Muddatlarning turlari
Fuqarolik huquqida uchraydigan juda koʻplab muddatlar bir necha asoslarga koʻra turlarga boʻlinadi.
Muddatlar muddatning kim tomonidan tayinlanishiga koʻra, huquqiy oqibatiga koʻra, aniqlanish tavsifiga koʻra va boshqa bir qator asoslarga koʻra turlarga boʻlinadi.
Muddatlar kim tomonidan tayinlanishiga koʻra, uchga boʻlinadi:
1) qonuniy muddatlar;
2) shartnomali muddatlar;
3) sud tomonidan belgilanadigan muddatlar.
Muddatlarning bunday asosga koʻra boʻlinishi, muddatni vujudga keltiruvchi negiz bilan tavsiflanadi. Muddatlarni vujudga keltiruvchi, ya’ni belgilovchi va oʻzgartiruvchi holatlar tegishli hujjatlarda ifodalanadi (masalan, qonun, shartnoma yoki sudning hal qiluv qarorida).
Huquqiy oqibatiga koʻra, muddatlar huquqni vujudga keltiruvchi, huquqni oʻzgartiruvchi va huquqni bekor qiluvchi muddatlarga boʻlinadi.
Muddatlar oʻzlarining aniqlanish tavsifiga koʻra imperativ va dispozitiv, mutlaq aniq, qisman aniq va noaniq, umumiy va maxsus hamda boshqa muddatlarga ajratiladi. Fuqarolik huquqida fuqarolik huquqlarini amalga oshirish muddatlarining quyidagi turlari mavjud: fuqarolik huquqlarini amalda boʻlish vaqtini belgilaydigan muddatlar, cheklovchi(preklyuziv) muddatlar, e’tiroz (pretenziya) muddatlari, kafolat muddati, yaroqlilik muddati, tovarning xizmat qilish muddati, tovardan foydalanish, tovarni saqlash muddati va boshqa muddatlar.
Majburiyatlarni bajarish muddatlari. Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish muddatlari bilan birga fuqarolik huquqida u bilan uzviy bogʻliq boʻlgan fuqarolik majburiyatlarini bajarish muddatlari ham mavjud. Har qanday fuqarolik huquqlarini amalga oshirishda vaqt muhim ahamiyatga ega boʻlganidek, majburiyatlarni bajarishda ham vaqt alohida oʻrinni egallaydi. Zero, subyektga tegishli huquq bilan bir vaqtda shu huquq bilan yonma-yon majburiyat ham mavjud boʻladi. Bir shaxsning huquqini amalga oshirish muddati ikkinchi shaxsning majburiyatni bajarish muddati hisoblanadi.
Masalan, qarz shartnomasiga muvofiq, 1 may kuni olingan qarz 3 oy oʻtgach, ya’ni 1 avgustda qaytarilishi bir vaqtning oʻzida ham huquqni amalga oshirish muddatini, ham majburiyatni bajarish muddatini ifodalaydi.
fuqarolik huquqlarini amalda boʻlish vaqtini belgilaydigan muddatlar, cheklovchi(preklyuziv) muddatlar, e’tiroz (pretenziya) muddatlari, kafolat muddati, yaroqlilik muddati, tovarning xizmat qilish muddati, tovardan foydalanish, tovarni saqlash muddati, da’vo muddati va boshqa muddatlar
fuqarolik huquqlarini amalga oshirish muddatlari fuqarolik majburiyatlarini bajarish muddatlari
Do'stlaringiz bilan baham: |