Ziddiyatlar – narsa yoki hodisa qarama-qarshi tomonlarining bir-birini istisno etish va bir-biriga o‘tish munosabatlaridir. Dialektik ziddiyat – bir-birini istisno etuvchi qarama-qarshiliklarning bilvosita birligidir.
Qarama-qarshiliklar – ziddiyatlarning negizi, bog‘lovchi bo‘g‘inlar esa – ularni yechish mexanizmidir. Quyidagi faktlar bog‘lovchi bo‘g‘inlar roli va qarama-qarshiliklar tushunchasiga misol bo‘lishi mumkin: Irsiyat va o‘zgaruvchanlik qutblarida nafaqat organizmning avvalgi holati, balki o‘zlashtirilgan yangi belgilari ham saqlanishini ta’minlovchi genetik kod bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi. Ijtimoiy hayotda jamiyatning o‘ta boy va o‘ta qashshoq qatlamlari qarama-qarshiliklari o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini o‘rta sinf bajaradi. O‘rta sinf mamlakat aholisining aksariyat qismini tashkil etishi lozimligi, aks holda jamiyat holati doimo beqaror bo‘lishini Aristotel qadim zamonlardayoq qayd etgan edi. Zero, mayda mulkdorlar olgan daromadining bir qismini o‘z ishini rivojlantirishga yo‘naltiradi, bozor kon’yunkturasini o‘rganadi va unga juda tez moslashadi, bozorni zarur tovarlar va xizmatlar bilan boyitadi. Yana bir misol – shaxs va jamiyat munosabatlari. Ma’lumki, shaxs va jamiyat qarama-qarshiliklar hisoblanadi, shaxs a’zo bo‘lgan ijtimoiy guruhlar ularning o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida amal qiladi.
Bu va boshqa dalillar bilishda ichki qarama-qarshiliklar mavjudlgini ham, bog‘lovchi bo‘g‘inlarni ham hisobga olish muhim ekanligini ko‘rsatadi. XX asr 30-yillarining boshida ingliz fizigi Pol Dirak pozitronlar, ya’ni elektronlarga o‘xshash, lekin musbat zaryadga ega bo‘lgan zarralar mavjudligini bashorat qildi. Garchi olim o‘z nazariyasida biron-bir xato topmagan bo‘lsa-da, aksilzarralar mavjudligiga uning ishonchi yuq edi.
Shunday qilib, qarama-qarshiliklar aloqasi va ziddiyatlarni yechishning bir-biri bilan bilvosita bog‘liqligi umumiy xususiyat kasb etadi, aloqa usuli esa bog‘lanish xususiyati bilan belgilanadi. Bog‘lovchi bo‘g‘inlarning o‘zi ziddiyat qarama-qarshi a’zolari xossalarining uyg‘unligidan tashkil topadi.
Ayniyat va tafovut. Tafovut - avvalgi holatdan saqlanib qolgan xossalar ustunlik qilgani holda, ayni bir predmet xossalarining mos kelmasligidir. Tafovut kuchli yoki ahamiyatsiz bo‘lishi mumkin. Kuchli tafovut – predmetning o‘z-o‘zi bilan ziddiyatga kirishish omili. Bu qarama-qarshilik bosqichi bo‘lib, uning yechilishi predmetning butunlay o‘zgarishiga olib keladi. Shunday qilib, ziddiyatlarning kuchayishi va o‘z yechimini topishi rivojlanish manbai hisoblanadi.
«Ayniyat» tushunchasi ziddiyat tarqalishining dastlabki bosqichini anglatadi. Bu bir xillik, narsa, hodisa, jihatning o‘z-o‘ziga yoki boshqa narsalar, hodisalar, jihatlarga o‘xshashlik munosabati. «Tafovut» - har xillik, o‘z-o‘ziga, boshqa narsalar, hodisalar, jihatlarga mos kelmaslik munosabati. Ziddiyatning vujudga kelishi yagonaning ikkilanishi sifatida, yagonaning o‘z-o‘zini qarama-qarshiliklarga differensiatsiya qilishi sifatida yuz beradi.
Ziddiyatlarning rivojlanish jarayoniga yanada chuqurroq kirish uchun ularning tarqalish bosqichlari (fazalari)dan tashqari, ularning holatlarini ham farqlash zarur. Predmetli-moddiy, «yetilgan» ziddiyatning holati deganda uning qarama-qarshiliklarining amal qilish usuli, «birligi va kurashi»ning namoyon bo‘lish xususiyati tushuniladi. Ayni shu xususiyat bu qarama-qarshiliklarning rivojlanish xususiyati va faollik darajasini, mazkur ziddiyatni yechish xususiyatini belgilaydi. Ziddiyatning rivojlanish jarayonida bosqichlarni yoki tarqalgan, «yetilgan» ziddiyatni tavsiflovchi holatlarni ham farqlash mumkin. Ijtimoiy tizimlarga tatbiqan ziddiyatlarning rivojlanish bosqichlariga nisbatan bunday yondashuv ularning quyidagi holatlarini aniqlash imkonini beradi: garmoniya, disgarmoniya, konflikt.
Shuni qayd etish muhimki, ziddiyatlar rivojlanayotgan har qanday tizimda mazkur tizim mavjudligining boshidan oxiriga qadar mavjud bo‘ladi. Holatlar, miqdor ko‘rsatkichlari, qarama-qarshiliklarning o‘zaro aloqasi xususiyati, ularning tizimdagi roligina o‘zgaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |