Relyatsion (lot. relativus – nisbiy) yoʼnalish makon va vaqtni mustaqil mohiyatlar sifatida emas, balki real dunyo obʼektlari va jarayonlari oʼrtasidagi alohida munosabatlar sifatida tushunish bilan bogʼlanadi. «Vaqt nima?», degan savolga javob berar ekan, Аristotel shunday mulohaza yuritadi: harakatda ham, vaqtda ham doim muayyan «oldin» va undan farq qiluvchi «keyin» mavjud. Аynan harakat tufayli biz har xil, oʼzaro mos kelmaydigan «hozir»ni farqlaymiz. Vaqt shu «hozir»ning ketma-ketligi, ularning almashuvi, sanogʼi, hisobi, «oldingi va keyingiga bogʼlangan harakatlar soni»dir. Аristotelda makon harakatsiz yulduzlar sohasi bilan cheklangan, ularning ortida – makon va vaqtdan tashqarida yotuvchi va hamma narsani harakatga keltiruvchi boqiy, harakatsiz, ilohiy osmon joylashgan. Mazkur nuqtai nazardan koʼrsatilgan munosabatlar doirasidan tashqarida makon va vaqt mavjud boʼlmaydi. Bu yoʼnalishning atoqli namoyandasi G.Leybnits (1646-1716) hisoblanadi. Makon va vaqt talqinidagi bu ikki tendentsiya, yaʼni makon va vaqt borliqning mustaqil, obʼektiv hamda moddiy mazmunga bogʼliq boʼlmagan asoslari sifatida yoki harakatlanuvchi materiyaning ajralmas qismi sifatida talqin qilish keyinchalik oʼz rivojini topdi. Birinchi Substantsional kontseptsiya ayrim oʼzgarishlar bilan yigirma asrdan koʼproq davr amal qildi. Nyutonning materiya joylashadigan harakatsiz, uzluksiz va bir xil uch oʼlchovli joy sifatidagi makon toʼgʼrisidagi fikri oʼz mohiyatiga koʼra, Demokritning makon haqidagi gʼoyalari bilan bir edi. Nyuton kontseptsiyasiga koʼra, makon absolyut boʼlib, cheksiz koʼlamga ega. Shuning uchun u oʼzida barcha materiyani sigʼdira oladi va turli jarayonlarga bogʼliq emas. Ushbu kontseptsiyaga koʼra, vaqt ham absolyut boʼlib, turli oʼzgarishlarga bogʼliq boʼlmagan holda kechadigan teng davriylikdir. Unda barcha narsalar paydo va yoʼq boʼlib turadi. Muxtasar qilib aytganda, Nyuton makon va vaqt bir-biridan ajralgan va materiya bilan harakatga bogʼliq boʼlmagan mustaqil narsa, deb tushungan.
Falsafa tarixida aksariyat faylasuflar u yoki bu tarzda toʼqnash keladigan yana bir muhim masala shunday yangraydi: makon va vaqt borliq koʼrsatkichlarimi, yaʼni ular obʼektiv xususiyat kasb etadimi yoki bizning ongimiz xususiyatlaridan kelib chiqadimi va oʼz tabiatiga koʼra subʼektivmi? Shu munosabat bilan mazkur kategoriyalarning materialistik va idealistik mazmunlari haqida soʼz yuritish mumkin.
Oʼrta asrlar falsafasida makon va vaqt muammosini obʼektiv idealizm nuqtai nazaridan yondashuvni ham kuzatish mumkin. Bu yerda faqat Xudo makon va vaqtdan tashqarida deb fikrlanadi. Mazkur nuqtai nazarning shakllanishiga Аvliyo Аvgustin (354-430) salmoqli hissa qoʼshgan. Idealistik qarashlar makon va vaqtning obʼektivligini rad etish va ular ongning turli shakllariga qaramligini tan olish bilan bogʼliq.
Do'stlaringiz bilan baham: |