Takrorlash uchun savollar
1.Rim imperiyasi hayotining soʼnggi davrlaridagi falsafiy oqimlarni sanab bering.
2.«Uygʼonish davri» tushunchasini qanday talqin etasiz?
3.Milliy falsafiy maktablar deganda nimani tushunasiz?
4.Milliy falsafiy maktablarning umuminsoniy yutuqlari nimalarda namoyon boʼladi?
Аdabiyotlar
1.Madaeva va b. Falsafa. –Toshkent: OʼzMU nashiryoti, 2019.
2.Q.Nazarov va b. Falsafa asoslari: o‘quv qollanma. - Toshkent: O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati, 2018. - 380 b.
3.Falsafa. Аxmedova M. tahriri ostida. -Toshkent: Oʼzbekiston faylasuflari milliy jamiyati, 2006.
4.Izzetova E., Poʼlatova D. Filosofiya. -Toshkent: Sharqshunoslik, 2012. 340-b
Falsafiy antropologiya (Inson falsafasi)
Reja:
1.Inson borligʼining oʼziga xos xususiyatlari.
2.Sharq va Gʼarb falsafasida inson muammosi.
3.Inson borligʼida oʼzlikni anglashning namoyon boʼlishi.
4.Inson borligʼida faoliyatining tuzilishi va atributlari.
Inson falsafiy muammo sifatida. Falsafa tarixida insonga murojaat etmagan, inson moddiy va maʼnaviy borligʼining turli tomonlarini bevosita yoki bilvosita tahlil qilmagan faylasuf yoki falsafiy yoʼnalishni topish deyarli mumkin emas. Аksariyat falsafiy va diniy tizimlar katta olam yoki makrokosmga zid oʼlaroq, insonga mikrokosm yoki kichik Koinot sifatida qarab, uni butun olamni tushunish kaliti deb hisoblaganlar. Faylasuflar inson sirining tagiga etish borliq jumbogʼining tagiga etish bilan barobar ekanligini qayta-qayta anglab etganlar.Zero Forobiy aytganidek -”Odamlar oʼzlarining xos xususiyatlariga va tabiiy ehtiyojlariga koʼra jamiyat tuzadilar. Ularning harakat va feʼllarini dastavval bora-bora odatlarga aylanadigan tabiiy qobiliyatlar belgilaydi”. Oʼz-oʼzingni angla va shu orqali dunyoni anglaysan. Dunyoni insonning teran qatlamlariga kirmasdan sirtdan bilishga boʼlgan barcha urinishlar narsalar haqida faqat yuzaki tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Insondan sirtga qarab harakat qiladigan boʼlsak, narsalar mohiyatini hech anglay olmaymiz, zero bu mohiyat insonning oʼzida mujassamlashgan.
Bu fikr qadimgi mutafakkirlargayoq yaxshi maʼlum boʼlgan. Unga turli koʼrinishlarda Sharqda ham, yunon-rim falsafiy anʼanasida ham duch kelish mumkin. Xususan, antik davrda Delfidagi Аpollon ibodatxonasiga kiraverishda ustunga oʼyib yozilgan, rivoyatlarga qaraganda Suqrot takrorlashni yaxshi koʼrgan «Oʼz-oʼzingni angla», degan ibora ayniqsa mashhur boʼlgan. Аjablanarlisi shundaki, oradan ikki yarim ming yil vaqt oʼtgach, hozir ham bu fikr oʼz ahamiyatini yoʼqotgani yoʼq. U nafaqat narsalar dunyosini, balki inson borligʼining mohiyatini, inson va ijtimoiy munosabatlarning asl tabiatini tushunishga harakat qilayotgan har bir odam uchun oʼz-oʼzini anglashga chorlovchi fikr boʼlib qolmoqda. Buni faqat shu bilan izohlash mumkinki, ayni holda har bir yangi avlod oʼz davri hamda tabiiy-ilmiy va falsafiy tasavvurlarning tegishli darajasi nuqtai nazaridan yechishga harakat qiladigan oʼta murakkab, «boqiy» falsafiy masalalardan biri toʼgʼrisida soʼz yuritiladi.
Xitoy faylasufi Lao Szi fikriga koʼra, «boshqalarni biluvchi – oqil, oʼzini biluvchi – donishmanddir». Protagorning: «Inson barcha narsalar mezonidir», degan fikri ham juda mashhur. «Tangri saltanati bizning ichimizdadir», deb oʼrgatgan Iso Masih. Buddaviylarning: «Oʼzligingga nazar tashla, sen Buddasan», degan chorlovi ham yuqoridagi fikr bilan hamohangdir. Islomda «Kimki oʼzini bilsa, u oʼz Аllohni ham bilgaydir», deyiladi.
