Navbahor o‘lsa bahorimni mening yod aylang,
Sarvqad lola-yu zorimni mening yod aylang.
— Bo‘laturg‘anga o‘xshaydir, — deb yengil so‘lish oldi. Ko‘ziga mil tortganlarida borliq dunyo xayolida qonli kafan tusini olgani yodidan hech chiqmas edi. Shuni ham g‘azal satrlariga joylagisi keldida, yana bir kun xayolida she’r bitgach, munshini chaqirdi: — Yozing!
Lolaning jismida qonlig‘ kafanin ko‘rganda,
Kafan-u jismi figorimni* mening yod aylang.
she’r yaxshi chiqayotganidan uning ko‘ngli ko‘tarildi. Chuchuk begimga atab bitilgan g‘azalga yangidan ikki satr qo‘shdi:
O‘lmayin vahki o‘luvdan battar ahvolim bor,
Tutib ilkimni vasl sori rohbar bo‘l.
Bu satrlarni erining og‘zidan eshitgan Chuchuk begim:
— Bajonidil ilkingizdan tutay, — dedi. — Qani, qayonga bormoqchisiz, mirzam?
— Gunohlarim ko‘p, Chuchuk. Qanchalik yomon xatolar qilganimni endi fahmlamoqdamen. Makkai Madinaga borib, bu gunohlardan poklanmaguncha ko‘nglim tinchimagay.
— Ka’ba juda uzoq. Kobulga borib, hazrat otangizning qabrlarini ziyorat qilsak-chi?
Komron o‘ylanib turdi-da:
— Mayli, avval Kobulga boraylik, — dedi.
U egarda yurganda otini xizmatkori yetaklab borardi. Komron Chuchuk begim bilan Kobulga kelib, Bog‘i Navro‘ziyga tushdi. Ertasi kuni katta o‘g‘li Ibrohim mirzo bilan otlanib, otalarining qabri turgan tepalikka chiqib bordi. Buni eshitgan Humoyun Akbar bilan tepalikning ikkinchi tomonidan ko‘tarilib keldi.
Komron otdan tushgach, o‘g‘lining yelkasiga o‘ng qo‘lini qo‘yib, turtinib bora boshladi.
Humoyun bir vaqtlar mag‘rur va salobatli yigit bo‘lgan inisining yetakchiga ergashib, oyog‘i bilan yerni paypaslab, ifodasiz yuz bilan borayotganini ko‘rganda birdan ko‘ngli buzildi. Bo‘g‘ziga tiqilib kelgan tugunni ichiga yutib, sekin uning ketidan maqbaraga kirdi.
Komron otasining qabr toshidagi yozuvlarni qo‘li bilan paypaslab topdi.
— Hazrat otajon, ruhinizdan madad istab keldim!— deb pichirladi. — Hindol bilan Askariy men tufayli juvonmarg bo‘ldi, bunday og‘ir gunohni ne tavr ko‘taray? Endi ruhimni poklash uchun hajga ketishdan boshqa ilojim yo‘q. Qaytib kelolmasam, alvido, otajonim!
Humoyun ko‘z yoshini to‘xtatolmadi, Akbar otasining yig‘laganini endi ko‘rdi. Ibrohim maqbara chetida qimirlamay turibdi. O‘smir yoshiga yetgan bu ikki yigitcha bolalikda naqora talashib olishganlari otalarining ayovsiz kurashlari oldida bir o‘yinchoq ekanini endi bilishar va damlarini ichlariga olib jim turishardi.
Humoyun ko‘z yoshini ichiga yutib, tomoq qirdi. Maqbarada o‘g‘lidan boshqa yana kimdir borligini Komron endi payqadi.
— Kim bor?
Humoyun ko‘z yoshini kafti bilan tez artdi-da, bo‘g‘iq tovushi bilan:
— Men... sizni shu ko‘yga solgan berahm og‘angiz, — dedi.
Komron uni «og‘a» degisi kelmadi.
— Siz men uchun endi faqat shohsiz.
— Ha, shohlik o‘zi — shafqatsizlikdir. Ahli jahon shunday berahm bo‘lsa, biz ne qilaylik?
— Men endi bu jahonni tark etmoqchimen.
— Hali ham men sizni inim deyman, Komron. Askariy haj yo‘lida vafot etgani yetar. Endi siz Kobulda qoling. Mana shu maqbara ham siz-u biz-ning sajdagohimizdir. Hazrat otamning ruhini shod etadigan ash’orlar yaratishga qodirsiz.
Komron bosh chayqadi:
— Men ketmog‘im kerak. Rozi bo‘ling!..
— Nachora? Men sizdan rozimen. Endi... mendan ham rozi bo‘ling, inim.
— Men rozimen. Xayr!
Oradan uch kun o‘tgach, Komron Chuchuk begim bilan uzoq Arabistonga jo‘nadi.
______________
* F i g o r — afgor, ya’ni abgor va majruh ma’nosida.
Do'stlaringiz bilan baham: |