Humoyun va akbar



Download 1,25 Mb.
bet13/36
Sana22.04.2022
Hajmi1,25 Mb.
#572068
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   36
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com

Dar oyina garchi xudnamoyi boshad
Payvasta zi xiyshtan judoyi boshad.
Xudro bamisoli g‘ayr didan ajibast
Intavr ajibi ham kori Xudoyi boshad*.

Boya Komron o‘z atrofidagi xushomadgo‘ylarini «bular mening oynam» deb aytgani bejiz emas edi. Bu «oyna» Komronni o‘zi istaganday o‘zgartirib, faqat ko‘rkam, jozibador tomonidan ko‘rsatishga o‘rgangan edi. Atrofidagilar siyratni suratdan ayirib olib, Kom­ronni o‘zi to‘g‘risidagi haqiqatdan butunlay judo qi­lishga intilishardi. Ana shundagina Komron to‘liq ularniki bo‘lardi. Ular Komronni Humoyunga qarshi qo‘yishdan manfaatdor edilar. Chunki Bopusxon vaziri a’zamlik unvoniga, Said Xalil diniy peshvolik lavozimiga, Qorachaxon Kobul hokimligiga aka-ukani urushtirib yurib erishgan edilar. Hozir ularnnig har birida xushhavo bog‘-rog‘lar, eng yaxshi jogirlar, eng katta boyliklar, imtiyozlar bor edi. Agar Humoyun Kobulga qaytib kelsa, Komron taxtdan tushadi-yu, Bopusxon va Qorachaxonlar barcha martaba-yu imtiyozlaridan mahrum bo‘ladilar. Humoyunning Bayram­xonga o‘xshagan o‘z yaqinlari bor, ular Said Xalilga ham kun bermasligi aniq. Komron-ku Boburning o‘g‘li sifatida yana biron martabaga eri­shar, ammo hozir uning atrofida turganlar Humoyun qaytsa hozirgi davr-u davronlaridan butunlay mahrum bo‘lishlari aniq. Shuning uchun Komronning o‘zidan ham ko‘ra uning atrofidagi a’yonlar aka-uka orasidagi ixtilofni iloji boricha avj oldirishdan manfaatdor edilar. Xonzoda begim qalbiga quyulib kelgan bu alamli o‘ylarni Komronga qanday aytishni bilmay bo‘g‘ilib gapirdi:


— Hazratim, siz o‘z og‘angiz bilan bunchalik adovatga borishingizdan faqat yovuz odamlar suyunurlar. Ammo mening dilimda og‘a-ini adovati et bilan tirnoqni ajratgandagi kabi og‘riq qo‘zg‘aydir. Sizning otameros she’riy iste’dodingiz bunday adovatga zinhor xizmat qilmasligi kerak. Xudo xohlasa, siz hali Humoyun bilan yarashursiz. O‘shanda bu masnaviylar tilga olinsa xotiringizga qanchalik malol ke­lishini bir o‘ylang!
Oq ot ustida turgan Komron bir lahza jim qoldi. Shu topda Komron Xonzoda begimning ko‘ziga otasidek savlatli va xushbichim ko‘rindi. O‘zi ham kuchga to‘lgan o‘tiz besh yoshli yigit, hamon chap qo‘lida ko‘tarib turgan kattagina o‘g‘lining og‘irligini go‘yo sezmaydi...
— Siz malolni aytasiz, begim, ammo hozir mirzo Askariyning hayoti xavf ostida, uni kim qutqargay? — dedi Komron.
— Agar biz qo‘yib bersak, Mirzo Humoyun qizilboshlarni Kobulga ham boshlab kelgay, — deb qo‘shimcha qildi Qorachaxon.
Said Xalil yoqasini ushlab:
— Yo alhazar! — dedi. — Kobulni ham shia mazhabiga o‘tkazmoqchi bo‘lib qirg‘in boshlasalar... adovatni ana o‘shanda ko‘ring!
Xonzoda begim yana Komronga murojaat qildi.
— Hazratim, bu vahimalarga ishonmang! Humoyun bunchalikka bormagay!
— Hazrat begim, siz bizga ishonmasangiz, balki Qandahorga borib voqeani o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rib kelursiz? — dedi to‘satdan Komron.
Xonzoda begim, «hozir juda pishib qolganmen, uzoq safarga yaramagaymen», deb, o‘zini birpas qaytardi. Ammo Komronni o‘zining haqligiga hech ishontira olmagandan so‘ng to‘satdan:
— Mayli, men Qandahorga boray! — dedi. — Agar mirzo Askariyning hayoti xavf ostida bo‘lsa, men unga shafo’ bo‘lay. Agar Askariyni qutqarsak, siz Humoyun bilan yarashgaymisiz, hazratim?
Bopusxon ham, Said Xalil va Qorachaxon ham Komronga: «Yarashish xatarli!» deganday bezovta bo‘lib qarashdi.
— Mirzo Humoyun shialar xizmatiga o‘tib, juda katta gunoh qildilar, — dedi Said Xalil. — Shu gunohlarini yuvmaguncha hazratimning yarashmoq­lari choryori bosafolar ruhiga munosib ish bo‘lmagay.
Komronga bu gap qo‘l keldi. U salmoqlab, vazmin gapirdi:
— Og‘amizning yana bir katta gunohi — hazrat otamizdan meros qolgan Hinddagi ulkan davlatni boy berganligidir. Sherxon olamdan o‘tibdir. Endi mirzo Humoyun Hindistonga qaytib, o‘sha davlatni tiklasin, shialar bilan orani uzib, poklansin. Ana undan so‘ng, biz u bilan yarashsak arzigay!
Gap shu bilan tugadi-yu, otliqlar arkka qarab ketishdi. Badqovoq amakilar uzoqlashgandan so‘ng Akbar bilan ikki ko‘kaldosh ularning g‘alvasini unutishdi-yu, chiroyli naqorani navbatma-navbat chalib o‘ynay boshlashdi. Ammo Xonzoda begim Komronni o‘rab olgan dog‘uli odamlarni xayolidan uzoqlashtirolmay qiynalardi. Nimasidir Boburga o‘x­shaydigan ko‘hlik yigit, haroratli she’rlar bitadigan sohib iste’dod odamning shunday qallob muhitga tushib qolgani begim uchun katta baxtsizlikday tuyulardi. Ko‘pni ko‘rgan Xonzoda begim nazarida Komron oqni qora qilib ko‘rsata oladigan riyokorlar muhitiga go‘yo hukmfarmo, atrofidagilarga so‘zini o‘tkazadigan tojdor. Ammo atrofidagi riyokorlar zohiran unga bo‘ysunsalar ham, botinan uni o‘zlarining maqtovlariga asir, xushomadlariga mute qilib olganla­rini Komron sezmaydi. Shuni o‘ylaganda Xonzoda begimning unga hatto rahmi keldi. Faqat Askariyni emas, hali Komronning o‘zini hm bu asoratdan kimdir qutqarmasa, butun umri va otameros iste’dodi hayf ketadi. Komronni haqiqat yo‘liga qaytarish Xonzoda begimning qo‘lidan kelmasligi bugun yana bir bor bilindi. Bu ish, ehtimol, Humoyunning qo‘lidan kelar. Xonzoda begim shuning uchun ham Qandahorga bo­rishi va og‘a-inini bir amallab yarashtirishi kerak...

______________


* Tarjimasi: Garchi oynada o‘zingni ko‘rursen
Vale ul ko‘rganing o‘zing emassen.
(ya’ni, surat bilan siyrat orasida farq, judolik bor)
O‘zingni o‘zganing o‘rnida ko‘rish ajibdir
Ammo bu ajiblik ham Xudoning ishidir.
* * *

Baland tog‘lar orasidagi salqin Kobuldan Qandahorning jazirama issiqlariga kirib borgan Xon­zoda begim birinchi kun ko‘p behalovat bo‘ldi. Xayriyatki, Humoyunning qarorgohi shahardan tash­qaridagi sersuv bog‘ot joyda ekan. Humoyun ammasini boshiga ko‘targuday e’zozlab, ayvoni salqin sharsharaga qaragan eng xushhavo uyni unga bo‘shattirib berdi. Hamida bonu ham o‘g‘li Akbarning xabarini olib kelgan kayvonining atrofida girdikapalak bo‘lib, mehmondorchiliklar qildi.


Ularning ko‘rishmaganlariga besh yil bo‘lgan edi. Bu orada Xonzoda begimning oxirgi tishlari ham tushib ketgan, hozir milki bilan ovqat chaynaydigan bo‘lib qolgan. Hamida bonu ham ilgarigiday emas — yuzida qandaydir bemorlik va mahzunlik alomati bor, shu besh yilda o‘n-o‘n besh yosh ulg‘ayganday ko‘ri­nadi.
— Har qalay, sizlarni birga ko‘rganim uchun tang­rimga shukronalar ayturmen, — dedi Xonzoda begim.— Hamida bonu, ho‘, Jamna bo‘yida siz chavgon o‘ynab yurgan kezlarda qilgan orzularimiz yodi­n­gizdami? Shu orzuyimga ham Xudo yetkazdi, o‘g‘il­chalaring Akbarjonni bag‘rimga bosib erkalatish menga nasib bo‘ldi.
Hamida kurash tushadigan, naqora chaladigan bo‘lib qolgan o‘g‘ilchasi haqidagi hikoyadan ham quvonib, ham yuragi ezilib ko‘ziga yosh oldi. Hu­moyun esa o‘g‘lining qanday g‘olib chiqqanini eshitib xandon urib kuldi:
— Yaxshilik alomati bu. Demak, Komron ham yengilgay!
— Humoyunjon, — dedi Xonzoda begim iltimoskorona tovush bilan. — Ma’sum bolalarning kurashi bezarar. Ammo toj-u taxtli og‘a-inilarnnig adovati qanchalik baxtsizliklar keltirishini o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Endi Komron bilan olishishni emas, yarashishni o‘ylang, jonim bolam!
Komron qilgan yomonliklar Humoyunning esiga tushdi-yu, butun dard-u alamlari birdan yangilandi.
— Ammajon, og‘a-ini adovati haqida mashhur «Yusuf-Zulayho» afsonasi bor. Lekin o‘sha afsonadagi Yusufga o‘gay og‘alari qilgan yomonliklar ham mening o‘z inilarimdan ko‘rayotgan jabr-u jafolarim olida bir halvo, xolos! Inimiz Kobulga qanoat qilmay, Panjobni mendan tortib olgani, Sherxon bilan olishganimda nuqul poyimga bolta urgani, Qandahorda beshikdagi bolamizni chirqiratib, bizni begona yurtga quvgani, Qazvinga josuslarni yuborib fitna qo‘zg‘at­gani!.. Qaysi birini aytayki, yuz o‘limlardan qolib, Qandahorga qaytib kelsak, Akbar yana yo‘q! Eng razil qaroqchilarday bolani o‘g‘rincha olib ketibdir! Endi uni garovda tutib, bizga tahdidlar qilishi qaysi darvozaga sig‘gay?! Agar o‘gay inilar boshimizga shunday og‘ir kunlarni solmasa edi, hozir ikkinchi o‘g‘ilchamiz ham olti oylik bo‘lar edi! Qizilboshlar bilan hamkorlik qilish, Qandahorni qaytib olish qurbonsiz bo‘lgan emas, ammajon!
Hamida bonu harbiy yurish paytida sovuq izg‘irinlarda Seyiston yo‘lida bevaqt tug‘ilgan va ikki kungina yashab qazo qilgan keyingi o‘g‘ilchasini eslab piq-piq yig‘lay boshladi. Unga hatto ot qo‘yishga ham ulgurmadilar... Shundan beri Hamidaning o‘zi ham kasalmand bo‘lib qoldi, bir vaqtlar chavgon o‘ynab yurgandagi sog‘ligi endi yo‘q.
Humoyun ham qirq yoshga kirmasdan soqol-mo‘yloviga oq tushgan, yuzlari uyqusizlikdan qotgan, ko‘zlari ichiga o‘pirilib tushgan.
— o‘ng ikki ming qizilbosh qo‘shini bir yildan beri yonimda xuddi uchqun tushsa portlaydigan borut omboriga o‘xshab yuribdir, — deb u so‘zida davom etdi. — Men ham Sherxonga o‘xshab portlab ketmayin deb kecha-yu kunduz ming ehtiyot bilan ish olib bormoqdamen.
— Ne bo‘lsa ham, qizilboshlarni Kobulga boshlab bora ko‘rmang, Humoyunjon. Otangiz bularni Sa­marqandga boshlab borganidan umr bo‘yi armon qilib yurganini unutmang.
