Sifat – narsaning ichki xususiyati, predmetni mazkur jihatdan farqlash uchun zarur va yetarli bo‘lgan xossalar majmui. Sifat – xossalarning oddiy majmui emas, balki ularning muayyan yaxlitlikdan o‘rin olgan va predmetning alohida mohiyat sifatida mavjudligini belgilovchi tizimidir. Predmetlarning munosabatlari va aloqalarining rang-barangligi ayni bir predmetda qarama-qarshi xossalar va sifatlar mavjudligini izohlaydi. Bir jihatdan yengil narsa boshqa bir jihatdan og‘ir bo‘ladi, bir aloqada oq narsa boshqa bir aloqada qora bo‘ladi va h.k. Masalan, suv va bug‘ bir-biridan sifat jihatidan farq qiladimi yoki miqdor jihatidanmi? Moddaning agregat holatini taqqoslaydigan bo‘lsak, suv va bug‘ sifat jihatidan farq qiladi. Taqqoslash suv va bug‘ning kimyoviy tarkibini aniqlashni nazarda tutsa, ularning o‘rtasida miqdoriy farq mavjud bo‘ladi. Ammo har qanday narsa bir jihatdan bitta sifatga va turli jihatlardan ko‘plab sifatlarga ega bo‘ladi
Xossa – predmetning jihati bo‘lib, uning boshqa predmetlardan farqi yoki ular bilan o‘xshashligini belgilaydi va ular bilan o‘zaro aloqada namoyon bo‘ladi. Xossalar muhim va ikkinchi darajali bo‘lishi mumkin. Muhim xossalar predmetning sifatini belgilaydi. Ularning yo‘qolishi mohiyatini mazkur xossalar tashkil etgan predmetning ham yo‘qolishini anglatadi. Ikkinchi darajali xossalar o‘zlashtirilishi yoki predmetning sifatini o‘zgartirmasdan yo‘qolishi mumkin. Har qanday xossa (temperatura, hajm, energiya va sh.k.) muayyan miqdor va sifatga ega bo‘ladi. Har qanday predmet o‘zining mavjudligini belgilovchi barcha xossalar majmuidir..
Miqdor – predmet muayyan xossasining namoyon bo‘lishi, intensivligi darajasi. U sifat jihatidan o‘xshash xossalar yoki butunning qismlarini taqqoslash yo‘li bilan aniqlanadi. Miqdoriy munosabatlar sifatga bog‘lanmasdan aniqlanishi mumkin. Shuningdek, miqdor turli predmetlarning ayrim umumiy xossasi sifatida, predmetlarni sifat jihatidan tenglashtiradi. Shu ma’noda miqdor sifatning ziddidir. Ammo predmetning sifat xususiyatini mavhumlashtirish sifat jihatidan har xil tuzilmalarni o‘rganishga tadqiqotning miqdoriy metodlarini jalb qilish imkonini beradi. Masalan, o‘lchash taqqoslashning o‘rganilayotgan ob’ektning miqdor ko‘rsatkichlarini aniqlovchi ayrim ko‘rinishi sifatida, sifat haqida aniqroq xulosa chiqarish imkonini beradi. Matematikada miqdoriy munosabatlar son, qiymat, funksiya, to‘plam tushunchalarida ifodalanadi. Hozirgi zamon fani aniq matematik apparatdan foydalanib, mikrodunyoning teran qatlamlariga kiradi, Olamning cheksiz makonlarini tadqiq etadi. Matematika tabiat va jamiyatni o‘rganishning samarali vositalaridan biriga aylangan.
Har qanday predmet miqdor va sifat qarama-qarshiliklarining muayyan sintezidir. Uning borlig‘i ob’ektga xos bo‘lgan muhim xossalarni saqlashni nazarda tutadi. Olamning ko‘p sifatliligi uning elementlari nisbatan barqarorligi va mustaqilligi bilan ta’minlanadi. Ammo olam, shu jumladan har qanday predmet muttasil o‘zgarishda bo‘ladi. Hech narsa boqiy emas. Butun borliq qachondir paydo bo‘lgan va qachondir halok bo‘ladi. Dunyo o‘zgaradi va ayni vaqtda o‘zligini saqlab qoladi, o‘z-o‘ziga nisbatan ayniy bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |