Taʼlim muammosi. Demografik portlash sabablari taʼlim muammosi bilan uzviy bogʼliq. Soʼnggi yillarda jahonda savodsizlar soni foiz hisobida kamaygan boʼlsa, mutlaq hisobda oʼsishda davom etmoqda. Bunda maʼlumotsiz odamlarning hayoti amalda koʼp bolalikni xurofiy aqidalar bilan oqlaydigan arxaik oilaviy anʼanalarga boʼysunadi. Pirovardda rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar oʼrtasidagi tafovut bu jihatdan ham ortishda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda ajabtovur vaziyatni kuzatish mumkin: savodxonlik mutlaq raqamlarda oʼsayotgan bir paytda, savodsizlar, yaʼni oʼqish, yozish, oddiy arifmetik amallarni bajarishni bilmaydigan odamlar soni ham oʼsib bormoqda (Hindiston aholisining 70%, Pokiston aholisining 60%, Аfrika mamlakatlari aholisining 80% savodsiz).
Bu muammoning boshqa bir jihati shundan iboratki, jahonning aksariyat davlatlarida taʼlim olish imkoniyati barchaga teng darajada taʼminlanmagan boʼlib, bu ijtimoiy keskinlikning qoʼshimcha manbai hisoblanadi. Shuningdek hozirgi davrda taʼlim sifatini yaxshilash, uning mazmunini ijtimoiylashtirish masalasi koʼndalang boʼlib turmoqda. Shuni alohida taʼkidlash lozimki taʼlimning ijtimoiylashu oʼquv jarayonida gumanitar fanlarning oʼquv soatlari yoki fanlar sonini koʼpaytirish emas balki, tabiiy ilmiy fanlar mazmunini gumanitarlashtirish, har qanday ilmiy kashfiyotni inson manfaatlarini himoya qilishga yoʼnaltirishi lozim. Shundagina inson oʼz mavjudligini saqlab qolish imkoniyatiga ega boʼladi. Shu nuqtai nazardan, Oʼzbekistonda 1997 yilda qabul qilingan “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida” aynan shu maqsadlarni oʼzida ifodalaydi. “Oʼzbekistonda har yili taʼlim uchun sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etadi. Holbuki, jahon tajribasida bu koʼrsatkich 3-5 foizdan oshmaydi”. Zero, insonning nafaqat bilim olishi, balki kasbiy malakalarga ega boʼlishi ijtimoiy savodsizlikni bartaraf qilishning muhim omili hisoblanadi.
Sogʼliqni saqlash. Аholi soni va uning yashash sharoiti, shuningdek atrof muhit holati hozirgi davrning yana bir global muammosi bilan uzviy bogʼliq. Аksariyat kasalliklar va atrof muhitdagi antropogen oʼzgarishlar oʼrtasida bevosita va bilvosita aloqa mavjud. Hozirgi odamlar avlodiga atrof muhit ifloslanishining hali oʼrganilmagan yoki kam oʼrganilgan koʼp sonli fizik (avvalo elektromagnit), kimyoviy va biologik omillari taʼsir koʼrsatmoqda. Аvvalo, iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar aholisi kasalliklarining tarkibi va xususiyatida yuz bergan oʼzgarishlar ayni shu hol bilan izohlanadi.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda boshqacha vaziyatni kuzatish mumkin: bu yerda kasalliklardan azob chekayotganlar soni rivojlangan mamlakatlardagidan koʼproq, kasallikning oldini olish yoki davolanish imkoniyati esa sezilarli darajada kamroqdir. Tibbiyot sifatining pastligi, qashshoqlik va antisanitariya tufayli rivojlanayotgan mamlakatlarda bolalar oʼlimi, bezgak, sil, traxoma, qoqshol bilan kasallanish darajasi, epidemik yuqumli kasalliklarning paydo boʼlish ehtimoli rivojlangan mamlakatlardagi holat bilan taqqoslab boʼlmaydigan darajada yuqoridir.
Soʼnggi maʼlumotlarga koʼra, dunyo boʼyicha yurak qon—tomir kasalliklari kun sayin ortib bormoqda. Bunday kasalliklar aksariyat hollarda oʼlim bilan tugaganligi sababli jamiyat uchun katta tahdid sanaladi. Butunjahon sogʼliqni saqlash tashkiloti (VHO) hisobotiga koʼra, 2005 yilda yurak qon-tomir kasalliklaridan 17,5 million inson vafot etgan. Ushbu koʼrsatgich barcha oʼlim holatlarining 30 foizini tashkil qiladi. Shu jumladan, 7,6 million kishi yurak ishemik kasalligidan 5, 7 million kishi insult oqibatida hayotdan koʼz yumgan. Hozirgi vaqtda oʼrnatilgan internatsional aloqalar natijasida davlatlar oʼrtasidagi ulkan yuk oqimlari, odamlarning faol migratsiyasi va kengaygan iqtisodiy munosabatlar olamshumul xususiyat kasb etdi va koʼpgina yuqumli kasalliklarning tarqalish tezligini oshirdi. Notipik zotiljam, qush grippi, choʼchqa grippi kabi ilgari hech qachon mavjud boʼlmagan, yangi kasalliklarning paydo boʼlishi sabablarini ham ayni shu yerdan izlash lozim.
Аyni paytda shuni ham alohida taʼkidlash lozimki, XX-XXI asrda yangi kasalliklar soni koʼpayib borsada, kasalliklarga qarshi kurash vositalari ham takomillashib bormoqda. Jumladan XXI asr fanining eng katta yutugʼi sifatida 2008 yilda nemis olimi Xareld sur Xauzen (1936) ayollarda bachadan saratoni kasalligini “papiloma” Virusi keltirib chiqarishini aniqlagan va unga qarshi emlash vositasini yaratgani uchun Nobel mukofotiga sazovor boʼldi. Dunyo boʼyicha umumiy saraton kasalligining 5% ini bachadon raki tashkil qilar, va har yili ikki yuz mingga yaqin ayollar shu kasallikdan bevaqt olamdan koʼz yumar edi. Ushbu kasallikka qarshi vaksinatsiyaning ommalashuvi yuzlab ayollarning sogʼligi garoviga aylanmoqda. Hozirgi kunda rivojlangan mamlakatlarda 12-14 yoshdagi qizlarda bachadon saratoni kasalligiga qarshi emlash ishlari keng amalga oshirilmoqda. Xareld sur Xauzenning kashfiyoti asr boshining eng buyuk kashfiyotlaridan biri sifatida eʼtirof etilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |