Xromosoma tanasini ikkiga birlamchi belbog’i-sentromera- ajratadi. Uning joylashishiga qarab: 1. Metasentrik-teng yelkali 2. Submetasentrik – noteng yelkali va 3. akrosentrik - bitta yelkasi juda kalta bo'lgan xromosomalarni ajratiladi. Telomera - xromosomaning oxirgi qismi bo'lib, xromosomalarning mustaqilligini va butunligini ta'minlaydi. Telomerlar “o'lim markerlari”-ular xromosomaning uchida bo'lganligi uchun asta-sekin emirilib xromosomani mutasiyalardan saqlaydi. Matriks xromosoma tanasini o'rab oladi, tarkibi RNK dan iborat. Mitoz davomida matriks metafazadan boshlab shakllanadi. Telofaza oxirida matriks xromosomalar atrofida granulalar ko'rinishida to'planadi. Demak, matriks mitotik xromosomalarning granulyar va fibrillyar tuzilmasi. Matriks mahsulotlari interfazada sintezlanadi.
Xromosomalarn differensial bo’yash usullari.
Xromosomalar fluoroxrom bo'yog’i bilan bo'yalganda mikroskop ostida ular yuzasida yo'l-yo'l chiziqlar paydo bo'ladi. Bu chiziqlar har bir xromosoma uchun muayyan bo'lib takrorlanmasdir, xuddi odamning barmoq izlari singari. Tashqi tuzilishi jihatidan bir xil bo'lib ko'ringan xromosomalar differensial bo'yalgandan keyin bir-biridan butunlay farq qiladi. Bu usul odam xromosomalarini sinchiklab o'rganishga yordam berdi. Sitologik tahlilning bu usuli odam xromosomalari xaritalarini tuza boshlashga, ya'ni genlarning joylashgan joyini aniqlashga asos soldi. Odam xromosomalari ularning katta kichikligiga karab 7 ta guruhga ajraladi. Tashqi tuzilishi jihatidan 1-2chi juft xromosomalari yirik, 13chi juft xromosoma- akrosentrik, 19-20-lari- mayda ekanligini ko'rish mumkin. Lekin, differensial bo'yash usuli yordamida xatto bitta guruhga kiruvchi xromosomalar orasida ham farq borligi ma'lum bo'ldi.
Geteroxromatin va euxromatin to’g’risida tushuncha.
Xromosomaning uzunligi bo'yicha uning irsiy jihatdan faolligi bir xil emas, xromosomalarni maxsus buyoqlar bilan bo'yalganda, uning ayrim qismlari to'q bo'yalib, boshqa qismlari esa och bo'yaladi, ya'ni geteroxromatin va euxromatin hosil qiladi. Geteroxromatin qismida xromosomalar qattiq spirallashgani uchun to'q bo'yaladi, bu yerda asosan nofaol genlar joylashgan. Euxromatin qismida esa faol genlar joylashadi va bu yerda xromosomalar spirallashishi bo'shroq bo'ladi. Shuning uchun och bo'yaladi.