Hayrat ul-Abror (II- qism)
Alisher Navoiy
35
http://ziyonet.uz/
koʻrsatardi. Osmon goʻyo bu masxaraboz uchun bir chodir edi. Yulduzlar esa uning
kumushtan qoʻgʻirchoqlari edi. Somon yoʻli oʻzining choʻziq koʻrinishi bilan osmon sayri
uchun unga yoʻl edi. Falak ayvonida koʻzga tashlangan chiziqlar xat emas, osmon
qorongʻiligining yoʻl koʻrsatuvchisidir. Osmon bogʻiga shu qadar ziynat berilganki, har
bir yulduz bir gul boʻlib, quyosh ham rashk etardi.
U muqaddas qush (koʻngul) yana oʻynagisi kelib yana ham balandga havolab uchdi.
Uning tuproqdan iborat vujudi yerda qolgan edi. Oʻzi falak yulduzi boʻlib, osmonga
koʻtarildi. Rux qanotli qushga aylanib, tun qorongʻiligida sayr qilardi. Ushbu jannat
bogʻining qushi birinchi chaman (osmon)ni aylana boshladi. Bu chamandagi oy yaxlit bir
javhardan iborat boʻlib, olam uning markazi, oʻzi esa uni oʻrab turgan dengizday edi. Bu
oliy javhar xalqa boʻlib aylanar, uning uzuk koʻziga oʻxshash koʻzi eng quyi bir nuqtaga
joylashgan edi. Yoʻq, u xalqa ham emas, balki aylana lagan edi; uning sham’i esa
majlislarning mash’ali edi. Bu hajr maskanining mash’ali, gadolarning buzuq kulbasida
sham’ vazifasini oʻtar edi. Uning nuri buzuq kulbaga farogʻat sham’idek, sham’ ham
emas, shamchirogʻ gavhar oʻrnida edi . Uning koʻrinishi doira monand boʻlib, Xudoning
nomini kuylab, tasbeh oʻgirayotganga oʻxshaydi. Goh muttasil Xudoni madx etish uchun
uning butun vujudi til koʻrinishiga kirardi.
U (koʻngul) yana bir (osmon) bogʻiga kirib, joy oldi. Unda kumush badanli bir mahbuba
turardi . Uning qoshlari fusungar, koʻzlari tannoz boʻlib, biri ishva koʻrsatsa, ikkinchisi
noz qilardi. Sochlarining jingalaklarida yuzlab tugunlar bor edi. Yuziga esa mushkdan
sovut yasatib olgan edi. Oʻzi ham mahbuba, ham musiqachi, ham soqiy, ham ashula
toʻquvchi edi . Uning yuzi yigitlik mayidan qip-qizil, sherigi esa bir qari chol . Kasallik
uning suyaklarini chiqarib qoʻygan, hatto badanidagi tomirlar koʻrinib turardi. Bu mutrib-
tabib uning tomirlarini chertib koʻrar, tomirlar esa qon yoʻgʻidan nola chekar edi.
Oʻzi’ham u tomirlarga joʻr boʻlar, bu kuydan tomirlar ham, tomir koʻradigan ham
xursand boʻlardi.
U (koʻngul) yana bir hujra (osmon) ga qadam qoʻydi. Unda eng nodir donishmand bir
xattot oʻltirar edi . Bu hujrada uni munshiy (xattot) deb atashardi. U xat yozishga
kirishganda durni ipga uzganday qilardi. Uning ta’bi mumday yumshoq va yoqimli,
naqshni esa eng chiroyli uzuklardan olardi. Suv olmoqchiday oldidagi har siyoxdonga
murojaat etar, oʻzini ham oʻsha idishga hamrang qilgan edi. Uning qalamidan qogʻoz
qoraymasdi. Chunki u Xudoning madhidan boshqa narsani yozmasdi.
U yana bir boshqa gulshan (osmon)ga koʻchdi: undagi har bir chamanni kezdi. U yerda
shunday bir pari paykar oʻltirardiki, u - osmon qutisining eng qimmatbaho gavhari edi .
Uning javhari jon manbaidan ham yorugʻ, dunyodagi hech bir narsa undan yorugʻ emas
edi. Uning vujudi dunyoni oʻzida aks ettiruvchi oinaga oʻxshardi; oy koʻzgusi undan nur
olardi. U osmon boʻylab malaksifat parvoz etardi; porloq nurlar unga har tomondan qanot
edi. Uning chashmasini Isoning oʻzi topgan boʻlib, toza nafasidan oʻluk tirilardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |