Butun va qism kategoriyalari. Butun narsa, hodisa va uni tashkil etgan qismlarning muayyan tartibda joylashgan va o‘zaro bog‘langan yagonalikning ifodasidir. Qism butun tarkibiga kiradigan, uning tarkibidagina o‘z vazifasi (funksiyasi)ni bajara oladigan alohidalikdir. Ushbu tushunchalarning umumlashishi ob’ektiv olamdagi xilma – xillikning mohiyatan yaxlitligi bilan ifodalanadi. Biroq ular alohida-alohida holatda ham voqelikdagi biron-bir reallikni idrok etishga imkon tug‘diradi. Ob’ektiv olam bepayon bo‘lgani va u juda ko‘p nisbiy butunliklardan tashkil topgani uchun butun boshqa butunlikning qismi bo‘lishi, qismi esa boshqa elementlarga nisbatan butun vazifasini o‘tashi ham mumkin. Masalan, Yer shari o‘zi butunlik bo‘lib, bu makondagi boshqa barcha narsa, hodisa, jarayonlar uning qismlaridir. Quyosh sistemasiga nisbatan Yer qism bo‘lsa, Galaktikaning esa bir zarrasi – elementidir.
Zaruriyat va tasodif kategoriyalari. Zaruriyat – narsa, hodisa va jarayonlarning taraqqiyoti bilan aniqlanadigan, ichki muhim bog‘lanishlar orqali qonuniy kelib chiqadigan va shuning uchun yuz berishi muqarrar bo‘lgan hodisadir.
Tasodif – mohiyatdan, mazkur jarayonning qonuniy rivojlanishidan kelib chiqmaydigan hodisadir.
Zaruriyat va tasodif - voqealar rivoji davomida sodir bo‘ladigan hodisalarni tavsiflaydigan, ob’ektiv olamdagi aloqadorlikni ifoda etuvchi falsafiy kategoriyalar. Falsafaning boshqa kategoriyalari singari zaruriyat va tasodiflarning mazmuni hamda umumiy xususiyatlari haqidagi masala hozirga qadar o‘tgan ko‘plab faylasuflarning e’tiborini o‘ziga jalb etgan edi. Ba’zi faylasuflar voqelikdagi narsa, hodisalar muayyan sabablar asosida sodir bo‘lar ekan, demak, olamda tasodif bo‘lmaydi, har qanday hodisa ma’lum sabablar tufayli yuzaga keladigan zaruriyatdir deb qaraganlar. Dunyoda tasodifga o‘rin yo‘q, mavjudlik va taraqqiyotni birgina zaruriyat belgilaydi, deb hisoblaganlar. Qadimgi dunyo falsafasining Levkipp va Demokrit kabi vakillari yangi zamon falsafasining Golbax, Spinoza kabi namoyandalari metafizik determinizm pozitsiyasida turganlari holda ana shunday qarashni ilgari surdilar. Levkipp biron – bir buyum sababsiz yuzaga kelmaydi, ammo u ma’lum zamin, zaruriyat tufayli tug‘iladi, degan edi. Demokrit va Golbax nazarida ham barcha hodisalar zaruriy bo‘lib, kishilar tabiat qonunlaridagi sababiy bog‘lanishlarning turini to‘la bilmaganliklari uchun tasodiflarga o‘rin beradigan, hodisalar sababi bilangina ham tasodifiylik barham topadi, binobarin u sub’ektiv mazmundagi kategoriyadir, deb hisoblaganlar. Olam, undagi o‘zaro munosabat, aloqadorlikni, sababiyatni inkor etuvchi indeterministlar tabiiy va ijtimoiy olamdagi zaruriyat yo‘q, - aqliy faoliyatning shakli (I.Kant), tafakkurga xos tushuncha (E.Max, K.Pirson), kishilar iroda va istagining namoyon bo‘lish natijasidir, deb hisoblaydilar.
Demak, zaruriyat va tasodif, avvalo, voqelikdagi ayrim narsa, hodisalar dialektikasini xarakterlovchi va ayni paytda taraqqiyot jarayonidagi turli hodisa, jarayonlar nisbatini ifodalovchi o‘zaro munosabat hamda aloqadorlik shakllaridir.
Imkoniyat va voqelik - olamdagi narsa, hodisa va x.k.lar taraqqiyotining davomiyligini, ularning bir-biriga o‘tib turishini anglatadigan falsafiy kategoriyalar. O‘zgarish, rivojlanish va hodisalarning vujudga kelishi, namoyon bo‘lishi jarayonidagi o‘zaro bog‘liqlikni taraqqiyot va rivojlanish deganda biz asosiy va muhim xususiyati bo‘lgan olamdagi o‘zgarishni, yangilanishni, bir shakldagi narsalarning ikkinchisi bilan almashinishini, quyi organizmlarning, jism va oddiy hodisalarning murakkabroq shakl va mazmundagilarga aylanish jarayonini tushunamiz. Tabiiyki, bu jarayonlar o‘z – o‘zicha, mexanik tarzda sodir bo‘la bermaydi, balki muayyan zaruriyat, qonuniyat asosida ro‘yobga chiqadi.
Imkoniyat yangi narsa, hodisa va tamoyillar kelib chiqishini ifodalovchi muayyan shart – sharoit va vaziyat majmuidir. Narsa hamda hodisaning ichki tabiatiga ko‘ra zaruriy ravishda reallashishi lozim bo‘lgan, biroq hali yuzaga chiqmagan voqelikdir.
