9-mavzu Fuqarolik huquqida muddatlar va da’vo muddati
Reja
1. Muddatlar tushunchasi va ahamiyati.
2. Muddatlarning turlari.
3. Muddatlarni hisoblash asoslari va tartibi.
4. Da’vo muddati tushunchasi va ahamiyati.
5. Da’vo muddatining turlari.
6. Da’vo muddatining oʻta boshlashi.
7. Da’vo muddati oʻtishining toʻxtatilishi, uzilishi va da’vo muddatining tiklanishi.
8. Da’vo muddati oʻtishining oqibatlari. Da’vo muddati joriy qilinmaydigan talablar.
Muddatlar tushunchasi va ahamiyati
Ijtimoiy hayotda vujudga kelgan yangi munosabatlarni huquqiy tartibga solishda fuqarolik huquqining boshqa institutlari kabi “muddatlar va da’vo muddati” instituti ham muhim ahamiyatga ega. Aynan muddatlar orqali fuqarolik huquqida “aniqlik”, “vaqt”, “majburiyatlarni lozim darajada bajarish”, “sub’ektlarning oʻz huquqlariga e’tiborli boʻlishlari”, “xatti-harakatlarni bajarishda kechikmaslik” holatlari e’tiborga ega boʻladi va har bir fuqarolik-huquqiy munosabatlar uchun zaruriy shartlardan biri sanaladi. Shu bilan birga muddatlar subyekt va obyektning oʻzaro bogʻliqligida muhim oʻringa ega boʻlib, shaxsning obyektga nisbatan huquqlari va majburiyatlari amal qilishining eng koʻp va kam vaqtini belgilab beradi. Masalan, subyektlarning mol-mulkka nisbatan mulk huquqi muddatsizligi (FKning 164-moddasi) yoki ijarachining ijaraga olingan ashyoga egalik qilish muddatining taraflarning roziligi bilan belgilanishi va hokazo. Har qanday muddat ham aniq belgilangan (mavhum yoki belgilanmagan vaqt huquqiy ahamiyatga ega emas) vaqt hisoblanadi. Vaqtning doimiy harakati muddat oʻtishi boshlanishi va tamom boʻlishini yuzaga keltiradi. Mantiqiy nuqtayi nazardan qaraganda, muddat belgilangan vaqtdan oʻta boshlaydi, ma’lum payt (davr)dan soʻng tamom boʻladi. Aynan shunday vaqt ham muayyan voqea-hodisa yoki sana bilan belgilangach, oʻta boshlaydi va belgilangan davr (payt)da u tugaydi. Shuning uchun ham muddat tushunchasi fuqarolik huquqida faqatgina aniq belgilangan vaqt tushunchasi bilan ayniy hisoblanadi. Ikkinchidan, boshlanishi va oʻtishi belgilangan huquqiy oqibatlarni vujudga keltiradigan paytlar va vaqt davrlarigina muddat hisoblanishi, vaqt aniq belgilanishi bilan birga, huquqiy oqibatlar vujudga keltirishi lozimligini ifodalaydi. Masalan, mahsulot yetkazib berish shartnomasiga muvofiq, mahsulot yetkazib berish payti sifatida 1 mart belgilangan boʻlsa, aynan shu paytdan boshlab mahsulot yetkazib berishni kechiktirganlik uchun, kechiktirishning har bir kuniga qonunda nazarda tutilgan miqdordagi penyani toʻlash nazarda tutiladi.
Muddatning oʻtib ketishi ham biror huquqiy oqibatni vujudga keltirishi lozim. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 895-moddasiga muvofiq, yuk topshiruvchi ashyolarni qaytarib olishdan bosh tortgan taqdirda lombard ularni uch oy mobaynida saqlab turishi shart. Bu muddat oʻtganidan keyin lombardda talab qilib olinmagan ashyoni qonunda belgilangan tartibda sotish huquqi vujudga keladi.
Mazkur holatlardan kelib chiqib, muddatlar tushunchasini quyidagicha bayon etish mumkin:
Fuqarolik huquqida muddat deb, aniq belgilangan, oʻtishining boshlanishi va tamom boʻlishi muayyan huquqiy oqibatlarni vujudga keltiradigan, fuqarolik huquqlarini amalga oshirish va muhofaza qilishga qaratilgan paytlar va vaqt davrlariga aytiladi.
Muddat huquqiy oqibat tugʻdirishi, huquq va burchlarni vujudga keltirish, oʻzgartirish va bekor qilish mumkinligi uchun ham ularni yuridik fakt deb atash mumkin boʻladi. Muddatlar yuridik faktlar tizimida alohida oʻringa ega.
Yuridik faktlar fuqarolik huquqiy munosabatlarni vujudga keltirish, oʻzgartirish va bekor qilishga qaratilgan harakatlar hisoblanadi. Har qanday harakatlar ham yuridik fakt hisoblanmaydi. Faqatgina yuz berishi natijasida fuqarolik huquqiy munosabatni vujudga keltirishi, oʻzgartirishi yoki bekor qilishi mumkin boʻlgan harakatlargina yuridik fakt boʻlishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |