Humoyun va akbar



Download 1,25 Mb.
bet12/36
Sana22.04.2022
Hajmi1,25 Mb.
#572068
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   36
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com

K O B U L, B H I R A
KUYGAN KO‘ZLAR

Bu hodisalar xabari Kobulga javzo oyida yetib bordi. Kunlar isib, Kobul atrofidagi tog‘larning qori erigan sari faqat daryolardagina emas, buloqlarda ham suv ko‘payib ketdi. Shohi Kobul tog‘ining etaklaridan chiqadigan chashmalar suvi Gulkina mavzeidan nariga o‘tib, baland tepalik ustiga joylashgan arkning yon-veridagi maysazorlarga ham jildirab yetib keldi.


Qishda Qandahordan olib kelingan Akbar enagalari bilan shu arkda qattiq nazorat ostida saqlanar edi. Daryo bo‘yidagi Bog‘i Navro‘ziyda turadigan Xonzoda begim Akbarni o‘z dargohiga olib ketmoqchi bo‘ldi, ammo Komron mirzo ruxsat bermadi.
— Arkda soqchilar ko‘p, bu yer bola uchun bexa­tarroq, — deb vaj ko‘rsatdi.
Lekin arkda Afzalbek va Qorachaxonga o‘xshagan Humoyunning g‘animlari bor, ular bolaga zimdan yomonlik qilishlari mumkin. Xonzoda begim ikki yarim yashar Akbarni quchog‘iga bosib, qulog‘iga shivirladi: — Anu amakilarning ilkidan hech narsa olmagin, eng shirin narsani bersa ham yemagin, xo‘pmi, jonim?
Akbarning onasinikiga o‘xshash yirik-yirik ko‘zlari katta ammaning yuziga hayrat bilan tikiladi. Kattalar orasidagi murakkab munosabatlarga hali uning aqli yetmaydi. Lekin arkka kelib-ketib turadigan ko‘zlari sovuq bek-u a’yonlardan bolaning o‘zi ham begonasiraydi. ba’zilari yasama takalluflar qilib, uni gapga solmoqchi bo‘lsa, bola qovog‘ini uyib indamay tura­veradi. Goho ammasi Gulbadan begim ikki yoshli o‘g‘ilchasi Saodatyorni yetaklab keladi. Akbar ular bilan biyron tilda gaplashadi, Saodatyor bilan o‘ynab kuladi. Ayniqsa, Xonzoda begim kelganda:
— Momo keldi, momojon! — deb, chopqillab peshvoz chiqadi.
Mohim enaga unga gap o‘rgatdi:
— Hazrat begimni momo demang, hazrat amma deng!
— Yo‘q, amma — mana! — deb Akbar Gulbadanni ko‘rsatdi.
Yoshi oltmish yettiga kirgan Xonzoda begim so‘nggi yillarda yanada kichrayib, yengilgina bo‘lib qolgan. Xuddi vazni yo‘q farishtaday. O‘zi ham ko‘pincha yengil oq ipak kiyim kiyadi. Lekin boshidagi oq kasaba ro‘molidan ham sochi oqroq ko‘rinadi. U Akbarni bag‘riga bosib:
— Momo degan tilingdan o‘zim o‘rgilay! — deb erkalatdi. — Mayli, men senga momo bo‘laqolay. Rahmatli bobong Bobur mirzoning ikki-uch yasharligi esimga tushmoqda. Men, besh yosh katta egachisi, uning beshigini tebratganman. Esimda bor, kichikligida qo‘lchalari, oyoqchalari ham Akbarnikidek to‘la-to‘la, miqti edi.
Xonzoda begim Akbarda Humoyundan ham, Hamida bonudan ham o‘tgan joziba borligini ko‘rdi-yu, ularni eslab yuragi ezildi. Yosh go‘dak onasini uch-to‘rt oy ko‘rmasa keyin uni taniy olmay qoladi. Shuni biladigan Xonzoda begim:
— Akbarjon, ota-onang esingda bormi? — deb so‘radi. — Hozir kirib kelsalar taniy olasenmi?
Beshikda qolgan o‘n bir oylik bola bir yarim yildan beri ko‘rmagan ota-onasini ko‘z oldiga keltirmoqchi bo‘lib urindi, lekin keltira olmadi. Ma’yus bosh chayqab:
— Yo‘q, — dedi.
Shunday sho‘x bola ota-onasi to‘g‘risida gap chiqsa, tirik yetimdek ma’yus bo‘lib qolishini ko‘rgan Mohim enaga ko‘ziga yosh olib, shivirlab hasrat qildi:
— Hazrat begim, bahor o‘tdi, bolalarimizni bog‘­rog‘larga sayrga olib chiqolmadik. Bizni qo‘riqlash bahonasida hibsda saqlamoqdalar. Arkka suv meshda tashib kelinadi, ko‘kalamzori yo‘q. Devordan shunday pastga qarasangiz, maysazorda buloq suvlari oqib turibdir. Biz hammasidan mahrummiz.
Xonzoda begim boya kelayotganda Komron mirzoning to‘rt yashar o‘g‘li Ibrohim tarbiyachilari-yu qo‘riqchilari bilan arkning etagidagi ko‘kalamzorda naqora chalib, koptok tepib o‘ynab yurganini ko‘rgan edi. Komronning o‘g‘li shunday yayrab erkin yurganda Akbarni hibsdagiday tutishlari Xonzoda begimga chidab bo‘lmas bir adolatsizlik bo‘lib tuyuldi.
— Yuringlar, biz ham maysazorlarga chiqaylik! — deb, Akbarni qo‘lidan oldi. Mohim enaga va Jajji enaga o‘z o‘g‘ilchalarini yetakladilar. Ark darvoza­xonasida turgan qurolli qo‘riqchilar.
— Ruxsati oliy bo‘lmasa Akbar mirzoni chiqarishga haqqimiz yo‘q, — dedilar.
Xonzoda begim Komronning hozir arkda yo‘qligini bilar edi.
— Hazratim menga ruxsat berganlar, — dedi qo‘riqchiga. — Butun mas’uliyatini men o‘z zimmamga olurmen. Oching darvozani!
Jussai kichkina bu nuroniy kampir mamlakatning eng mo‘tabar kayvonisi ekanini qo‘riqchilar ham bilar edilar. Ular begimning malikalarga xos qat’iyat bilan bergan buyrug‘ini bajarishga majbur bo‘ldilar.
Tiniq buloq suvi yiltirab oqayotgan ariq bo‘yida, anvoyi dala gullari ochilib yotgan keng maysazorda Akbar va uning ikki ko‘kaldoshi yayrab quvlashib, rosa o‘ynadilar. Xonzoda begim bilan enagalar suv bo‘yida katta bir yong‘oq daraxtining soyasida gaplashib o‘ltirishdi. Shu payt bolalar chaladigan kichkina na­qo­raning tovushi eshitildi.
Komron mirzo navro‘z bayramida o‘g‘liga sovg‘a qilgan ikkita noksimon naqoraning yuziga tortilgan charmi qizil rangda. Yonlariga nuqradan chiroyli be­zak­lar qilingan. Naqora cho‘plariga oltin suvi yugurtirilgan. Naqorani bir xizmatkor yigitcha ikki qo‘li bilan tutib, orqasi bilan yurib kelmoqda. To‘rt yashar Ibrohim mirzo naqoracho‘plarni chalakam-chatti urib, biron kuyga o‘xshamaydigan xunuk tovushlar chiqarmoqda.
Akbar amakibachchasi Ibrohimni arkda ham ko‘p ko‘rgan. Begonasiramay uning oldiga chopib bordi. Chiroyli naqorachalarga havasi kelib:
— Menga cho‘pini bering, men ham bir chalay! — dedi.
Lekin podshoning o‘g‘li hisoblanadigan va atrofidagilardan ko‘p xushomadlar ko‘rib dimoq paydo qilgan erkatoy Ibrohim:
— Nari tur, sen chalolmaysen! — dedi.
Uch yashar Adham ko‘ka gapga aralashdi:
— Akbar sizdan yaxshi chalgay. Bering, ko‘rsatsin!
— Yo‘q, buni menga hazrat otam sovg‘a qilgan!
— Qaytarib olursiz! — dedi Akbar. — Bir chalib ko‘ray!
Ibrohim mirzo unamagach, Akbar naqoracho‘pga chang solib, uni tortib olmoqchi bo‘ldi. Ibrohim bermadi. Shu tortishuvning ustiga Komron mirzo besh-oltita otliq odamlari bilan kelib qoldi.
— Bu ne mojaro? — deb o‘shqirdi. — Bularni kim arqdan chiqardi?
Xonzoda begim daraxt soyasidan turib otliqlar tomonga yurdi:
— Hazratim, men bularni olib chiqdim. Bahor o‘tib, ko‘kalamzorga chiqmagan ekanlar.
Komron sal shaxtidan tushdi-da, ammasiga salom berdi. Har qalay, u ham bu keksa kayvonidan hayiqib o‘rgangan edi. Lekin otdan tushib ko‘rishishga bo‘yni yor bermadi. Sherxon o‘lgani, Humoyunning ishlari yurishib, Qandahorni egallagani Komronni juda bezovta qilib qo‘ygan. Uning oltin yuganli oq oti ham o‘zi kabi sabrsizlanib, gijinglab turibdi. Komron yuganni tortib, orqada ot o‘ynatib turgan vaziri a’zam Bopusxon va Kobul shahrining hokimi Qorachaxonga yuzlandi. Naqora ham bayroq kabi eng martabali hokimlarga berilishini nazarda tutib:
— Bu Akbar bola halitdan naqora talashmoqda­ku! — dedi.
Bopusxon xaxolab kuldi-yu:
— Hazratim lutf qildilar! — dedi.
Yuvosh otda sokin turgan Kobulning hozirgi shayxulislomi Said Xalil ham Komronning so‘zini yoqtirib:
— Ha, hazrati oliylari tuyaga minib uzoqni ko‘rdilar! — dedi.
Kichkina Akbar bu gaplarni uncha tushunmasa ham, otliqlardan begonasirab, qo‘lchalarini naqoracho‘pdan tortdi. Komron unga qarab:
— Senga naqora kerakmi? — dedi. — Shuni chalmoqchimisen? Ayt, bola!
Akbar tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi. Komron bu bolani arkdan beruxsat olib chiqqan keksa ammasiga qattiq gap aytolmagan bo‘lsa ham, ammo Akbarning adabini berib qo‘ygisi keldi. O‘g‘li Ibrohim mirzo unga Akbardan xiyla baquvvat ko‘rindi. Ibrohim Akbardan bir yarim yosh kata, yiqitishi aniq.
— Qani, bo‘lmasa, ikkoving kurash tushinglar! — dedi Komron Akbar bilan Ibrohimga. — Kim yiqitsa, naqora o‘shaniki!
Ibrohim naqoracho‘pni xizmatkoriga berib, Akbar­ga tomon xezlanib keldi. Akbar kichik bo‘lsa ham, ko‘kaldoshlari bilan olishib o‘rgangan edi. Ikki bola­ning ham bellarida belboqchalari bor. Olishuv bosh­lan­di. Mitti polvonlarning kurashiga otliqlar kulib qarab turishibdi. Komron mirzo jiddiy, Xonzoda begim bilan Mohim enaga xavotirda. Ibrohimning yoshi kattaligi qo‘l keldi. Akbar qattiq gandirakladi, oyog‘i o‘tloqda toyilib cho‘k tushdi. Ibrohim arkda ham alohida e’zozda yurar, ko‘p tantiqliklar qilib, Akbarni yetim boladay turtkilar edi. Nahotki Akbar undan yiqilib, shunday chiroyli naqoradan mahrum bo‘lsa?! Yo‘q! Bola Xonzoda begim bilan Mohim enaganing mo‘ltirab turgan ko‘zlaridan madad olganday tez qaddini tikladi, butun kuchini yig‘di-yu, Ibro­himni dast ko‘tarib, o‘tloq yerga ag‘darib urdi va ustidan bosib tushdi. Akbarning tagida yotgan Ibrohim:
— Bas, qo‘yvor! — deb yig‘lab yubordi.
Komronga bu yomon bir istiqbolning alomatidek tuyuldi. Uning g‘azabidan qo‘rqqan Mohim enaga chopib borib, bolalarni ajratdi-da, Ibrohimni turg‘i­zib, ustini qoqa boshladi.
Komron o‘z o‘g‘lini jerkib:
— E, atala polvon, nechun yig‘laysen? — dedi. — Bas! Naqorani endi Akbarga ber!
Ammo Bopusxon oraga tushdi:
— Hazratim, siz ko‘rmadingizmi, Akbar to‘g‘anoq soldi-ku? Bo‘lmasa Ibrohim mirzo uni yiqitar edi!
Atrofidagilarnnig bunday xushomadlariga o‘rganib qolgan Komron mirzo darrov yolg‘on gapga ishongisi kelib:
— Men ko‘rmabmen, — dedi-da, Said Xalilga savol nazari bilan qaradi.
Doim Komronning zaifliklarini zo‘rlik alomati deb ko‘rsatadigan va uning maqtovga o‘chligidan foydalanib martabasi oshadigan Said Xalil ham xuddi to‘g‘anoqni o‘zi ko‘rgandek gapirdi:
— Astag‘firullo! Shunday kichik bola g‘irromlikka o‘rganganini qarang!
Uning gapini Qorachaxon ma’qulladi:
— Qandahorni g‘irromlik bilan olgan otasiga tor­tibdir-da!
Atrofdan ketma-ket yog‘ilgan bu gaplar Kom­ronning Humoyundan yaxshiroq ekanini, shu sababli Ibrohim ham Akbardan balandroq turishini yana bir marta isbot etganday bo‘ldi. Shu bilan xijolati bosilgan Komron mirzo ammasining ko‘zi oldida bir tantilik qilgisi keldi.
— Mayli, naqorani anu bolachaga ber! — deb Akbarni ko‘rsatdi. So‘ng o‘g‘liga tasalli berdi: — Sadaqa ham kerak. Senga bundan yaxshirog‘ini olib bergaymen. Yur, otga mingash!
Xizmatkor yigit naqorani Akbarga zug‘um bilan tutqizdi-da, Ibrohim mirzoni erkalatib qo‘liga oldi va otasining orqasiga mingashtirdi.
Ikki yarim yashar Akbar to‘g‘anoq nima, g‘irromlik qanaqa bo‘lishini bilmasa ham, otliqlarning ko‘z­laridagi nafratni, gaplaridagi dashnom va kinoyalarni sezib, hayrat bilan qotib turibdi. Qo‘lidagi naqora ham endi uning ko‘ziga ko‘rinmaydi. Nega uni jer­kishdi? Axir u yiqitdi-ku!
Bolaning shu og‘ir iztirobini sezgan Xonzoda begim tez borib Akbarni bag‘riga bosdi:
— Bo‘yginangdan momong aylansin, mitti polvo­nim! Kichik bo‘lsang ham yutding! Bu naqora sadaqa emas, sovrin! Haloling bo‘lsin! Chal!
Bu gaplardan Komron mirzonnig rangi bo‘zarib ketdi. Qorachaxon homiysiga yon bosib, Akbarga nafrat bilan tikildi-da:
— Hozircha chalib turing, g‘irromlikning jazosini hazratim keyin berurlar! — dedi.
Xonzoda begim Komronga ikki qo‘lini cho‘zib dedi:
— Adolat qiling! Axir siz haqgo‘y shoirning o‘g‘lisiz! O‘zingiz ham haqiqatni ulug‘lab latif she’rlar bitgansiz. Yoningizdagi janoblar sal insof qilishsin! Bu ma’sum bola g‘irromlikni qayoqdan bilgay. Oqni qora qilib ko‘rsatish shu darajada bo‘lurmi?!
Endi Qorachaxon va Said Xalillar Komrondan himoya kutib, unga ko‘z tikdilar.
— Begim, ot ustidan ko‘p narsa aniqroq ko‘rin­gay,— dedi komron. — Sizning ko‘zingiz to‘g‘onoqqa tushmagan bo‘lishi mumkin. Ammo yonimdagi janoblar — mening suyangan tog‘larimdir. Bular ko‘zgu bo‘lib, menga haqiqatni ko‘rsaturlar. Men bu ko‘zguga qarasam, ko‘nglim ko‘tarilur. Siz mening ko‘zgumga tosh otmang, begim!
— Ammo, — dedi Xonzoda begim, — Qorachaxon janoblari begunoh bolani jazolamoqchi bo‘lib tahdid qilganlari — ko‘zguga tosh otish emasdirmi? Janoblar bilib qo‘ysinlarki, anu tepalik ustida hazrati Boburning qabrlari turibdir. Inimning ulug‘ ruhi bu bolani himoya qilgay! Agar Akbarga ziyon yetkazsalar, otangiz qabrlarida tikka turgay!
Komron sabrsizlanib o‘ynoqlayotgan otining yuganini asabiy tortib, uni sal tinchlantirdi, orqada qiynalayotgan o‘g‘ilchasini egarnnig oldiga olib, chap qo‘liga ko‘tardi:
— Hazrat begim, Akbarga hech kim ziyon yetkazgan emas! Ko‘rib turibsiz, to‘rt oydan beri biz buni o‘z o‘g‘limizdek asrab yuribmiz!
Mohim enaga bu orada Akbarni otliqlardan uzoq­roqqa yetaklab olib ketdi. Ko‘kaldoshlari chiroyli naqorani o‘rab olib tamosha qila boshladilar. Lekin kattalar orasida asabiy gaplar bo‘layotganidan hayiq­qan bolachalar naqorani chalgilari kelsa ham, bunga botinolmay jim turardilar.
— Eng yomon xavf-u xatar Askariyning boshiga tushgan! — deb qizishib davom etdi Komron. — Siz adolatli amma bo‘lsangiz, askariyni qutqarishga yordam bering! Qizilboshlar Qandahorni olib, Askariy­ning xazinasini talabdilar, haramini benomus qilibdilar!
Otliqlar qarshisida yolg‘iz turgan Xonzoda begimning jussasi kichik, o‘zi nimjon ko‘rinsa ham, ko‘zlari shernikiday yonib turar, so‘zlari o‘qday chiqar edi:
— Bunday tuhmatlarni inim Bobur mirzo shoh Ismoil bilan ittifoq tuzgan paytda ham ko‘p eshitganmiz! Hammasining yolg‘onligi keyin bilingay!
— Ammo Mirzo Humoyun Qandahorni qizilboshlar yordamida olgani yolg‘on emas-ku! — dedi Bopusxon. — Bu haqda hazratim ajib masnaviy yozmishlar. Bir o‘qishdayoq menga yod bo‘lib qoldi:

Chiqdi Xuroson saridin o‘g‘rivor
Keldi xom ta’ma aylabon Qandaxor,
Jam‘ bo‘lub bir necha badnom anga
Kufr o‘tining shu’lasini tez etib
Zulm-u sitam tig‘ini xunrez etib...

— Ofarin, hazratim!


— Boplabdilar! Bobur hazratlaridan meros olgan she’riy iste’dodlari rosa kamolga yetibdir!
— Ammo bunday o‘tkir she’rni men Bobur hazratlarining devonlarida ham ko‘rganim yo‘q! — deb Bopusxon Komronni yana bir daraja baland ko‘tardi.
Qorachaxon darhol bu gapni ma’qulladi:
— Ustozdan o‘tgan shogirdga tasanno!
Komron maqtovdan yog‘day erib iljayib turar, hatto shoirlikda otasidan o‘zganligi haqidagi so‘zlarga ham e’tiroz qilmas edi. Buni ko‘rgan Xonzoda begim nima deyishini bilmay lol turib qoldi. Shu payt Humoyunning o‘z ukasi Komrondagi bu xislatni — maqtovga uchish odatini oynaga qarab aldanishga qiyoslab forscha yozgan ruboiysi begimning yodiga tushdi:


Download 1,25 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   36




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish