Da’vo muddati oʻtishining toʻxtatilishi, uzilishi va da’vo muddatining tiklanishi FKning 156-moddasiga muvofiq, da’vo muddatining oʻtishi quyidagi hollarda toʻxtatiladi:
1) agar da’vo qoʻzgʻatilishi uchun muayyan sharoitlarda oldini olib boʻlmaydigan favqulodda hodisa (yengib boʻlmas kuch) toʻsqinlik qilgan boʻlsa;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati majburiyatlarni bajarishni kechiktirganligi (moratoriy) tufayli;
3) agar da’vogar yoki javobgar harbiy holatga oʻtkazilgan qurolli Kuchlar, chegara qoʻshinlari va ichki qoʻshinlar tarkibida boʻlsa;
4) agar muomalaga layoqatsiz shaxsning qonuniy vakillari boʻlmasa;
5) tegishli munosabatni tartibga soluvchi qonun hujjatlarining amal qilishi toʻxtatilgan boʻlsa.
Da’vo muddati oʻtishining toʻxtatilishi holatlari turli davlatlar fuqarolik qonun hujjatlarida turli xil qilib belgilangan. Masalan, Rossiya Federastiyasi Fuqarolik kodeksida da’vo muddati oʻtishining asoslari Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksidan farq qilib toʻrtta banddan iborat qilib belgilangan boʻlsa va bu davlat FKda “muomalaga layoqatsiz shaxsning qonuniy vakillari boʻlmasligi” sababli da’vo muddatining oʻtishi toʻxtatilish holati mavjud emas. Qozogʻiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi mamlakatimiz FK kabi da’vo muddati oʻtishining toʻxtalishini beshta asosdan iborat qilib belgilagan. Rossiya FKda muomalaga layoqatsiz shaxsning qonuniy vakillari boʻlmasligi da’vo muddati oʻtishining toʻxtalishi holatining mavjud emasligi shu bilan izohlash mumkinki, muomalaga layoqatsiz shaxsning qonuniy vakillari mavjud boʻlmaganligi tufayli da’vo muddati oʻtkazib yuborilish holatini sud uzrli sabab deb topib, oʻtkazib yuborilgan da’vo muddatini qayta tiklaydi. Shu munosabat bilan bu holatni da’vo muddati oʻtishi toʻxtalishining zaruriy boʻlgan fakti sifatida qarash shart emas.Muddatning toʻxtatilishiga turilishiga asos boʻlgan holat barham topgan kundan boshlab da’vo muddatining oʻtishi davom etadi, bunda muddatning qolgan qismi olti oygacha, da’vo muddati olti oydan kam boʻlsa, da’vo muddatiga qadar uzaytiriladi.
FKning 158-moddasi da’vo muddati oʻtishi toʻxtatilishiga asos boʻladigan yana bir holatni nazarda tutadi. Unga muvofiq, agar jinoyat ishi boʻyicha qoʻzgʻatilgan da’vo sud tomonidan koʻrilmasdan qoldirilgan boʻlsa, da’vo qoʻzgʻatilgunga qadar oʻta boshlagan da’vo muddati da’voni koʻrmasdan qoldirgan hukm qonuniy kuchga kirgunicha toʻxtatib turiladi, da’vo muddati toʻxtatib turilgan vaqt da’vo muddatiga qoʻshilmaydi. Bunda muddatning qolgan qismi olti oydan kam boʻlsa, u olti oygacha uzaytiriladi.
Agar da’vo sud tomonidan koʻrilmasdan qoldirilgan boʻlsa, da’vo qoʻzgʻatilganga qadar oʻta boshlagan da’vo muddati umumiy tartibda davom etadi (FKning 158-moddasi 1-qismi).
Ma’lumki, fuqarolik huquqida da’vo muddati oʻtishining toʻxtatilishi da’vo muddati oʻtishining uzilishidan farqlanadi. Agar da’vo muddati toʻxtatilganda da’vo muddati toʻxtab qolgan muddatdan davom etsa, da’vo muddati uzilganda u da’vo muddatining qaysi paytida uzilganidan qat’i nazar yangidan boshlanadi. Shuningdek, da’vo muddati oʻtishining toʻxtatilishi shaxsning erk-irodasiga bogʻliq boʻlmagan holatlar natijasida vujudga kelsa, da’vo muddatining uzilishi qarzdor yoki kreditorning erki-irodasiga asoslangan harakat natijasida vujudga keladi.
Da’vo muddati oʻtishining uzilishi uzilish uchun asos boʻlgan holatlar vujudga kelgunga qadar oʻtgan muddat da’vo muddati tarkibiga kiritilmasligi va da’vo muddati yangidan boshlanishini bildiradi. Da’vo muddati oʻtishining uzilish u toʻgʻrisidagi masala butunlay tugaganligini bildirmaydi, aksincha bunda da’vo muddati butunlay yangidan boshlanadi. FKning 157-modasi da’vo muddati oʻtishi uzilishining quyidagi ikki holatini belgilaydi:
1) belgilangan tartibda da’vo qoʻzgʻatilishi bilan;
2) majbur shaxs qarzni tan olganligini koʻrsatuvchi harakatlarni qilishi bilan.
Da’vo muddati oʻtishining toʻxtatilishi, da’vo muddati oʻtishining uzilishi bilan birgalikda fuqarolik huquqlarini himoya qilishda da’vo muddatining tiklanishi ham alohida ahamiyatga ega boʻladi. Da’vo muddatining tiklanishi, da’vo muddati oʻtishining toʻxtatilishi va uzilishidan farq qilib, tegishli vakolatli organ tomonidan hal qiladi. Da’vo muddatining tiklanishi bevosita vakolatli davlat organining qaroriga bogʻliq boʻladi. Agar vakolatli davlat organi mavjud vaziyatga huquqdor shaxsning foydasiga qaror chiqarsa, da’vo muddati tiklanadi va aksinchadir.
Oʻzbekiston Respublikasi FKning 159-moddasiga koʻra, basharti, sud da’vo muddatining oʻtkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerak.
Da’vo muddatini oʻtkazib yuborish sabablari da’vo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oyga teng yoki olti oydan kam boʻlsa, da’vo muddatida yuz bergan boʻlsa, ular uzrli deb hisoblanishi mumkin (FKning 159-moddasi). FKning 159-moddasida belgilangan “da’vo muddatining oxirgi olti oyida jumlasi” dan shunday ma’no anglashiladiki, agar da’vo muddatining oʻtkazib yuborilish sabablari da’vo muddati tamom boʻlishidan olti oy oldin sodir etilgan boʻlsa, sud da’vo muddatini tiklamaydi. Zero, da’vo muddatining oxirgi olti oyidan oldin vujudga kelgan, huquqdor shaxsning oʻz huquqlarini amalga oshirishga va sud orqali himoya qilishiga toʻsqinlik qilgan vaziyatlar da’vo muddatining qolgan qismida bartaraf etilishi va shaxs oʻz huquqlari himoyasini amalga oshirishi mumkin deb hisoblandi. Masalan, fuqaro da’vo muddatining oxirgi sakkiz oyida ogʻir kasallandi. Qonun bu vaziyatda sakkiz oylik muddat fuqaroning davolanib oʻz huquqlarini himoya qilishiga imkon beradi deb hisoblaydi. Shu munosabat bilan da’vo muddati tugashining olti oyidan oldin vujudga kelgan sabablar tufayli da’vo muddati oʻtkazib yuborilganda sud da’vo muddatini tiklamaslikka haqli hisoblanadi. Fuqarolik qonun hujjatlarida agar sud da’vo muddatining oʻtkazib yuborilish sabalarini uzrli deb topsa, sudga da’vo muddatini uzaytirish huquqini (majburiyat yuklamaydi) beradi. Muddatning bunday «uzaytirilishi» koʻpchilik holatlarda amaliyotda da’vo muddatining «tiklanishi» - deb ham nomlanadi. Da’vo muddati tiklanishining ahamiyati shundaki, bunday tiklanish natijasida, fuqaro oʻzining buzilgan huquqi va putur yetkazilgan qonuniy manfaatini, garchi imkoniyat yoʻqotilgan boʻlsada himoya qila oladi.