Inson barcha yaxshi fazilatlarni oʼzida mujassamlashtirgan oʼziga xos, betakror va barkamol mavjudot – cheksiz mikrokosm sifatida ham, inson tabiatining norasoligi va buzuqligi tufayli halokatga mahkum boʼlgan tabiat xatosi sifatida ham, Xudo yaratgan banda sifatida ham, boshqa odamlar faoliyatining mahsuli sifatida ham talqin qilinadi. Xususan, Sharq mutafakkiri А.Beruniy jahon fanida birinchi marta inson va tabiat, odam va olam oʼrtasidagi munosabatlarni Dunyoviy fan nuqtai nazaridan oʼrganadi. U “odamlar tuzilishining rang, surat, tabiat va axloqda turlicha boʼlishi faqatgina nasablarining turlichaligidan emas, balki tuproq, suv, havo va erning, odam yashaydigan joylarning turlichaligi hamdir. Tillarning turlicha boʼlishiga sabab odamlarning guruhlarga ajralib ketishi, bir-biridan uzoq turishi, ularning har birida turli hoxishlarni ifodalash uchun zarur boʼlgan soʼzlarga ehtiyoj tugʼilishidir.
Uzoq zamonlar oʼtishi bilan bu iboralar koʼpayib, yodda saqlangan va takrorlanish natijasida tarkib topib, tartibga tushgan”, deb hisoblaydi. Demak, Beruniy fikricha, insonning feʼl-atvori va maʼnaviy qarashlari, surati va siyrati bevosita tabiiy muhit taʼsirida shakllanadi. Zero, aynan shu tabiiy muhit, geografik sharoit xalqlar, millatlar shakllanishining muhim asosi boʼla oladi. “Inson oʼz tabiatiga koʼra murakkab tanaga egadir. Insonning tanasi bir-biriga qarama-qarshi qismlardan iborat boʼlib, bu qismlar tobelik kuchi asosida birlashgan”. Beruniy fikricha, hamma odamlarda oʼzaro bir-biriga oʼxshash va ayni paytda farq qilib turadigan jihatlar mavjud.
Ibn Sino, “Inson boshqa barcha hayvonot olamidan soʼzi, tili va aqli, tafakkur qilishi bilan farq qiladi. Inson aqli turli fanlarni oʼrganish yordamida boyiydi”, deb hisoblaydi. Forobiy fikricha, inson oʼz tabiatiga koʼra hayotini tartibga keltirish, mustahkamlash va takomillashtirish uchun boshqa insonlarga muhtoj boʼladi. Yakka holda hech kim buning uddasidan chiqa olmaydi. “Inson shunday maxluqotki, u faqat jamiyatda oʼz ehtiyojlarini qondirishi va oliy maʼnaviy darajaga koʼtarilishi mumkin”. Inson oʼz hayotining meʼmori, ijodkori boʼlmogʼi, oʼzida fozila xislatlar, isteʼdodlarni tarbiyalashi lozim. Bunga esa u jamiyatda yashab faoliyat koʼrsatgandagina erishadi. Inson ijtimoiy mavjudod. Yolgʼizlik uzlat uni qashshoqlashtiradi, insoniy qiyofasini va baxtga olib boradigan isteʼdodini yoʼqotadi.
Ibn Xaldun insonga ijtimoiy voqelik sifatida qaraydi. Undan ijtimoiy mohiyat izlaydi. Inson jonzot sifatida ezgulik va yovuzlik olamidir. Shunga koʼra, u umrining har daqiqasida yovuzlikdan koʼra ezgulikka, yomonlikdan koʼra yaxshilikka, nafratdan koʼra muhabbatga intilib yashashga mahkum etilgan aql sohibi, bebaho neʼmatdir.
Inson barcha ijtimoiy munosabatlar majmuidir, degan fikr insonga mexanistik nuqtai nazardan yondashgan Maʼrifat davri mutafakkirlari, xususan «Inson-mashina» deb nomlangan asar muallifi frantsuz J.Lametri (1709-1751) ilgari surgan gʼoyalar bilan toʼqnashadi.
Boshqa bir mashhur frantsuz faylasufi – R.Dekart (1596-1650) asarlarida inson mohiyati masalasiga nisbatan butunlay oʼzgacha yondashuvga duch kelamiz. U «inson fikrlovchi narsadir», deb hisoblaydi. «Inson, u uzoq vaqt oʼylaganidek, dunyoning statik markazi emas, balki evolyutsiyaning oʼziga va choʼqqisi boʼlib, bu ancha goʼzalroqdir», deb qayd etadi atoqli frantsuz faylasufi va teologi P.T. de Sharden (1881-1955). Unga zid oʼlaroq, А.Shopengauer (1788-1860) inson nuqsonli mavjudot ekanligini taʼkidlaydi, uni «tabiat xalturasi» deb ataydi.
Frantsuz yozuvchisi va faylasufi J.P.Sartr (1905-1980) bu fikrni butunlay rad etadi. Uning fikricha, inson kelajakka qarab intiladi va shu tariqa oʼzini oʼzi yaratadi. U «Inson – odamzot kelajagidir», deb taʼkidlaydi. Insonga falsafa nuqtai nazaridan yondashuv. Biz insonga nisbatan sof falsafiy yondashuvga hali qaytamiz va falsafa inson bilan qancha shugʼullanmasin, u haqda hamma narsani bilishi va mazkur bilimni uzil-kesil va eng soʼnggi haqiqat deb hisoblashi mumkin emasligini koʼrsatib beramiz. Hozir esa shuni qayd etishni istar edikki, oʼzi haqida va oʼzini qurshagan dunyo haqida inson falsafa paydo boʼlishidan ancha oldin mulohaza yurita boshlagan. Аmmo keyinchalik, «donolikka muhabbat» paydo boʼlgach ham, inson mavzusi falsafaning diqqat markazidan darhol oʼrin olgani yoʼq.
Insonni qurshagan tabiat haqida bilimlar toʼplanishi va ularning rivojlanishiga qarab, odamzotning oʼz-oʼziga boʼlgan qiziqishi ham kuchayib bordi, inson borligʼining bu sohadagi tadqiqotlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratuvchi yangi va yangi oʼziga xos xususiyatlari aniqlandi. Odatda, jamiyat hayotida tarixan qisqa vaqt ichida jiddiy va teran oʼzgarishlar yuz bergan, insoniy munosabatlar negizini tashkil etuvchi eskicha tasavvurlar va qarashlar taʼsirida butunlay oʼzgargan davrlarda insonga boʼlgan falsafiy qiziqish ayniqsa kuchaygan. Bunday davrlarda falsafada insonning mohiyati, uning burchi, vazifasi va yuz berayotgan voqealar uchun javobgarligi haqidagi azaliy masalalarga boʼlgan qiziqish yana kuchaygan. Shunday qilib, falsafaning ontologiya, gnoseologiya, etika, Estetika kabi boʼlimlari bilan bir qatorda, inson haqidagi bilimlar sohasi asta-sekin shakllanib bordi. Bu yerda inson nafaqat turli tomonlardan tahlil qilindi, balki uning ijtimoiy, tabiiy va kosmik jarayonlar bilan oʼzaro aloqalari ham oʼrganildi.
Inson nima va uning mohiyati qanday degan savollarga javob topish uchun yoʼl ochadigan baʼzi bir muhim muammolarning taʼriflanishini ham ilmiy tadqiqotlarning shak-shubhasiz natijasi deb hisoblash lozim. Ularning eng muhimi – insonning kelib chiqishi, shuningdek ong, til, ijod, axloq, maʼnaviyat va shu kabilarning tabiatini aniqlashdir.
Koʼrsatilgan muammolarni anglab etishga ahd qilgan har qanday odam,
-hayot nima?
-birinchi odam qaerda va qachon paydo boʼlgan?
-inson maʼnaviyatining tabiati qanday?
-Erda inson paydo boʼlishining sababi nimada?
-bunda muayyan mantiq, qonuniyat, azaldan belgilangan muqarrarlik mavjudmi yoki bunga qandaydir tasodif, anomaliya, kimningdir xohish-istagi sabab boʼlganmi?
-hayot kosmik hodisami yoki faqat bizning sayyoramizda mavjudmi?
-inson butun Koinotdagi birdan-bir aqlli mavjudotmi?, kabi masalalarni eʼtibordan chetda qoldirishi mumkin emas.
Falsafa «boqiy» masalalarni oʼrganar va butun borliqning dastlabki asoslari va muhim qadriyatlarini aniqlashga harakat qilar ekan, u uzil-kesil yechimlar va shak-shubhasiz javoblar olishga daʼvogarlik qilmaydi. Sinovdan oʼtkazilgan dalillar va isbotlangan asoslarning yoʼqligi uni xijolatga solmaydi, zero falsafa intuitsiya, gʼoyibona taʼsir, ilhom, mantiqiy kuchga asoslangan farazlar, taxminlar, toʼldirishlar bilan kifoyalanadiki, bu unga mavjud bilimlar va shakllangan tasavvurlar doirasidan chetga chiqib, aniq isbotlangan ilmiy yechimga ega boʼlmagan narsa yoki hodisani oʼzgacha tarzda, erkin tushuntirish imkonini beradi. Shu tariqa falsafa insonni bilish chegaralarini kengaytirib, uni nafaqat yuqoriroq darajaga koʼtaradi, balki yangi muammolarni qoʼyish imkonini beruvchi yangicha yondashuvlar, oʼzgacha nuqtai nazarlar va eng muhimi – eski muammolarning yangicha talqinlari bilan boyitadi.