— Jannatmakon otam menga o‘z umrlarini baxsh etgan edilar. Endi bilsam, umrlariga qo‘shib, o‘z qismatlarini ham bergan ekanlar! O‘sha mag‘lubiyatlar, o‘sha quvg‘inlar, o‘sha sargardonliklar mening bo­shim­ga ham tushdi! Koshki o‘g‘limiz Akbarga bu jabr-u jafolar daxl qilmasa! Yo‘q, mening og‘ir qismatimga bugun murg‘ak o‘g‘limiz ham sherik! Mening boshimga tushgan balolar Akbarning joniga ham tahdid solmoqda.
— Bunchalik kuyunmang, Humoyunjon! Hazrat otangizning ulug‘ qismatlari bor! Inim Bobur ulkan zafarlarga ham muyassar bo‘lgan edilar! Hali siz ham, o‘g‘lingiz Akbarjon ham hazrat otangiz kabi katta yuksakliklarga ko‘tarilursiz!
— Shoyad shunday bo‘lsa! Ammo meni hozir qizilboshlar tashvishga solmoqda. Men ularni Qanda­hordan to‘g‘ri Qazvinga qaytarib yuborish harakatidamen. Bu esa juda mushkul. Aksiga olib, falokat yuz berdi. Shoh o‘zining to‘qqiz yashar o‘g‘li Murodni Qandahorga hokim tayinlagan edi. Bolani ehtiyot qilib asrash uning atkasi Budagxonga topshirilgan edi. Budagxon jahli tez, dag‘al muomalali odam ekan, yana shia-sunniy janjallari boshlandi. Shuning ustiga qal’ada vabo tarqaldi. Shahzoda vaboga uchrab to‘satdan vafot etdi. Xayriyat, biz shahardan tashqarida alohida qarorgohda turibmiz. Bo‘lmasa bizga ham vabo yuqishi mumkin edi, shahzodaning o‘limida ham bizni ayblamoqlari mumkin edi.
Humoyun vaziyat murakkabligini, shohga voqeani chappa qilib yetkazuvchilar borligini hisobga oldi-yu, unga ta’ziya bildirib xat yozdi, voqeaning butun tafsilotlari bayon qilingan iliq, do‘stona maktubdan tashqari Askariyning xazinasidan musodara qilingan oltin-kumushlarni uch tuyaga orttirib, boshqa sovg‘a­larni ham yoniga qo‘shib, bir karvon yuk qildi. So‘ng hammasini Bayramxon va uning yuztacha qo‘riqchi yigitiga topshirdi-da, darhol Qazvinga yubordi. Bir karvonga yuk bo‘lgan sovg‘alar va oltin-kumushlar Humo­yunning ukasi Askariy uchun to‘lagan tovoni, ayni vaqtda, shoh bergan qarzlarning ortig‘i bilan qaytarilishi edi. Bundan mamnun bo‘lgan shoh Tahmasp Askariyni Humoyunning ixtiyorida qoldirishga rozi bo‘ldi. Shahzoda Murodning o‘limi uchun butun javobgarlik Budagxonning zimmasiga tushdi. Budag­xon o‘ziga topshirilgan ishning uddasidan chiqa olmagani uchun Qandahor hokimligidan bekor qilindi.
Shu fursatdan foydalangan Humoyun shoh Tah­masp ham yoqtiradigan, shia-sunniy nizolariga bo‘y bermaydigan Bayramxonni Qandahorga hokim qilib tayinladi. Bayramxon yana Qazvinga borib, shoh Tahmaspning bu qarorga roziligini olib kelgan kuni Humoyun uni ammasining oldiga boshlab kirdi:
— Poyqadamingiz yaxshi keldi, hazrat amma! Bayramxon shunday mushkul vazifalarni qoyil qilib uddalagani uchun, unga dargohimizning eng yuksak martabasi — xoni zamon unvonini berdik.
— Qulluq bo‘lsin! — deb Xonzoda begim Bayramxonni o‘rnidan turib muborakbod qildi. Bu shoir yigit yigirma besh yasharlik paytlarida Bobur mirzoning o‘rtancha qizi Gulrang begimga oshiq bo‘lib yurgani kayvonining esiga tushdi. Hozir Bayramxon basavlat o‘rta yashar odam bo‘lsa ham, Xonzoda begim uni yigit o‘rnida ko‘rib dedi: — Ilohim, umringiz uzoq bo‘lsin! Humoyunga qilayotgan hamma yaxshiliklaringizdan xabarim bor. Agar yana bitta qizim bo‘lsa, sizni jon deb kuyov qilur edim!
Bu gaplardan hamma bir kulib oldi. Kulayotganlar orasida Xonzoda begimni ko‘rishga kelgan Saltanat begim ham bor edi. «Qizilboshlar Askariyning haramini benomus qilganmish», degan ovozlar haqiqatan uydirma gap bo‘lib chiqdi. Humoyun Askariyning xotini Saltanat begimni, boshqa ayollar va bolalarni o‘z himoyasiga olgan, qarorgohda ularga alohida chodirlar tikdirib bergan edi. Ammo Askariyning o‘zini Budagxon asir qilib qazvinga yubormoqchi bo‘lgani rost edi. Humoyun uni kafillikka olgan, qo‘shin orasidagi alohida o‘tovda atrofiga soqchilar qo‘yib hibsda saqlamoqda edi. Bugun ertalab Xon­zoda begim o‘zi uni borib ko‘rdi.
Belida na qilichi, na kamari va na belbog‘i bor, soqol-mo‘ylovi o‘sib ketgan, yuzi siniqqan Askariy lablari pir-pir uchib:
— O‘zimdan o‘tgan, amma, — dedi. — Endi... og‘alarimizga ayting, adovatni bas qilsinlir. Shu ikki og‘a yarashsa biz ham tinchir edik.
Hozir Bayramxon keltirgan xushxabarlardan Hu­mo­yunning dili yayrab turgan paytda Xonzoda begim unga mehri tovlanib qaradi-da:
— Hazratim, — dedi, — xudo rahmati otangiz sizga atab yozgan maktublarida bitgan edilarki, «ulug‘lar ko‘tarimlik bo‘lg‘ay». Siz katta og‘asiz, ulug‘siz. Komrondan o‘tgan bo‘lsa kechiring. O‘g‘lingiz Akbar ham xavf-xatardan qutulsin.
— Og‘a-ini adovati o‘zimning ham jonimga tekkan, — dedi Humoyun. — Nahotki to‘rt og‘ayni bir dasturxon atrofiga yig‘ilib o‘tirolmasak? Men qachonlardan berli hazrat otamning qabriga ziyoratga borganim yo‘q. Bir marta uchala inimni maqbaralariga boshlab borsam, «mana, otajon, to‘rt «ko‘z tugal», deb, otamning ulug‘ ruhini shod etsam, deb, shuncha orzu qilurmen. Komron hech bo‘y bermaydir. Axir u ham shu otaning farzandi-ku. Bir marta menga isho­nib, Kobul darvozasini jangsiz ochsin. Hindol bilan Askariy hozir yonimda, birga olib boray. Komron ham yonimga kirib, ko‘mak bersin. Hindga qaytib, otamning ulug‘ davlatini tiklaylik. Ana undan keyin Kobul ham, Qandahor ham — hammasi yana Komronning ixtiyoriga o‘tgay.
Yurak qa’ridan chiqqan bu so‘zlar Xonzoda begimga shunday ta’sir qildiki, ko‘ziga yosh olib:
— Murodingizga yeting, Humoyunjon, muruvvatli qalbingiz bor! — dedi. — Men borib hamma gaplaringizni Komronga aytgaymen! Yakkama-yakka o‘ltirib so‘zlashurmen!
Xonzoda begim tezroq Kobulga qaytib, bu yangiliklarni Komronga yetkazmoqchi va uni insofga chaqirmoqchi edi. Biroq ruhini ko‘tarib, vujudini hayajonga solayotgan bu murakkab vazifalar uning yuragiga katta yuk bo‘lib tushmoqda edi, gohi-gohida nafas olishi og‘irlashib, o‘pkasi g‘ijillab qolar edi. Humoyun ammasini o‘zining xos hakimiga ko‘rsatgan edi:
— Hazrat begim, sizga orom kerak, hozir uzoq safarga chiqmaganingiz ma’qul, — dedi.
Humoyun ham ammasini olib qolmoqchi bo‘ldi. Lekin Xonzoda begim ko‘nmadi.
— Salqin Kobulga yetsam yaxshi bo‘lib ketgaymen, og‘a-inini men yarashtirmasam, xonadonimizda buni qiladigan boshqa kayvoni yo‘q, — deb turib oldi. — Akbarjonga ham Kobulda men kerakmen. Yo‘lga chiqay!
Hamida bonu fil suyagidan va xushbo‘y sandal daraxtidan yasalgan o‘yinchoqlar, jajji etikchalar-u to‘nlar va ko‘ylakchalarni Akbarga atab berib yubordi.
Xonzoda begim Kobuldan o‘z kanizi va to‘rtta odami bilan kelgan edi. Humoyun ular yoniga yigirmata yigit qo‘shdi, ammasini mahofaga o‘tqazdi. Yigitlariga:
— Taxtiravon ham olinglar, — deb buyurdi. — Mahofa urintirib qo‘ysa, taxtiravon beozorroq, ko‘tarib ketgaysizlar.
Xonzoda begimning ruhi qanchalik tetik bo‘lmasin, tanasi yo‘l azobini ko‘tarolmaydigan bo‘lib qolgan edi. Buni o‘zi ham sezar, lekin Kobulga bir amallab yetib olishiga umid bog‘lab borardi.
Uch kun o‘tib, to‘rtinchi kuni mahofada behalovat bo‘la boshladi. Yuragi to‘xtab-to‘xtab urardi. Kanizi buni yigitlarga aytdi. Shundan so‘ng sakkiz yigit uni taxtiravonga solib qo‘llarida ko‘tarib bora boshladilar. Boshdan-oyoq oq kiyingan, ozib, yengilgina bo‘lib qolgan Xonzoda begim taxtiravon ichida xuddi o‘zi yo‘qday, faqat ruhi borday sokin borardi. Ko‘z oldidan butun hayoti, Farg‘ona vodiysida boshlangan yoshligi, inisi Bobur bilan Samarqand qamalida tortgan azoblari, Shayboniyxon haramida o‘n yil yashab topgan o‘g‘ilchasi Xurram bir-bir o‘ta boshladi. Xonzoda begim tush ko‘rdimi yoki alahsiradimi, o‘ng bir yoshli Xuramshoh tuman ichidan kulimsirab chiqib keldi-yu, onasini qo‘lidan oldi. Zum o‘tmay tuman osmondagi bulutga aylandi. Ona-bola osomnda muallaq turib qolganday bo‘ldi. Xonzoda begim yer uzoqlarda qolib ketganini ko‘rib, yuragi shuv etdi, o‘zi bola bilan pastga uchib ketganday bo‘ldi, shu ketishda hushini yo‘qotdi-yu, nafas olishdan to‘xtadi.
Uning qanday jon berganini hech kim sezmay qoldi. Taxtiravon Kobulhaq degan joyga yetganda yigit­lar uni yerga qo‘yib, ochib qarasalar, Xonzoda begimning ko‘zlari abadiy yumilgan... O‘sha yigitlar ertasi kuni uning tobutini ko‘tardilar.
* * *

Humoyun Qandahorni tinchitib Kobulga borganda, Komron qal’a darvozalarini ochmadi. Qamal boshlandi. Humoyun arkdan balandroq bo‘lgan Uqabayn tog‘iga zambarak va to‘fanglarni o‘rnatib, og‘a-inining orasini buzayotgan Bopusxon va Qora­chaxonni o‘qqa tuttirdi. Bu o‘qlardan biri tasodifan Komronning tepasidan uchib o‘tgan edi. Akasiga o‘chakishgan Komron uch yashar Akbarni ichkaridan olib chiqdirdi-yu, o‘q kelayotgan tomonga to‘g‘rilab, tikka turg‘izib qo‘ydi. Qanday dahshatli xatarga ro‘baro‘ bo‘lganini bilmaydigan murg‘ak bola Kom­ronning buyrug‘iga binoan ark hovlisi o‘rtasida ancha vaqt turdi. To‘fang o‘qlari yoniveridan vizillab o‘tganda ularga qiziqib qaradi. To‘p o‘qlaridan biri boshi ustidan oshib, ark devoriga urildi-yu chang ko‘tarib, toshlarni sindirib tushdi.


Akbar otasining o‘qiga nishon qilib qo‘yilganidan xabar topgan Mohim enaga ichkaridan dod solib chiqib, bolani o‘zinig gavdasi bilan to‘sdi. O‘q kela­yotgan tomonga qarab qo‘llarini ko‘tardi, bor ovozi bilan baqirdi:
— Otmanglar-o-o!! Otmanglar! Akbar bu! Ak­­ba­­r-ar! Bolaga otmangla-ar!!
Nihoyat, tog‘dan o‘q otayotganlar bola bilan turgan ayolni ko‘rdilar. Mohim enaga jon holatda qichqirib «Ak-k-ba-ar bu-u!» degani Humoyunning qulog‘iga yetganda qo‘rquvdan sochlari tikka bo‘lib ketdi. Qal’a tomonga zambarakdan ham, to‘fangdan ham o‘q otishni qat’iyan taqiqladi.
Akbar o‘lim tahlikasini enagasi orqali sezdi. Boya devorni changitib, toshni sindirgan to‘p o‘qi enagaga tegishi mumkinligi bolada qo‘rquvdan ham kuchli bir kin va jahl uyg‘otdi. Mohim uni ichkariga ko‘tarib kirganda bolannig rangi oqarib ketgan edi. Mohim uni yerga qo‘yib, piyolada suv oldi. «Bola qo‘rqqan» deb, suv ichirmoqi bo‘ldi. Lekin Akbarning hushi joyida emas, piyolani urib yerga tushirib yubordi. Birdan dod solib yig‘ladi, ammo ko‘zlari namlanmadi. Dilidagi toshday qattiq bir jahl tuyg‘usi borlig‘ini iskanjaga olib qiynar, boyagi o‘qlarning vizillashi qulog‘idan nari ketmas edi.
— Akbarjon, bas! Bas! O‘qlardan qutuldik! Yig‘i bas!!. Bo‘ldi bolajonim! Bo‘ldi!
To‘p o‘qining vahshati bilan birga bolaning qalbiga o‘rnashib qolgan o‘kinch va jahl hech tarqamas, Akbar o‘zini u yoqdan bu yoqqa otib yig‘lar, qo‘liga tushgan narsani uloqtirardi. Bolaning yig‘isini narigi uydan eshitgan Gulbadan begim chopib kirib keldi. Mohim bilan ikkovlashib, Akbarni kech bo‘lganda zo‘rg‘a yupatdilar. Bola uyqusida ham og‘ir xo‘rsinib yotardi. Buni ko‘rib Gulbadan begim ko‘ziga yosh oldi. Eshik-derazani bekitib, sham yorug‘ida Humo­yunga maktub yoza boshladi:
«Hazrat og‘ajon, shukurkim, Akbarjonni Xudo bir asradi. Lekin uch oydan beri qamal azobi hammani jonidan to‘ydirdi. Bopusxon bilan Qorachaxonlarning zulmidan bezor bo‘lganlar kechasi devordan o‘zini tashlab, obmo‘ridan chiqib, siz tomonga qochib o‘tmoqda ekan. Bu o‘tganlardan biri mening maktubimni sizga yetkazar deb umid qilamen. Men eshitdimkim, Bopusxon bilan Qorachaxon bog‘ talashib urushib qolibdilar. Xudo rahmatli ammam Xonzoda begimning yaxshi bog‘i, hovli-joyi merosxo‘rsiz qolgan edi, shuni Qorachaxon olmoqchi ekan, vazir Bopusxon undan oldin komron mirzodan ijozat olib, o‘g‘liga xatlab beribdir. Shu tufayli bu ikki it suyak talashib urishib qoldilar. Bopusxon vazirligidan foydalanib, Qoracha­xonni dorug‘alik amalidan mahrum qildi. Hozir Qorachaxon mingtacha askarga sarkarda. Charmgaron darvozasini qo‘riqlab turibdir. Kuyo­vingizning inisi, mening qaynim Mahdixo‘ja ham uning askarlari safida. Bir kun mastlikda Qorachaxon Mahdixo‘jaga sizni maqtagan emish, Komronga xizmatga o‘tganidan endi afsus qilarmish, «hazrat Humoyun gunohimni kechirmagay-da, bo‘lmasa hu­zurlariga bosh egib borar edim», degan emish. Podsholarning biridan boshqasiga qochib o‘tishga o‘rgangan bunday sotqinlarni o‘zlarining qurollari bilan yengish mumkin emasmikin? Ortiqcha qon to‘kilmaydigan biron yo‘lini o‘ylab toparmikinsiz, hazrat og‘ajon! Ko‘zlarimiz yo‘lingizga to‘rt bo‘lib najot kutmoqdamiz. Sizni sog‘inib, yig‘lab maktub yozgan singlingiz Gulbadan».
Humoyun bu maktubni olgach, o‘z askarlari safida xizmatda bo‘lgan kuyovi Xizrxo‘jaxonni chodirga chaqirdi. Xizrxo‘jaxon botir yigit, odob-axloqi Gulba­danga ma’qul kelgan, o‘zi eshonlar avlodidan edi-yu, lekin yoshligida yaxshi tahsil ko‘rmagan, savodi yo‘q edi. Humoyun bergan xatni qo‘lida aylantirib ko‘rdi, ko‘ziga sog‘inch bilan surdi.
— Tinchlikmikin, hazratim? Yoshlikda qunt bilan savod o‘rganmaganimdan endi dog‘damen!
Humoyun maktubni uning qo‘lidan olib, o‘qib berdi. Xizrxo‘jaxon chaqmoq mo‘ylovini mamnun silab, bahodirona keng ko‘kragini to‘ldirib nafas oldi:
— Singlingiz bizga najot yo‘lini topib beribdir, hazratim! Agar buyursangiz men Qorachaxon bilan aloqa o‘rnatmog‘im mumkin.
Humoyun Qorachaxon bilan aloqa bog‘lashdan qanchalik jirkanmasin, boshqa yo‘l yo‘qligini sezdi.
— Iningiz Mahdixo‘ja Qorachaxon bilan Charm­garon darvozasini qo‘riqlar ekan, — dedi Humoyun.
— Ha, men avval inimni topgayman.
— Mening Qorachaxonga... maktub yozgim yo‘q... Mabodo iliklasalar o‘ziga ham yomon bo‘lg‘ay... Siz mening nomimdan inontirib aytingki, kechasi el uxlaganda darvozani ochib bersa, nobakorning barcha gunohlaridan kechgayman, ko‘ngli tilagan inoyatlarni ham zahrimargiga olsin.
Tezroq Gulbadanga yetish ishtiyoqida yongan Xizrxo‘jaxon qavs* oyining muzday suviga kechasi obmo‘ri orqali tushib, suv tagidan nafas olmay o‘tib bordi...
Kelishilgan vaqtda Qorachaxon Charmgaron darvozasini sekin ochib berdi. Humoyunning qo‘shini qal’aga bostirib kirdi. U Komronni nima qilib bo‘lsa ham tirik qo‘lga tushirishni buyurgan edi. Lekin chaq­qonlik va dovyuraklikda akasidan qolishmaydigan komron qo‘lda qilich bilan o‘ziga yo‘l ochib, qal’a­ning boshqa darvozasidan qochib chiqib ketdi. Shu ketganicha Xaybar dovonidan oshib, Sind daryosidan o‘tib, qaynotasi Husayn arg‘un dargohidan panoh topdi.

_______________


* Q a v s — 22-oktabrdan 23-noyabrgacha.

* * *


Ikki yarim yildan beri yolg‘iz o‘g‘lining diydoriga tashna bo‘lib yurgan Humoyun tong otganda Akbar yotgan arkka ot choptirib keldi. Lekin uyqudan barvaqt uyg‘otilgan bola otasini tanimadi — o‘ng oyligida bo‘lgan voqealar go‘dak xotirasidan allaqachon o‘chib ketgan edi. Buning ustiga qilich taqqan Humo­yunning nimasidir shafqatsiz Komronni va tepasidan o‘tgan to‘p o‘qini bolaning esiga tushirdi. Akbar begonasirab orqaga tisarildi. Humoyun unga qo‘l cho‘zib yalindi:
— Akbarjon! O‘g‘lim! Seni xavf-xatarlar girdobida qoldirganim uchun kechir! Bilmasdan ottirgan o‘qlarim uchun kechir meni!
Otasining ovozi Komronnikidan butunlay bosh­qacha ekani Akbarda iliq tuyg‘u uyg‘otdi. Shunday katta odamning ko‘zida halqalangan yosh, ovozida tovlangan iltijo bolaning ko‘nglini yumshatdi. Hu­moyun uni avaylab quchog‘iga olganda Akbarga bu yoqimli tuyuldi.
Ko‘p o‘tmay Qandahordan Hamida begim ham yetib keldi. U kelguncha Gulbadan va Mohim enaga Akbarga onasining ko‘p belgilarini aytib berdilar. Shuning uchun Akbarning onasini tanishi uncha qiyin bo‘lmadi.
Hamida bigim Akbarni kecha-yu kunduz yonidan qo‘ymay parvarish qilar ekan, uning miqti va sho‘x bola bo‘lganini ko‘rib quvonardi. Faqat ba’zi kechalari to‘p o‘qiga nishon bo‘lgan o‘sha mash’um damlar bolaning tushiga kirsa bosinqirab uyg‘onar, rangi oqarib, o‘zini bilmay qolar, yig‘lab to‘polon qilar, uni yupatguncha ona ezilib, qiynalib ketar edi. Bolaning boshidan kechgan dahshatlar uning dilida umrbod unut bo‘lmaydigan asoratlar qoldirgani Hamidani tahlikaga solardi. U bu asoratni o‘g‘lining xotirasidan ketkazishga harakat qilib yurgan kezlarda yana yangi falokatlar yuz berdi.
Shimoliy chegaralarda shayboniyzodalar qutqusiga uchgan Badaxshon hokimi Humoyunga qarshi isyon ko‘tardi. Humoyun Badaxshonga qo‘shin tortdi va o‘sha yoqlarda olti oy qolib ketdi.
Buning xabari Sind viloyatida payt poylab yurgan Komron mirzoga yetib bordi. U bir necha yuz odamni oddiy dehqonlar, bozorchilar kiyimida Kobul darvozalari tomon yubordi. Shahar tinchib qolgan, atrof qishloqlardan bozorga don, meva, o‘tin olib keladigan kishilar uchun darvozalar har kuni azon payti ochiladi. Soyabon aravalarda don va meva o‘rniga qurolli navkarlarni bekitib olib kirgan Bopusxon eng avval qal’a darvozalarini egalladi. Asosiy kuchlar bilan pistirmada turgan Mirzo Komron Bopusxon ochgan darvozalardan ot qo‘yib kirdi-yu, butun qal’ani zabt etdi, qarshilik qilganlarni ayovsiz o‘ldirdi, o‘tgan galgi mag‘lubiyat uchun ko‘p odamlardan qasd oldi. Bu xabar Humoyunga yetib borgach, u Badaxshondan Kobulga qaytdi. Ammo darvozalar yana bekik, Kom­ron uni kiritmoqchi emas. Yana qamal boshlandi.
O‘tgan galgi qamalda humoyunning Qorachaxon bilan aloqa bog‘lashiga ayollar yordam berganini eshitgan Komron Mirzo Hamida bonu bilan Gulbadanni ilgari Mirzo Askariyning harami bo‘lgan bir uyga qamatdi. Bopusxon begimlar qamalgan uyni oylar mobaynida soqchilar kuchi bilan saqlashga erindi-yu, uning eshik va darichalariga g‘isht qalatib bekittirdi. Suv va ovqat tom ustidagi mo‘ridan arqon bilan tushirib beradigan qilindi. Hamida bonu, uning o‘g‘ilchasi Akbar va qizalog‘i Jahon begim o‘z enagalari bilan mana shu zindonday eshiksiz va darichasiz uyda besh oy qamal azobini tortdilar. Qamoq davrida ikki yoshdan oshgan Jahon Sulton begim zindon azobiga bardosh bera olmay og‘ir kasal bo‘ldi-yu, onasining qo‘lida jon berdi. Besh yashar Akbar ham bu musibatni boshdan kechirdi.
Humoyun endi Komronni umrbod kechirmasligi kerak edi. Komron ham shunday deb o‘ylab oxirgi kuchlari qolgunicha u bilan olishdi, lekin yengilishi muqarrarligini sezdi-da, Kobul qal’asidan kechasi yashiriqcha chiqib, o‘ttiztacha odami bilan shimolga qarab qochdi.
Shu ketishda bu gal u Badaxshonning Toliqoniga bordi. Badaxshonning markazi — Zafar qal’asi edi. Humoyun bu qal’aning ixtiyorini amakivachchasining yosh bevasi Haram begimga va uning norasida o‘g‘illari mirzo Sulaymon bilan mirzo Ibrohimga topshirib kelgan edi. Haram begim o‘ttiz yoshli kelishgan juvon, janglarda erkakcha kiyinib, qilich chopadigan dovyurak, mard ayol edi, o‘ng besh ming Badaxshon yigiti unga so‘zsiz itoat etar edi.
Qamalda yengilib xazinasidan va qo‘shinidan ayrilgan Komron davlatmand juvon bilan til topish fikriga tushdi. Tarxon beka nomli bir dog‘uli ayol, «Amakisining bevasiga uylanish bizning ulusda bor odat, Haram begim sizdek bahodir yigitga zor bo‘lib yuribdir, men sizga uning rizoligini olib bergaymen», deb Komronni ishontirdi.
Komron o‘zining oshiqlik maktubiga Badaxshon La’li, hind marvaridlari va chiroyli kashmiri ro‘molni qo‘shib sovg‘a qildi-yu, Tarxon beka orqali Haram begimga yubordi. Haram begim Komronning oshiqlik maktubini o‘qidi, sovg‘alarini ko‘rdi, Tarxon beka so‘yloqli tishlarini ko‘rsatib xixilab kuldi:
— O‘ttiz yoshda ersiz yurish azob, aylanay, boshimizdan o‘tgan, — deb, behayo hikoyalar aytib, Haram begimning hirsini uyg‘otishga harakat qildi.
Haram begim qaynog‘a o‘rnida ko‘rib o‘rgangan Komron mirzonnig maktubi ham, oraga qo‘yilgan kampirning behayo gaplari ham Zafar qal’asining malikasiga qattiq haqoratday tuyuldi. Uning g‘azabi kelib, jallodni chaqirdi-yu, dog‘uli Tarxon bekani pora-pora qildirdi, boshini kesdirib, o‘zi keltirgan kashmiri ro‘molga tugdirdi-da, la’l-u marvaridlari bilan birga Komronga qaytarib yubordi. Inisining maktubini esa Humoyunga jo‘natdi.
Bu voqeadan xabar topgan Humoyun Komronning mag‘lubiyatdan dovdirib, es-hushini yo‘qotayotganini, yomon odamlar shundan foydalanib, uni yanada sharmandali ahvolga solishlari mumkinligini, otalarining ulug‘ nomiga isnod keltiradigan bunday ishlarning oldini olish ham katta akaning burchi ekanini o‘yladi. U endi nima qilib bo‘lsa ham Komron bilan bir uchrashishi, yuzma-yuz turib ochiq gaplashishi kerak edi. Faqat shundagina orani buzayotgan odamlarning ta’sirini qirqish va Komronni ularning asoratidan qutqarish mumkin edi. Qancha mushkul muammolarni yechgan Humon nahotki endi shu ishning uddasidan chiqolmasa? Nahotki o‘z inisining bergan ozorlarini unutishi, qilgan yomonliklarini ichiga yutib, u bilan bir marta yarashishi shu qadar qiyin bo‘lsa?
Hamida begim Komronning nomini tilga olgisi kelmas, qamal oylarida dili yaralangan Akbar ham jajji singlisining qotili bilan otasining yarashishini istamas edi. «Komrondan endi umid yo‘q, yashirin odamlar yuborib, yasoqqa ketkazish kerak!» derdi Turdibek. Lekin Humoyun birodarkush bo‘lishni istamas, «rahmatli otam, «zinhor inilaringning qonini to‘kma!» deb vasiyat qilganlar» derdi.
Hozir Askariy bilan Hindol Humoyunning yonida, endi faqat Komron tentirab yuribdi. Humoyun uning oldiga Hindolni yubordi. «Bas endi, kelsin, gunohla­ridan kechay», dedi. Ammo Komronning yonidagi Bopusxon, «bormang, yashirincha qatl ettirgay», deb uni qo‘rqitdi. Komron yana yarashishdan bosh tortdi. Shundan keyin Humoyun Haram begimga maktub yozib, Komronni qurshovga olishda yordam berishni so‘radi. Haram begim o‘n ikki ming otliq qo‘shin yig‘di, o‘zi bu lashkarga bosh bo‘lib, Pomir tog‘ining janubiy etaklaridan Hindikush tog‘ining shimolidagi Ko‘talgacha olib keldi. Bu qo‘shinni Humoyunning ko‘magiga topshirdi-da, o‘zi yana badaxshonning zafar qal’asiga qaytib ketdi.
Kelinlarining mardona ishi Komronni vahimaga solib qo‘ydi. Agar u Humoyun bilan endi ham yarash­masa tirik qutulib ketolmasligi aniq edi. Shundan keyin Komron Humoyun qarorgohiga odam yubordi:
— Hindol kelsin, birga borgaymiz, — dedi.
* * *

Ilk bahor kunlarida Humoyun Hindikush tog‘ining janubiy etaklariga yuzdan ortiq chodir tiktirdi. Ularning o‘rtasiga ko‘krakdor bir joyga ulkan saroparda o‘rnatildi. Borgoh va xirgohdan tashqari yana uch xil rangdagi uchta kimxob chodirni shu saroparda ichiga o‘rnatishdi.


Otliqlar ko‘p o‘tib yo‘l qilgan joydan to saroparda eshigiga qadar lolarang ipak poyandoz to‘shalgan edi. Hindol va Askariy ikki yonda, Komron mirzo o‘rtada, uchalasi shu poyandoz oldiga kelib otdan tushdilar. Naqoralar chalinib, qo‘sh surnay mayin navoni kuylab turibdi. Yaxshi kiyingan salobatli Komron mirzo lolarang poyandozga sekin qadam qo‘yib, inilarini ergashtirib kela boshlagan paytda saropardadan Hu­moyun unga peshvoz chiqdi. Surnay va naqoralar tovushida jo‘shqin, quvnoq, hayajonli ohanglar paydo bo‘ldi.
Bu xayolot emas, tush ham emas. Humoyun ko‘pdan orzu qilgan va yetti yili kurashib yurib, nihoyat bugun muyassar bo‘layotgan haqiqat edi.
Bunchalik e’zoz bilan peshvoz olinishini kutmagan Komron akasining muruvvati oldida tiz cho‘kib uch marta yukundi. Hozir uning belida na qilichi, na xanjari bor, faqat kamarning o‘zi bog‘langan. Komron titroq qo‘llari bilan oltin kamarini yechdi-da, uni o‘zining bo‘yniga osdi. Bu uning taslim bo‘lganini bildirar edi. Shu bilan komron o‘zining gunohkor ekanini hammaning ko‘zi oldida tan oldi. Bundan ta’sirlangan Humoyun unga quchoq ochdi, odat bo‘yicha uch marta ko‘krakni-ko‘krakka bosib ko‘­rishdilar. Shundan so‘ng Humoyun Komronning oltin kamarini bo‘ynidan olib beliga bog‘lab qo‘ydi. Saroparda ichidagi eng katta chodir og‘a-inilar uchun gulday yasatib qo‘yilgan edi.
Humoyun to‘rga o‘tdi-da, o‘ng yoniga Komronni o‘tqazdi. Askariy bilan Hindol ikki tomondan joy olishdi. Oltin kosalarda eng avval xushbo‘y gulob keltirildi. Bir kosa gulobni avval Humoyun, so‘ng Komron ichdi. Ikkinchi kosadagi gulobning bir qismini askariy ichib, qolganini Hindolga berdi.
Ziyofat boshlandi. Goh kiyik kabobini, goh kobuli sho‘rvani, goh farg‘onacha palovni olib kelib dasturxonga qo‘yayotgan bakovullar to‘rt og‘a-inini endi bir dasturxon atrofida ko‘rayotganlaridan xursand. Eng to‘ng‘ichi Humoyun — qirq yoshda, eng kichigi Hindol — yigirma sakkizda. Bugun dasturxon atrofida to‘rtovlaridan boshqa hech kim yo‘q. To‘rtovlari ham bir-biridan durkun bo‘lgani uchun katta chodirni to‘ldirib o‘ltirishibdi. Xizmatkorlar nazarida chodirda yetti-sakkizta odam o‘ltirganday.
Palovdan keyin Humoyun bitta chinni tarvuz so‘ydirdi. Tarvuzni teng ikki pallaga bo‘lib, bir pallasini Komron bilan Humoyunning oldiga, ikkinchi pallasini kichik inilar o‘rtasiga qo‘yishdi. Bahorgacha asralgan bu tarvuz juda shirin edi, to‘rtovlari ham uni maqtab-maqtab yedilar, baribir tarvuz ulardan ortib qoldi.
— Ana, — dedi Humoyun. — To‘rttalamizga bitta tarvuz yetib ortar ekan. Talashib-tortishishning ne hojati bor? Mamlakat ulkan — Qandahordan Badaxshongacha. Nahotki shu bizga yetmasa?
Komron xijolatdan qizarib, mahzun bir qiyofa bilan:
— Nachora, xom sut emgan banda ekanmiz, — dedi.
— Mayli, o‘tgan ishga salovot, — dedi Humo­yun.— Qani, mirzo Komron, yangi she’rlardan bormi?
Gap yoqimli mavzuga ko‘chganidan yengil tortgan Komron:
— Hazrat otamizning mashhur bir ruboyilari bor. «Ko‘ngli tilagan murodig‘a yetsa kishi, yo barcha murodlarni tark etsa kishi» deb boshlanur. Faqir shu yo‘lda bir ruboiy bitmishmen:

Yo bo‘lsa muyassar kishiga ilm ila hol*.
Yo topsa kishi saltanat avjida kamol.
Yo oshiftaye bo‘lsa ko‘rub husn-u jamol
Yo bo‘lsa tamom o‘zligidin forig‘bol*.

Humoyun hozir og‘a-ini adovatidan qutulib, forig‘bol bo‘lib o‘ltirgani uchun, so‘nggi satr unga juda yoqdi:
— Ko‘nglimdagi so‘zlarni bitibsiz, amirzodam! Dunyodagi eng yomon tutqunlik — odamning o‘zligidan forig‘bol bo‘la olmasligidir. Bundan oldin bir masnaviy ham bitgan ekansiz. Mening xotiramda bir necha satri qolmishdir. Unda ham haq so‘zlar bor.
— Qaysi masnaviy ekan, hazratim? Biror satrini eslating.

«Yaktalab-u, yaqdil-u, yakxo‘y bo‘l,


Borcha xaloyiq bila yakro‘y bo‘l»

— Bul ham hazrat otamning masnaviylariga o‘xshab ketadir, — dedi Hindol.
— Ha,— davom etdi Humoyun. — Quyidagi to‘rt satrini Komron men kabilarga bag‘ishlab yozgan deb o‘yladim:


Download 1,25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   9   10   11   12   13   14   15   16   ...   36




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish