Birinchi element – bilim. Bu ongning bosh tarkibiy elementi, uning oʼzagi, mavjudlik vositasi. Bilim – bu insonning voqelik haqidagi tushunchasi. Inson ongida bilim anglab etilgan hissiy va abstrakt mantiqiy obrazlar sifatida aks etadi. Bilimlar yordamida inson oʼzini qurshagan dunyoni va bilishning predmetini toʼlaligicha qamrab olishi va anglab etishi mumkin. Bilim ongning moddiy faoliyat vositasida dunyoni izchillik bilan yaratish imkoniyati, voqealar rivojini nazarda tutish, ijodiy faollik koʼrsatish kabi xossalarini belgilaydi. Boshqacha qilib aytganda, ong – bu bilimlar shaklidagi voqelikka inson ehtiyojlarini hisobga olgan holda yondashishdir.
Ong strukturasining ikkinchi muhim elementi emotsiyalardir. Inson oʼzini qurshagan dunyoni sovuqqonlik va befarqlik bilan emas, balki qoniqish, nafrat yoki hamdardlik hissi bilan anglab etadi. U oʼz ongida aks etgan hamma narsani his qiladi. emotsiyalar borliqning real hodisalarini individ anglab etishini yo ragʼbatlantiradi, yo bunga toʼsqinlik qiladi. Koʼzni quvontiradigan narsalar xotiraga osonroq oʼrnashadi. Аmmo baʼzan dunyoning «koʼzni quvontiradigan» manzarasi oʼziga mahliyo qilishi, illyuziyalar tugʼilishiga sabab boʼlishi ham mumkin. Аyrim, ayniqsa salbiy emotsiyalar aqlning teranlik darajasiga salbiy taʼsir koʼrsatadi. Masalan, qoʼrquv hissi inson yuz berayotgan hodisalarni anglab etishi yoʼlida toʼsiqqa aylanishi mumkin. Shaxsning eng muhim ijtimoiy va ekzistensial qadriyatlar bilan aloqalari anglab etilishi natijasida shakllanadigan maʼnaviy tuygʼular (masalan, muhabbat tuygʼusi) emotsiyalarning oliy darajasi hisoblanadi. Tuygʼular moddiy mazmunga egalik, turgʼunlik, real vaziyatga bogʼliq emaslik bilan tavsiflanadi. emotsiyalar sohasi inson ongining barcha harakatlariga sezilarli darajada taʼsir koʼrsatadi, uning faoliyati uchun asos boʼlib xizmat qiladi.
Ongning uchinchi tarkibiy elementi iroda hisoblanadi. Iroda inson oʼz faoliyatini ongli ravishda, izchillik bilan boshqarishini oʼzida ifodalaydi. Bu insonning oʼz faoliyatida yuzaga keladigan, subʼektiv va obʼektiv qiyinchiliklar va toʼsiqlardan ongli ravishda oshib oʼtishni talab etadigan vazifalarni hal qilishga oʼz ruhiy va jismoniy kuchlarini sagʼarbar etish va yoʼnaltirish qobiliyatidir. Inson mehnat qurollarini yaratishi – bu irodani shakllantirishning birinchi va eng muhim maktabidir. Iroda va maqsad bir-birini toʼldiradi. Irodasiz maqsadga erishish mumkin emas; maqsadga muvofiq faoliyatsiz iroda ham boʼlmaydi.
Iroda – bu ongli intilish va harakatga mayl uygʼotishdir. Аmmo insonga ongsiz mayllar ham xos. Baʼzan inson qaergadir intiladi, lekin qaerga va nima uchun intilayotganini uning oʼzi ham bilmaydi. Bunday ong osti harakati insonga hayvonlardan oʼtgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |