6-bob.
Islom mintaqa madaniyati doirasida milliy ma’naviyatimiz
takomili.
Sunna bosqichi
1-fasl.
Hadisshunoslik ilmi va mazhablarning shakllanishi.
Imomi A’zam va Imom Buxoriy.
Islom mintaqa madaniyatining eng yuksak qadriyati tavhid e’tiqodini butun qudrati, mazmuni, amaliy mohiyati va ko’lami bilan anglab etish mintaqaning ilg’or ziyo egalari uchun necha asrlik yumush bo’ldi. Bu yo’lda mintaqa ma’naviyati kamolot yo’lining bir qator pillapoyalarini bosib o’tdi. Ulardan dastlabki pog’onasini Sunna bosqichi deb atash mumkin.
Payg’ambarimiz hayot vaqtlarida «mening so’zlarimni yozmang, faqat Alloh oyatlarini yozib olinglar», deb buyurgan edilar. Shunday qilindi ham. Albatta, kimlardir o’z tashabbusi bilan u hazratning aytgan gaplari va qilgan ishlari haqida muayyan ma’lumotlarni qayd etib borgan bo’lishi mumkin. Ammo Allohning kitobi but bo’lmay, yagona o’zgarmas matn holiga keltirilmay turib, unga boshqa so’zlar aralashib ketish xavfiga yo’l qo’yib bo’lmas edi. Oldingi ilohiy kitoblar tajribasi ham shuni taqozo etardi. 651 yilda, xalifa Usmon davrida ushbu yumush mukammal bajarildi. Hazrati Abu Bakr paytida Suhuf (alohida sahifalar) shaklida jamlangan Qur’oni karim matni bu paytga kelib Mushaf (alohida muqovalangan qo’lyozma kitob) shakliga keltirilib, undan bir necha nusxa ko’chirib, ko’paytirildi. Payg’ambarimiz Muhammad(sav)ga vahiy kelaboshlagan vaqtdan to ul janobning vafotlarigacha o’tgan 23 yil “saodat asri” deb ulug’lanadi. Sababi o’sha davrda Muhammad(sav)ning da’vatlariga ergashib, islom dinini qabul qilgan sahobalar diniy masalalarda o’zlarida qanday bir savol paydo bo’lsa, Rasululloh(sav)dan so’rardilar, ular javob bera olmay qolgan o’rinlarda Allohdan vahiy nozil bo’lardi. Muhammad(sav)ning vafotlaridan keyin xulafoyi roshidin davrlarida ham, ayniqsa, hazrati Abu Bakr(r.a.) va hazrati Umar(r.a.)lar o’z aql- farosatlari va sahobalik davridagi tajribalari asosida ummatlar oldida paydo
52
bo’lgan muammolarni hal qilishga urinib keldilar. Ammo Rasululloh(sav)ning sahobalari birin-ketin olamdan o’tib, turli muammolar borgan sari ko’paya boshlagach, endi faqat Qur’oni karim matniga tayanib mavjud voqelikdagi ko’p masalalarni asl islomiy e’tiqodga muvofiq qanday hal qilish kerakligini aniqlash qiyinlashib bordi. Shunday qilib, ilohiy kitob oyatlarini sharhlab, ko’plab hayotiy savollarga aniq javob bera oluvchi yana bir mo’’tabar manbaga ehtiyoj tug’ildi.
Ana shunday ishonchli manba faqat Hadisi shariflar bo’lishi mumkin edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |