Vakillikning turlari Mazmuniga ko’ra Vujudga kelish asosiga ko’ra Muomalaga layoqatli shaxslar nomidan ishonchnoma qonun Muomalaga layoqatsiz shaxslar nomidan sudning qarori Vakolatsiz vakil Davlat organing qarori Tijorat vakilligi
FK muomalaga layoqatli shaxslar nomidan vakillik qilishni muomalaga layoqatsiz shaxslar nomidan vakillik qilishdan farqlaydi. Muomalaga layoqatli shaxslar vakillarini o‘z erklaridan kelib chiqib belgilaydilar. Muomalaga layoqatsiz shaxslar nomidan vakillik esa qonun asosida belgilanadi va ular nomidan vakil sifatida ota-onalar, farzandlikka oluvchilar, vasiy va homiylar harakat qiladi.
Agar bir shaxsning ikkinchi shaxs nomidan oshkora harakat qilish uchun hech qanday vakolati bo‘lmasa yoki vakolatli bo‘lsa ham uning doirasidan chetga chiqqan bo‘lsa, bu holda tuzilgan bitimlar bo‘yicha kimning nomidan harakat qilgan bo‘lsa, mazkur shaxs uchun huquq va majburiyatlar vujudga kelmaydi.
FKning 132-moddasida ko‘rsatilganidek, boshqa shaxs nomidan tuzilgan yoki vakolatlardan tashqari chiqib tuzilgan bitim vakolat bergan shaxs keyinchalik ma’qullangan taqdirdagina, uning uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi, o‘zgartiradi va bekor qiladi. Bitim tuzishga vakolat bergan shaxs bitimning ijroga qabul qilinganligidan guvohlik beruvchi harakatlar qilgan holda ham, bunday bitim ma’qullangan hisoblanadi.
Vakil qiluvchi tomonidan bitimning kelgusida ma’qullanishi u tuzilgan vaqtdan e’tiboran haqiqiy, deb hisoblashga huquq beradi.
Bitimlar tuzishda vakil o‘z erki bilan harakat qiladi. Bu holda u o‘ziga berilgan vakolatning hajmiga, amaldagi huquqiy normalarning qoidalariga, vakil qiluvchining bergan ko‘rsatmalariga asoslanib ish tutadi. Bitim tuzilishida vakilning erki ham vakolat doirasida ifodalanganligi sababli vakilning jiddiy ravishda yanglishishi, aldanishi, qo‘rqitilishi yoki zo‘rlik ta’sirida tuzilgan bitim sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 133-moddasiga muvofiq, tadbirkorlar shartnomalar tuzayotganida ular nomidan doimo va mustaqil suratda vakillik qiluvchi shaxs (tijorat vakili) vakilning vakolatlari ko‘rsatilgan yozma shartnoma asosida, bunday vakolatlar ko‘rsatilmagan taqdirda esa ishonchnoma asosida ham ish olib boradi.
Tijorat vakili o‘zining ishtirokida tuzilgan shartnomadagi turli taraflarning manfaatlarini faqat bu taraflarning roziligi bilan hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollardagina ayni bir vaqtda ifodalashi mumkin.
Agar taraflar bilan tuzilgan bitimda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tijorat vakili kelishilgan haqni va topshiriqni bajarish vaqtida qilgan chiqimlarini teng ulushlarda to‘lashni shartnomadagi taraflardan talab qilishga haqli.
Tijorat vakili o‘ziga berilgan topshiriqni bajarib bo‘lganidan keyin ham savdo bitimlari to‘g‘risida o‘ziga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni sir saqlashi shart.
Tadbirkorlik faoliyatining ayrim sohalaridagi tijorat vakilligining xususiyatlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Tijorat vakilligi vakillikning maxsus turi sifatida e’tirof etiladi.
Tijorat vakilligining tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagi afzalliklarini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin:
Muayyan hududda tijorat vakilligi asosida faoliyat olib borish tadbirkorlik subyektlari uchun filial ochishdan ko‘ra, oson va kam xarajatli hisoblanadi;
Tijorat vakili bilan shartnoma tuzishda u tomonidan tuziladigan shartnomalar sonidan qat’i nazar ma’lum bir qat’iy summada pul to‘lanishini nazarda tutadigan shartnoma ham tuzish mumkin; Tijorat vakili vakolat beruvchi bilan mehnat munosabatlari asosida bog‘liq bo‘lmaydi;
Tijorat vakili bir vaqtning o‘zida shartnomadagi turli taraflarning manfaatlarini ifodalashi mumkin.
XIX asrning oxirlaridan boshlab, Evropa davlatlarida tadbirkorlar tomonidan o‘zlarining eng ishonchli xodimlariga deyarli cheklanmagan vakolatlarning berilishi tamoyili kuzatilgan. Bunday xizmatchilar prokuristlar yoki bosh vakil, deb yuritiladi.
Tadbirkorning boshqa tijorat vakillaridan farq qilgan holda, prokuristning vakolatlari doirasi va mazmuni qonunda belgilab berilgan (Germaniyaning Savdo tuzuklari, Shveysariya, Avstriya, Bolgariyaning qonunchilik aktlari) va tadbirkorlar tomonidan o‘zgartirilishi mumkin bo‘lmagan. Demak, ushbu normalar imperativ xarakterga ega. Tadbirkor o‘z arizasi orqali prokuristni Savdo riyestrida majburiy ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.
Bosh vakilning bunday vakolatlarga egaligi unga barcha sud va suddan tashqari ishlarda, shartnoma va boshqa munosabatlarda tadbirkor tomonidan beriladigan ishonchnomasiz ham harakat qilish imkonini beradi. Germaniya va Shveysariya qonunchiligida bunday vakolatlar savdo (tijorat) vakolatlari sifatida baholanadi. Savdo vakolatlari konkret turdagi korxona uchun amalga oshiriladigan yuridik harakatlarga nisbatan tatbiq etiladi (Germaniya savdo tuzuklari 54-modda, Shveysariyaning majburiy qonuni 462-modda).
Korxona xizmatchilari tomonidan amalga oshiriladigan vakillikni vakolatlar doirasiga ko‘ra:
Cheklangan vakolatlarga asoslanadigan vakillik;
Cheklanmaydigan vakolatlarga asoslanadigan vakillikka bo‘lishimiz mumkin. Chunki yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bosh vakilda cheklanmagan vakolatlar mavjud bo‘ladi.
Tijorat vakilligi turlari:
Savdo tashkilotining xizmatchisi tomonidan amalga oshiriladigan vakillik;
Savdo agentlari tomonidan amalga oshiriladigan vakillik;
Birjadagi vakillik, agar vakil vakolat beruvchining nomidan harakat qilsa.
Tijorat vakiliga to‘lanadigan haq miqdori taraflarning kelishuviga asosan belgilanadi. Vakillik shartnomaga asoslangan holatlarda to‘lanadigan summa miqdori ko‘rsatib o‘tiladi. Tijorat vakilligini sohasiga qarab ham turlarga bo‘lish mumkin. Masalan:
Sug‘urta sohasidagi vakillik;
Savdo sohasidagi vakillik;
Birjadagi vakillik;
Qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq vakillik;
Ko‘chmas mulk bozoridagi vakillik. Bugungi kundagi tijorat vakilligi bo‘yicha hal qilinishi lozim bo‘lgan muhim masalalardan biri - bu boradagi xalqaro-huquqiy normalarni unifikatsiya qilishdir. Bu boradagi ilk qadamlardan biri, 1983 yil 17 fevralda qabul qilingan “Xalqaro tovarlar oldi-sotdisida vakillik to‘g‘risida”gi Konvensiya bo‘lib hisoblanadi.