Voqelik esa imkoniyatning nisbatdoshi bo‘lib, real holat va mavjud bo‘lib turgan hodisalarni ifodalaydigan kategoriyadir. Voqelik tushunchasi o‘z mazmuniga ko‘ra, fan va falsafada ikki ma’noni anglatadi: birinchidan, olamdagi barcha mavjud narsalar reallikdan iborat, ikkinchidan esa ayrim narsa yoki hodisalarning ro‘yobga chiqishini anglatuvchi imkoniyatning yuzaga chiqmaganligi ma’nosini anglatadi. Ikkinchi ma’nodagi voqelik umumiy olamning bir bo‘lagi sifatida konkret narsa va hodisalar tarzida namoyon bo‘lishi bilan birga inson ongidagi ifodasi hamdir. Demak, voqelik olam qonunlarining zaruriyat asosida ro‘yobga chiqqan imkoniyatni, mavjud bo‘lib turgan narsa va hodisalarni bildiradi.
Mazmun va shakl - olamdagi turli narsa, hodisa va jarayonlarning dialektikasini o‘rganishda, ular o‘rtasidagi aloqa va munosabatlarni bilishda muhim o‘rin tutadigan kategoriyalar. Mazmun muayyan narsa, hodisa, jarayonlarning o‘ziga xos sifati, xususiyatlari, muhim belgilari, elementlarning yig‘indisini anglatsa, Shakl mazmunning mavjudlik usuli, narsa va hodisalarning ichki hamda tashqi tuzilishini ifoda etadi. Masalan, narsa va jismning mazmuni moddiyligida va harakatda ekanligidadir. Xuddi shunday, atomning mazmuni uning tarkibidagi 30dan ortiq manfiy, musbat va nol zaryadli elementar zarralar, ularning rezonanslari, elektron maydon kabilarning shunchaki mexanik birligidangina iborat emas. Ayni paytda, ularning harakati muayyan maydonlar orqali bir – biriga ta’sir va aksta’sir ko‘rsatishini ham bildiradi. Atomning shakl uning tarkibiga kiruvchi elementar zarralarning joylanish tartibi, zarralar va maydon orasidagi munosabat asosida yuzaga keluvchi aloqalar, bog‘lanishning xususiyati bilan belgilanadi.
Mohiyat va hodisa – olamdagi narsa, hodisa jarayonlarning ichki, muhim jihatlari hamda yuzaki, tashqi tomonlarini ifodalaydigan falsafiy kategoriyalar. Mohiyat, narsa, buyum, jarayonlarning ichki, muhim, asosiy, zaruriy, barqaror aloqalari, tomonlari munosabatlarning yig‘indisini anglatadi. Hodisa esa mohiyatning tashqi ifodasi, namoyon bo‘lishi, narsa va jarayonlarning yuzaki, nisbatan o‘zgaruvchan tomonlarini bildiradi. Zero, olamda yakka hujayrali tirik organizmlardan tortib, insongacha bo‘lgan qanchadan-qancha shakllari (hodisalar) borki, ularning bir qarashda payqash mumkin bo‘lmagan ichki umumiy tomoni, barchasiga xos modda almashinuvi (mohiyati) mavjud. Ma’lum mohiyatga ega bo‘lmagan jism, jarayon bo‘lmaganidek, muayyan hodisada ifodalanmagan mohiyat ham bo‘lishi mumkin emas. Binobarin, mohiyat va hodisa olamdagi narsa, jarayonlarga xos tashqi va ichki tomonlarning birligidan iborat. Falsafada mohiyat va hodisa masalasiga turlicha, idealistik, materialistik va metafizik qarashlar mavjud. Jumladan, olam, uning hodisalari turli g‘oyalar yoki sezgilar yig‘indisidan iborat deb talqin etuvchilar nazdida mohiyat va hodisa ob’ektiv xarakterga ega emas, deyiladi. Boshqalar esa, butun voqelik ruhiy boshlang‘ichga asoslanadi, hodisalar mohiyati absolyut ideyadan kelib chiqadi (Gegel), mohiyat alohida ideal zamindir, u hodisalardan ayrim holda mavjud bo‘ladi, deb qaraydilar. Agnostitsizm mohiyat bilan hodisani ajratib tashlaydi, mohiyatga bilib bo‘lmas «narsa o‘zida» tartibida qaraydi. Ikkinchi tomondan ayrim faylsuflar narsalar mohiyatiga ruhiy mazmun beradilar va bu mazmunni moddiy jismlarga nisbatan birlamchi, deb hisoblaydilar (Aflotunning umumiy mohiyatlar g‘oyaviy olami, Gegelning tabiat mohiyatning ifodasi sifatidagi mutlaq g‘oyasi). Faylasuflarning ba’zi vakillari predmetlarda mohiyat bilan hodisani ajratib ko‘rsatishni sof sub’ektiv jarayon, deb hisoblaydilar (Dyui, Lyuis), mohiyatning ob’ektivligini inkor etadilar, hodisani esa sezgilar bilan bir qilib qo‘yadilar (Max fenomalizmi). Sub’ektiv idealizmning vakillaridan J.Berkli, D.Yum va I.Kant singarilar reallik sezgilar kompleksidan iborat ekan, demak, mohiyat va hodisa ham inson aqliy faoliyatining natijasi, deb qaraydilar. I.Kant nazarida mohiyat va hodisa o‘zaro bir-biriga aloqasi bo‘lmagan, ikki mustaqil substansiya bo‘lib, inson bilish jarayonida «narsa o‘zida» ni hech qachon bilishi mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |