Indikanuriya ichakda oqsillarni chirishidan hosil bo‘lib, otlar siydigida kam miqdorda ajraladi. Indikan ajralishini kuchayishi ichaklarda oziqa to‘xtab qolib chiriganda, yiringli plevrit, metrit va boshqa oqsillarni chirishi bilan kechadigan kasalliklarda uchraydi. Buyrak faoliyati buzilganida indikan ajralishi kamayib indikan miqdori qonda ko‘payadi. Indikanni qonda ko‘payishi buyrakni ayiruv funksiyasini buzilganini bildiradi. Lekin indikanni kam miqdorda normal otlar siydigida ham uchratish mumkin.
Bakteriuriya- yangi ajralgan siydikda mikroorganizmlarni bo‘lishidir. Yangi ajralayotgan siydikda mikroorganizmlar ko‘p bo‘lmay u siydik ajratish vaqtida siydikga tushadi. Mikroorganizmlar siydikga tashqi muhitdan ifloslangan instrumentlardan masalan, katetrdan foydalanganda, teridan, chot orasidan, va jinsiy organlarning tashqi shilliq pardalaridan tushadi.
Ko‘pchilik infeksion kasalliklarda (paratif, brutselyoz, sil va boshqa bir qancha kasalliklarda) mikroorganizmlar qon orqali siydikga buyrak parenximasi shikastlanganida o‘tadi. Hazmlanish jarayoni buzilganida, ichak mikroorganizmlari limfagen yo‘l bilan to‘g‘ri ichak va siydik tanosil yo‘liga tushib siydikda paydo bo‘ladi. Infeksion agent turli xil virus kasalliklarda siydikda kuzatiladi (otlarning infeksion anemiyasida, Aueski kasalligida va boshqalarda). Bakteriuriya epizotologik ahamiyatga ega bo‘lib, atrof muhitni infeksiya bilan ifloslanish manbai bo‘lib xizmat qiladi. Ba’zi bir olimlar bakteriuriyani organizmni ximoya moslashuvchanlik xususiyati deb, oqibatda organizm mikroorganizmlardan tozalanib zaharlanish pasayadi.
Z.Buyrak faoliyatini buzilishini umumiy oqibatlariBuyrak shishlari va buyrak faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan gipertoniyalar buyrak faoliyatini buzilishidan kelib chiqadi. Buyrak shishlari buyrakni ayiruv vazifasi buzilganida kuzatiladi. Bu o‘zgarishlar avvalo yumshoq to‘qimalarda kuzatiladi ya’ni qovoqda, urug‘don xaltasida, qorinning pastki qismlarida qo‘ltiqda, ba’zan bo‘shliqlarda hosil bo‘lib assit yoki gidrotoroks deyiladi.
Buyrak shishlarining hosil bo‘lish mexanizmlari juda murakkabdir:
1.Kortikosteroid gormonlaridan aldosteronni ajralishini kuchayishi organizmda natriy va suvni ushlanib qolishiga sabab bo‘ladi.
2.Qonning onkotik bosimi pasayadi.
3.Kapillyarlarni o‘tkazuvchanligi kuchayadi.
Buyragi kasallangan hayvonlar qon va siydigida aldosteron ko‘payib natriy va suvni qayta so‘rilishini kuchaytirib ularni boshqa yo‘llar bilan ajralishiga to‘sqinlik qiladi. Oqibatda qonda bu moddalar miqdori oshib osmotik bosim oshadi. Giperosmiya reflektor ravishda gipofiz orqa qismining antidi-uretik gormonini qonga o‘tishini kuchaytirib suvni qayta so‘rilishini kuchaytiradi. Xuddi shunday koptokcha qon tomirlaridagi spazm filtratsiyani zaiflashtiradi. Oqibatda organizmda suv va tuzlar ushlanib qolib suvni qondan to‘qimalarga o‘tishiga sharoit yaratiladi.
Oqsil moddalarni qonda kamayishi onkotik bosimni kamaytirib buyrak shishlarini keltirib chiqaradi. Buyrak kasalliklarida albuminlarni siydik orqali chiqarilishi kuchayadi, oqsil almashinuvi buzilib, ularni sintezlanishi kamayadi va qon plazmasida oqsillar kamayadi.
Nefrozlar davrida qonning onkotik bosimi qondagi oqsillarni sifat o‘zgarishlari hisobiga kamayadi. Buyrak kasalliklarida A/G koeffitsient kamayadi. Buyrak shishlarini kelib chiqishida qon tomirlarini o‘tkazuvchanligi muhim o‘rin egallaydi. Bu o‘zgarishlar konda moddalar almashinuvining oraliq mahsulotlari va mikrob zaharlari ta’siridan hosil bo‘ladi. Natijada plazma oqsillari to‘qima oraliq suyuqlik va siydikga o‘tib qonda onkotik bosim kamayadi, hamda kapillyarlardagi so‘rilish buziladi. Buyrak shishlari buyrak va buyrak faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan sabablar ta’sirida ham hosil bo‘lib ko‘pchilik hollarda buyrak kasalliklari davrida yurak qon tomirlar sistemasi faoliyati o‘zgarib, yurak faoliyatiga bog‘liq shish hosil bo‘lishi mumkin. Buyrakni jarohatlanishi qon tomirlarida qonning bosimini oshirib, yurakni gipertrofiyasiga sabab bo‘ladi. Bu xildagi gipertrofiyaning rivojlanish mexnaizmini asosida buyrakni qon bilan ta’minlanishini u yoki bu patologik o‘zgarish hisobiga kamayishi yotadi. Tajribalarda aniqlanishicha, buyrakni qon bilan ta’minlanishini buzilishi natijasida buyrakda renin moddasi hosil bo‘lib, alfa 2 globulinga yoki gipertenzinogenga ta’sir etib, parchalab, gipertenzin hosil bo‘ladi. Gipertenzin qon tomirlarini kuchli toraytiradi. Renin va gipertenzinlarning fiziologik ahamiyati shundan iboratki, ular qon tomirlar tonusini o‘zgartirib buyrakga keladigan va undan chiqadigan arteriolalar faoliyatini boshqaradi. Renin va gipertenzinlar qonda faqat buyrak gipertoniyasi kuchayganda hosil bo‘lib surunkali davrga o‘tishi qon bosimi yuqori bo‘lishiga qaramay ularning miqdori ko‘paymaydi. Bu surunkali gipertoniyada boshqa pressor sabablar ham o‘rin egallashidan darak beradi. Bu sabablar buyrak usti bezidan mineralokorti-koidlardan aldosteron va dezoksikortikosteroidlarni ajralishiga bog‘liq. Uzoq vaqtli ya’ni 4-5 oy davomida dezoksikortikosteronlarning ajralishi organizmda qaytarilmaydigan gipertoniyalarga sabab bo‘ladi.