Da’vo muddati tushunchasi va ahamiyati FKning 149-moddasiga muvofiq, da’vo muddati - shaxs oʻzining buzilgan huquqini da’vo qoʻzgʻatish yoʻli bilan himoya qilishi mumkin boʻlgan muddatdir. Fuqarolik huquqlarini himoya qilishning asosiy usullari ushbu huquqlarni sud orqali himoya qilish hisoblanganligi sababli, da’vo ana shu himoyani amalga oshirishning asosiy vositasi hisoblanadi. Fuqarolik huquqlari protsessual qonunlar yoki shartnomada belgilanib qoʻyilganidek, ishlarning qaysi sudga taalluqli boʻlishiga qarab, sud, xoʻjalik sudi yoki hakamlik sudi tomonidan himoya qilinadi (FKning 10-moddasi). Bunday himoya va da’vo bir qancha shartlarga javob berishi va qonunda belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim. Shuning uchun ham buzilgan fuqarolik huquqlarini da’vo qoʻzgʻatish orqali himoya qilishda da’vo muddatining ahamiyati katta hisoblanadi.
Huquqi buzilgan shaxs da’vo qoʻzgʻata turib nafaqat bu da’vo sud tomonidan qabul qilinishini, shu bilan birga ish sudda koʻrib chiqilishini talab qilishi mumkin. Zero da’vo qoʻzgʻatishdan asosiy maqsad ham buzilgan fuqarolik huquqlarini himoya qilish hisoblanadi. Bunday himoyaga erishish va ish sud tomonidan koʻrib chiqilishi uchun fuqarolik huquqi nuqtayi nazaridan quyidagi holatlar talab etiladi: a) da’vo qoʻzgʻatayotgan shaxs tegishli subyektiv huquqlar sohibi boʻlishi; b) shu bilan birga uning subyektiv huquqlari buzilishi yoki unga putur yetkazilishi; v) bunday buzilish da’vo boʻyicha javobgar sifatida ishga jalb etilgan shaxs tomonidan amalga oshirilishi.
Da’vo muddatlarida belgilangan vaqt davrlari taraflar tomonidan oʻzgartirilishi mumkin hisoblanmaydi. Odatda da’vo muddatlari imperativ xarakterga ega boʻladi, taraflar ularni oʻz istak xohishlari asosida uzaytirishga yoki qisqartirishga haqli boʻlmaydilar. Shu bilan birga huquqiy munosabat ishtrokchilari da’vo muddatining boshlanish paytini, uning qancha vaqtgacha davom etishini qonunda belgilangan muddatdan koʻp yoki kam qilib belgilashlari mumkin emas. FKning 152-moddasiga biror da’vo muddatlari va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan oʻzgartirilmaydi. Bunday oʻzgartirish qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin. Umumiy qoidaga koʻra, da’vo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qoʻllaniladi. Bu qoida shunday ma’noni anglatadiki, agar javobgar sudga da’vo muddati oʻtib ketganligini bildirmasa, sud da’vogar va javobgar oʻrtasidagi nizoni mazmunan koʻrib chiqish va hal qiluv qarori chiqarishi lozim. Bunda da’vo muddatining oʻtib ketganlik holati ahamiyatga ega boʻlmaydi. Ushbu holatda taraflar oʻzaro bitim tuzish paytida, ular oʻrtasidagi bitim yoki shartnomaga nisbatan da’vo muddati joriy qilinmasligi toʻgʻrisida kelishuvga erishsalar, bunday kelishuv oʻz-oʻzidan haqiqiy sanalmaydi.
Da’vo muddati institutining maqsadi kimnidir jazolash yoki kim uchundir noqulaylik vujudga keltirish hisoblanmaydi. Bu institutning maqsadi va vazifasi huquqiy munosabatlarni buzmasdan, ular koʻlamiga ta’sir etmasdan huquqiy munosabatlardagi noaniqliklarni bartaraf etishdir.