4-§. Davlat va huquqning paydo bo’lishi haqidagi markscha-lenincha ta’limot
XIX asrning ikkinchi yarmida g’arbiy Ovrupoda xayoliy sotsializm ta’limotining yakuni
sifatida yangi siyosiy-huquqiy dunyoqarash, ya’ni markscha-lenincha ta’limot vujudga keldi.
Uning asoschilari K.Marks va F.Engelslar edi. Keyinchalik bu ta’limotning targ’ib etilishi
Rossiya va barcha boshqa ittifoqdosh respublikalarda asosan mafkura tariqasida amalga
oshirildi. O’zbekistonda ham bu dunyoqarash 1990 yillarga qadar asosiy dunyoqarash
bo’lib xizmat qildi. Shu boisdan ham biz ushbu masalaga qisqacha to’xtalishni maqsadga
muvofiq deb hisoblaymiz. Uni tanqidiy o’rganib, to’g’ri, ilmiy xulosalar chiqarish bugungi
kunda uchraydigan o’tmishdan saqlanib qolgan illatlar, kamchiliklarni bartaraf qilishda
ko’maklashadi.
Davlat va huquq nazariyasi K.Marks, F.Engels va V.I. Lenin asarlarida bosh masala
hisoblanadi. «Kommunistik partiya manifesti», «Oila, xususiy mulk va davlatning kelib
chiqishi», «Fransiyada sinfiy kurash», «Fransiyada grajdanlar urushi», «Davlat va
revolyutsiya», «Davlat to’g’risida», «Sovet hokimiyatining navbatdagi vazifalari» kabi
asarlarda ana shu ta’limot bayon qilingan. Ana shu asarlar asosida juda ko’plab
huquqshunos olimlarning kitoblari yozildiki, ularning hammasi to’g’risida fikr yuritish
mushkuldir. Xulosa shundan iboratki, markscha-lenincha ta’limot davlat paydo bo’lishi va
rivojlanishini xususiy mulkning paydo bo’lishi, jamiyatni qarama-qarshi kurashuvchi
sinflarga bo’linishi mahsuli sifatida o’rganadi.
Davlat jamiyatdagi sinflar, tabaqalar o’rtasida tinchlikni ta’minlovchi, ularni
murosaga keltiruvchi kuch sifa-tida emas, balki jamiyatdagi eng boy hukmronlik qiluvchi
sinfning qo’lidagi qurol deb o’rgatiladi. Xususiy mulk hukmronlik qilgan mamlakatlarda
davlat ezuvchi sinf man-faatlarini himoya qilsa, sotsialistik tuzumdagi jamiyatlarda bu
prolyetariat diktaturasidir, degan g’oyalar ilgari surildi.
Huquq masalasiga ham sinfiy nuqtai nazardan qarab, masalan, «Kommunistik
partiya manifesti»da unga burjua sinfining qonun darajasiga ko’tarilgan erki, bu erkning
asosini shu sinfning moddiy shart-sharoiti tashkil qiladi, degan ma’noda ta’rif berilgan.
Davlat va huquq bir zamonlarda paydo bo’lgan bo’lsa, kelajakda, ya’ni kommunistik
jamiyatda ular barham topadi. Prolyetar diktaturasi davlatining o’zi sinflarni tugatadi,
xususiy mulkni barham toptiradi, hammani ijtimoiy hayotda teng va baxtli qilib, natijada
o’zi ham barham topadi, degan ko’pdan-ko’p fikrlar asosida markscha-lenincha ta’limot
rivojlandi.
Oqibat natijada sotsialistik mamlakatlarda totalitar tizim yuzaga kelib, davlat
apparatida ko’p jihatdan, jazolovchi, zo’rlikka tayangin mexanizmlar rivojlandi. Bu hol esa
ko’plab begunoh odamlarning huquqlari poymol qilinishiga, mamlakat siyosiy hayotida
butun bir millatlarga nisbatan repressiyalar o’tkazilishiga sabab bo’ldi.
Ushbu ta’limotning eng katta kamchiligi uning xayoliy, afsonaviy tenglar jamiyatiga
chiqish to’g’risidagi qarashlari tabiat qonunlariga qarama-qarshiligida edi.
Nazariyada hammaning tengligi e’tirof etilsada, amalda yagona kommunistik
partiyaning hukmronligi, millatlar ustidan esa bir millat vakillarining ustunligi o’rnatildi.
Davlat va huquq inson huquqini himoyalovchi, ta’minlovchi; sinflar va millatlarni
tinchlikka, murosaga keltiruvchi kuch bo’lish o’rniga, aksincha, ular o’rtasida qarama-
37
qarshilikni keskinlashtiruvchi kuchga aylangan edi. Shu sababdan ham markscha-lenincha
davlat va huquq nazariyasi va uning asosida tashkil etilgan sotsialistik davlat va huquqning
umri uzoq bo’lmadi. 1990 yillarga kelib parchalanib, tarqab ketdi.
38
Do'stlaringiz bilan baham: |