Kelin keldi, yor-yor-ey, kelin keldi!
Kuyov keldi, yor-yor-ey, kuyov keldi!
Bolachalar boshqa yor-yorni bilmaganlari uchun nuqul shu ikki gapni takrorlashardi.
Ko‘shkning yuqori qavatida visol zavqidan boshqa hamma narsani unutgan Humoyun va Hamida bonu bolalarning bu o‘yinidan bexabar. Lekin ular bugun yana yangidan kelin-kuyov bo‘layotganday shod-xurram. Dasturxonga ketma-ket ovqat tashiyotgan tovoqchi* tashqarida bolalarning yor-yoriga quloq solib turgan sharbatchini ko‘rdi-yu, unga ma’nodor ko‘z qisib qo‘ydi. Ma’sum ovoz bilan o‘yin qilib aytilayotgan «yo-yor» Akbar va Salimadan ham ko‘ra, ikkinchi qavatdagi haqiqiy kelin-kuyovlarga mos tushayotganini bolalarning o‘zlari payqamasdi, ammo tovoqchi va sharbatchilar buni sezganlari sari zavq qilib kulishardi.
____________
* Turkiy tilda markaz ma’nosida ishlatiladigan «O‘rda» so‘zi ham aslida «O‘rta» demakdir.
* Z a b a r — arab harfining ustiga qo‘yiladigan uzunchoq belgi.
* X a s b a — ichterlama.
* T o v o q ch i — podsho saroyidagi kichik lavozim.
* * *
Kulgilar ketidan kelgan musibatli yig‘ilar Qorachaxonning Komron mirzoga olib borgan shum xabari bilan boshlandi.
— Humoyun mirzo Balx yaqinida shayboniyzodalar bilan jang qilib yurib halok bo‘ldilar!..
Qorachaxon Humoyunning qonga bo‘yalgan shohona jubbasini inisiga ko‘rsatdi.
Humoyunni Balx yurishiga Aliqulixon va Bahodirxonlar ko‘ndirgan edilar. Qandahorni olishda Humoyunga katta yordam bergan bu o‘zbek sultonlari endi uning yordamida Buxoro va Samarqandga qaytmoqchi edilar. Balx olinsa Movarounnahrga yo‘l ochilgan bo‘lardi.
— Xayriyat, bu muhorabaga biz qatnashmagan ekanmiz, — dedi Komron.
— Endi pushtipanohimiz o‘zingizsiz, — dedi Qorachaxon. — Kobulni tezroq egallamog‘ingiz kerak!
Mirzo Komron shoshilinch ravishda Ko‘lobdan Kobulga jo‘nadi, yo‘lakay Toliqondagi inisi Askariyni yoniga qo‘shib oldi. Humoyun Kobul qal’asiga Qosim barlos degan ishonchli odamini hokim qilib ketgan edi. Qosim barlos qonli jubbani ko‘rgach:
— Balki hazratim faqat yarador bo‘lgandirlar, hali sog‘ayib kelib qolarlar! — dedi. — O‘g‘illari mirzo Akbarni valiahd tayin etganlar. Kobul ixtiyorini boshqa hech kimga bermagaymiz!
Komron mirzoning qahri keldi. Qorachaxon ham Qosim barlosni ko‘rarga ko‘zi yo‘q edi. Kobulga katta qo‘shin bilan kirgan Komron mirzo Qosim barlosni tuttirib, o‘limga hukm qildi. Qosimbekning xotini adolat talab qilib arkka kelgan edi, Qorachaxon uni bozorga olib borishni va xaloyiqning ko‘zi oldida benomus qiishni buyurdi. Benomuslikdan o‘limni afzal ko‘rgan go‘zal juvon yo‘lda Kobul daryosining baland ko‘prigidan o‘zini suvga otib halok bo‘ldi. Qorachaxon Qosim barlosning o‘zini xaloyiqning ko‘zi oldida pora-pora qilib qatl ettirdi.
Buning hammasini sakkiz yoshli Akbar ham ko‘rgan, ko‘zlarida dahshat qotib qolganday, arkda bir nuqtaga tikilib jim o‘ltirar edi. Komron mirzo unga otasining qonli jubbasini ko‘rsatdi.
— Hazratimni xudo rahmat qilsin, marosimlarini keyinroq o‘tkazgaymiz, — dedi. — Siz valiahdsiz, davlat ishini men sizning nomingizdan boshqargaymen.
Hamida bonu turgan O‘rta bog‘ning atrofiga yuzdan ortiq qo‘riqchi qo‘yilgan, kirish-chiqish qat’iy nazorat ostida edi. Arkdagi Akbar ham hech yoqqa chiqarilmay xonaki hibsda saqlanar edi.
Yana qaytadan shahar hokimi bo‘lib olgan Qorachaxon ko‘ngli tilaganicha aysh qilib bu gal uzoqroq davron surmoqchi edi.
lekin oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas Qunduz tomondan uchib chiqib, O‘rta Boqqa yetib qo‘ngan aloqachi kabutar Humoyunning maktubini olib keldi. Faqat Humoyun bilan Hamida bonuga o‘rgangan bu kabutar begona odamga tutqich bermas edi. Hamida bonu ayvonga kelib qo‘ngan usti qizg‘ish, ko‘kragi oq bu jonivorni qo‘liga oldi-yu, uning qanoti ostiga naycha qilib berkitilgan kichkina maktubni topdi.
Humoyun sog‘inchli salomlar aytgandan so‘ng, Balx etagida shayboniyzodalar bilan bo‘lgan jangda boshidan yarador bo‘lganini, hozir ancha sog‘ayib qolganini va tezda yetib kelajagini aytgan edi. «Komron mirzo bizga ko‘makka kelmoqchi edi, buning o‘rniga Kobulga borganmish, ahvol nechuk? Ushbu kabutar bilan tezda javob qaytaring», degandi.
Hamida bonu «o‘ldiga» chiqqan Humoyunning tirik ekanidan suyunib yig‘ladi, maktubni o‘pdi. Kabutarning qanotlarini ko‘ziga surib, don-u suvi-ga qaradi. Kechasi o‘ltirib Humoyunga javob maktubi yozdi-da, ahvol nechog‘liq og‘irligini bayon qildi, «Sizdan o‘tinamen, bir ilojini topingki, biz yana qamalda qolmaylik, — dedi. — Shahar darvozalari kunduzlari ochiq. Nazarimda, Komron mirzo sizning halok bo‘lganingizga ishongan. Shuning uchun bildirmay kelsangiz, darvozani bekitishga ulgurmagay».
Kabutar bu maktubni Qunduzga olib ketdi. Oradan o‘n besh kunlar o‘tgach, Humoyun yashiriqcha yuborgan odamlar bozorga kelgan dehqonlar kiyimida qal’a ichiga kirib olib, eng avval darvozani egalladilar. Qorachaxon bilan Komron mirzoga xabar yetib borguncha Humoyunning pistirmada turgan to‘rt ming askari shaharga bostirib kirdi. Sarosimada qolgan Komron va Askariy o‘z odamlari bilan boshqa darvozadan chiqib qochdilar. Humoyun inilarining ketidan odam yuborib: «Agar mening o‘limim haqidagi yolg‘on ovozaga ishonib Kobulga kelgan bo‘lsalaring qaytinglar, yarashaylik», degan taklifni aytdi. Ammo Qosim barlos va uning xotini uchun javob berish oson emas edi. Kobulda Komron va Qorachaxonning xundor dushmanlari hozir har qachongidan ham ko‘p. Shuning uchun Komron Mirzo qaytmadi.
— Bir marta tavba-tazarru qilib ko‘rdik, endi bas!— dedi.
Qorachaxon Humoyun elchisiga yanada qat’iyroq javob qildi:
— Qaytib borib yer o‘pguncha, boshimiz darvozaxonaga osilgani afzal!
Humoyun yuborgan elchi Kobulga qaytib bu gaplarni aytib berganda Hindol ham akasining yonida turgan edi. Birdan g‘azabi jo‘shib:
— Hazratim, qorachaxonni bu niyatiga yetkazmoq kerak! — dedi. — Menga ijozat bering, o‘zim shu ablah bilan bir olishib ko‘ray!
— Qorachaxon yolg‘iz emas, biz ham ko‘pchilik bo‘lib bormog‘imiz lozim! — dedi Humoyun.
Og‘a-inilar Tangiho degan joyda to‘qnashdilar. Hindol mirzo zirhli kiyim kiyib, qilich yalang‘ochlab jangga kirdi. Qorachaxon bilan yuzma-yuz turib, uning bo‘ynini mo‘ljallab qilich sermayotganda ortdan Komronning bir navkari pusib keldi. Dubulg‘aning orqa zirhidan gardanga qaratib urilgan tig‘ Hindolni behush qildi. Uning qilichi qo‘lidan tushdi, o‘zi otdan yiqilayotganda Shamsiddin Muhammad yetib kelib, o‘ngarib oldi-da, jang maydonidan olib chiqdi.
Bo‘yinning o‘q tomiri kesilgani uchun Hindol hushiga kelmay, jon berdi. Buni eshitgan Humoyun to‘pchi va to‘fangchilarning sarkardasi Sambxal-xonni chaqirib buyruq berdi:
— Hindolning qotillariga shafqat yo‘q, ayamay oting! Oting!!!
Komronning odamlari o‘q yomg‘iri ostida qoldilar. Bu o‘qlardan biri Qorachaxonni otdan yiqitdi. Komron qolgan-qutgan odamlari bilan jang maydonidan chiqib qochdi. Turdibekning odamlari Qorachaxonning boshini kesib Humoyunga ko‘rsatdilar.
— Ablahning boshini o‘zi aytganiday qilib Kobulning darvozaxonasiga osinglar! — deb buyurdi Humoyun.
Zolim bekning boshi besh kungacha darvozaxonada o‘tgan-ketganga tomosha bo‘lib osilib turdi. Lekin o‘z inisining o‘limiga sabab bo‘lgan Komron hali ham qochib yurar edi.
Shoirlar Hindol mirzoning o‘limini bir vaqtlar Hirotda bobosining farmoni bilan halok etilgan Mo‘min mirzoning o‘limiga qiyos qilib marsiyalar yozdilar. Keksa Dildor begim o‘ttiz ikki yoshli yolg‘iz o‘g‘li Hindol mirzoning jasadini quchoqlab faryod chekkanda, Kobul atrofidagi qorli tog‘lar ham titrab ketgandek bo‘ldi. Gulbadan begim onasining yonida turib nola qildi:
— Og‘ajon, siz o‘lguncha men o‘lsam bo‘lmasmidi?! O‘g‘lim Saodatyorni sizga qurbon qilsam tirik qolarmidingiz, og‘ajonim?! Siz o‘lguncha ko‘rnamak Komronning o‘zi o‘lsa bo‘lmasmidi?!
Beklar ham Komronning boshi kesilishini talab qila boshladilar. Lekin Kompron Sind daryosidan o‘tib, Hindistonga, Sherxonning o‘g‘li Islomshohning huzuriga qochib ketgan, faqat Askariy Tangihoda qo‘lga tushgan edi. Humoyun Askariy bilan yuz ko‘rishgisi kelmadi:
— Qandahorda bir marta kechirgan edim, endi daf bo‘lsin, Askariyni hajga jo‘natinglar! — deb buyurdi. Komron haqida esa Hindistondan malo-matli xabarlar kela boshladi. U Islomshohga bag‘ishlab ruboiy yozgan edi. Islomshoh unga ming rupiyni sadaqaga o‘xshatib beribdi.
— O‘z tug‘ishganlariga yaxshilik qilmagan, menga yaxshilik qilgaymi? — deb Komronni o‘ldirish haqida maxfiy buyruq beribdi.
Buni payqab qolgan Komron Islomshoh saroyidan ham qochadi-yu, mamlakatning shimoli sharq chekkasidagi Bhiraga, bir vaqtlar otasi bilan hamkorlik qilgan Sulton Adhamning viloyatiga boradi.
Sulton Adham esa Humoyunga yon bosib, maxsus odamini Kobulga yubordi. «Iningiz hozir mening asirim, istagan paytingizda tutib bergaymen, agar kelsangiz Bhira sizga peshkash, biz Islomshohni emas, Sizni haqiqiy podshoh deb tan olurmiz», deb maktub yozdi.
Katta bir viloyat hokimining bu maktubi Hindistonga qaytish orzusida yurgan Humoyunga yaxshilik alomati bo‘lib tuyuldi. Komron shu tentirashida oilalarining sha’niga isnod keltiradigan yana ko‘p ishlar qilishi mumkin, buning oldini olish ham katta akaning burchi edi. Beklar Komronning boshi kesilishini Humoyundan talab qilib chiqargan maxsus hukmga Turdibek, Munimxon, Shamsiddin Muhammad va boshqa yana o‘ng ikkita eng nufuzli amirlar imzo chekib, o‘z muhrlarini bosishgan edi. Humoyun bir og‘iz «xo‘p» desa, Bhiraga borib, Kompronning boshini kesib kelishga tayyor turgan qasoskorlar ko‘p edi. Lekin u Komronning she’rlarini unutolmas, shoir inisining qoniga zomin bo‘lsa bir umr vijdon azobida qolishini o‘ylar edi. Humoyun yana qat’iyatsizlik qilayotganini ko‘rgan Turdibek amirlar no-midan unga keskin gap aytdi:
— Hazratim, Komron mirzoni bir emas, besh-o‘n marta kechirdingiz. Bundan faqat siz emas, bek-u navkarlar ham behisob zarar ko‘rdilar, davlat manfaatlari qurbon bo‘ldi! Agar tirik qo‘yib bersangiz, Komron mirzo biron kun o‘g‘rincha kelib, yana Kobulni olg‘ay, yana ko‘pimizning boshimizga rahmatli Qosim barlosning kunini solgay. Shuning uchun yo bizni deysiz-u Komronning bahridan o‘tgaysiz. Yo birodarlikni deysiz-u, bizga javob ber-gaysiz! Boshqa yo‘l qolmadi!
Bayramxon Qandahorda qolgandan beri Turdibek yana Humoyunning eng sohibi ixtiyor amir al-umarosiga aylangan, uning so‘zini rad etish oson emas edi.
* * *
Humoyun besh ming qo‘shin bilan Haybar dovonidan oshib, Hind daryosidan o‘tdi-da, Bhira viloyatida bir vaqtlar Bobur barpo etgan Bog‘i safoga kelib tushdi. Unga peshvoz chiqqan Sulton Adham viloyat hokimiga podsholar tomonidan in’om etiladigan maxsus bayroq va naqora sovg‘a oldi. Shu bilan Hindistonning shimoli sharqidagi Bhira viloyati yana Humoyun qalamraviga o‘tdi.
Bu viloyatda sakkizta yigiti bilan yashirinib yurgan Komron go‘yo olov halqasi ichida qoldi. Humoyun bilan kelgan besh ming qo‘shinning ichida uning xundor dushmanlari juda ko‘p. Sulton Adham Komronni ularga tutib berishi hech gap emas. Humoyun inisiga odam yuborib:
— O‘zi yaxshilikcha kelmasa, qasoskor bek-u navkarlar ming azoblar bilan o‘ldirgaylar, — dedi. — Agar hazrat otamning ruhidan himoya istab kelsa, balki tirik qolg‘ay.
Komron uchun ham hozir otasining ruhi-yu akasining dargohidan boshqa madad beradigan joy qolmagan edi. U kechki payt Bog‘i Safoga sakkizta qurolli yigit bilan kirib keldi.
Humoyunning xirgohiga kirgan zahoti xos navkarlar Komronning belidagi qilichi va xanjarini yechib oldilar. narigi chodirga boshlab ketilgan yigitlari ham darhol qurolsizlantirilganini Komron shundan sezdi. Humoyunning chodirida qosim barlosning jiyani Xanjarbek turgan ekan. Uning qasoskor ko‘zlari Komronga tig‘day qadaldi. O‘lim xavfidan seskangan Komron:
— Hazratim, bu ne hol?! — deb Humoyundan so‘radi. — Va’dangiz boshqa edi-ku. Meni ne qilmoqchisiz?!
— Siz qachon ma’naviyizda turgan edingiz, inim Komron?! Yigirma yildan berli menga necha marta xiyonat qilganingizni bir eslang! «Davlat ishida qattiq turilmasa, murod hosil bo‘lmagay!» deb hazrat otam to‘g‘ri aytar ekanlar! Men mudom yumshoqlik qildim, o‘zimdan o‘tdi! Sherxon bilan olishganimda yordam o‘rniga nuqul to‘g‘onoq berdingiz, buni kechirdim! Kobulda Akbarni to‘p o‘qiga nishon qilib qo‘ydingiz, buni kechirdim! Ikki yashar qizalog‘imiz Jahon Sulton begimning o‘limiga sabab bo‘ldingiz, buni kechirdim! Mana, oxiri Hindolni o‘ldirib birodarkushga aylandingiz!
— Meni beklar yo‘ldan urdi, rost, gunohim bor! Hindolni Qorachaxon o‘ldirgan, men emas!
Humoyunning g‘azabi kelib, Komronni sensirab gapirdi:
— Yolg‘on! Bopusxon bilan Qorachaxonlar o‘lib ketdi, ammo seni ularga do‘st qilgan o‘gayliging, baxilliging, hasadchiliging hamon ichingda tirik turibdir! Bu illatlar senga otamizdan o‘tgan emas! Otamiz tanti odam edilar. Senga ona suti bilan kirgan o‘gaylik atrofingni o‘ragan iblislarga qo‘l keldi. Sen mudom meni ko‘rolmay yashading, men yaxshi kun ko‘rsam, bundan sening ko‘zlaring kuydi! Ko‘zlaringga chiqqan bu kuydirgini olov bilan yondirmoqdan o‘zga chora qolmadi!.. Xanjarbek!
— Labbay, hazratim!
— Buning ko‘ziga mil tortinglar!
— Yo‘q, yo‘q, undan ko‘ra o‘ldiring meni! — deb Komron qochmoqchi bo‘ldi.
Hanjarbek boshliq to‘rt yigit uni ikki qo‘lidan tutib, narigi chodirga kuch bilan olib kirib ketdilar.
Humoyun ertalab azonda ko‘ch yig‘ishtirishni buyurdi. Bir kunda podsho va uning barcha odamlari chodirlarini yig‘ib, Kobulga qaytib ketdi.
Faqat Komron, Xanjarbek va uning odamlari, yana o‘ntacha soqchi yigitlar turadigan chodirlargina qoldi.
Tushga yaqin olov yoqildi, soat miliga o‘xshash uzunchoq po‘lat millari cho‘g‘day qizarguncha qizdirildi. Taqdirga tan bergan Komron ko‘rpacha ustiga o‘zi chalqancha yotdi. Xanjarbek boshliq olti kishining ikkitasi uning qo‘llarini va boshini qimirlatmay ushlab turdi, yana ikkitasi oyoqlari va belidan bosdi. G‘ulom Ali farroshboshi Komronning ko‘zlarini yirib qorachig‘ini ochib turdi. Uning yirilgan ko‘ziga ko‘ringan oxirgi narsalar — Xanjarbekning qasoskor yuzi va qizarib yonib turgan milni qorachiqqa tomon olib kelayotgan olti barmoqli qo‘li bo‘ldi. Xanjarbekning bosh barmog‘i ikkita. Bu qo‘shaloq barmoqlar dahshatli bir maxluqning qichqichlariga o‘xshar va hozir Komronning ko‘zlarini o‘yib oladiganday tahdid solib kelar edi. Olovli mil qorachiqqa jazillab surilganda ko‘zni o‘yib olgandagidan ham achchiqroq bir og‘riq uning vujudini parmalab o‘tganday bo‘ldi. boshining orqa tomonidan yashil, qora, sariq, qizil doiralar portlab chiqib, butun borliqni go‘yo ostin-ustun qilib yubordi. Xanjarbek olovli milni uning ko‘zlariga takror-takror, o‘n-o‘n besh martalab bosdi, bir mil sovusa, cho‘g‘latilgan ikkinchi milni ishga soldi. Bu intihosiz azobdan alahsirash darajasiga yetgan Komron bo‘kirib yubordi:
— O-o-o! Bas, noinsof! Bas!
— O‘zing noinsof bo‘lmasang ining Hindolni o‘ldirtirarmiding? — dedi Xanjarbek. — Sen-ku tirik qolursen! Koshki, tog‘am Qosim barlos birpasga tirilib kelsa, qasos qaytganini ko‘rsa!
Cho‘g‘latilgan mil qorachiqlarga yana besh-olti martadan bosilgach, Komron tubsiz bir zulmat ichiga qulab tushib ketayotganday bo‘ldi. Xanjarbek mil tortish qoidasiga astoydil rioya qilib, kuydirilgan qorachiqlarga tuz bosdi, limu suvidan tomizdi. Buning achishtirishi avvalgi og‘riqlardan ham oshib tushdi. Hamon zulmat jarining tubiga yetolmay qulab tushib borayotgan Komron tuz va limu suvining achishtirishidan yana hushiga kelib chinqirdi...
* * *
Otalari barpo etgan Bog‘i Safo Komron ixtiyorida qoldirilgan edi. Humoyundan bayroq va naqora in’om olgan Sulton Adham Bhira hokimi qilib tayinlandi va Komronning ahvolidan xabar olib turdi. Shifobaxsh tog‘ havosidai ko‘l bo‘yida Komronning ko‘zidagi jarohat uch oyga borib tuzaldi, ammo yorug‘ dunyoning turfa ranglaridan mahrum bo‘lib kecha-yu kunduz hop-qorong‘i zulmat ichida yashash uning ruhini tushirib yubordi. Ilgari u yurtdan bu yurtga qo‘shin tortib, ot chopib yurgan qirq yoshli yigit endi yuz qadam joydagi hojatga yetakchisiz borolmaydigan bo‘lib qoldi. Ovqat yeganda hatto qoshig‘ini qo‘liga tutqazib qo‘yishmasa o‘zi topib ololmaydi. Qalam tutish, yozish, o‘qish, tabiat manzaralarini tomosha qilish, suyukli xotini Chuchuk begimning husn-u jamolidan zavqlanish — hammasidan birato‘la judo bo‘lgani qalbini cheksiz alam, o‘ch, adovat tuyg‘ulariga to‘ldirdi.
Nuridiyda, ko‘z — insonga berilgan qanchalik ulug‘ ne’mat ekanini, shu ne’matni kuydirib, sog‘ odamni ko‘r qilish qanday vahshiyat ekanini u endi bildi, «menga shafqatsiz jazo berganlarini umrbod kechirmagaymen», deb ahd ham qildi.
Lekin oylar o‘tishi bilan xotira uyg‘ondi, bo‘lib o‘tgan voqealar takror-takror xayolidan o‘ta boshladi.
Makkai Madinaga ketgan mirzo Askariyning haj yo‘lida vafot etgani haqida musibatli xabar keldi. Komron unga kuyundi. Inisi Hindol mirzoni eslab yuragi battar ezildi. To‘rt og‘ayni bundan uch yilgina oldin Kobul ko‘chalarini to‘ldirib birga o‘tganlari, otalarining qabri poyida yonma-yon turib, endi inoqbo‘lishga ahd qilganlari xayolida gavdalandi. Shu ahdni birinchi bo‘lib o‘zi buzgani va qanchalik yomon shafqatsizliklar qilgani go‘yo xotirasiga qaytib keldi. Ilgari oddiy ko‘z bilan g‘alat ko‘ringan ko‘p narsalarni endi qalb ko‘zi unga haqqoniy qilib ko‘rsata boshlaganday bo‘ldi.
Chuchuk begim erining dil yaralarini tuzatishda uning shoirligi yordam bermasmikin, deb o‘yladi. Begim Komronning turli daftarlarda sochilib yotgan she’rlarini to‘pladi va bilimli bir munshi yordamida devon tartib berishga kirishdi.
Kunlarni qanday o‘tkazishni bilmay diqqinafas bo‘lib yurgan Komronning o‘zi ham devon tuzish fikri bilan ovunib, barcha she’rlarini munshiga bir-bir o‘qitib ko‘rdi. ba’zilariga qanday tahrirlar kiritishni aytdi. Devonning odatiy qismlari uchun hali ancha she’rlar yetishmasligi aniqlandi. Komron o‘sha she’rlarni bir satr, ikki satrdan xayolida yarata boshladi. Munshini chaqirib, xayolda to‘qilgan satrlarni aytib yozdirdi-yu, o‘qitib ko‘rdi:
Do'stlaringiz bilan baham: |