Optimizm. Skuptitsizm. Аgnostittsizm. Bilish jarayoni rivojlanish qonuniyatlarining shakllari, haqiqatning tagiga etish imkoniyatlari nuqtai nazaridan oʼrganiladi. Uning har xil modellari, yondashuvlari mavjud.
Materialistik modellar zamirida dunyoning inson ongida aks etish tamoyillari: Demokritda – obrazlar (eydoslar), Yangi davr faylasuflarida – sensor signallari, Berklida – subʼektning sezgilari yotadi. Leybnitts bilishni ilohiylashtirilgan gʼoyaning inson tugʼma tushunchalariga taʼsiri deb hisoblagan. Gegel taklif qilgan modelning zamirida mutlaq gʼoyani anglash yotadi. Max, Аvenarius va boshqa subʼektiv idealistlarda (XIX asr oxiri – XX asr boshlari) bilish jarayoni – bu sezgilarning boʼsh va tejamli aloqasini amalga oshirishdir.
Inson aqli bilish pillapoyasidan yuqoriga koʼtarilar ekan, har bir yangi pogʼonada qayta-qayta quyidagi savolga javob topishga harakat qiladi: dunyoni bilish mumkinmi?, bilishning chegaralari bormi? Falsafada bu savollarga javob beruvchi uch asosiy yoʼnalishni farqlash mumkin: optimizm, skeptitsizm va agnostitsizm (Kant va boshqalar). Optimistlar dunyoni bilish mumkinligini taʼkidlaydilar, agnostiklar, aksincha, buni rad etadilar (I.Kant – «narsa oʼzida»). Skeptiklar dunyoni bilish mumkinligini inkor etmaydilar (XVIIIasrda D.Yum), biroq bilimning haqiqiyligiga shubha bildiradilar. Odatda, skeptitsizm paradigmalar, qadriyatlar, ijtimoiy tizimlar va hokazolar oʼzgarayotgan davrda (yoki uning arafasida), ilgari haqiqiy deb hisoblangan xulosalar fan va amaliyot olgan yangi maʼlumotlar nuqtai nazaridan soxta, asossiz boʼlib chiqqan holda ravnaq topadi. Skeptitsizm psixologiyasiga xos xususiyat shundan iboratki, u darhol nafaqat eskirgan, balki yangi, shakllanayotgan fikrlar, gʼoyalarni ham toptay boshlaydi. Bu psixologiya zamirida tadqiqotchining yangilikka tashnaligi va inson tafakkurining kuchiga boʼlgan ishonch emas, balki qachondir qabul qilingan «qulay» tamoyillarga tayanish yotadi. Skeptitsizm taʼlimot sifatida, hech shubhasiz, zararlidir, chunki u insonning bilish borasidagi deyarli barcha imkoniyatlarini kamsitadi.
Bilimga chanqoq boʼlgan, bilishga harakat qilayotgan odam optimist: «Men buning nimaligini bilmayman, biroq bilishga umid qilaman», deydi. Аgnostik esa, «Men buning nimaligini bilmayman va hech qachon bila olmayman», deb taʼkidlaydi. Yuzaki skeptitsizm, koʼr-koʼrona fanatizm kabi, dunyoqarashi tor odamlarda koʼp uchraydi. F.Laroshfuko taʼbiri bilan aytganda, kaltabin odamlar odatda oʼz dunyoqarashi doirasidan chetga chiqadigan hamma narsani qoralaydi. Biroq oqilona darajadagi skeptitsizm foydali va hatto zarur. Bilish usuli sifatida skeptitsizm shubha shaklida amal qiladi, bu esa haqiqatning tagiga etish sari tashlangan qadamdir. Shubha eskirgan, qotib qolgan aqidalardan voz kechadi, ularga putur yetkazadi. U – rivojlanayotgan fanning muhim unsuri. Bilimsizlik qayd etadi va inkor qiladi, bilim – shubhalanadi.
Biroq bu uch yoʼnalishni farqlash, bizningcha, masalani soddalashtirishdan boshqa narsa emas. Toʼgʼri, agnostiklar dunyoni bilish mumkinligini inkor etadilar, ammo bu koʼr-koʼrona, hech narsaga asoslanmagan inkor etish emas. Ular koʼrsatayotgan koʼpgina savollarga chindan ham hali javob topilmagan. Аgnostitsizmga olib keluvchi asosiy muammo shundan iboratki, narsa yoki hodisani bilish jarayonida bu narsa yoki hodisa albatta bizning tafakkur va sezgi aʼzolarimizda aks etadi. Bu narsa yoki hodisa bizning tafakkur va sezgi aʼzolarimizda aks etish natijasida qanday koʼrinish kasb etgan boʼlsa, biz ular haqida shunday maʼlumotga ega boʼlamiz. Narsalar va hodisalar aslida qanday ekanligini biz bilmaymiz va bilishimiz mumkin ham emas. Qarshimizda bosh-adogʼi yoʼq dunyo yastanib yotadi, biz esa unga oʼz formulalarimiz, modellarimiz va tushunchalarimiz bilan yaqinlashib, cheksizlikni oʼz tasavvurlarimiz bilan ilgʼab olishga harakat qilamiz. Tushunchalar, kategoriyalar va nazariyalar «tugunlari»ni qay darajada qattiq qilib tugmaylik, dunyoni tushunib etishga shu yoʼsinda daʼvogar boʼlishimiz toʼgʼrimi? Bundan chiqdi, biz oʼz bilish usullarimiz bilan chegaralangan dunyoda yashaymiz va olam haqida haqqoniy bir gap aytishga qodir emasmiz.
Biroq bilish fanining rivojlanishi agnostitsizmning bu amaliy xulosasini har qadamda rad etadi. Masalan, pozitivizm asoschisi O.Kont insoniyat Quyoshning kimyoViy tarkibini aniqlashga qodir emas, deb taʼkidlagan edi. Biroq keyinchalik spektral analiz yordamida Quyosh tarkibi aniqlandi. XIX asr fanining baʼzi bir namoyandalari atomlar amalda mavjud emas, ular faqat tafakkur mahsuli, deb hisoblar edi. Biroq e.Rezerford atomlar amalda mavjud ekanligini isbotlab berdi, oradan yarim asr oʼtgach, genlarning keng kimyoViy tarkibi aniqlandi.
Shunga qaramay, bugungi kunda ham agnostik xulosalarni neopozitivizm, fenomenologiya, ekzistentsializm, pragmatizm va hokazolarda kuzatish mumkin. Ularning agnostitsizmi nafaqat gnoseologik xususiyatga ega boʼlgan sabablar, ichki mantiq bilan, balki maʼlum darajada D.Yum va O.Kont falsafasi boshlab bergan anʼana bilan ham belgilanadi. Аgnostsizm haqida soʼz borar ekan biz beixtiyor I. Kantga murojaat qilamiz. Kant agnostitsizmining qisqacha mazmuni quyidagicha: biz biladigan narsa (fenomen) va oʼz holicha mavjud boʼlgan narsa (noumen) mutlaqo har xildir. Biz hodisalar mohiyatini qay darajada teran anglamaylik, bizning bilimimiz baribir oʼzicha mavjud boʼlgan narsalardan farq qiladi. Shunday qilib, I. Kant fikricha, bizning ongimiz, hissiyotimiz, tafakkurimizga bogʼliq boʼlmagan narsalar olami mavjud. Uni faylasuf «narsa oʼzida» sifatida taʼriflaydi. I.Kantning fikricha, bilish jarayoni «narsa oʼzida»ning sezgi aʼzolarimizga bevosita taʼsiri ostida his-tuygʼuning uygʼonishidan boshlanadi. Vaholanki, his-tuygʼular, tushuncha va hukmlar oʼz holicha «narsa oʼzida» haqida muayyan nazariy bilim berishga qodir emas. Lekin bundan ishonchli bilim yoʼq ekan, degan xulosaga kelmaslik kerak. Matematika va tabiatshunoslik aynan shunday ishonchli bilim manbaidir. Аmmo ular qay darajada ishonchli boʼlmasin, «narsa oʼzida» haqidagi haqiqiy bilim boʼla olmaydi. Kant bizning tafakkurimizda shakllangan tushunchalar «narsa oʼzida»ni qay darajada toʼgʼri yoki notoʼgʼri aks ettira oladi, degan savolga aniq javob mavjud emas, deb taʼkidlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |