Hayrat ul-Abror (II- qism)
Alisher Navoiy
36
http://ziyonet.uz/
Chashmadan u obi hayot suvini ichar edi. Kecha qorongʻiligi esa uning uchun obi hayot
yashirilgan zulumot edi. Uning vujudidan chashma suvi oqib chiqib, atrofga ariqlar
porloq nurdek taralar edi. Yoʻq, bu chiziqlarni boshidan-oxirigacha tillarga oʻxshatsa
ham boʻladi; uning har bir tili Xudoning yodidan soʻzlardi.
U (koʻngul) yana oʻrnidan turib boshqa maydon (osmon)ga xallosladi; unda qoʻliga
nayza ushlagan bir pahlavon jangchi turardi . Uning qaxri kelib, gʻazab tutuni koʻtarilsa,
har bir uchquni yuz yilgacha dumli yulduzdek osmonda uchib yuradi. Uning ishi hamma
olamlarga qaxr sochish boʻlib, achchigʻlanganidan butun vujudi zaharga aylanib ketgan.
Achchigʻidan har tomonga tigʻ soladi, tigʻidan esa qon emas, zahar tomadi. Uning may
ichadigan kosasi odamlarning boshidan; ichadigani esa may oʻrniga qon. Qorongʻi
kechada u otgan oʻqlar yulduzday uchadi; qilichi kesgan yer yangi oyga oʻxshaydi.
Nayza va oʻqlari, hatto tigʻi ham Xudoga shukr aytishga kelganda tilga aylanadilar.
U (koʻngul) yana bir manzil (osmon)ga oʻtdi, uning saxnida bir xushbaxt kishi
joylashgan edi . Oʻzi farishtasifat, kiyimi ipakdan, bu kiyimni darveshlarning ridosi desa
ham boʻladi, oddiy yopqich desa ham. Oʻzi olti zinali minbarda oʻltiribdi, yuzidan uning
zuxd-toatda ulugʻligi bilinib turardi. Kechalari yuzini ochib koʻrsatish uning odati, saodat
nurlari unga mash’al edi.
Uning zebo jamoli doimiy baxtga, baxt, omad bilan toʻla taqdiri yetuk aqlga oʻxshardi.
Nur va safo chegaralarigacha uning mamlakatidir. Yozgan yozuvlari esa Xudoga hamdu
sanodan iborat.
U (koʻngul) yana bir cherkovga (osmonga) kirib, sayr qildi. Butxona piri bir hindi
ekanini koʻrdi . Har ishda uning istagi sabr edi; sabr qilib, biron ishni bajarishga hech
shoshmasdi. Uning peshonasi mehnat-mashaqqat kuniday qora, oyogʻi esa ayriliq
kechasiday choʻloq, juda sekin yurardi. U yaxshi ishlashini kuzatib turar, oʻzi esa
oʻrdakdan battar sust harakat qilardi. Oʻttiz yilda Makkani bir ziyorat qilganday, atrofini
zoʻrgʻa bir aylanib chiqadi. Qoʻliga tasbeh tutib, uni oʻgirib, tilida doim tirik qodir
Xudoni zikr etadi.
U (koʻngul) yana bir baland tepaga koʻtarilganda, uning atrofi mustaxkam devor bilan
qoʻrgʻon shaklida oʻralganini koʻrdi . Etti osmon unga borib tutashgan. «Qur’on»dagi
«Koʻo burilar» haqidagi gap ham shu osmonga tegishli. Undagi xandaqning tagi shunday
chuqurki, oʻlchash qiyin. Atrofi oʻn ikki burj boʻlib, birontasining darvozasi yoʻq. Har
burjning orasida tepalik boʻlib, bu tepalikning ustida bir ajoyib goʻzal (yulduz) jilva qilib
turadi. Qizigʻi shuki, bu goʻzallar doim sayrda, lekin ularning sayri shu oʻn ikki joydan
chetga chiqmaydi. Ular xudojoʻ odamlar tili bilan soʻzlaydi, mehribon Xudo madxini
koʻklarga koʻtaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |