Bitimning haqiqiy sanalish shartlari
Bitimlar haqiqiy sanalishi uchun quyidagi shartlarga javob berishi:
birinchidan, bitimlarning mazmuni qonunga va qonun asosida chiqarilgan aktlarga, umuminsoniy qoidalarga muvofiq boʻlishi;
ikkinchidan, bitimlarni tuzuvchi shaxslar muomala layoqatiga ega boʻlishlari;
uchinchidan, bitimlar koʻrinish uchungina tuzilmay, balki chindan ham yuridik oqibat tugʻdirish maqsadida tuzilgan boʻlishi;
toʻrtinchidan, notarial guvohlantirishi yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan bitimlar haqiqiy sanalmasligi xavfi ostida qonun bilan talab qilingan shaklda rasmiylashtirilishi kerak.
Mutlaq haqiqiy sanalmaydigan bitimlar jumlasiga qonun talablariga muvofiq boʻlmagan (FK 116-modda), Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda tuzilgan (Oʻzbekiston Respublikasi JKning 175-moddasi), oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan shaxs tomonidan tuzilgan (FK 117-modda), qalbaki va koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan bitimlar (FK 124-modda) oʻz oʻzidan haqiqiy sanalmaydi.
Nizoli bitimlar jumlasiga oʻz harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaro tomonidan tuzilgan (FK 121-modda) yanglishish ta’sirida tuzilgan (FK 122-modda), aldash, zoʻrlik, qoʻrqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishuvi yoki ogʻir holatlar yuz berishi ta’sirida tuzilgan (FK 123-modda), muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan tuzilgan (FK 120-modda), yuridik shaxs huquqiy layoqatidan tashqariga chiqadigan bitimlar (FK 125-modda) kiradi.
Oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydigan bitim turlari va
ularning huquqiy oqibatlari
Qonun hujjatlari talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek, huquq-tartibot yoxud odob yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim, FKning 116-moddasida koʻrsatilganidek, oʻz-oʻzidan haqiqiy emasdir.
Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof maqsadlarda tuzilgan bitim haqiqiy sanalmaydi. Gʻaraz, yomon niyat bilan atayin davlat va jamiyat manfaatlariga xilof maqsadlarda tuzilgan bitim qonunni jiddiy ravishda buzish, deb qaraladi. Qalbaki bitim – taraflarning kelishuvi boʻyicha yuridik oqibatlar tugʻdirmaslik niyati bilan faqat koʻrinish uchungina tuzilgan bitim boʻlib, u haqiqiy sanalmaydi (FK 124-modda).
Koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan bitim deb boshqa bir bitimni yashirish maqsadida tuzilgan bitimga aytiladi. Agar bitim boshqa bir bitimni yashirish uchun tuzilgan boʻlsa, bu holda taraflar tomonidan haqiqatda nazarda tutilgan bitimga oid qoidalar qoʻllaniladi. Koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan bitim barcha hollarda haqiqiy sanalmaydi. Bunday bitim bilan yashirilgan bitim qonun talablariga javob berish-bermasligiga qarab yo haqiqiy boʻladi yoki haqiqiy emas deb topiladi.
Koʻzboʻyamachilik uchun tuzilgan bitim ham qalbaki bitim kabi hech qanday huquq va majburiyatlarni kelib chiqishi uchun asos boʻlmaydi. Bunday bitim tuzish vositasida taraflar aslida boshqa yuridik harakatni, ya’ni bitimni yashiradilar. Masalan, oldi-sotdi shartnomasi hadya shartnomasi bilan yashiriladi. Bunday maqsad koʻp miqdorda pul toʻlaganligini oshkor qilmaslikdan iborat. Aholi yashamaydigan binoni ijaraga berish shartnomasini yashirish uchun birgalikda faoliyat koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarini tuzish uchrab turadi.
Oʻn toʻrt yoshga toʻlmaganligi, shuningdek ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimlar haqiqiy sanalmaydi, taraflarning har qaysisi bitim yuzasidan olgan narsalarining hammasini ikkinchi tarafga qaytarishga majbur, olingan narsani natura baravarida qaytarishi mumkin boʻlmasa, uning qiymatini pul bilan toʻlashga majbur.
Umumiy qoidaga muvofiq yashirilgan bitim gʻayriqonuniy hisoblanadi, chunki u qonuniy ravishda rasmiylashtirilgan emas. Shunday ekan uni yashirgan koʻz boʻyash uchun tuzilgan bitimni oʻz-oʻzidan haqiqiy boʻlmagan bitim deyish mumkin. Lekin yashirilgan bitim nizoli bitimlar turkumiga kirishi ham mumkin.
Oʻn toʻrt yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan voyaga yetmagan oʻsmirlar qisman muomala layoqatiga ega boʻlsalarda, bitimlarni ota-onalari, farzandlikka olganlar yoki homiylari roziligi bilan tuzadilar. Spirtli ichimliklarni yoki giyohvand vositalarini suiiste’mol qilish oqibatida muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan homiysining roziligisiz tuzilgan bitimni sud haqiqiy emas deb topishi mumkin (FK 120-modda).
Jiddiy yanglishish ta’sirida boʻlib bitim tuzishda, bunday bitim tuzuvchi shaxs bitimda narsa, xususan, bu narsaning sifati toʻgʻrisida, bitim tuzuvchi kontragentning (qarshi tarafning) shaxsi haqida notoʻgʻri tasavvurda boʻladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |