Oziq-ovqat muammosi. Ommaviy kasalliklar va umrning sezilarli darajada qisqarishi sabablaridan biri oziq-ovqat muammosidir. Xususan, surunkali toʼyib ovqat emaslik va nomutanosib ovqatlanish kam rivojlangan mamlakatlar aholisida ommaviy tarzda namoyon boʼlayotgan muttasil oqsil ochligi va vitamin taqchilligiga olib kelmoqda. Natijada jahonda har yili ochlikdan bir necha oʼn millionlab odamlar, kattalardan koʼra koʼproq bolalar halok boʼlmoqda.
1960-yillarda oziq-ovqat muammosini yechish rivojlanayotgan mamlakatlar uchun «yashil inqilob»ni amalga oshirish bilan bogʼlangan edi. Bu tadbirning mohiyati bugʼdoy va sholining oʼta unumli yangi navlaridan foydalanib, qishloq xoʼjalik mahsuldorligini keskin oshirishdan iborat edi. Buning uchun qishloq xoʼjalik ishlab chiqarishini zamonaviy texnologiyalar yordamida modernizatsiya qilish moʼljallandi. «Yashil inqilob» aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlarda qabul qilindi, lekin amalda ham ijobiy, ham salbiy oqibatlarga olib keldi. Qishloqni qayta tashkil etish uchun tegishli ijtimoiy shart-sharoitlar va buning uchun zarur mablagʼlar mavjud boʼlgan davlatlarda u ijobiy samara berdi.
Iqtisodiy rivojlanishning notekisligi. Rivojlanayotgan mamlakatlarni qoloqlikdan chiqarish va yangi xalqaro iqtisodiy tartib oʼrnatish hozirgi davrning global muammolari orasida alohida oʼrin egallaydi, chunki bu yerda vujudga kelgan xalqaro munosabatlar tizimi beqarorlashuVIning kuchli omillari yashirinib yotadi. Soʼnggi yillarda dunyo miqyosida yalpi mahsulot ishlab chiqarish oʼsgani holda, boylar va kambagʼallar, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar oʼrtasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidagi ulkan tafovut yanada oshdi. Bu muammo baʼzan «boy shimol» va «qashshoq janub» oʼrtasidagi qarama-qarshilik sifatida ham tavsiflanadi.
Energetika va xom ashyo resurslari. Yana bir global muammo – insoniyatni energetika va xom ashyo resurslari bilan taʼminlash xalqaro maydonda koʼp sonli ziddiyatlar, shu jumladan harbiy mojarolar manbaiga aylandi. Bu resurslar moddiy ishlab chiqarishning negizi hisoblanadi va ishlab chiqarish kuchlarining rivojlanishiga qarab inson hayotida tobora muhimroq rol oʼynaydi. Mazkur resurslar tiklanadigan, yaʼni tabiiy yoki sunʼiy yoʼl bilan tiklash mumkin boʼlgan resurslarga (gidroenergiya, yogʼoch, quyosh energiyasi va sh.k.) va miqdori mavjud tabiiy zahiralar bilan chegaralangan tiklanmaydigan resurslarga (neft, koʼmir, tabiiy gaz, har xil rudalar va minerallar) boʼlinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |