SEVGI NIMA
Sevgi nima o'zi, ayting, sevganlar
To'lqin-la mavj urgan sehrli ummonmi.
Quyoshmi, oymi, yulduzmi ayting
Ikki qalb makoni yettinchi osmonmi.
Bu tuyg'u asli nedan yaralgan
Kechasi farishta solami qalbga
Yo yomg'ir misoli mayda-maydalab
Har tomchi jo'sh urib, yog'ami qalbga.
Sevgi nima o'zi tushdagi tushmi
Orzular og'ushi tuyilgan hayolmi.
Mard, jasur erkak-u, mehrga to'la
Timsoli: muqaddas, vafoli ayolmi.
Bebaho gavhardir, nozik, xushbichim
Ko'zni quvontirgan hiloldir sevgi.
Yulduz-u falakdir, jahon ul afsun
Dillarni rom etgan biloldir sevgi.
Kechasi uxlolmay, ko'zlar intizor
Yorni oy aksida ko'rgan tunimdir.
Orazin bezagan xunrez ko'zlari
Tushimda jon olib, o'lgan kunimdir.
Asl yor ishqida kuygan Mashrabdek
Bedilman, kundan kun seni suyguvchi
Ishqim yurakdadir, yuragim senda
Jahonso'z hajringda hamon kuyguvchi.
Sevgi bu— hayotdan zavqlanib, har kun
Uzoq umr ko'rib, yuzga to'lishdir.
Yettinchi osmonda umrbod qolib
Suyukli yor bilan baxtli bo'lishdir.
VATAN
Allalar aytgan onamsan, vatan
Dunyolar ichida birdonamsan, vatan
Jaloliddinday yetuk mardonamsan, vatan.
Jonim baxshidadur o'zbegim, vatan
Ostonadan boshlangan oilamdursan,
Zulfiyadek buyuk shoiramdursan,
Nay, rubob, jarangdor doiramdursan,
Jonim baxshidadur o'zbegim, vatan.
Navoiydek yetuk g'azal sultonim,
Boburdek shoir-u, shohijahonim,
Mashrabdek ishq yutgan jo'shqin ummonim,
Jonim baxshidadur O'zbekistonim.
Qushlarni sayratgan go'zal bo'stonim,
Hushbo'y hid taratgan shod gulistonim,
Tarixda yozilgan g'azal, dostonim,
Jonim baxshidadur O'zbekistonim.
Vatanni sevuvchi tanim, iymonim,
Nomusim, orim va pok vijdonim,
Allohning so'zlari buyuk Qur'onim,
Jonim baxshidadur O'zbekistonim.
Dilimdan chiqayotgan dilkash kalomim,
Insonni shod etgan shirin salomim,
Namozin ulug'lagan pok musulmonim,
Jonim baxshidadur O'zbekistonim.
Mustahkam qal'ali O'zbekistonim,
Qo'riqlaydi yurtni jasur posbonim,
Qo'rqmas, mehribon-u jannatmakonim,
Jonim baxshidadur O'zbegim, vatan.
Har tongda chiquvchi nurli quyoshim,
Kulguyim, qayg'uyim, hamda ko'zyoshim,
Oldinga boshlovchi ulug' yurtboshim,
Jonim baxshidadur O'zbekistonim.
Shu yurtda tug'ildim, shu yurtda o'sdim
Barcha yaqinlarim, yonimda do'stim,
Mehr berganlarga qo'limni cho'zdim,
Jonim baxshidadur o'zbegim, vatan.
Ishonching oqlaymiz ulug' maakanim,
Faxr-la kuylaydi vujudim, tanim,
Osmoni musaffo vatanim manim,
Men seni sevaman, O'zbekistonim!
Do'stlaringiz bilan baham: |