Birja bitimlari Bitimlar orasida birja bitimlari oʻziga xos xususiyatga ega. Bitimlarni birja bitimlari deb hisoblash uchun ular maxsus belgilangan joyda tuzilgan boʻlishi lozim. Birja hududi doirasida tuzilgan bitimlarning joyi birjada tuzilgan hisoblanadi. Birja bitimlari tuzish vaqti deganda birja savdolarining boshlanishi va tugatilishi uchun belgilangan vaqt tushuniladi. Ushbu vaqt davomida taraflar birja aktivlarini sotib olish va sotish uchun zayavka beradilar. Birjalar Oʻzbekiston Respublikasining “Birja va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi qonuni talablari asosida faoliyat yuritadi.
Birja bitimi deb - birjada roʻyhatga olingan birja listingi (savdo uchun koʻrgazmaga qoʻyilgan tovarlar roʻyxati)dan oʻtkazilgan birja tovarlari boʻyicha savdo sessiyasi (savdo vaqti) vaqtida birja savdosi ishtirokchilari oʻrtasida tuzilgan va birja tomonidan roʻyxatga olingan bitimga aytiladi. Birja bitimlari uning oʻzida roʻyxatga olinadi, shu sababli bunday bitimlar notarial tasdiqlanmaydi, qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Birja bitimlari birja nomidan va hisobidan amalga oshirilishi mumkin emas
Birja – oldindan belgilangan joy va muayyan vaqtda, belgilangan qoidalar asosida birja savdolarini tashkil etuvchi yuridik shaxs. Birjalar faqat aksiyadorlik jamiyatlari shaklida tashkil etiladi. Birjalar oʻz faoliyatini tovar-xom ashyo, fond va valyuta birjasi turida amalga oshiradi. Birjaning firma nomida “birja” soʻzi boʻlishi kerak.
Birja ustavida birjaning toʻliq va qisqartirilgan firma nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), elektron pochta manzili;
birja ustav fondining (ustav kapitalining) miqdori;
birja tomonidan chiqariladigan aksiyalarning soni, nominal qiymati, turlari (oddiy, imtiyozli);
birja boshqaruvining tuzilmasi, birja kuzatuv kengashining, taftish komissiyasining va ijroiya organining a’zolari soni, ushbu organlarni shakllantirish tartibi, ularning vakolatlari.
Birja ustavida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma’lumotlar ham boʻlishi mumkin.
Birja faoliyati birja tovarlari bozorini tashkil etish va tartibga solishga hamda talab va taklif asosida birja tovarlarining narxlarini ushbu bozorda shakllantirishga qaratilgan faoliyatdir.
Birja bitimlarining turlari: birjalarda asosan birja tovarlari (mol, xom ashyo, agrosanoat tovarlari va mahsulotlari, valyuta, qimmatli qogʻozlar va hokazo) boʻyicha quyidagi oldi – sotdi shartnomalari tuziladi.
- real (kassali) bitimlar – mavjud boʻlgan tovarlarni topshirish yoki yetkazib berish yoxud tovarga egalik qilish huquqini oʻtkazish bilan bogʻliq bitimlar hisoblanadi;
Real bitimlar amaliyotda kassali bitimlar deb ham nomlanadi. Bunday bitimlar birja bitimlarining eng oddiy turlaridan hisoblanadi. Real bitimlarga xos xususiyatlardan biri ularni darhol bajarilishi kerak boʻlishidan iborat, chunki ular mavjud boʻlgan tovarlar boʻyicha tuziladi. Real bitimning predmeti har doim tovar hisoblanadi, bitim tuzish paytida u jismonan mavjud va sotuvchining egaligida boʻladi.
- forvard bitimlar – mavjud (bitim tuzilayotgan vaqtda ishlab chiqarilgan) tovarni yetkazib berishni kechiktirish sharti bilan tuziladigan oldi – sotdi bitimlari; . Forvard soʻzi inglizcha “Forward transaction” soʻzidan olingan. Bu birja bitimining oʻziga xos xususiyatlaridan biri bitim tuzishdan koʻzda tutilgan harakat ma’lum bir vaqt oʻtgandan soʻng amalga oshirilishidir, bundan tashqari sotib oluvchi mavjud tovarni koʻrib yoki koʻrmasdan (ya’ni kelgusida ishlab chiqariladigan tovarlarni nazarda tutib) shartnoma tuzishidir.
- fyuchers bitimlar –fyuchers bitimning predmeti fyuchers kontraktidan iborat boʻlib, u alohida hujjat hisoblanadi. Fyuchers qimmatli qogʻoz hisoblanmaydi. kelajakda bajarish majburiyati olingan holda tovarlarga boʻlgan standart kontraktlarni olish va sotish toʻgʻrisidagi bitimlar; tovarlarga doir standart kontraktlarning oldi-sotdi bitimlaridir. Fyuchers bitimidagi “standart” tushunchasi faqat birjada belgilangan shartlarga amal qiluvchi bitimlar bilan savdo qilish mumkinligi (kontrakt hajmi, yetkazib berish sanasi, bahosi va boshqalar) bilan bogʻliqdir. Ularni kelgusida ijro etish majburiyatini olgan holda tuziladi. Bu bitimlar boʻyicha tovarlar, xom-ashyolar, qimmatli qogʻozlar shartnomada koʻrsatilgan bahoda (tovar qabul qilinayotganda uning narxi oʻzgarsa ham shartnomadagi baho imperativ xarakterga ega boʻladi va oʻzgarmaydi), faqat muayyan vaqtdan soʻng ijro etilish sharti bilan sotiladi. - optsion bitimlar– belgilangan narxda kelgusida sotib olinadigan va sotiladigan tovarlarga yoki tovarlarni yetkazib berish toʻgʻrisidagi standart kontraktlarga boʻlgan huquqlarni sotib olish yoki sotish haqidagi bitimlari hisoblanadi (lotincha optio – tanlash degan ma’noni anglatadi). Optsion bu-hujjat, bitim taraflaridan birining oʻz kontragentidan cheklangan muddat davomida kelishilgan narxda muayyan kompaniyaning belgilangan miqdordagi tovarlarni sotib olish yoki sotish uchun belgilangan huquqidan iborat. Optsion qimmatli qogʻozning kursi oʻzgarishi bilan foyda chiqarib olish uchun imkoniyat yaratadi. Optsionning ikkita asosiy turlari mavjud: optsion koll (call, ya’ni sotib olish huquqi va optsion –put (put) ya’ni sotish huquqi.
Repo bitimi: qimmatli qogʻozlarni muayyan muddat oʻtgach, avvaldan belgilangan narx boʻyicha qayta sotib olish sharti bilan tuziladigan qimmatli qogʻozlarga doir oldi-sotdi bitimlari.
Birjalarda tuzilgan bitimlarda ishtirokchi sifatida birja a’zolari ishtirok etadilar. Birja a’zolari oʻrtasidagi birja bitimlari birja savdolarining natijalariga koʻra tuziladi. Birja bitimlari faqat yozma shaklda tuziladi. Bitim bilan bogʻliq nizolar oldin birjalar hakamlik (ixtilof) komissiyasida hal etiladi. Qarordan rozi boʻlmagan tomon sudga murojaat etishga haqli.