Glikolitik mexanizmni takomillashtirishda jismoniy yuklanishlar quyidagi xususiyatlar bilan xaraktkterlanadi. Ishning shiddatligi mashq uchun tanlangan masofaning uzunligi bilan belgilanadi. Siljish tezligi mazkur masofadagi tezlikka yaqin bo‘lishi kerak. Mashq bir necha marta takrorlangandan keyin, charchay boshlash natijasida tezlik sezilarli ravishda pasayishi mumkin, lekin shu tezlik ham organizmning shu vaqtdagi holati uchun chegara tezlikka yaqin bo‘lib qolaveradi. Bo‘laklarning uzunligi - ish vaqti taxminan 20 soniyadan 2 daqiqagacha davom etadigan qilib tanlanadi. Dam olish shiddatliklari glikolitik jarayonining dinamikasi bilan belgilanadi. Bu haqda esa qondagi sut kislotasining miqdoriga qarab fikr yuritiladi. Yuqoridagiga o‘xshash ishlarda ish tamomlansa bo‘lgandan keyin qondagi laktatning maksimum miqdori darxol emas, balki bir necha daqiqa o‘tgach kuzatiladi. Shu bilan birga mashq takrorlangan sari maksimumning vaqti ish tamom bo‘lish vaqtiga yaqinlashib keladi. Shuning uchun bunday holda dam olish intervallarini asta-sekin kamaytirish lozim. Bunday holda dam olish intervallarini boshqa ish turlari bilan to‘ldirish kerak emas. Faqat batamom harakatsiz qolinmasa bas. Dam olish intervallari kamayib boruvchi ishlarda takrorlashlar soni, charchoq tez ortib borgani sababli, uncha ko‘p bo‘lmaydi. Bunda 3-4 takrorlashga kelib qonda juda ko‘p sut kislotasi yig‘ilib qoladi. Tasvirlangan metodikalar bir qadar tanlab anaerob mexanizmlardan biriga ta’sir etish mumkin bo‘lishini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Amalda bu jismoniy yuklanishlar bilan birga boshqa birmuncha kengroq ta’sir etadigan yuklanish ham qullash kerak. Bu ta’sirlarni birga qushishning umumiy sxemasi quyidagicha: nafas olish imkoniyatlari anaerob imkoniyatlarni o‘stirish uchun asos, glikolitik mexanizm esa kreatinfosfat mexanizmning rivojlanishi uchun asos bo‘ladi. Anaerob imkoniyatlarning ikkita tashkil etuvchilari ham shunday: glikolitik jarayon energiyasidan foydalanish qobiliyatini tarbiyalash kreatin fosfokinaz reaksiya energiyasi hisobiga ishlash qobiliyatini tarbiyalashdan oldin bo‘lishi kerak. Chunki glikoliztik energiyasi kreatinfosfat tiklanishining birinchi fazasida ishlatiladi. Shunday qilib, jismoniy tarbiya jarayonida chidamlilikning xilma-xil tomonlariga ko‘proq ta’sir etish izchilligi quyidagicha bo‘lishi kerak: dastlab nafas olish imkoniyatlarini, so‘ngra glikolitik imkoniyatlarini va nihoyat, kreatinfosfokinaz reaksiyasi energiyasidan foydalanish qobiliyati bilan belgilanadigan imkoniyatlarni oshirishga e’tibor beriladi. Bu jismoniy tarbiyaning butun bir bosqichlariga taalluqlidir. Maksimal intensivlikdagi ishlarda charchash biologik jihatdan anaerob resurslarning tezda tamom bo‘lishi, shuningdek nerv markazlarining aktivlashish natijasida tormozlanishi bilan belgilanadi. Shuning uchun bu xildagi ishlarda chidamlilikni tarbiyalashda avvalo quyidagi vazifalar turadi: a) anaerob imkoniyatlarni oshirish; b) maksimal intensivlikdagi maxsus ish sharoitlarda nerv markazlarini ishga yaroqligini oshirish.