Da’vo muddati joriy qilinmaydigan talablar Umumiy qoidaga koʻra da’vo muddati barcha fuqarolik huquqlariga tatbiq etiladi. Deyarli barcha subyektiv fuqarolik huquqlari da’vo muddati davomida amalga oshirilishi va himoya qilinishi lozim. Fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarda da’vo muddatining tatbiq etilishi ularning mulkiy ahvolini yaxshilashga xizmat qiladi.
Shuning uchun ham fuqarolar oʻrtasidagi munosabatlarda da’vo muddati mulk huquqi asosida vujudga keladigan hamda majburiyat huquqiy-munosabatlarida tatbiq etiladi. Lekin istisno tariqasida da’vo muddati qonun hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilgan bir qator talablarga qoʻllanmaydi. FKning 163-moddasiga muvofiq, da’vo muddati quyidagilarga joriy qilinmaydi:
- shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablarga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
- omonatchilarning oʻz omonatlarini berish toʻgʻrisida bankka qoʻyadigan talablariga;
- fuqaroning hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablarga. Da’vo muddati oʻtganidan keyin qoʻzgʻatilgan talablar da’vo qoʻzgʻatilishidan oldingi koʻpi bilan uch yil boʻyicha qondiriladi;
- jinoyat tufayli yetkazilgan zararni toʻlash haqidagi talablarga;
- mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining oʻz huquqini har qanday buzishlarni, shu jumladan, egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan buzishlarni (FKning 231-moddasi), bartaraf etish haqidagi talablariga;
- mamlakat mustaqilligi e’lon qilinishidan oldin uning chegaralaridan tashqariga olib chiqib ketilgan tarixiy, madaniy va ilmiy-badiiy qiymatga ega boʻlgan mol-mulkni hamda boshqa qimmatbaho obyektlarni qaytarib berish haqidagi talablarga;
- qonunda belgilangan hollarda boshqa talablarga.
Nazorat uchun savollar: 1. Fuqarolik huquqida muddatlarni turlarga boʻlish (klassifikatsiya qilish) asoslari va mezonlari turlichadir. Mazkur holatdan kelib chiqib, aniq amaliy ahamiyat kasb etishi nuqtai nazaridan fuqarolik huquqidagi muddatlarning alohida turlarini tahlil qiling?
2. Da’vo muddati buzilgan fuqarolik huquqlarini himoya qilish muddatlari orasida alohida oʻrin tutadi. Shu bois da’vo muddatining buzilgan huquqlarni himoya qilishdagi protsessual muddatlardan farqlarini izohlang?
3. Fuqaro Toʻxtayeva qoʻshnisi Aliyevadan foydalanib, qaytarib berish sharti bilan bir soatga changyutgich oldi. Yarim soatdan soʻng uyni tozalab boʻlgach Toʻxtayeva changyutgichni qoʻshnisiniki olib chiqsa, Aliyeva uyda yoʻq ekan. Bir ozdan soʻng Toʻxtayeva oila a’zolari bilan chet elga dam olishga joʻnab ketdi va oradan ikki oy oʻtgach qaytib keldi.
Aliyeva changyutgichni soʻrab, qoʻshnisinikiga chiqsa uni topa olmadi. Bir hafta oʻtgach Aliyeva oʻzining chang yutgichini qaytarib ololmaganligi sababli, uylarni tozalash boʻyicha xizmat koʻrsatadigan firmaga buyurtma berib uylarini tozalatdi. Bu holat Toʻxtayeva chet eldan qaytib kelib changyutgichni topshirgunicha davom etdi. Bu vaqt oraligʻida Aliyeva 7 marotaba tozalash firmasining xizmatlaridan foydalanishga majbur boʻldi.
Aliyeva Toʻxtayevaga murojaat qilib changyutgichni qaytarib bermaganligi sababli, tozalash xizmatiga toʻlagan summani qaytarib berishni talab qildi.
Toʻxtayeva uzrli va asosli sabablarga koʻra dam olish safariga ketganligini, changyutgichni olgandan soʻng yarim soat oʻtgach uni olib chiqqanligini, lekin Aliyeva uyida yoʻqligini, changyutgichni qaytarib bera olmaganligi uchun Aliyeva aybdorligini, shuning uchun ham tozalash xizmati uchun toʻlangan summani qoplamasligini aytdi.
Aliyeva sudga da’vo arizasi bilan murojaat qildi.
Taraflarning vajlarini tahlil qiling va ularga huquqiy baho bering? Sud qanday qaror chiqarishi lozim? Agar sud Aliyeva foydasiga qaror chiqarsa, tozalash firmasiga toʻlanadigan haqning miqdori nimaga asosan aniqlanishi lozim? Tozalash firmasiga toʻlanadigan haqning miqdori changyutgichning qiymatidan oshib ketsa, sud qanday qaror qabul qilishi kerak? 4. Qosimov tanishi Sobirovning iltimosiga koʻra avtomashinasini tegishli tartibda rasmiylashtirib, vaqtincha foydalanish uchun beradi. Tomonlar Qosimovning birinchi talabi bilan avtomashinani qaytarish zarurligi toʻgʻrisida kelishib oladilar. 2010 yil 16 mayda Qosimov yozma shaklda Sobirovdan avtomashinani qaytarishni talab qiladi, lekin 2 kundan soʻng Qosimov vafot etadi. Uning xotini Sobirovning mashinani qaytarib bermaganini bilardi, lekin ma’lum sabablar bilan qaytarib berishni talab etmaydi. 2013 yil 20 may kuni Sobirov oʻz tashabbusi bilan avtomashinani qaytarib beradi, lekin bir necha kundan soʻng buni bilmasdan qilganini ma’lum qiladi va mashinani oʻziga qaytarilishini talab qiladi, chunki da’vo muddati oʻtib ketganini bilmaydi. Mashina oʻziga qaytarib berilmasa, Sobirov sudga murojaat qilishini aytadi. Lekin Qosimovning xotini avtomashinani qaytarib berishni rad qiladi.
Taraflarning vajlariga huquqiy baho bering? Da’vo muddatining uzilishi va qayta tiklanishi qoidalari ushbu masalaga aloqadormi? Ish agar sudda koʻrib chiqilsa, kimning foydasiga hal boʻlardi?