Bitimlarning muddatlari va shartli bitimlar
Huquq subyektlari oʻrtasida tuziladigan bitimlar muayyan muddatlarda ijro etiladi va bekor boʻladi.
Agar bitimda huquq va majburiyatlarning vujudga kelishi yoki bekor boʻlishi vaqti koʻrsatilgan boʻlsa, bitimlar muddatli hisoblanadi. Bitimlarda muddatlar quyidagicha:
a) ma’lum kun, oy, yil bilan (masalan, 2005 yil 15 sentyabr);
b) ma’lum vaqtning oʻtishi bilan (masalan, bir yarim yildan keyin oʻtishini koʻrsatish);
v) ma’lum bir voqea yuz berishi (masalan, daryo orqali yuk tashish–muz erishi) bilan belgilanadi.
Agar bitimda uning ijro etilish muddati koʻrsatilmagan boʻlsa, bunday bitim muddatsiz hisoblanadi.
Huquq va majburiyatlarning kelib chiqishi noma’lum boʻlgan holatning yuz berishi yoki bermasligi hisobga olingan holda tuzilgan bitimlar shartli bitimlar deyiladi.
Shartli bitim deb, taraflar oʻrtasida tuziladigan bitimning amalga oshirilishi yoki bekor boʻlishi, biror-bir shartga bogʻlab qoʻyilishiga aytiladi. Shartli bitimlar ikki xil koʻrinishda boʻladi:
a) sharti kechiktirilgan;
b) bekor boʻlish sharti bilan tuzilgan bitimlar.
Agar taraflar huquq va burchlarning kelib chiqishining yuz berishi yoki bermasligi noma’lum boʻlgan holatga bogʻliq qilib qoʻysalar, bitim sharti kechiktirish sharti bilan tuzilgan hisoblanadi
Agar tarafning huquq va burchlari bekor boʻlishining yuz berishi yoki bermasligi noma’lum holatga bogʻliq qilib qoʻysalar, bunday bitim bekor boʻlish sharti bilan tuzilgan bitim hisoblanadi.
Bitim shakllari
Bitim shakli - erkni bayon etish usulidan iborat. Erk ogʻzaki, yozma va boshqa usullarda bayon etilishi mumkin. Shunga koʻra bitim ham tegishli shakllardan iborat. Bitimni shakli uni haqiqiy deb hisoblash (FKning 354, 366-m. m), taraflar oʻrtasida nizo kelib chiqqan taqdirda, ularning huquq va burchlarini isbotlash uchun yuridik ahamiyatga ega. Jeton, patta yoki odatda, qabul qilingan boshqa belgi berish bilan tasdiqlangan bitim, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan boʻlmasa, ogʻzaki shaklda tuzilgan bitim hisoblanadi. Yozma shaklda tuzilgan shartnoma bajarishga qaratilgan bitimlar, agar qonun hujjatlari va shartnomaga zid boʻlmasa, taraflarning kelishuviga muvofiq ogʻzaki tuzilishi mumkin.
Qonunda indamasdan, sukut saqlash orqali ham bitim tuzilishi mumkinligi nazarda tutiladi. Bu holda xalqimizning qadimdan mavjud “sukut – rozilik alomati” qoidasi amal qiladi.
Yozma shaklda tuziladigan bitimlar ikki turga:
a) oddiy yozma;
b) notarial idoralarda, shuningdek qonunda nazarda tutilgan hollarda, boshqa organlarda tasdiqlanadigan bitimlarga boʻlinadi.
Oddiy yozma bitim bitimning shartlarini oʻz ichiga olgan va taraflar (yoki bir taraf) tomonidan imzolangan hujjatga aytiladi. Bitimlar quyidagi hollarda oddiy yozma shaklda tuziladi:
1) yuridik shaxslarning oʻzaro va fuqarolar bilan tuziladigan bitimlari (chunki yuridik shaxslar mavzusida aytganimizdek, yuridik shaxslarning mulki va mablagʻlari uning balansida aks ettirilishi kerak.
2) fuqarolar oʻrtasidagi belgilangan eng kam oylik ish haqining oʻn baravaridan ortiq summadagi bitimlar, qonunda belgilangan hollarda esa bitim summasidan qat’i nazar boshqa bitimlar.
Tashkilotlar tomonidan tuziladigan yozma bitimlarda mazkur tashkilot rahbarining imzosi va muhri boʻlishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |