Takrorlash uchun savollar 1.Gnoseologiya nimani oʼrganadi?
2.Bilish nima?
3.Hissiy va Ratsional bilishning oʼziga xosligi nimada?
Аdabiyotlar 1.Madaeva va b. Falsafa. –Toshkent: OʼzMU nashiryoti, 2019.
2.Q.Nazarov va b. Falsafa asoslari: o‘quv qollanma. - Toshkent: O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati, 2018. - 380 b.
3.Falsafa. Аxmedova M. tahriri ostida. -Toshkent: Oʼzbekiston faylasuflari milliy jamiyati, 2006.
7-mavzu. Globallashuv va global muammolarning falsafiy jihatlari
Reja:
1.Globallashuv – yangi falsafiy mavzu. Globallashuv hodisasi va
globalistika.
2.Global muammolarning turli darajalari.
3.2017-2021 yillardagi Oʼzbekistonni yanada rivojlantirish
boʼyicha Harakatlar strategiyasida global muammolarning
tavsifi.
4.Global muammolarni hal qilishda xalqaro kuchlar birlashuvi;
umumiy va xususiy manfaatlari.
Falsafa nafaqat insonning azaliy muammolari va gʼam-tashvishlarini, balki uning soʼnggi yillarda fan-texnika taraqqiyoti taʼsirida tobora jadalroq surʼatlarda, shu jumladan dunyo miqyosida oʼzgarayotgan real hayoti kundalik amaliyotini ham aks ettiradi. Shu munosabat bilan yuzaga kelayotgan yangi hodisalar, gʼayrioddiy qiyinchiliklar va alohida sharoitlar olimlarning ham, faylasuflarning ham eʼtiborini tortmoqda.
Globallashuv hodisasi. Hozirgi davr haqida aniqroq tasavvur hosil qilish uchun XX asr boshigacha jahon tarixi asosan mustaqil rivojlangan va bir-biriga jiddiy taʼsir koʼrsatmagan sivilizatsiyalardan iborat boʼlganini nazarda tutish muhimdir. Hozirgi zamonda dunyo soʼnggi yuz yillik ichida yuz bergan jamiyat hayoti barcha jabhalarining faol integratsiyalashuvi natijasida sezilarli darajada oʼzgardi va yaxlit bir butun organizmga aylandi. Buning oqibati oʼlaroq, ayrim xalqlar va butun insoniyatning ijtimoiy ongida global jarayonlar va ularning taʼsirida yuzaga kelgan umumiy (dunyo miqyosidagi) muammolar bilan belgilangan jiddiy oʼzgarishlar yuz bera boshladi. Jahon hamjamiyati oʼz rivo jlanishining yangi bosqichiga qadam qoʼygani, u avvalgi bosqichlardan nafaqat oʼzgarishlar miqyosi, balki faollik darajasi va universal xususiyati bilan ham farq qilishi ayon boʼldi.
Globalistika. Jahon rivojlanishining eng yangi tendentsiyalarini anglab etish borasidagi koʼp sonli saʼy-harakatlar globallashuv jarayonlarining mohiyati, tendentsiyalari va sabablarini, ular taʼsirida yuzaga kelayotgan global muammolarni aniqlash va bu jarayonlarning oqibatlarini anglab etishga qaratilgan fanlararo ilmiy tadqiqotlar sohasi – globalistika paydo boʼlishiga olib keldi.
Shuni taʼkidlash lozimki, globalistika odatda ilmiy bilimning tabaqalanishi natijasida yoki turdosh fanlar tutashgan joyda paydo boʼladigan ayrim fanlar qatoriga kirmaydi. Uning vujudga kelishi zamirida qarama-qarshi jarayonlar – hozirgi zamon faniga xos boʼlgan integratsiyalashuv jarayonlari yotadi. Globalistika mustaqil ilmiy yoʼnalish va ijtimoiy amaliyot sohasi sifatida 1960-yillarning oxirlarida shakllana boshladi, lekin uning paydo boʼlishi uchun obʼektiv asoslar ancha oldin yuzaga kelgan edi.