a — avans.
* * *
Oradan ancha vaqt o‘tib, bo‘lajak maqbaraning sarf-u xarajatiga oid hisob-kitob tayyor bo‘lganda Bayramxon o‘zi Agradan Dehliga kelib qoldi.
Uning soqol-mo‘ylovi silliq tarashlangan, yoshi ellik yettida bo‘lsa ham yigitlarday bashang kiyingan, kayfiyati yaxshi edi. Bayramxon burnog‘i yili Mevar hokimi Jamolxon degan amirning o‘n yetti yoshli qiziga uylangan, yaqinda bu yosh xotindan o‘g‘il ko‘rgan, unga Abdurahim deb ism qo‘ygan edi.
Akbar bilan Hamida bonu xonboboni Puran qal’aning mehmonxonasida kutib olib, oldiga dasturxon yozdilar.
Humoyunning yil oshisini berganlaridan so‘ng Hamida begim qora kiyimlarini tashlagan, hozir havorang qabo kiyib, boshiga ko‘k hoshiyali oq qasaba ro‘mol o‘ragan edi.
— O‘g‘il ko‘ribsiz, janobi otaliq, — dedi Hamida begim. — Muborak bo‘lsin!
— Qulluq, hazrat begim. Bizga ne xizmatlar bor? Bilgali keldim.
— Biz amirzodam ikkalamiz hazratimning maqbarasi uchun tarh chizdirgan edik. Me’mor mirzo Mirak hozir qabulxonada. Siz ham bir ko‘rsangiz.
— Bajonidil.
Mirzo Mirak Bayramxonga alohida, Akbar bilan Hamida begimga alohida ta’zim bajo keltirgach, jildga solingan loyihani miz ustiga qo‘yib ochdi.
Rangli qilib ishlangan maqbara tarhi bir qarashda Bayramxonga ham yoqdi.
— Hazratimning ulug‘ xotiralariga munosib! — dedi u. Biroq me’mordan sarf-u xarajati qanaqa bo‘lishini so‘rab bilgan sari qoshi chimirilib, avzoyi o‘zgara boshladi: — Janob me’mor, bu binoga davlatimizning bir yillik daromadi ham yetmagay-ku! Xazinada bor mablag‘ni qurilishga sarf qilsak, o‘ttiz ming qo‘shinga maoshni qayoqdan to‘lagaymiz? Qurol-yarog‘ni qaysi pulga olgaymiz?
— Otaliq janoblari, — dedi Hamida begim, — bu qurilish bir yilda bitmagay... Balki mening qolgan umrim shunga sarf bo‘lgay. Har yilgi davlat daromadlaridan bir qismini ajratsangiz bas...
Bayramxon begimning musibatli yuziga nazar tashladi-yu, sal yumshadi:
— Xo‘p, men rozi! — dedi. — Hozircha loyiha ishlari uchun mablag‘ topib bergaymen. Qurilishning o‘zi uchun kelgusi yili daromadlardan bir qismini ajratgaymiz.
* * *
Hamida begim hayotining eng katta muammosi bo‘lib turgan maqbara qurilishiga Bayramxonning roziligini olganidan mamnun va muloyim bo‘lib qoldi. Bayramxon mana shu paytdan foydalanib, dilidagi nozik gaplarni unga aytishga chog‘landi. Ammo yosh yigit Akbarning oldida siri ochilishidan iymanganday taraddudga tushdi.
— Hazrat begim, — deb u o‘ng‘aysizlanib gap boshladi, — ko‘ngil odamni ne ko‘ylarga solishini boshqalar bilmasa ham siz yaxshi bilursiz. Yoshlikdagi bir dard menga umr bo‘yi azob berib yurganidan Humoyun hazratlari xabardor edilar. Dilimdagi armonni bilganlaridan so‘ng, «eski xatoni, albatta, tuzatgaymiz, agar Hindni xudo qayta nasib etsa, bizga qarindosh bo‘lgaysiz», degan edilar...
Akbar xonbobosini hech qachon hozirgiday o‘ng‘aysiz va uyatchan qiyofada ko‘rmagan edi. Uning soqol-mo‘yloviga va o‘siq qoshlariga tushgan oq tolalar ilgari o‘z yoshiga yarashgan kabi salobatli ko‘rinardi. Bugun Akbar uning soqol-mo‘ylovi yigitlarnikiday qop-qora ekanini ko‘rib taajjubga tushdi. Uning Hamida begimga aytayotgan gaplari ham g‘alati edi.
Lekin ko‘p nozik sirlardan xabardor Hamida begim Bayramxonning nima demoqchiligini darhol fahmladi-yu, dili alg‘ov-dalg‘ov bo‘la boshladi. Bayramxon podshoh oilasiga qanday qilib qarindosh bo‘lmoqchiligi unga ma’lum...
Humoyunning jiyani Salima sulton begim bo‘y yetib qolgan, ota-onasi o‘lib ketgandan beri Hamida begim uni ona o‘rnida tarbiyalab o‘stirgan. Bugun Bayramxon Dehlining Puran qal’asiga kelganda o‘n besh yoshli Salima begimni uzoqdan ko‘rib, yuragi «jig‘» etib ketdi. Chunki Salima ulg‘aygan sari onasi Gulrang begimga ikki tomchi suvday o‘xshaydigan go‘zal qiz bo‘lib bormoqda edi. Bayramxon yigit paytida Gulrang begimni qattiq sevganligi, qiz ham unga moyil bo‘lganligi, lekin taqdirlari qo‘shilmay, ikkovi ham dog‘da qolganlari Hamida begimga ma’lum edi. Qandahorda Xonzoda begim Bayramxonning Humoyunga qilgan yaxshiliklaridan behad mamnun bo‘lgan paytlarida: «Yana bitta qizim bo‘lsa Bayramxonni o‘zim kuyov qilar edim!» degan so‘zlari ham begimning yodida qolgan.
Keyinchalik Bayramxon Kobulda Salima begimni onasiga juda o‘xshab qolgan paytida ko‘rdi-yu, yuragida hali so‘nmagan o‘sha yoshlik mehri qayta alanga olganday bo‘ldi.
O‘rta bog‘da Akbar bilan kelin-kuyov o‘ynab o‘sgan Salima hazrat tog‘asining eng ishongan do‘sti Bayramxondan ko‘pda tortinmas edi. Bayramxonning katta xotinidan tug‘ilgan o‘g‘illari uylangan, o‘zining o‘siq soqol-mo‘yloviga oq tushgan. Shuning uchun Salima ham uni Akbarga o‘xshab: «Xonbobo», deb atar edi. Bayramxon Salimani O‘rta Bog‘dagi shiyponda o‘n uch yoshida bir uchratdi-yu, gapga soldi. Gulrang begimga atab yozgan she’rlaridan Salimaga o‘qib berdi:
Do'stlaringiz bilan baham: |