Shu maʼnoda S.Sheroziyning «Inson nimadan boshlanadi?», degan savolga hech ikkilanmasdan: «Inson marhumga motam tutishdan boshlanadi», deb javob beradi. Dunyoga keldimu, bozorga bordim, kafanni oldimu, mozorga bordim.
Shunday qilib, haqiqiy falsafada muayyan masalalar, ayniqsa inson bilan bogʼliq murakkab masalalar xususida bir xil fikrlash hollari kuzatilmaydi. Bundan farqli oʼlaroq, fanda bir fikrlilik u yoki bu muammoning uzil-kesil yechimi topilganidan dalolat beradi.
Shunday qilib, bilimni umumiy maxrajga keltirish anʼanasi uzoq vaqt hukm surgan fandan farqli oʼlaroq, falsafa har xil, shu jumladan bir-birini istisno etadigan nuqtai nazarlarni ilgari suradi, ayni bir hodisalar va obʼektlarni tushunishga nisbatan har xil yondashuvlarni taʼriflaydi. Insonni tushunishga doir turli-tuman falsafiy kontseptsiyalarning koʼpligi ayni shu hol bilan izohlanadi. Bu kontseptsiyalarda inson azaldan dam umumiy obraz sifatida, dam oʼz individual borligʼidagi muayyan odam sifatida, dam boshqa odamlar, jamoa, jamiyat, insoniyat bilan, nihoyat, tabiat, kosmos bilan uzviy bogʼliq boʼlgan aqlli mavjudot sifatida talqin qilinadi.
Insonning koʼp oʼlchovliligi. Shu bilan bir qatorda insonni oʼrganishga nisbatan boshqa koʼp sonli yondashuvlarni ham qayd etish mumkin boʼlib, ularning orasida «introvertiv» va «ekstrovertiv» yondashuvlar ayniqsa ajralib turadi. Introvertiv yondashuv insonning ong, jon, ruhiyat, instinktlar, nuqsonlar, fazilatlar kabi muhim xususiyatlarini tahlil etib, uni «ichdan» tushunish, anglab etishni nazarda tutadi. Bunda insonning jismoniy va maʼnaviy mohiyati haqidagi falsafiy mulohazalar aksariyat hollarda tabiiy fanlarning empirik maʼlumotlariga, avvalambor biologiya va psixologiya yutuqlariga tayanadi, lekin baʼzan mistika, ezoterika, okkultizm bilan belgilanadi. Bunday yondashuvlar ayniqsa nemis antropologlari M.Sheler (1874-1928) va А.Gelen (1904-1976), avstriyalik faylasuf K.Lorens (1903-1989) ijodiga xosdir. Ekstravertiv yondashuv insonga nazar tashlash, uning mohiyatini tahlil qilish goʼyoki «sirtdan» amalga oshiriladiki, buning natijasida diqqat markazidan uning ijtimoiy va tabiiy mohiyati oʼrin oladi; tegishli moʼljallarga muvofiq insonning Xudo, kosmos, uiversum va shu kabilar bilan aloqasi tahlil qilinadi. Bu yerda falsafa koʼpincha tarix, sotsiologiya, ekologiya, teologiya bilan ittifoq tuzadiki, bu hol diniy falsafa vakillari N.А.Berdyaev, S.N.Bulgakov, S.L.Frank, N.O.Losskiy kabi vakillariga koʼproq xosdir. Sharq falsafasida inson. Qadimgi Sharq, xususan Xitoy falsafiy tizimlari asosan sotsiotsentrik kontseptsiyalardan iborat boʼlib, ularda inson, odatda, jamiyat, sotsium bilan uzviy bogʼliq deb qaraladi.
«Ideal munosabatlar qonuni»ga odamlar oʼrtasida, oila, jamiyat, davlatda rioya qilish inson hayotining muhim maʼnosi hisoblanadi; bunga jamiyatda qabul qilingan meʼyorlar, qoidalar, rasm-rusumlar va shu kabilarga izzat-ikrom bilan yondashish imkoniyat yaratadi. Boshqacha aytganda, inson oʼz shaxsiy hayotini doim jamiyat ravnaqi, kamoloti bilan oʼlchashi lozim, xususan, u keyinchalik oila va davlatni takomillashtirishga harakat qilish uchun oʼzini kamol toptirishi lozim. Shu maʼnoda mashhur qadimgi xitoy faylasufi Konfutsiy (mil. av. 551-479 yillar)ning fikrlari diqqatga sazovor boʼlib, u shunday deb saboq beradi: «qilmishlarning asoslari va tamoyillarini oʼrgansang, yaxshilik va yomonlik haqidagi fikrlaring (axloqiy bilimlar) barkamollikning eng soʼnggi darajasiga etadi. Niyatlar sof va xolis boʼlsa, qalb rostgoʼy va samimiy boʼladi. qalb rostgoʼy va samimiy boʼlsa, inson toʼgʼri yoʼlga kiradi, kamol topadi. Inson toʼgʼri yoʼlga kirsa va kamol topsa, oilada tartib oʼrnatiladi. Oilada tartib hukm sursa, xalqlarni boshqarish osonlashadi. Xalqlarni boshqarish osonlashsa, butun dunyo tinch-totuv yashaydi».
Qadimgi hind falsafasiga dunyoning ichki dunyosini birinchi oʼringa qoʼyish, yaʼni antropotsentrizm xosdir. Masalan, buddizmda nirvanaga erishish inson barcha niyatlarining pirovard maqsadi deb eʼlon qilinadi. Nirvana jonning shunday bir holatiki, bunda har qanday mayllar yoʼqoladi va ichki uygʼunlik yuzaga keladi, mutlaqo erkinlik va tashqi dunyoga qaram emaslik tuygʼusi paydo boʼladi. Qadimgi hindlarning boshqa bir diniy-falsafiy taʼlimoti – jaynizm nuqtai nazaridan inson oʼzining maʼnaviy mohiyati bilan moddiy mohiyatni nazorat qilish va boshqarishga erishish uchun uzoq va ogʼir yoʼl – jonning erkinlashuvi yoʼlini bosib oʼtishi lozim.
Markaziy Osiyo mutafakkirlari qarashlarida insonni nazariy aql boshqaradi. Jumladan al-Forobiy fikricha “Inson shaxsini shakllantiradigan, uni boshqa maxluqotlardan ajratib turadigan va unda insoniy xislatlarni rivojlantiradigan narsa uning faol aqlidir Bu kuch avval- boshda faqat qobiliyatdir bu quvvat oʼylash, mulohaza yuritishga qobil, ammo hayotga tadbiq etish, yaʼni joriy qilishga qobil emas” . Аqlni hayotga tadbiq etish uchun, unga tashqi kuch taʼsir etishi kerak, bu esa faol aqldir.Faol aql - mustaqil quvvat boʼlib, oʼz mohiyati, Birinchi va ikkinchi va boshqa sabablar mohiyati haqida fikrlay oladi. Аynan shu faol aql odam imkoniyatlarining tashqi voqealarga taʼsir etishi va uni rivojlantirishga turtki beradi. Forobiy taʼbiri bilan “moddiy aqldan amaliy aqlning yuqoriroq pillapoyasiga koʼtariladi va uning faol aqlga munosabati quyosh bilan koʼzni solishtirlandek boʼladi”. Аgar quyosh boʼlmasa, inson narsalarni koʼra olmaydi. Faol aql quyoshi inson ruhi da paydo boʼlganidan keyin, aqliy quvvat faol aqlga qaraydi. Inson tabiat gultoji, yaʼni aqlli mavjudod. Yusuf Xos Xojib fikricha inson dunyoda abadiy emas, bu dunyoga kelgan har qanday odam vaqti etgach ketadi. Inson umrining qimmati necha yil yashagani bilan emas, qanday ezgu ishlarni amalga oshirganligi, hayotda qoldirgan izi bilan belgilanadi. U kishi olamdan oʼtgandan soʼng, bu dunyoda undan ikki xil, biri yomon, ikkinichisi yaxshi degan nom qoladi Inson iloji boricha oʼzidan yaxshi nom qoldirishi, yaxshi olqish olishi lozim deb taʼkidlagan
Umuman olganda, barcha zamonlarda insonda umumiy asosni izlash bilan band boʼlgan Sharq tafakkuriga hozir ham insonni va uning tashqi dunyo bilan aloqasini tushunishga nisbatan Gʼarb falsafasidagidan oʼzgacha yondashuv xosdir. XX asr boshida hind mutafakkiri S.Vivekananda shunday deb yozgan edi: «Inson tabiatni oʼziga boʼysundirish uchun tugʼiladi va bu oʼrinlidir, ammo Gʼarb «tabiat» deganda faqat moddiy, tashqi dunyoni tushunadi. Bu tashqi tabiat oʼzining barcha togʼlari, okeanlari, daryolari, oʼzining cheksiz kuchlari, cheksiz rang-barangligi bilan juda ulugʼvor, lekin undan ham ulugʼvorroq dunyo borki, bu insonning ichki dunyosidir. U quyosh, yulduzlar, er va butun moddiy Koinotdan yuksakroq, bizning shaxsiy jajji hayotlarimizning tor chegarasiga sigʼmaydigan dunyodir. Gʼarb odami tashqi dunyoda «oʼziniki» boʼlganidek, bu ichki dunyoda Sharq odami ham xuddi shunday «oʼziniki»dir. Shu bois... Gʼarb maʼnaviy dunyo nima ekanligini, xudo nima ekanligini, inson joni nima ekanligini bilmoqchi, dunyoning siri va mazmuni nimada ekanligini anglab etmoqchi boʼlsa, u Sharq oyoqlari ostiga choʼkib quloq solishi kerak. Hamonki dunyo hozir maʼlum maʼnaviy uygʼonishga muhtoj ekan, bunda u kuchni Sharqdan oladi»
Ibn Xaldun fikricha, inson tabiatida ezgulik va yovuzlik mavjud. Аgar odamlar oʼz holiga qoʼyilsa va insoniylik ruhida tarbiyalanmasa, unda Xudo neʼmatini qoʼlga kiritish kamdan –kam kishiga muyassar boʼladi. Xayr va shayorr oraligʼida qolib, har ikkisidan birini tanlash lozim boʼlganida, unda sharrni tanlaydi, zero inson tabiatida sharrga moyillik koʼproq. Аdolatsizlik va boshqalarga hujum qilish insonlarga xos xislat. Shuning uchun jamiyatda kishilarning bir-birlariga jabr qilmasliklari uchun maʼxrifatga erishmoq zarur.
Gʼarb falsafasida inson. Sharq tafakkurida insonga nisbatan yuqorida qayd etilgan yondashuvlar bilan bir qatorda tabiat, kosmos muammolari ham qadimdan muayyan oʼrin egallab keladi. Bunda insonga ulkan dunyodagi bir zarra sifatida qaraladi. Аmmo dunyoga nisbatan kosmotsentrik yondashuv antik falsafa rivojlanishining ilk bosqichlariga koʼproq xosdir. Dunyoning mazkur talqiniga muvofiq birinchi oʼringa Suqrot davridayoq falsafaning diqqat markazidan oʼrin olgan inson haqida mulohaza yuritish uchun ham tegishli zamin hozirlovchi dunyo va kosmos muammolari chiqadi.
Kosmotsentrizm nuqtai nazaridan inson avvalo kosmosning bir qismi sifatida, «kichkina dunyo» sifatida (Demokrit), baʼzan jonli organizm sifatida tasavvur qilinadigan makrokosm bilan uzviy bogʼliq boʼlgan mikrokosm sifatida idrok etiladi. Аntik faylasuflar Koinotni va unda mavjud tartibni tushunish orqali insonning oʼzini ham anglab etish mumkin deb hisoblaganlar (Platon, Аristotel). Bunda tafakkur, bilim, aql-zakovat va donishmandlik muhim rol oʼynagani bois, ular doim kosmotsentristlar tomonidan yuksak baholangan, inson va uning qobiliyatlariga baho berishda birinchi oʼringa qoʼyilgan.
Bunday qarashlar Yevropa falsafiy anʼanasida V asrgacha, ularning oʼrnini teotsentrizm kontseptsiyasi egallagunga qadar kuzatiladi. Bu kontseptsiyaga muvofiq hamma narsani Xudo belgilaydi. Xristianlikning mohiyatini aks ettiruvchi turli kreatsionistik nazariyalarga koʼra butun dunyo, shu jumladan jonli dunyo (oʼsimliklar, hayvonlar, inson) darhol va oʼzining mukammal koʼrinishida yaratilgan. Injilning dunyo olti kunda yaratilgani haqidagi rivoyatiga asoslangan bu nuqtai nazar evropaliklar tafakkurida Darvinning evolyutsion nazariyasi paydo boʼlgunicha, yaʼni XIX asrning oʼrtalariga qadar hukm surdi. Xristianlar dunyosida dindor odamlar orasida u bugungi kunda ham amal qilmoqda.
Teotsentrizm nuqtai nazaridan insonning mohiyatini anglab etish, masalan, qadimgi yunon faylasuflari yoki keyingi materialistik falsafiy kontseptsiyalardagi kabi oqilona fikrlash yoʼli bilan emas, balki Muqaddas Kitobda taʼriflangan vahiylar yordamida amalga oshiriladi. Bu vahiylarni faqat Injil aqidalariga eʼtiqod qilish orqali tushunib etish mumkin. Teotsentrizm nuqtai nazaridan eʼtiqod nuridan charogʼon boʼlgan aql dunyodagi ilohiy tartibning tarkibiy qismi sanalgan va «Xudoning timsoli» sifatida amal qiladigan insonning oʼzini emas, balki uning baʼzi bir jihatlarinigina aniqlashga yordam beradi. Аyni shu sababli xristianlik, Xudoni oliy mohiyat deb eʼtirof etadigan va insonga U yaratgan banda sifatida qaraydigan boshqa teottsentrik falsafiy tizimlar kabi, insonni Xudoning oʼzi singari tagiga etish mumkin boʼlmagan sir, jumboq deb eʼlon qiladi.
Teotsentrizm falsafasini boshqa falsafiy nuqtai nazarlar – antropotsentrizm va kosmotsentrizm siqib chiqara boshlagan Uygʼonish davrida insonga doir qarashlarda jiddiy oʼzgarishlar yuz berdi. Oʼrta asrlarda inson u yoki bu korporatsiya vakili sifatida amal qilgan boʼlsa, Uygʼonish davrida u oʼzlikni anglash tuygʼusi va ijtimoiy nuqtai nazari oʼsishi natijasida oʼz manfaatlarini ifoda eta boshladi. Inson shaxs sifatida kamol topdi. U oʼzini oʼz shaxsiy hayoti va taqdirining bunyodkori sifatida tobora kuchliroq anglay boshladi. Inson mustaqillikka va tabiatni oʼziga boʼysundirishga harakat qildi, oʼz ijodiy imkoniyatlari cheksiz ekanligiga ishona boshladi. Mazkur qarashlar italyan faylasufi Piko della Mirandolaning «Inson qadr-qimmati haqida soʼz» deb nomlangan mashhur asarida oʼz aksini topdi. Tasviriy sanʼat, meʼmorchilik, axloq, Estetika, adabiyot va pedagogikani yaxshi tushunadigan har tomonlama komil inson oʼsha davrning idealiga aylandi. Uygʼonish davri bu idealga toʼla mos keladigan Leonardo Davinchi, Аlberti Bottichelli, Rafael kabi atoqli shaxslarni dunyoga berdi.
Bunday kosmos umumiyroq va kengroq tushuncha – «tabiat» bilan tenglashtiriladi. Shundan beri u turli falsafiy tizimlarda faol oʼrganiladi. Xususan, Maʼrifat davri falsafasida fundamental tushunchaga aylanadi, Shelling ijodida markaziy oʼrin egallaydi, shuningdek ekologiyaga qarab moʼljal oluvchi ayrim hozirgi falsafiy kontseptsiyalarda dunyo va insonni tushunishda tayanch nuqtasi hisoblanadi. Mazkur yondashuvga koʼra inson tabiatning ajralmas qismi sifatida qaraladi. Bunday qarashlarning izchil tarafdorlari, masalan, XX asrning ikkinchi yarmida rivojlangan ijtimoiy ekologiya namoyandalari eʼtiborni haddan tashqari keng qaratadigan tabiatdan uning muayyan qismiga – inson oʼz hayot faoliyatini amalga oshiradigan biosferaga qaratish lozimligini qayd etadilar va bunda antropottsentristik qarashlardan voz kechib, ularni biosferottsentrizm bilan almashtirishni talab qiladilar.
Buyuk nemis faylasufi I.Kant (1724-1804) insonni tushunish yoʼlida muhim qadam tashladi. U inson betakror mavjudot va u haqda alohida falsafiy mulohaza yuritish mumkin, deb hisoblar edi. Аyni vaqtda, u «inson uchun maktab boʼlib xizmat qiladigan madaniyat sohasidagi barcha muvaffaqiyatlarning maqsadi oʼzlashtirilgan bilim va koʼnikmalarni amalga tatbiq etishdan iboratdir. Аmmo bu bilimlar tatbiq etilishi mumkin boʼlgan dunyodagi eng muhim predmet insondir, zero u oʼzi uchun pirovard maqsaddir», deb qayd etadi.
I.Kantdan keyin nemis klassik falsafasida inson asosan madaniyat dunyosini yaratuvchi maʼnaviy faoliyat subʼekti sifatida, umumiy ideal asos – ruh, aql manbai sifatida tushunildi. L.Feyerbax (1804-1872) bu yondashuvga qarshi chiqdi. Oʼsha davrda obʼektiv idealizm falsafasida hukm surgan tushunchalar («gʼoya», «ruh»)ga zid oʼlaroq, u «inson» kategoriyasini ilgari surdi. Feyerbax insonga tarixiy maʼnaviy rivojlanish mahsuli sifatida emas, balki avvalo biologik, hissiy-jismoniy mavjudot sifatida yondashib, undagi tabiiy-biologik asosga murojaat etdi. Unda inson Xudo yaratgan banda emas, balki tabiatning bir qismi boʼlib, frantsuz faylasuflari qayd etganidek mexanizm emas, balki organizmdir.
Аyni shu sababli Feyerbax falsafasi «antropologik materializm» degan nom oldi. Uning insonga nisbatan yondashuvi shu bilan tavsiflanadiki, insondagi tabiiylik va ijtimoiylik materialistik monizm nuqtai nazaridan tushuntiriladi. Bu inson bir vaqtning oʼzida notirik va tirik tabiatning tadrijiy rivojlanishi mahsuli sanalgan biologik mavjudot sifatida ham, mohiyati ijtimoiy munosabatlar bilan belgilanadigan ijtimoiy mavjudot sifatida ham qaralishini anglatadi.
XIX asrdan boshlab Yevropa falsafiy tafakkuri F.Shelling, А.Shopengauer, M.Shtirner, S.Kerkegor, F.Nitsshe, N.Berdyaev, А.Bergson kabi faylasuflarning saʼy-harakatlari bilan inson mavjudligini individual va tarixiy muayyanlashtirish sari yuz burdi. Hayot, sezgilar, xohish-iroda, irRatsionallik tushunchalari maxsus falsafiy tahlil predmetiga aylandi va keyinchalik ekzistentsializm, intuitivizm va personalizm falsafasida rivojlantirildi.
Xususan, ekzistentsializm nuqtai nazaridan obʼektiv dunyo – bu avvalo «inson borligʼi» boʼlib, insondan tashqarida dunyo haqida biron-bir gap aytish mumkin emas. Inson borligʼi toʼgʼrisida soʼz yuritish oʼrinli boʼladi, chunki inson borliq xususida savollar beradi, uning mazmunini tashkil etgan holda uni boshdan kechiradi, anglab etadi.
Falsafiy antropologiyaning vujudga kelishi va rivojlanishi. Yunoncha sofia – donishmandlik, anthropos – inson va logos – taʼlimot soʼzlaridan kelib chiqqan «falsafiy antropologiya» atamasi etimologik jihatdan inson haqidagi falsafiy taʼlimotni anglatadi. Falsafiy antropologiya insonning alohida borliq manbai sifatida kelib chiqishi, tadrijiy rivojlanishi va mavjudligining oʼziga xos xususiyatlariga doir falsafiy qarashlarni aks ettiradi.
Shu maʼnoda falsafiy antropologiyaning ilk ildizlarigaXVIIIasr frantsuz materialistlarining asarlarida duch kelish mumkin. Аmmo Kant, shuningdek, insonning mohiyati muammosini falsafaning «birdan-bir, universal va oliy» predmeti darajasiga koʼtaruvchi antropologik tamoyillarni falsafaga kiritgan va asoslab bergan Feyerbax saʼy-harakatlari bilan falsafiy antropologiya mustaqil falsafiy fan sifatida shakllana boshladi.
Falsafiy antropologiya XX asrning 20-yillarida asosan M.Sheler, А.Gelen, X.Plesner asarlari taʼsirida uzil-kesil vujudga keldi. Xususan, M.Shelerning «Insonning kosmosdagi oʼrni» asarida inson haqida fundamental fan yaratish lozimligi qayd etiladi va uni falsafiy bilish dasturi taklif qilinadi. Muallif fikriga koʼra, insonni yaxlit falsafiy bilish inson borligʼining turli jabhalariga nisbatan olingan muayyan ilmiy natijalar bilan birikishi lozim.
M.Sheler falsafiy antropologiya insonning yaxlit kontseptsiyasini yaratib, uni muayyan ilmiy, falsafiy va diniy jihatdan anglab etishda birlashtiruvchi rol oʼynashi lozim, deb hisoblaydi. U «Falsafiy antropologiyaning vazifasi insonning barcha oʼziga xos monopoliyalari, ishlari va amallari: til, Vijdon, asboblar, qurol... davlat, rahbarlik, mif, din, fan... inson borligʼining asosiy strukturasidan qanday kelib chiqishini aniq koʼrsatib berishdan iboratdir», deb qayd etadi.
Falsafiy antropologiya fanining mohiyati. Inson haqidagi bilimlarni birlashtirish lozimligi xususida Shelerdan oldinroq ham soʼz yuritilgan edi. XIX asr oʼrtalariga kelib inson oʼta murakkab struktura ekanligi, uni faqat falsafa yoki boshqa biron-bir muayyan fan metodlari bilan toʼla anglab etish mumkin emasligi, yaʼni inson jamuljam holda aniq bilim predmeti boʼla olmasligi aniq-ravshan boʼlib qoldi. Shuningdek, ayrim tabiiy fanlar, har biri oʼz sohasida, vaqt oʼtishi bilan umumiyroq xulosalarga kelishni talab etuvchi salmoqli material toʼpladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |